Ayri

Hovlimizning  orqasidagi tomorqa yerda bir tup oʻrik koʻchati boʻlardi. Uni danakdan koʻkartirganman. Koʻchat shamoldanmi, ostidagi tuproqning boʻshligidanmi ancha qiyshayib oʻsdi. Uchinchi yili gulga kirdi. Otam toldan yoʻgʻonligi oʻgʻir dastadek keladigan bir ayri chopib olib, koʻchatni toʻgʻrilab, unga tirab, bogʻlab-chirmab qoʻydilar. Endi koʻchat har qanday shamolga ham dosh berib, qomatini tik tutgancha magʻrur turardi. Otam ayrining uchini yerga koʻmayotganlarida:

—  Bu qachongacha turadi, ota? — deb soʻradim.

— Zaldoluchang katta boʻlib, daraxtga aylansa, ayrining ham hojati boʻlmay qoladi, — dedilar, — hozir bequvvat-da, tepasi jon olgach, unga ayri nimaga kerak.

— Ha.

— Bu yil zaldoluchang dovuchcha qiladi, ­sargʻayib pishgach birinchi hosilidan Xalil bobongga oborib berasan.

— Nega, ota?

— Chunki Xalil bobong qishlogʻimizdagi eng qari, tabarruk odam, niyat qilib oborib bersang, duo qiladilar. Oʻzing ham, zaldoluchang ham uzoq umr koʻrasizlar.

Xalil bobo asli Tolibning bobosi. Tolib men bilan joʻra. Uning otasi Hamid togʻa otam bilan baravar, ikkalalarining ham yillari maymun ekan. Lekin otamning gapi qoʻrchi Hamid togʻa bilan emas, u kishining otasi — Xalil bobo bilan chiqadi. Ertalabdan kechgacha otamning doʻkonlarida oʻtiradi. Men dam bosaman, Xalil bobo choy quyib beradi. Otam temirni olovga qoʻygan payt­larida Xalil bobo bir piyola choy quyib menga uzatadi, men olib otamga tutqazaman. Xalil bobo otamni «Usta Karim» deb chaqiradi. Uning yelkalari keng, koʻksi qavariq, oppoq soqoli koʻkragining tuklari bilan qoʻshilib ketgan, koʻzlari qizgʻish, nuqul tish qayrab, gʻalati ovoz chiqarib turadi. Gohida otam meni ularnikiga yuborib, bor, Xalil bobongga ayt, tezda eshaklarini minib chiqsinlar, derdilar. Men borib aytardim. U kishi, nimaga, qayerga borarkanmiz, deb soʻrab ham oʻtirmasdan, birpasda piyozi chakmonini kiyib, simobiy sallasini boshiga qoʻndirib chiqardi. Ostida masiqqan koʻk hangi. Xalil bobo atayin eshagiga xala bosib dikonglatadi. Men zavqlanib kulaman. Otam, bu chol hali bizlardan baquvvat, deydilar. Ular bozorga, toʻy-maʼrakalarga birga borishar, ertasi doʻkonxonada oʻsha toʻy yoki safar taassurotlaridan uzoq suhbatlashib oʻtirishardi. Xalil bobo namoz-niyozni bilmas, eskichadan ham, yangichadan ham savodi yoʻq edi. Bir kuni otam u kishi bilan qandaydir bir ulfatchilikka boradi. Ulfatlarning koʻpchiligi Xalil boboni tanimas ekan. Otam mezbonlarga Xalil boboni koʻrsatib, bu kishi katta mullo, madrasani xatm qilganlar, deydi. Bu maqtovlardan erib ketgan Xalil bobo qizarinib toʻrga chiqib oʻtiradi. Ob-oshdan keyin otam yonidagi yigitlardan biriga «Eskicha bir jangnomami, devonmi topib kelsangiz; mullo bobo bir xonish qilsalar», deya shipshiydi. Haligi yigit chiqib ketadi va hayal oʻtmay qizil duxoba jildga oʻrogʻlik kitob keltirib:

— Mana, «Devonayi shoh Mashrab», — deya oʻpib ikki marta manglayiga tekkizgach Xalil boboga tutqazadi. — Qani, mullo bobo, bir eshitaylik.

Xalil bobo otamga oʻqrayib qaraydi-da, noiloj kitobni olib, tish qayragancha varaqlay boshlaydi.

— Oʻqirdimu koʻzoynagim uyda qolgan, — deydi u sir bermay.

  Haligi yigit yana chiqib ketadi. Bir poyiga qora ip boylangan koʻzoynak topib keladi.

— Mana koʻzoynak.

  Xalil bobo otamga yana bir oʻqrayib qaraydi-da, barmogʻining uchi bilan koʻzoynakni ilib olib, teskari tomonini koʻziga qoʻndiradi. Lekin hadeganda koʻzoynak qulogʻiga ilinavermaydi.

—        Bu kichik ekan, — deydi qizarib, — yana oynagi ham koʻzimga tushmayapti.

Shunda kulgidan arang tiyilib turgan otam uning joniga ora kiradi.

— Kechirasizlar, — deydi u mezbonlarga, — mulla bobo yanagi kelganlarida koʻzoynaklarini olib keladilar. Oʻshanda eshitasizlar. Hozir ovozlari ham andak shamollagan.

— Toʻgʻri, toʻgʻri, — deydi Xalil bobo tish qayrab turib atayin yoʻtalarkan, — tomoq chatoq… tomoq chatoq.

Shu voqeani otam hamqishloqlarga tez-tez aytib berardi. «Tomoq chatoq, tomoq chatoq», deganda hamma kular, ularga qoʻshilib Xalil bobo ham kular va bosh chayqab turib: «E, kasaling qursin, usto Karim», deb qoʻyardi.

Hovli orqasidagi  oʻrikchamning dovuchchalari  sargʻayib pishsa dastlabki hosilini ana shu Xalil boboga oborib beraman. U kishi duo qiladilar, oʻzim ham, daraxtim ham uzoq umr koʻramiz. Shuning uchun har ertalab uyqudan tura solib, ayvon tomondagi toʻsiqdan orqaga oʻtamanda oʻrikchamga qarayman, uning atrofida aylanib, ayrini ushlab ohista silkib qoʻyaman.

Bir kuni erta azonda uygʻonib, qoʻl-betimni ham yuvmasdan tomorqaga oʻtdim. Qarasam, oʻrikchaga tirab qoʻyilgan ayri yoʻq. Koʻchat mevasining moʻlligidan bir tomonga egilib qolibdi. Mol-hol qashlanib tushirib yuborgan boʻlsa kerak, deb oʻylab, atrofni koʻzdan kechirdim. Yoʻq. Ayrining uchi koʻmilgan yerdagi chuqurcha atrofida ikki ketmoncha tuproq doʻmpayib turardi. Darhol izimga qaytdim. Otam ishga otlanayotgan ekanlar. Aytdim, birgalashib orqaga oʻtdik. Otam daraxtchaga qarab oʻyga toldilar. Men ham xafa boʻlib ketdim. Qancha turganimiz esimda yoʻq, keyin doʻkonga yoʻl oldik.

Otamning bosqonchisi Shirinboy togʻam allaqachon choʻkonni oʻt oldirib turgan edi. Otam peshbandini beliga bogʻlarkan:

— Qumgʻonni os, — dedilar Shirinboy togʻamga, — hali zamon Xalil bobo kelib qoladilar.

Men dam bosa boshladim. Oʻtxonada toshkoʻmir avval sargʻish, soʻng zangor alanga bilan gurillab yondi.

Choshgohda Xalil bobo kelib odatdagidek soʻriga chiqib, oyoqlarini osiltirib oʻtirdi. Bu gal u Qobil qoʻrboshining qoʻlga olinishi, uning Shoʻrchi bozorida osigʻli turgan kallasi haqida qiziqarli hikoya qilardi.

— Xudoning qudrati bilan, — dedi u nihoyat, — kalla ham shishib ketarkan, bir haftacha vagʻ-vagʻ chibin talab yotdi…

— Koʻrganda yuragingiz achishib ketgandir?

—        Labbay?! — dedi oʻzini eshitmaganga solib Xalil bobo.

—        Axir, oʻzlari ham qoʻrboshiga sarboz boʻlganlar-ku? — dedi otam piyolani menga uzatib.

— Sarboz boʻlib nima qilibman,— dedi Xalil bobo ogʻir olib,— xuni nohaq qilmagan boʻlsam, birovning molini oʻgʻirlamagan boʻlsam, ha, endi majbur boʻlib uch-toʻrt kun ot minganmiz-da…

       —  Assalomu alaykum!

 Eshikda koʻringan yaktakli, koʻksi ochiq, choʻqqi soqol kishining salomi bilan Xalil boboning hikoyasi boʻlinib qoldi. Otam omburdagi temir hali sovib, qoraymagan boʻlsa-da, uni tezda oʻtxonaga tiqib, keluvchi kishi bilan koʻrishdi.

— Keling, Elmurod bobo! Qalay, bola-chaqalar omonmi, Tangriberdining oʻgʻli dastyor boʻlib qolgandir?

—        Ha, shukur, — dedi Elmurod bobo terlarini artib, —  qoʻltigʻimga kirib qoldi, uka. Qismat shu ekanda, joʻra, otasidan xayriyatam shugina tirnoq qolgan ekan, boʻlmasa adoyi-tamom boʻlardim. He, uyi kuysin bu urushni, koʻplarni xonavayron qilib ketdi-da…

Xalil bobo unga bir piyola choy tutdi.

—        E, baraka toping, — dedi u piyolani olib hoʻplarkan,— bay-bay, alomat choy boʻlibdi-da. Oʻziyam olma poʻstlogʻidanmi, deyman. Yoʻq, dedingizmi? Ha, tuzuk-tuzuk. Bizlar bir haftadan beri olma poʻstlogʻidan choy damlab ichamiz. Bu choydan hech farqi yoʻq. Darvoqe, usta Karim, tayyor taqangiz bormi, uka? Bir eshakning kalishini yangilamoqchi edim, —  dedi piyolani quritib Xalil boboga uzatarkan, — jonivorning tuyoqlari sinib
oqsab qoldi-ya.

Otam bolgʻa ura-ura gapira boshladi.

 —       Taqa bor-u… mix yoʻq… sal kutsangiz… besh-oʻn mix… yasab olsak, — dedi u bolgʻa urishdan toʻxtab, — buyogʻi yarim soatlik ish.

 Elmurod bobo rozi boʻlib soʻriga chiqib oʻtirdi. Shirinboy togʻam mollarga oʻt tashlagani chiqdi. Men yaqindagi hovuzdan qumgʻonni toʻldirib keldim. Eshikdan kiraversam Xalil bobo chiqib ketayotgan ekan. U kishi «Gashti peshin kelarman» dedi. Otam qoʻlimdan qum­gʻonni olib oʻtxona ichidagi changakka ildi. Elmurod bobo dam bosib turardi, men bolgʻa urib otamga koʻmaklashardim. Oʻn oltita mix yasadik. Taqa va mixlarni temir qutiga solib tashqari chiqdik. Elmurod boboning eshagi hovuzning quyirogʻidagi tolga boylangan edi. Yaqin bordik. Eshakning toʻqimi yerga tushib yotardi. Elmurod bobo eshagi yoniga borib:

— E, qiziq-ku, — dedi  baqa boʻlib, — buning ayili qani?

Hammamiz hayron qoldik.

— Ayili bor edimi? — deb soʻradi otam.

— Qiziq ekansiz-a, usto, — dedi Elmurod bobo mitti koʻzlarini oʻynatib, —  qaysi emari eshakka toʻqimni ayilsiz bosadi? Mana, toʻqimi shu yerda-ku. Anovi jiyanchangiz olgandir.

Otamning buyrugʻi bilan tezda Shirin togʻamni chaqirib keldim.

— Ayil qani?

— Qaysi ayil? — dedi Shirinboy togʻam otamning vajohatidan qoʻrqib, —  koʻrganim yoʻq.

Otam uni qistoqqa oldi. Shirinboy togʻam   titrab-qaqshab, men olganim yoʻq, derdi.   Otamning doʻq-dagʻdagʻasidan men ham quruq qolmadim. Ikkalamiz ham yigʻlab, koʻzimizga yosh  oldik. Nihoyat, otamning bizlarga rahmi kelib, Elmurod bobo bilan kelishmoqchi boʻldi.

— Endi Elmurod togʻa, boʻlmagan ish boʻlibdi. Keling, eshagingizni taqalab beray, ayilingiz topilsa oborib beramiz.

 —       Oʻ, usto Karim, — dedi Elmurod bobo qoʻlini paxsa qilib, — eshakni taqalang-u mendan pulini oling. Mayli, boshqalardan ikki-uch soʻm ziyod ham oling, lekin ayilimni topib bering.

Otam Shirinboy togʻamga buyurdi.

— Bor,  oxurdan   yangi olingan ayilni olib chiq!

Shirinboy togʻam ogʻilxonadan yaqinda    olingan yap-yangi ayilni olib chiqib, otamga berdi.

— Ana bu ayilni oling, —  dedi otam, — kecha Aziz arqonchidan buyurtma qilib olganman. Bogʻlab boring, topilsa, oʻz ayilingizni olasiz, boʻlmasa shu sizniki.

— E, yoʻq, usto Karim, — dedi Elmurod bobo norozi boʻlib, —  menga oʻz   ayilimni  topib   bering.

Otamning jahli chiqdi.

— Bor, — dedi menga buyurib, — ayvonning ostidan sigirni yechib chiq!

Men zingʻillab ketdim. Hayal oʻtmay yangi buzoqlagan ola govmishni yetaklab chiqdim. Otam sigirning ipini Elmurod boboga tutqazib:

— Iloyo baraka toping, Elmurod togʻa, — dedi yalinchoq ovozda, —  ana shu sigirni olib boring, yaqinda tuqqan. Sogʻib, ichib yuring. Ayilingiz topilsa, borib sigirni olib kelaman, agar topilmasa…

— Menga sigir emas, — dedi Elmurod bobo, —  ayil kerak, oʻz ayilim kerak…

—  Axir…

—  Oʻgʻrilar, —  gʻudrandi Elmurod bobo. Otamning ori qoʻzib, titrab ketdi.

— Kim oʻgʻri? — dedi qichqirib. — Kim?

Elmurod bobo ham choʻqqi soqolini oldinga chiqarib kekirdagiga zoʻr berdi.

— Shu qishloqning odamlaridan boshqa hech kim oʻgʻirlamagan, axir ayilni Qoqishtuvon yoki Qumqishlovdan kelib oʻgʻirlab ketmaydi-ku? Noinsoflar, kazzob toʻqimdoʻzlar!..

Otamning rangi boʻzday oqarib, moʻylovlari tikkaygandek boʻldi.

— Menga qara, Elmurod yengmash, —  dedi jahl bilan uning oʻng yoqasidan tutib, — koʻp qonimni qaynatma. Aytdim-ku, bir ayilingga ana bu yangi ayilni, ana bu argʻamchilarni, ana bu sigirni, e, bor anovi hovli-joyni ol! Agar, voh desam, har nima. Yoki ana bu pichoqni, — dedi otam yonida osilgan yarmi   jezli qindan dandon  sopli pichoqni chiqarib uning qoʻliga tutqazarkan, —  koʻkragimga ur, lekin oʻgʻri dema, xumsa. Oh! — dedi otam qop- qora  moʻylovlarini yamlab, — afsuski, yoshing katta-da, boʻlmasa…

— Ayilimni top!

Otam uning yelkasidan ohista itarib yubordi.

— He, ayiling bilan, seni oʻsha…— otam qattiq soʻkindi. — Bor, menga ayil topshirganing yoʻq. Kimga bergan boʻlsang, oʻshandan ol! Melisaga  borasanmi, prokurorga aytasanmi, sudga borasanmi, uyogʻi sening ishing.

Elmurod bobo eshagi boʻynidagi arqonni yechib olib, ayil oʻrnida toʻqimni mustahkamlab, jahl bilan ikki sakrashda eshagiga minib oldi.

— Yoʻq, — dedi u chinqirib, — men sen oʻgʻrilar ustidan rayijrokoʻmga arz qilaman, koʻrsatib qoʻyaman sizlarga frontovik oilasini xoʻrlashni… oʻgʻrilar, qaroqchilar…

Otam astagʻfurillo, astagʻfurillo deya pichirlay boshladi. Shirinboy togʻam yangi ayil va argʻamchilarni olib, sigirni yetaklab ogʻilxona tomon ketdi. Bir ozdan keyin otam hushyor tortgandek boʻldi, tuproqqa qorishib yotgan dandon sopli pichogʻini yerdan koʻtardi-da, jahl bilan tolning tanasiga urdi. Tigʻ daraxtga bir boʻgʻimcha kirib, uning atrofidan tizillab suv chiqdi…

Shu voqeadan oʻn besh-yigirma kunlar chamasi oʻtdi. Elmurod boboning ayilini izlamagan yerimiz qolmadi. Qani endi topilsa. Harqalay uning oʻzi ham qorasini koʻrsatmay ketdi. Bir kuni otam ishdan qaytib, yuvinib oʻtirardi. Quyosh allaqachon hovli devorlari ortiga pana boʻlgan. Men supadagi katda kitob oʻqib yotar, otamning tezroq yuvinishini kutib, u kishi tomon dam-badam koʻz tashlab qoʻyardim. Chunki bugun otamga «Kuntugʻmish»ning davomini oʻqishim kerak. Xuddi shu asnoda darvoza tomondan «Usto Kareem!» degan ovoz eshitildi. Otam, qara-chi, dedilar. Men hali katdan tushmasimdan, oʻsha ovoz yana takrorlandi: «Usto Kareem!». Darvozaxonaga chiqdim. Hayratdan dovdirab qoldim. Qoʻlida xalachoʻp bilan Elmurod bobo turardi.  

— Otang qani?

— Uyda.

— Chop, chaqir!

Hafsalasiz izimga qaytdim. Otam yuvinib boʻlgan edilar.

— Kim?

— Elmurod bobo!

— A! — Otamning rangi qum-quyt oʻchdi. — Nima deydi?

— Bilmasam, otangni chaqir, dedi.

 Otam shoshilib, oyogʻiga kalishini ilib darvozaxonaga yoʻl oldi. Izidan men ham.

Otam Elmurod boboga roʻpara boʻlishi bilan u:

—        Assalomu alaykum, ustojon, — dedi orada hech gap oʻtmagandek, — ayil topildi, joʻra. Qani, yuring tez.

Otam bir soʻz ham demasdan unga ergashdi. Odatdagidek, izlaridan men ham loʻkilladim. Katta yoʻl ustidan choyxona oldida bir guruh odam toʻplanib, oʻzaro shovqin solib turishardi. Otamning qorasi koʻrinishi bilan ular jimib qolishdi. Yaqin bordik. Odamlar qurshovida oʻt ortmoqlangan bir eshak turardi. Elmurod bobo unga yaqinlashib:

 —       Ana, mening ayilim, — dedi oʻt aralash ola-bula ayilni tutib,— oʻgʻirlangan ayil ana shu.

Otam jahl bilan odamlarga bir-bir qarab chiqdi. Uning oʻtkir nigohi bir chekkada pisib, yerga qarab turgan Xalil boboga kelib taqaldi. Xalil boboning oʻsiq qoshlari qizgʻish koʻzlarini batamom bekitgan, boʻyni egilib, oppoq qalin soqoli toʻlqinlanib turardi. Negadir u tish qayramas edi. Bir payt otam lovullab junbushga kelgandek boʻldi. Shiddat bilan eshak ustidan oʻtni agʻdardi. Oʻt bilan eshak ham choʻzilib, shu onni oʻzida potirlab oʻrnidan turib ketdi. Otam oʻtni toptab, silkitib undan ola ayilni ajratib oldi-da, Elmurod boboga qarab irgʻitdi.

— Ol, ayilingni, — dedi xirillab, — yoʻqol koʻzimdan! Oʻn besh kundan beri butun oilam, ikkala farzandim qon yutadi. Qani, yoʻqol! — dedi u tishlarini gʻijirlatib. — Yoʻqol!

Elmurod bobo pildirab qochib qoldi.

Sukunat choʻkdi. Otam bir-bir bosib Xalil boboga roʻpara boʻldi. U choyxona ayvoni ostonasida bir holatda oʻtirardi.

— Qani, turing, mullo bobo, — dedi otam achchiq kesatib. Xalil bobo hadiksirab oʻrnidan turdi. — Ochilov, — dedi otam hosilotga. — Toʻravoy, — dedi brigada boshligʻiga. —  Qani, yuringlar, qishloqni nomuslarga oʻldirgan anovi beimon cholning hovlisiga boramiz. Boshqalarga javob.

Otam, Ochilov va Toʻra amaki kallasi koʻksiga solingan Xalil boboning izidan uning hovlisiga yoʻl oldilar. Toʻra amaki menga, sen qayt, degan edi, otam: «Qoʻy, kelaversin!» dedi. Xalil boboning darvozasidan kirib, yonboshdagi kash-kash1  qurilgan sayisxonaga oʻtdik. Eshiklar ochib tashlandi. Otam sayisxona shiftiga, ustun va devorlarga urilgan mix va qoziqlardan ancha narsalarni olib supaga chiqarib tashlay boshladi. Men sanab turdim. Bu narsalar orasida 6 chilim, 3 koʻza, 11 mis oftoba, 12 argʻamchi, 9 ayil, 22 kashkord, 19 oʻroq, oxurlardan topilgan 4 egar, 13 toʻqim, kuyaga yem boʻlgan 2 xurjun, 2-3 uzuq-yuluq yugan, son-hisobsiz bel va ketmon, xullas, keyingi 10-20 yil ichida oʻz qishlogʻimiz va qoʻshni qishloqlardan nimaiki yoʻqolgan boʻlsa, hammasi shu yerdan chiqdi. Sayisxona devoriga beshta omoch va ikkita boʻyinturuq ham suyab qoʻyilgan edi. Bir payt otam sayisxonadan yana bir yogʻochni olib chiqib supaga irgʻitdi: bu mening egri oʻsgan oʻrikchamga tirab qoʻyilgan oʻsha ayri edi…

Xalil boboning hayotdan koʻz yumganiga, mana, oʻn yildan oshdi.

Aytmoqchi, ayrisi oʻgʻirlangan oʻsha oʻrik koʻchati hozir chorak tanobcha yerga shox otib, tarvaqaylab ketgan, yigitning quchogʻiga sigʻmaydigan tanasi yerda yonbosh yotibdi. Oʻrik pishigʻida yoʻlim yana ona qishloqqa tushdi. Toʻqson yoshli otam oʻrik soyasidagi soʻrida qoʻshqavat koʻrpacha ustida… oʻtirardilar. Doʻst-yorlar bilan uning atrofida davra qurdik. Otam oʻtirgan joyidan bemalol qoʻl choʻzib, zardolu terib dasturxonga qoʻyarkanlar:

— Har yomonning bir yaxshi tomoni boʻlarkan, — dedilar qiqir-qiqir kulib. — Esingdami, oʻshanda rahmatli Xalil boboning ayrini oʻgʻirlagani yaxshi boʻlgan ekan. Aks holda bu daraxt tik oʻsardi, men bechora unga chiqa olmasdan ovora boʻlib yurardim.

Davradagilardan faqat mengina jilma­yib qoʻydim. Chunki boshqalar bu voqeadan xabarsiz edilar.

 

Neʼmat Aminov,

Oʻzbek xalq yozuvchisi

 

uzas.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/ayri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x