BAKTERIOFAGLAR

BAKTERIOFAGLAR (bakteriyalar va yun. phegos — yemiruvchi) — bakteriyalarni yutib, yemirib, yoʻq qilib yuboradigan viruslar; bakteriyalar kushandasi. 1917-y. fransuz olimi F. DʻErell bakterial filʼtrlardan oʻtib keta oladigan, eritish qobiliyatiga ega mavjudotlarga «bakteriofag» deb nom bergan. N. F. Gamaleya bu jarayonni birinchi boʻlib kuzatgan (1898). Mikroorganizmlar bor joyda Bakteriofaglar ham albatta boʻladi. Ularning diametri 45 — 140 nm boʻlgan dumaloqroq yoki oltiburchak shaklidagi boshchasi va uz. 100 — 600 nm keladigan dumi bor. Boshcha va dum qobigʻi oqsil moddadan tashkil topgan. Bakteriofaglar bakteriya hujayrasiga oʻsimtasi b-n yopishib oladi (adsorbsiya), soʻngra boshchasidagi narsa hujayra ichiga kirib borib, yangi fag zarrachalarini hosil qiladi. Oqibatda hujayra yemirilib (lizis), yangi Bakteriofaglar atrofga ajraladi. Virulentli va moʻtadil (simbiotik) Bakteriofaglar farq qilinadi. Birinchisi hujayralarni yemirib (lizis) yangi zarrachalar hosil qiladi. Boshqalari hujayra ichiga kirsa ham uni eritib yubormaydi (profag). Moʻtadil fag tutgan bakteriyalar lizogen bakteriyalar deyiladi. Bakteriofaglarning ayrimlari gʻoyat spetsifik xususiyatga ega, yaʼni mikrobning faqat bir turiga taʼsir koʻrsatadi (monofag). Boshqa Bakteriofaglar har xil turdagi hujayralarni eritib yuboradi (polifag). Mikroblarning oʻzgaruvchanligi va evolyutsiyasida Bakteriofaglar muhim ahamiyatga ega. Hamma Bakteriofaglar oqsil va nuklein kislotalardan tashkil topgan boʻlib, shu kislotalar turiga qarab, DNK. va RNK tutuvchi Bakteriofaglarga boʻlinadi. Bakteriofaglar shifobaxsh va kasalliklarning oldini oluvchi vosita sifatida ham qoʻllaniladi. Yuqumli kasalliklar (dizenteriya, ich terlama va b.)ga tashhis qoʻyishda, bemor organizmidan ajratib olingan bakteriya xilini aniqlashda ham Bakteriofaglardan foydalaniladi. Oʻsimliklarda turli kasallik qoʻzgʻatuvchi (fitopatogen) bakteriyalarni yemiruvchi Bakteriofaglar ham maʼlum. Ekin maydonlaridagi tuproqda va ariq suvlarida baʼzi patogen mikroblarning Bakteriofaglari topilgan. Ekishdan oldin urugʻlikni turli kasalliklarga qarshi dorilash tajribasi Bakteriofaglardan ekiladigan urugʻlarni yuqumsizlantirishda foydalanish mumkinligini koʻrsatdi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x