Badiiy adabiyot… modadan qoldimi?

Mutolaaga  berilish – turmushda sodir boʻlib turadigan zerikish soatlarini cheksiz huzur-halovat soatlariga aylantirishdir.

Sh.MONTESKYE

 

Inson uchun moddiy neʼmatlar kundalik ehtiyojga aylangan boʻlsa, kitob oʻqish, undan bahra olish, zavqlanish, maʼno-mazmunini anglash, bir soʻz bilan aytganda, qalbni har kuni maʼnaviy-ruhiy jihatdan toʻyintirib borish shu darajada hayotiy zarurat boʻlmogʻi lozim. Kitob bu insondagi insoniylikka nozik bir tarzda hamohang boʻlgan bizdagi koʻz ilgʻamas siljishlarga hamisha javob beruvchi allanechuk bir tilsim.

Endi, asosiy fikr kitob haqida yuritilar ekan, uni eng aziz, eng yaqin doʻst desak xato boʻlmaydi. Unga qanchalik koʻp murojaat qilsak, shunchalik mustahkam bogʻlanib, suyanib, undan maʼnaviy ozuqa olib, u  bizning eng yaqin sirdoshimizga aylanib boradi.

Kitobga oʻzing sezmagan holda bogʻlanib qolasan, butun gʻamu tashvishlaringni bir zumda unutasan va oʻsha kitob qahramoniga aylanib, u bilan yashay boshlaysan. Oʻsha olamga kirib, hayot kechira boshlaysan.

Afsuski, bugungi kunda baʼzi yoshlar badiiy adabiyotga kam murojaat qilayotgandek nazarimda. Koʻcha-kuyda kuzatgan tengdoshlarimning aksariyati qoʻlida kundalik gazetalar (“Futbol”, “Hordiq”, “Darakchi”…), film yoki oʻyin disklari boʻlsa, ozchilik qismininggina qoʻlida kitob. Balki,  mulohazalarim xolis emasdir. Bu bilan gazetalar insonga yangilik, maʼnaviy ozuqa bermaydi, degan fikrdan yiroqman, ularning ham oʻz oʻrni bor. Insoniyatning ibtidoiy hayotdan bugungi taraqqiyot, ilm-fan va texnika taraqqiyotiga yetishishda kitobning oʻrni beqiyosligi ayni haqiqat. Ammo bugungi kundalik ishlarimizda kitobxonlik, badiiy adabiyot toʻgʻrisida soʻz borganda “Yoshlar kitob oʻqimaydi”, “Yoshlarning kitobga munosabati sust” degan gaplar quloqqa chalinadi. Toʻgʻri,  inson kitobni oʻzi uchun oʻqiydi. Lekin “kitobning davri oʻtdi, internet zamonida yashayapmiz” degan iddao-chi?!

Bugungi kunda olimlarning taʼkidlashicha, kompyuter oʻyinlari koʻpchilik yoshlar ruhiyatiga kuchli taʼsir etishi oqibatida, ularning xarakterida salbiy (agressiv, jizzaki, qiziqqon…) psixik holatlar yuzaga kelib, hattoki bu oʻyinlar kechasi tushida ham davom etadi. Shu oʻrinda bugungi kunda nashr etilayotgan badiiy adabiyotlar yoshlar ongi, maʼnaviyati va ertangi kamoloti uchun qanchalik hizmat qilyapti? Hozirgi turli xil badiiy adabiyotlar yoshlarning tarbiyaviy ahamiyatiga qanchalik darajada taʼsir koʻrsatadi?

Yuqorida keltirilgan savollarning javobi bir qadar murakkab va jiddiy. Yoshlar kelajak davomchilari, qaysidir maʼnoda buyuk kelajak barpo etuvchilardir. Shunday ekan, ularning barkamol shaxs boʻlib shakllanishida kitob va badiiy adabiyotga boʻlgan munosabatini oʻrganish maqsadida Oʻzbekiston Milliy Universiteti qoshidagi S.H.Sirojiddinov nomli akademik litseyda 5 ta guruhning 2-bosqich oʻquvchilaridan va 4 ta guruhning 3-bosqich oʻquvchilaridan, jami 350 nafari bilan soʻrov oʻtkazildi. Tadqiqot  soʻrovnomasidagi 25 ta savol oʻquvchining yoshi va  qiziqishlarini inobatga olgan holda tuzildi. Sotsiologik tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, oʻquvchi yoshlarning 42% kundalik darslikdan tashqari badiiy qiziqishlarini bildirib, koʻproq adabiyot fani darsligidagi yozuvchi va adiblarning asarlarini oʻqishlarini taʼkidlab, har bir oʻqigan asar qahramonidan oʻzi uchun kerakli boʻlgan tarbiyaviy jihatni, hattoki oʻzidagi baʼzi kamchiliklarni topishini aytib oʻtgan. “Qaysi janrdagi asarlarni sevib oʻqiysiz?» degan savolga respondentlarning 10,2% detektiv, 10,8% dramatik janrdagi adabiyotlarni, 10,2% esa janr tanlamasliklarini koʻrsatishgan. Eng yaxshi koʻrgan asar va yozuvchingiz degan savolga 15,2% “Oʻtran kunlar”, “Qutlugʻ qon”, “Ikki eshik orasi” va  “Shaytanat”, 12,8% “Yulduzli tunlar”, “Ufq”, “Uch ildiz”, “Oq kema”, 22% respondentlar jahon adabiyotiga qiziqishini bildirib, jahon adabiyoti durdonalaridan Mapasanning “Azizim”, T.Drayzerning “Opa-singil Kerri”, “Jenni Gerxard”, A.Kamyuning “Begona”, L.Tolstoyning “Urush va tinchlik”, Markesning “Yolgʻizlikning yuz yili” kabi romanlarini koʻrsatishgan. Qolgan respondentlarning 35% esa, badiiy adabiyot oʻqimasliklarini taʼkidlab, bunga sabab qilib, vaqtlari yoʻqligini, qiziqmasliklarini, uning oʻrniga esa, badiiy film koʻrishni va Internetdan oʻziga kerakli qisqa maʼlumotlarni olishini bildirishgan. “Agar sizga oʻqituvchingiz majburan biror-bir asar oʻqishni talab qilsa, oʻqiysizmi?” – degan savolga 22% oʻquvchi “Ha” deb, 6,2% “bilmadim, bunday vaziyatga tushmaganman”, 6,2% esa “Kundalik baholarimga taʼsir qilsa, oʻqigan boʻlardim”, deb javob berishgan. Umumiy majmuadagi respondentlarning 23% esa qisman badiiy adabiyot mutolaa qilishini, qiziqarli asar boʻlsa goh-gohida oʻqishini aytishgan.

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasiga bir kunda keladigan 200-250 nafar kitobxonlardan 80-85 nafari yoshlar boʻlib, shundan 50% oʻquvchi dramatik asarlarni, 40% detektiv janrdagi adabiyotlarni, 10% esa, turli janrlardagi adabiyotlarni soʻrab murojaat qilishganligi aniqlandi. Oʻtkazilgan soʻrovnoma va kuzatish xulosalariga koʻra, yuqoridagi savollarga bir oz javob topganday boʻldik. Bugungi kun yoshlari badiiy adabiyotni oʻqishmoqda, kimdir bir asarni qayta-qayta oʻqib ham har gal oʻzgacha taassurot olsa, kimdir yangi asarlarni qidirib topib oʻqiyapti, kimdir kitoblarning elektron variantini topib mutolaa qilyapti. Ammo kitobni qoʻlda tutib, varaqlab oʻqishdagi hayajon, hissiyot oʻzgacha. Qancha berilib oʻqimang, kompyuter yoki boshqa zamonaviy texnikalar kitobdagi voqea-hodisalarni, soʻzning taʼsirchanligini aks ettirolmaydi. Shunday ekan, badiiy adabiyot namunalari maʼnaviy meros sifatida avloddan avlodga oʻtib, inson maʼnaviyatini boyitadi, maʼrifatini ziyo bilan toʻldiradi. Yoshlarga faqat uning moʻjizakorligini koʻrsata olish ahamiyatlidir.

Yoshlarning kitobga boʻlgan qiziqishini orttirish maqsadida quyidagi amaliy taklif va tavsiyalar ijobiy natijalar beradi deb oʻylayman:

yoshlarni bolalikdan kitob doʻkonlariga sayohatga olib borish;

oilada farzandlarning tugʻilgan kunlarida kitoblar sovgʻa qilish;

oilada farzandlarga ertaklar soʻzlab berib, kitobga qiziqishini orttirish;

kitobxonlik kechalarini oʻtkazish;

yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuv kechalarini tashkil etish;

taʼlim muassasalarida badiiy adabiyotlar koʻrgazmalarini tashkil etish;

“insonning nutq madaniyatini rivojlantirishda badiiy adabiyotning roli” mavzusida ijodiy ishlar koʻrik-tanlovini oʻtkazish;

“men sevgan badiiy qahramon” mavzusida insholar koʻrik-tanlovini oʻtkazish;

oʻqituvchi tomonidan oʻquvchilarni ragʻbatlantirib borish.

Bugungi kunda ilmiy-texnika taraqqiy etib, turli texnik vositalar, jumladan, radio, televizor, kompyuter, internet, uyali telefonlar va boshqalar kitobning oʻrnini bosib ketdi, degan fikrlar oʻrinsiz. Hech qachon va hech narsa kitobning beqiyos oʻrnini egallay olmaydi. Chunki u beqiyos va cheksiz ummon, undan qanchalik koʻp sipqorsak, yana shunchalik tez chanqayveramiz. Uni hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi.

 

Rashidbek NORQULOV,

OʻzDJTU  talabasi

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 8-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/badiiy-adabiyot-modadan-qoldimi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x