Badriddin Chochiy


Post Views:
106

XIV asrda Toshkentda yashab ijod etgan ko‘zga ko‘ringan shoirlardan biri Badriddin Chochiydir, ya’ni toshkentlik Badriddindir. Ba’zi manbalarda Badriddin Shoshiy ham deb ko‘rsatganlar…

Uning tarjimai holiga oid ma’lumotlar juda oz bo‘lganligi tufayli Badriddin Chochiyning qaysi yili tug‘ilganligi aniq ma’lum emas. U asosan Toshkentda yashagan, uning 1332 yillar atrofida Toshkentdan Hindistonga borgani va umrining oxirigacha (1344) u yerda yashaganligi haqida manbalarda keltirilgan.

Badriddin Chochiyning Toshketni tashlab Hindistonga ketishiga, u davrdagi siyosiy va ijtimoiy ahvol sabab bo‘lgan bo‘lsa kerak. Hindistonda u o‘z asarlarini fors tilida yozgan. Badriddin Chochiy Badr, Shoshiy taxalluslari bilan ham ijod qilgan. Badriddin Chochiy ajoyib g‘azallar yozish bilan bir qatorda, qator qasidalar ham yozgan. Shoirning «Qasidai shitoiyya» («Qish qasidasi»), «Qasidai sayfiyya» («Yoz qasidasi»), «Qasidai rabi’iyya» («Bahor qasidasi») kabi asarlarida tabiat go‘zalliklari va har faslning o‘ziga xos manzaralari tasvirlangan. Hindistonlik tazkiranavis olimlardan Mirxusayn Do‘st o‘zining «Tazkirai Xusayniy» asarida Badriddin Chochiy haqida bunday deb yozadi:

«Mavlono Badriddin Chochiy o‘z vatanidan Muhammadshohning o‘g‘li To‘qluqshoh davrida Dehliga keladi. U o‘zining shoirlik mahorati bilan ajralib turgan va uning devoni tahminan olti ming baytdan iborat bo‘lgan».

Shuningdek, manbalarda Badriddin Chochiy «Shohnoma» nomli asar yozganligi haqida ham ma’lumotlar keltirilgan.

Badriddin Chochiyning qasida, g‘azal va ruboiylarining bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda. Bundan tashqari, uning she’rlaridan bir qismi Avxadaddin Anvariy va boshqalarning devonlari bilan bir muqova qilingan qo‘lyozmada ham saqlanib qolgan. Shuningdek, Badriddin Chochiy qasidalari Dushanbe va xorijiy mamlakatlarning qo‘lyozma xazinalarida saqlanib qolgan.

Badriddin Chochiy she’rlari istioraga boy va falsafiy tushunchalarni qamrab olgan qiyin uslubda yozilgan.

Uning she’rlarida sotsial hayotdagi qiyinchiliklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilmay, so‘z o‘yinlari, har xil tushunchalar orqali ifoda etilgan. Badriddin Chochiy asarlarini o‘rgangan olimlar o‘z asarlarida buni ta’kidlab o‘tganlar. Amin Ahmad Roziy ham o‘zining «Haft iqlim» («Yetti iqlim») asarida bu hakda to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, Sadriddin Ayniy «Namunai adabiyoti tojik» nomli asarida quyidagilarni yozadi: «Badriddin Chochiy asarlarining ko‘pchiligini sharhsiz va unda uchraydigan lug‘atlarni hal qilmasdan turib tushunish qiyindir. Uning she’laridan ko‘rinib turibdi-ki, tarjima sohibi hay’at va nujum (astronomiya) ilmidan xiyla xabardor bo‘lib, nodir termin va so‘zlar xazinasi bo‘lgan. Bu majmuaga uning oson she’rlari tanlab olib kiritildi.

Ba’zi shoirlar va qasidanavislar o‘zlarining badiiy mahoratlarini ko‘rsatish uchun ayrim g‘azallari, ruboiylari va qasidalarinigina shunday uslubda yozganlar. Ammo devonining avvalidan oxirigacha shu uslubda hali biron-bir shoir yozolmagan. Badriddin Chochiy goho Badr, goho Badri Choch va goho Badri Chochiy taxalluslarida she’rlar yozgan».

Badriddin Chochiyning she’rlariny tushunish qiyin bo‘lganligi uchun Hindistonlik olim, «G‘iyos ul-lug‘ot» asari muallifi G‘iyosiddin ibn Jamoliddin Badriddin Chochiy she’rlariga maxsus sharh, yozgan va o‘z asarini «Koshif as-asror» deb atagan. Bu ma’lumot 1908 yili Hindistonda bosilgan «Kulliyoti Xoqoniy»ning oxirida keltirilgan.

Bu haqda Sadriddin Ayniy yozadi: «Badri Chochiy, Shoshiy — Toshkandiy 745/1344 yili vafot etgan bo‘lib, «G‘iyos ul-lug‘at» muallifi G‘iyosiddin ibn Jamoliddin Badri Chochiy qasidalariga sharh yozgan. Bu sharhni 1256/1840 yili yozishga boshlagan va 1257/1841 yili tamom qilgan. Bu sharh Hindistonda 1895 yili ikkinchi marta nashr qilingan». Sadriddin Ayniy Badriddin Chochiy qasidasiga sharh yozgan G‘iyosiddinning o‘z muqaddimasida yozgan quyidagi so‘zlarni keltiradi: «Ma’lum bo‘lsinki, bu devonning muallifi Badr taxallusli Badriddin Turonning Choch shahridan bo‘lib, 733/1332 – 1333 yili Dehliga keladi. U Sulton Muhammadshoh ibn G‘iyosiddin To‘g‘luqshoh xizmatida bo‘ladi, «Faxri zamon» laqabini olgan edi. Bu ma’lumotdan ma’lum bo‘ladiki, Badriddin Chochiy Hindistonda 12 yil yashagan.

Zamonasining ajoyib sehrgar shoiri Badriddin Chochiy o‘zi yashayotgan davrning ijtimoiy hayotidan chetda qola olmagan. Uning she’rlarida lirika bilan bir qatorda, u davrdagi sotsial hayot ham o‘z aksini topgan. Hind sultonlari saroyida yashagan Badriddin Chochiy bir she’rida o‘zini o‘rab olgan muhit va odamlar haqida «do‘stoni zamona bad ahdand» (zamondosh do‘stlar ahdiga bevafo, yomon ahdlidurlar) deb yozgan edi. O‘z davrida uning ham asrlari Badri Chochiyni «Faxri zamon» («Zamon iftixori») deb ataganlar. Badriddin Chochiy qasidalarini ko‘chirgan hattot ham bu borada, asarning oxirida bunday deb yozgan: «… Tasnifi Badri Chochiyki, laqabi on «Faxri zamon» ast» (Bu Badri Chochiyning asari bo‘lib, uning laqabi «Faxri zamon» («Zamon iftixori»)dir. Shuningdek, bu borada Shamsiddin Somiy «Qomus al-a’lom»da ma’lumot keltirib o‘tgan. Uning haqiqatda ham o‘z asrida buyuk shoir bo‘lganligiga shoirning o‘zi tomonidan qilingan ba’zi ishoralar ham bor. U bunday deb yozadi:

Maroke faxri zamon xonda, shohi islomam,
Laqab mago‘y bajuz bulbuli shakar go‘ftor.

(Islom shohi meni «Zamon iftixori» hisoblasa-da, menga «shirinsuxan bulbul»dan boshqa laqab qo‘ymanglar).

Bundan ma’lum bo‘ladiki, Badriddin Chochiy bunday yuqori maqtov va unvonlardan ko‘ra, ajoyib shoir bo‘lishning o‘zi yuqori turadi, demoqchi bo‘ladi. Amin Ahmad Roziy o‘zining «Haft iqlim» asarida, avvalo Shosh shahriga ta’rif beradi, u yerdagi o‘simliklar, suvlar va tog‘lar haqida to‘xtaladi. So‘ngra Shosh qadim shaharlardan bo‘lib Banokat nomi bilan ham shuhrat topgan, hozirda Toshkand va Toshkent ataladi deb ko‘rsatadi. So‘ngra X asrda Toshkentda yashagan iqtidorli olim va shoir Qaffoli Shoshiy haqida gapiradi. Badriddin Chochiyni «Badr Shoshiy» deb ko‘rsatadi va uning haqida bunday deb yozadi:

«Badr Shoshiy latofat va fazilat osmonida to‘lin oy va fasohat va fatonat osmonida charaqlagan yulduz bo‘lgan.»

1908 yili Hindistonda nashr qilingan «Kulliyoti Xoqoniy»ning oxirida keltirilgan ma’lumotlariga qaraganda, Badriddin Chochiyning qasidalari lug‘at va istilohlari (terminlari) bilan Hindistonda nashr qilingan. Badriddin Choniy Hindistonga kelganda Amir Xisrav Dehlaviy (1253-1325) endigina vafot etgan edi.

Shu davrda Chochdan (Toshkentdan) Hindistonga kelgan shoir Badriddin Chochiyning «faxri zamon» laqabini olishi o‘z davrining ajoyib shoiri bo‘lganligini ifoda etadi. Buyuk hind shoiri va mutafakkiri Amir Xisrav Dehlaviy ijodi O‘rta Osiyo va Xuroson shoirlarining ijodiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan bo‘lib, o‘z navbatida «zamon iftixori» laqabini olgan Badriddin Chochiy ham uning ijodidan bahramand bo‘lgan.

Badriddin Chochiy ijodi bilan jiddiy shug‘ullangan shoir Abdulahad Anisiy (Azizov) bunday deb yozadi: «Biz aytib o‘tmoqchi bo‘lganimiz Badri Chochiy (vafoti 1344) qasidachilik rivojlanib, murakkablashib, navisandaning o‘zi yashagan zamon hayotiga munosabatini ifodalashning eng nozik ko‘rinish va usullari vujudga kelgan davrda yashab ijod etdi… U yashagan davrda Hindistonda Xisrav Dehlaviyning (1253-1325) ta’siri juda kuchli edi… Hayotining so‘ngi davrlarini Dehlida o‘tkazgan Badri Chochiy ham bu sohada Xisravga ma’lum darajada ergashgan edi…

Badri Chochiyning ijodi ham ko‘pgina Sharq mutaqaddimin adiblari va shoirlarining ijodi kabi ko‘p qirralikdir… Badri Chochiy hammadan avval xalqparvarlik, insonparvarlik pozitsiyasida turadi. Uning uchun inson dunyodagi eng muqaddas mavjudotdir. U insonni ulug‘lab bunday deb yozadi:

«Dunyoning avvalidan oxirigacha o‘yladim, inson navidan yaxshiroq vujudni ko‘rmadim».

XIV asrda davr taqozosi bilan O‘rta Osiyodan Hindistonga qator olimlar borib qolgan va u yerda yashab ijod etgan edilar. Shular orasida toshkentlik shoir Badriddin Chochiy ham bor edi. Uning ijodi O‘rta Osiyo va Hindiston adabiy aloqdlari tarixida ijodiy ahamiyatga ega. «XIV asr O‘rta Osiyo va Hindiston xalqlari o‘rtasidagi madaniy-adabiy aloqalarni rivojlantirishda Badriddin Chochiyning ijodi katta rol o‘ynagan».

Toshkentlik shoir Badriddin Chochiyning ijodi atroflicha o‘rganishga loyiqdir.

Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/badriddin-chochiy-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x