BADIUZZAMON

BADIUZZAMON (1458, Hirot – 1515, Istanbul) — Xuroson hukmdori (1506—07). Husayn Boyqaronint toʻngʻich oʻgʻli, onasi — Marv hokimi Sanjar Mirzoning qizi Beka Sulton begim (1488-y. v. e.). B. 1473-y. dan Seyiston, keyinchalik Mozandaron hokimi. Astrobod hokimi amir Moʻgʻul xiyonatidan soʻng, Husayn Boyqaro uni Astrobodga hokim qilib tayinlagan (1493-y. dan). Soʻng, u 1496—1506-y. larda Balx hokimi boʻlgan.

Boburning yozishicha, «Sulton Husayn Mirzo Balxga kelganida Movarounnahr foydasini koʻzlab Balxni Badiuzzamonga beradi, uning mulki — Astrobodni esa Muzaffar Husayn Mirzoga topshiradi. Badiuzzamon shu tufayli arazlagandi. Shuncha yillar davom etgan dushmanlik va isyon sababi ayni shu holat edi». B. Astrobodni ukasiga berishga koʻnmagan. Chunki, Husayn Boyqaro Astrobodni uning oʻgʻli Muhammad Moʻmin Mirzoga sunnat toʻyini qilayotganda inʼom qilgan edi. Oqibat ota-oʻgʻil oʻrtasidagi mojaro urushga aylanadi. 1497-y. B. Puli Chirogʻ darasidagi jangda magʻlubiyatga uchraydi. Xuddi shu kuni Muzaffar Husayn Mirzo Astrobod yonida Muhammad Moʻmin Mirzoni yengadi. Husayn Boyqaro Balxni oʻgʻillaridan Ibrohim Husayn Mirzoga beradi. Yengilgan Badiuzzamon qolganqutgan lashkari bilan Qunduzga qochadi, soʻng Xusravshoh huzuridan panoh topadi. Xusravshoh Badiuzzamonga qoʻshin, qurolyarogʻ bilan yordam bergach, u Qandahor va Zamindevorga boradi. 1505-y. B. otasi bilan yarashib, uning xizmatiga kiradi. Otasi vafot etgach, ukasi Muzaffar Husayn Mirzo bilan birgalikda taxtga oʻtiradi.

1506-y. Shayboniyxon Balxni qamal qilganda Badiuzzamon Muzaffar Mirzo bilan unga qarshi otlanib boshqa ukalarini ham yordamga chaqiradi. Bodxizda Badiuzzamon qoʻshiniga Abulmuhsin Mirzo va Ibn Husayn Mirzo kelib qoʻshiladi. Zahiriddin Muhammad Bobur ham ularga yordamga keladi. Ammo ular toʻplangunga qadar oradan 3—4 oy oʻtadi, bu orada Shayboniyxon Balxni egallab, Badiuzzamon qoʻshin toʻplayotganidan xabar topgach, kech kuzda Samarqandga qaytib ketadi. Shayboniyxon 1507-y. Samarqanddan Xurosonga qoʻshin tortadi. Badiuzzamon ukasi bilan Hirotni tashlab qochadi, soʻng Eronga, Ismoil Safaviy huzuriga boradi. 1514-y. B. ni turk sultoni Salim I Istanbulga olib ketadi, u oʻsha yerda vaboga chalinib vafot etadi.

B. Husayn Boyqaroning oʻgʻillari orasida eng oqili va tadbirkori boʻlib, taqvodor, adolatpesha hamda ilmu maʼrifat va hunar axliga muruvvatli hukmdor edi. U oʻz saroyida olim, shoir, sanʼatkor va b. ni yigʻib anjumanlar oʻtkazib turardi. Shuning bilan birga, u oʻzi ham goʻzal gʻazallar bitgan, mamlakatda qurilish-obodonchilik ishlariga katta eʼtibor bergan. A. Navoiy B. ni quyidagicha taʼriflagan: «Sulton Badiuzzamon Mirzo husni surat va husni siyrat bila orasta va jamoli zohiriy va kamoli botiniy bila piyrosta yigitdur. Razm atvoridin otar-tutarda dilpisand va bazm asbobidan ichmak va bagʻishlamaqda bemonand. Tabʼi ham nazm uslubida muloyim tushubtur…».

Ad.: Fayziyev T., Husayn Boyqaroning sirli oʻlimi, T., 1995.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x