Ayriliq

Onam Toʻxtagul momoning porloq xotirasiga

 

Onamning oʻtganiga yigirma ikki kun boʻlgandi. Nimadir sabab boʻlib tuman markaziga borishga toʻgʻri kelib qoldi.

Fevral oxirlab, qishning qishligi yodiga tushgan payt. Onam bunday damlarni: “Tuf desang, tupuging muzlaydi-ya”, derdi.

Yoʻl sirpanchiq boʻlganidanmi, mashina kam. Turib qolganimga besh daqiqa boʻlmay, oyoq-qoʻllarim muzladi, ayoz kampir betimdan oʻpgan: ikki yuzim yaraday loʻqqillab ogʻriydi. Xayriyatki, yoʻlga chiqayotganimda opam boshimdan doʻppimni olib, qalin bosh kiyimimni bostirgan ekan, boʻlmasa, naq boshim ketarkan.

Oyogʻimning uchiga sovuqdan jizillagan ogʻriq kirdi. Va nihoyat oʻn daqiqalarda bir mashina toʻxtadi. Oldingi oʻrindiq boʻsh boʻlsa ham, orqaga oʻtirdim. Toʻgʻrisi, xayolimga sogʻinch hissi changal solgandi oʻsha pallada.

Bir kun oldin mozorboshiga chiqqandik. Yigʻlayman, deb oʻylagandim – yoʻq, afsuski, yigʻlolmadim. Yigʻi goʻyo endi koʻzlarimga tosh boʻlib tiqilayotgandi. Qirqlarni qoralab qolgan haydovchining qandaydir savollariga bosh irgʻagancha javob qildim, soʻng u ham indamadi, men ham.

Yoʻlda yana birov qoʻl koʻtardi. Mashina keskin toʻxtadi. Eshikni ochib salom bergancha bir kishi oldingi oʻrindiqqa oʻzini tashladi. Mashina kabinasini sovuq havo va namiqqan hid tutdi. Yoʻlovchi oʻrnashib olgach, haydovchiga qaradi va birdan:

– Bahodir, senmi? – dedi ikkilangan holda.

Haydovchi yoʻlovchiga qarab qiyqirib yubordi: tanimagan ekan.

– Murod, ogʻayni!

Ular anchadan buyon koʻrishishmagan shekilli, uzoqdan savol berish boshlandi.

Yoʻlovchi:

– Bolalardan nechta?

– Ikkita.

– I-e, kam-ku?!

– Oʻzingda-chi?

– Beshta, uchi oʻgʻil!

– Harakatda barakat, debsan-da? – kuldi haydovchi.

– Ollohga shukr.

– Boboy-kampirdan qutildingmi?

– Yoʻq hali, – nozik yarasiga birov tekkanday yuzini burishtirdi yoʻlovchi. – Kampir ketmayman deb, oyoq tirab olgan. Sen-chi?

– Xudoga shukr, ikkalasini ham dumalatib yubordik… Yuribmiz erkin qush boʻlib. – U rul chambaragini qoʻyib yuborib, kaftlarini yoydi.

Shu lahzada goʻyo azroil boʻgʻzimdan olgandek nafasim tiqildi. Mashina ichi koʻzimga qabrday tor koʻrinib ketdi.

– Tushib qolay, – dedim haydovchiga. Kutilmagan bu gapdan oldinda oʻtirgan ikkovlon hayron boʻlib ortga qarashdi. Atrof yaydoq choʻl. Shunday sovuqda bu yerda nima qiladi, deb oʻylashdi, shekilli.

Mashina toʻxtadi. Haydovchiga pul uzatdim.

– Pulingni olib qoʻyaver, uka, – dedi u.

U bilan gaplashgim kelmasdi. Shuyam odam boʻldimi!.. Mashinadan tushib, pulni oʻrindiqqa tashladimu eshikni yopdim. Mashina joʻnadi.

Tomogʻimga sovuq havo urildi: maza qildim. Izgʻirin koʻnglimga iliqlik olib kirdi, goʻyo.

Ovozimni kenglikka yoydim. Qurib, rangi boʻzargan yantoqlar, sargʻayib qolgan qamishlar yetim qolgan farzandning iztirobli nolasidan titrab ketdi.

Koʻz yoshim shu bepoyon choʻl kabi qurib qolguncha yigʻladim.

 

Ulugʻbek KARIMOV,

Qiziltepa tumani

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/ayriliq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x