Ayol koʻz yoshlarga ishonmaydi

Koʻp qavatli uylardan birining yoʻlagidan otilib chiqqan Latif goʻyo qayon yurishini bilmaganday bir zum jonsarak turib qoldi. Tevarak tun chodrasiga burkangan. Baland-past simyogʻochlardagi chiroqlar qizgʻish-sargʻish yogʻdular sochib, uylar atrofini, koʻcha-koʻyni xira yoritadi.

Latif qatnov ancha siyraklashgan yoʻl yoqasi tomon ildam qadamladi. Xudo xohlasa, u bu yil kuzning oʻrtalarida roppa-rosa oʻttiz ikki yoshga toʻladi. Lekin aft-angori hanuz yigirmani qarshilayotgan boʻz bolanikiday: usta sartaroshning naq bir soat tinkasini quritgan jingiltob, quyuq sochlari eng soʻnggi urfda pardozlangan, egnidagi yengi kalta koʻylagiyu oyogʻidagi bigizburun tuflisigacha zamona zaylini nozik his qiladigan yosh-yalangbop. Bunaqa pardoz-andozli yigitlarni oddiygina qilib – olifta deb atashadi. Ayniqsa, qishloq odamlari bunday nusxalarni koʻrishganida gʻijinib, teskari qarashadi. Latif bu xil muomalaga koʻp duch kelgan. Lekin parvo qilmay, miyigʻida iljayib qoʻygan.

Latif koʻchada turib, gʻiz-gʻiz yelib oʻtayotgan mashinalarga qoʻl silkitib, birortasini toʻxtatish harakatiga tushdi. Nihoyat eskigina bir “Jiguli” ohista kelib, uning yonida toʻxtadi.

– Aka, vokzalga, – dedi Latif, mashina eshigini qiya ochib.

Oʻrta yashar, xumkalla haydovchi bir zum oʻylanib turgach, bosh irgʻadi.

– Oʻtiring.

Latif shosha-pisha orqa oʻrindiqqa oʻzini tashladi.

Koʻrkam, bejirim yoʻlqopini yoniga qoʻydi.

– Ancha kech chiqibsiz, uka, yoʻl boʻlsin? – deb soʻradi haydovchi, mashinani yeldirib ketar ekan.

– Davlat ishini bilasiz-ku, komandirovka, – deb qoʻydi Latif odatdagidek oʻzini oʻta jiddiy va muhim odam koʻrsatishga tirisharkan, – Gʻargʻara poyezdiga ulgurish kerak.

– Xoʻp, xoʻp.

Latif yetti yilcha avval universitetni tamomlab, mashhurdan-mashhur jurnalist boʻlish ilinjida shaharda qoldi. Qalami oʻtkir boʻlmasa-da, harnechuk soʻzga chechan, tili oʻtkirgina edi. Xushomadni, siylovni qotirardi. Shuning sharofatidan ancha yillar goh u, goh bu gazeta tahririyatida ishlab yurdi. Qotgan qon tusidagi guvohnomasini pesh qilib birovlarni avradi, birovlarni qoʻrqitdi. Ishqilib, tirikchiligi yomon kechmadi. Hatto, roppa-rosa bir yil avval nufuzi baland gazeta tahririyatiga ishga oʻtib oldi.

Latif hozir chindan ham Gʻargʻaraga otlangan edi. Lekin oʻzi pisanda qilgandek “komandirovka”ga emas. Besh yashar qizchasi – Shaydoni olib kelishi kerak. Uni bir haftacha avval Gʻargʻarada yashaydigan katta xolasi olib ketgandi. Aftidan, qizaloq yigʻlab xarxasha qilgan boʻlsa kerak, kecha uyga qoʻngʻiroq qilib, tezroq Shaydoni olib ketinglar, deyishibdi. Xotini Amira bugun saharmardondan injiqlik qilib turib oldi. “Hozir otpuskadasiz, tezroq Shaydomni olib kelib bering”, – dedi hatto koʻziga yosh olib. Latif nihoyat kechki poyezdga oʻtirishga vaʼda berib Amirani ovutdi.

Amira sarvqomat, goʻzal juvon. Oʻquvchilik davrlarida raqs maktabiga qatnab, gimnastika bilan astoydil shugʻullangani uchunmi, harqalay, erga tegib, bir farzandli boʻlgandan keyin ham qaddi-qomati oʻzgarib, toʻlishib-burishib ketmadi. Aksincha, chiroyiga chiroy qoʻshilib, barq urib yashnadi. Ustiga ustak, tadbirkor, shirinsoʻzligini aytmaysizmi? Bolalar oʻyinchogʻi savdosi bilan shugʻullanadi. Chegara yaqinidagi shaharchadan ulgurji olib kelib, Otchopar bozorida oʻtirib savdo qiladiganlarga ulgurji topshiradi. Harnechuk, topish-tutishi chakki emas. Roʻzgʻorga sizdan koʻproq nafim tegyapti, deb baʼzan eriga iddao ham qilib qoʻyadi. Latif mingʻirlab-mingʻirlab qarshilik koʻrsatishga urinadiyu, lekin oxir-oqibat taslim boʻladi. Amira ham ortiqcha gap qoʻzgʻab, oʻlganning ustiga chiqib tepadiganlardan emas. Erini magʻlub etgach, shoʻx tabassum bilan uning pinjiga suqiladi. Shu-shu olam guliston, Latif ham achchiq-ginani darrov unutib yogʻday erib ketadi. Shunday murosayu madora sabablimi, harnechuk, ularning turmushi iliqqina kechmoqda. Kichkinagina, bir xonalik boʻlsa-da, harnechuk boshpanalari bor. Jajji qizaloqlari – Shaydoga termulib dillari yayraydi. Bir-birlariga mamnun-mamnun termulishadi.

Amira goho Latif uzoqroq safarga ketsa, uy huvillab qolganini sezadi. Hatto, chinakamiga sogʻina boshlaydi.

Mana, hozir ham qizi Shaydoni xolasinikidan olib kelish uchun erini joʻnatdi-yu, birdan dilgir boʻlib qoldi.

Goh xonada, goh oshxonada bemaqsad tentidi. Soʻng televizorni yoqib, bir zum parishon termulib turdi. Lekin negadir dili gʻash boʻlaverdi.

“Endi yotib dam ola qolay” deb xayolidan oʻtkazdi u, televizorni qayta oʻchirar ekan.

Amira kursidan ogʻir qoʻzgʻaldi. Shu payt yoʻlakdagi uy telefoni ustma-ust jiringlab yubordi. Juvon, bemahalda kim boʻldi ekan, degan xayolda telefon apparatiga bir zum tikilib turgach, ohista goʻshakni koʻtardi.

– Allo, eshitaman.

– Assalomu alaykum, – deb narigi tarafdan doʻrillagan erkak ovozi salom berdi, soʻng alikni ham kutmay, shosha-pisha davom etdi. – Siz Amiraxonmisiz?

– Ha, men…

– Kechirasiz, bemahalda bezovta qildim, Gʻaniman.

Amira tuzukkina eshitib turgan boʻlsa-da, andak hadik, andak taajjub ogʻushida beixtiyor qayta soʻradi:

– Kim?

– Gʻaniman, oʻtgan kuni ertalab Halimaxonning doʻkonida uchrashgan edik-ku.

Amiraning koʻz oldida kaltabaqay, semiz va tepakal, qirq yoshlar tevaragidagi nusxa lop etib jonlandi. Chindan ham juvon uni Halimaxonning doʻkonida uchratgan edi. Gʻani qadimiy bir tilla bilaguzukni sotish ilinjida yurgan ekan. Tilla buyumni koʻrib, hamma ayollar singari Amiraning ham koʻngli sust ketdi. Garchand Gʻani bilaguzukni ancha arzon narxlab turgan boʻlsa-da, biroq Amiraning uni sotib olishga baribir puli yoʻq edi. Shuning uchun bilaguzukni obdon tomosha qilgach “hozircha kerakmas”, degan mujmal javob bilan egasiga tutqazdi. Gʻani ming bir tavallo qildi, hatto, narxni tagʻin biroz pasaytirdi. Oxiri Amira “erta-indin gaplashamiz” deya arang qutuldiyu, oʻzicha naridan-beri uy telefoni raqamini ham yozib bergan boʻldi.

“Agar pulingiz boʻlsa, sira ikkilanmang”, – deya pishang berdi Halimaxon ham Gʻani doʻkondan chiqib ketgach, – joyini topsangiz, soʻng besh barobariga pullaysiz”.

Amira miyigʻida jilmayib qoʻydi. Chunki Halimaxonning maslahatisiz ham, agar bilaguzuk qoʻliga tushsa, nima qilishini u juda yaxshi bilardi.

Oʻsha uchrashuv, oʻsha savdo, boshqa tashvishlarga chalgʻibmi, Amiraning yodidan koʻtarilgan ekan. Hozir tuyqusdan boʻlgan qoʻngʻiroq…

– Ha, sizni esladim, – dedi juvon darhol hushyor tortib.

– Haligi narsani hali sotganimcha yoʻq, – dedi Gʻani pixillab, – erta-indin gaplashamiz degandingiz, shunga bezovta qilyapman…

Amira erkak ovoziga quloq solib turarkan, koʻz oʻngida oʻsha qadimiy bilaguzuk butun goʻzalligi bilan jilvalanardi. Ayol nogoh ilk muhabbatini uchratib qolgan qizday beixtiyor hayajonlana boshladi. Xayollari algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Lekin ming afsuski, naqd pul yoʻq. Lekin ming afsuski, tilla bilaguzukni rad etishga kuch ham, xohish ham yoʻq. Shuning uchun Amira butun vujudi bilan chora-tadbir izlay boshladi. Chora-tadbir izlash barobarida, goʻshakka botinmaygina mingʻirladi:

– Savil naqd pul yoʻq edi-da…

– Balki qoʻni-qoʻshnilardan soʻrab koʻrarsiz, – dedi Gʻani ham botinqiramay.

Bu maslahat juvonga xoʻp maʼqul tushdi.

– Yaxshi, yarim soatlardan keyin tagʻin qoʻngʻiroq qilib koʻring.

– Boʻpti, – deb toʻngʻilladi Gʻani, goʻshakni qoʻyib qoʻyarkan.

Amira hech bir qoʻshnisini bezovta qilmoqchi emasdi. U vaqtdan yutib miyasida charx urib yurgan baʼzi bir rejalarni obdon oʻylab koʻrmoqchi edi, xolos.

Ayol qonida makr va tadbir hujayralari quyunday qoʻzgʻaldi. U oʻrindiq suyanchigʻini ohista chertgan koʻyi xayolga toldi.

Gʻanini mehmon etish bahonasida, uni mast qilib bilaguzukni oʻgʻirlab olsa-chi? Birozgina husnu jamolini koʻz-koʻz qilib, erkakning xayolini oʻgʻirlab, koʻnglini eritsa ham boʻladi. Bir-ikki oʻptirishi mumkin, lekin anaqa-anaqa harakatlarga aslo yoʻl qoʻymaydi. Erta-indin uchrashamiz, deb aldaydi, avraydi, xullas, bir amallab tilla bilaguzukni qoʻlga kiritadi.

Amira shahd bilan oʻrnidan turdi-da, egnidagi uy xalatini yechdi. Kiyim javonidan yeng-yoqasiz, etak tomoni tilim-tilim koʻylagini olib kiydi. Qoʻngʻirtus sochini yoyib yubordi. Koʻp oʻtmay yoʻlakdagi koʻzguda oppoq, boʻliq koʻkraklari, silliq sonlari chala-yarim ochiq, qosh-koʻzlari xumor bilan suzilgan goʻzal juvon paydo boʻldi. Amira oʻz qaddi-qomatiga, oʻz malohatiga oʻzi suqlanib qararkan, hiylasiga Gʻani albatta uchishiga ishonch hosil qildi.

Shu payt telefon yana jiringlab qoldi. Ayolni beixtiyor titroq bosdi.

– Allo, eshitaman, – dedi u bir amallab hayajon va hadigini bosarkan.

– Bu, yana men, Gʻaniman, – dedi oʻsha xirilloq erkak tovushi, – nima gap, masala halmi?

– Ha… kelishsak boʻladi…

– Unda ertalab biror yerda uchrashaylik.

Amira bir zum gangib qoldi. Chunki u Gʻanining hozir yetib boraman deyishini kutib turgandi. Lekin qonida koʻpirayotgan makr va tadbir hujayralari yana qoʻllab yubordi.

– Men saharlab tovarga ketishim kerak, – dedi Amira darhol bahona topib. – Imkoningiz boʻlsa… Hozir uchrashaylik…

– Hozir?! – telefon erkakning taajjub toʻla tovushidan titrab ketdi.

– Ha, uyimga kelishingiz mumkin. Adresni yozib oling.

Amira apil-tapil manzilini tushuntirdiyu, erkakning javobini ham kutmasdan goʻshakni sharaqlatib qoʻyib qoʻydi.

Aytar gapni aytdi-yu, biroq Amirani yana vahima bosdi. Toʻgʻri qildimi, yo…

Ayol irgʻib turib beixtiyor u yon-bu yon yura boshladi. Yuragi duk-duk urardi. Xayolida makkorona rejasini pishitarkan, goh toshoyna yonida turib qolar, goh bir nuqtaga tikilib barmoqlarini tishlar edi. Tuyqus uni tok urganday boʻldi. Nogoh koʻnglidan kechgan oʻydan aʼzoi badani jimirlab ketdi, “Gʻani aldovlariga uchmasa-chi?! Bahonalariga quloq solmay toʻshakka sudrab qolsa-chi?!”

Amira oʻzini begona, semiz erkak quchogʻida tasavvur qilarkan, goʻyo hammasini kimdir kuzatib turganday uyat-nomusdan boʻgʻriqib, aft-angori qip-qizarib ketdi.

“Yoʻq, bekor qildim, hoziroq uni toʻxtatishim kerak”, – deya xayolan hayqirdi u, telefon goʻshagini shaxt bilan qoʻliga olarkan. Biroq shu asnoda Gʻanining telefon raqamini bilmasligi lop etib esiga tushdiyu, ayol boʻshashdi-qoldi. U telefon goʻshagini mahkam siqimlagan koʻyi ancha payt xayolchan turdi. Soʻng chuqur tin olib oʻrnidan turarkan, beixtiyor tevarakka oʻgʻrincha koʻz tashlab qoʻydi. “Nima boʻlsa boʻlar… bir amallab tilla bilaguzukka egalik qilsam boʻldi-da…”

Amira karaxt bir ahvolda dasturxon tuzatishga kirishdi.

 

* * *

Latif kirakash bilan hisob-kitob qilgach, ichu tashi charogʻon vokzal binosi tomon yurarkan, uni hojatbarorlar duvva oʻrashdi.

– Yoʻl boʻlsin, aka?

– Bilet izlab kassaga borib yurmang, aka. Oʻzimiz provodnik bilan gaplashib, vagonga chiqarib yuboramiz. Biletning yarim puli yoningizda qoladi.

– Yuklaringizga ham qarashvoramiz, aka. Siz tashvish chekmang.

Latif son-sanoqsiz iltifotlarga beeʼtibor vokzal ichkarisiga kirdi. Ichkarida odam siyrak. Bir-ikki yoʻlovchi oʻrindiqlar ustida gʻujanak tortib, mizgʻiyapti.

Yigit maʼlumotxona tuynugidan bosh suqdi.

– Kechirasiz, singlim. Gʻargʻaraning poyezdi nechanchi yoʻldan joʻnaydi?

Maʼlumotxonada oʻtirgan kulcha yuz, jiddiy qiyofali ayol yigitga loqayd koʻz tashlab oldi.

– Gʻargʻara poyezdi joʻnab ketganiga bir soatdan oshdi-yu.

– Iya?! Qanaqasiga?!

– Shunaqasiga, grafiklar oʻzgargan.

– Ob-bo, – deb poʻngʻilladi Latif. – Unda nima qilaman-a?

– Shuning uchun oldindan bilet buyurib qoʻyish kerak. Bunaqa ovora boʻlmasdingiz.

Latif boʻshashganicha maʼlumotxona devoriga suyanib qoldi.

 

* * *

Gʻani bir paytlar oq koʻngil, ochiq qoʻl inson edi. Nomdor bir qurilish tashkilotida prorab boʻlib ishlardi. Uni ichkilik va qimor yoʻldan urdi. Molu davlati sovrildi. Maktabda muallima boʻlib ishlaydigan xotini ikki farzandini qoʻltiqlab otayurti Qoʻqonga ketib qoldi. Gʻani ularni yoʻqlab bormadi. Hali oʻzlari izlab, ostonamga bosh urib qaytishadi degan takabbur xayol bilan oʻzini ovutdi. Bu orada kasbi-koridan ham ayrilib koʻchada qoldi. Olib-sotarlik, dallollik bilan shugʻullanib kun kechirdi. Moʻmayroq daromad qilgan kunlari odatdagidek qimorxonada koʻkardi. Yaratganning rahmi kelibmi, yo boshqa siru sinoat roʻy beribmi, Gʻanining qimorda qoʻli baland kelib, uyiga uyum-uyum pul bilan qaytgan chogʻlari ham koʻp boʻlgan. Shunday paytlari u ham orzu-havaslarga berilardi. Hayotga, kelajakka qiziqishi ortardi. Qoʻyni-qoʻnji aqchaga toʻlib yurgan ajoyib kunlarning birida u yana qayta uylanib ham oldi. Bu xotini bilan avval boshida turmushlari yaxshi kechdi. Lekin shirin hayot uzoq choʻzilmadi. Muhabbat oʻrnini nafrat, harorat oʻrnini sovuqlik egalladi. Hamma-hammasiga yana ichkilik va qimor sababchi boʻldi.

Gʻani gʻirt shalogʻi chiqqan, eski “Moskvich”ni gʻingshitganicha Amira aytgan manzil tomon burarkan, negadir shular haqida oʻylab ketdi. Negadir achchiq va achinarli qismati bir-bir koʻz oldidan oʻta boshladi. Bu holdan uning oʻzi ham hayron boʻldi, koʻngli gʻashlandi. Odatda ishi yurishmagan yo qimorda yutqazgan kezlari shunday mahzun xayollarga berilardi. Hatto, toʻyib-toʻyib yigʻlab olardi. Hozir-chi? Hozir dimogʻi chogʻ boʻlishi kerak-ku?! Axir, koʻz tegmasin, soʻnggi ikki-uch hafta ichida ishlari yurishyapti! Oʻtgan yakshanba kuni bir oʻgʻrivachchadan suvtekinga mana bu tilla bilaguzukni sotib oldi. Endi koʻzlagan narxiga qayta pullasa bormi, koʻzi ham, koʻngli ham yayraydigan foyda qiladi. Bunisi-ku holva! Uch kun avval Abray lochin uni chaqirtirib qoldi. Yonida sap-sariq, koʻzlari koʻm-koʻk, taqirbosh ikki notanish yigit oʻtirgan ekan.

“Bularga qoradori kerak, asl moʻmiyosidan, topib bera olasanmi?” – dedi Abray lochin odatiga koʻra gapni loʻnda qilib.

Gʻani dabdurustdan nima deyarini bilmay chayqaldi. Bir mehmonlarga, bir Abray lochinga koʻz tashladi.

“Harakat qilaman”.

“Harakat qilma, top”, – dedi Abray lochin eʼtirozga oʻrin qoldirmay, – topsang, qimordagi qarzingdan qutulasan”.

Gʻani hujradan shilliq qurtday sirgʻalib chiqarkan, ham quvonchdan, ham taajjubdan yuragi hapqirardi. Quvonganiga sabab shulki, oʻsha moʻmiyoni topish unga oson. Baʼzi bir xufya joylarni biladi, ahyon-ahyon ular bilan ishlab turadi. Bu faoliyatini hech kim bilmaydi. Ajablanganiga sabab esa…

Qiziq, Abray lochin nega bunaqa ishlarga bosh suqayapti. Axir, u qip-qizil qimorboz boʻlsa ham bunaqa qingʻirliklardan hazar qilardi-ku?! Yo, qarz-parzga botib, doʻppisi tor kelib qoldimi?

Gʻani ming bir oʻylasa-da, baribir bu holning sababini bilolmadi. Lekin aytilgan topshiriqni bugun choshgohdan soʻng doʻndirdi. Hatto, Abray lochin chamalagan narxdan xiyla arzonga ishni bitirib, qarzidan tashqari, yana ancha-muncha daromad ham qildi. Shuning uchun ham u ayni paytda quvonchdan qah-qah otib kulishi kerak. Lekin negadir oʻtgan-qaytgan achchiq xotiralar uning taʼbini tirriq qilib, koʻnglini gʻashlayapti. Nima uchun?

Shahar tunning timqora toʻshiga bosh qoʻyib orom qoʻyniga choʻkkan. Koʻchalarda avtoulovlar siyrak. Neon chiroqlari tevarakka horgʻin nur sochadi.

Gʻani Amira aytgan manzilni osongina topib bordi. Lekin mashinasidan tushmay, odatiga koʻra atrofni obdon kuzatganicha ancha payt kabinada oʻtirdi. Sigaret tutatdi.

Gʻani tilla bilaguzukni avval boshida tezroq sotishga oshiqqandi. Soʻng “moʻmiyo” bilan bogʻliq, bu serdaromad ish chiqib qoldiyu, tilla bilaguzukni yashirib qoʻydi. Boya kechqurun choʻntaklarini kavlashtira turib qoʻliga bir qogʻoz ilashib chiqdi. Qarasa, oʻsha kuni doʻkonda goʻzal juvon yozib bergan telefon raqami ekan. Shunchaki, qiziqsinib qoʻngʻiroq qilib koʻrdi. Negadir ayol rad etmadi, hatto bemahal bezovta qilgani uchun jerkib tashlaydi degan xayolda edi. Yoʻq, hammasi boshqacha boʻlib chiqdi. Ayol hatto uni uyiga taklif etdi. Taklifdan Gʻani shoshib qoldi.

Vaqti ziqligini, qimorxonaga “moʻmiyo”ni tezroq yetkazishi kerak ekanini ham unutdi. Xayolida yana bir reja charx ura boshladi.

“Juda boybichcha xotinga oʻxshaydi, – oʻyladi u. – Bilaguzuk bahona uyini bir koʻzdan kechirib qoʻysam yaxshi boʻlardi. Shpana bolalar bilan biror kun ov qilib qolarmiz. Unikidan chiqamanu soʻng qimorxonaga boraveraman”.

Xuddi shu reja uni yoʻlga boshladi.

Gʻani tagʻin bitta sigaret chekkach, shalvirab qolgan oʻrindiqni ayanchli gʻijirlatgan koʻyi mashinadan tushdi.

 

* * *

Latif kech qolganiga ishonmaganday hanuz maʼlumotlar xonasi tuynugiga tirgʻalib turardi.

– Nega qoqqan qoziqday turib qoldingiz? – dedi xizmatchi ayol, qosh-qovogʻini uyib, – poyezd endi faqat indin boʻladi.

Latif oʻychan bosh chayqadi.

– Negadir koʻnglim gʻash. Yarim yoʻldan ortga qaytib ketish yoqmayapti.

Ayol bilinar-bilinmas jilmaydi. Soʻng yonidagi termosdan bir piyola choy quyib uzatdi.

– Alamdan koʻnglingiz gʻash tortyapti. Achchiq choydan ichsangiz, achchiq alamni bosadi.

– Rahmat, – dedi Latif, shosha-pisha piyolani qoʻliga olarkan.

Tuyqus mehribonchilik qilgani uchunmi, shu tobda ayol uning koʻziga gʻoyat goʻzal koʻrinib ketdi. Choydan bosib-bosib hoʻplarkan, juvonga tikilib-tikilib qaradi.

– Namuncha baqrayib qoldingiz, – dedi xizmatchi ayol oʻngʻaysizlanib.

– Juda goʻzal ekansiz, – beixtiyor ogʻzidan chiqib ketdi yigitning, – toʻgʻrisi, shuning uchun yoningizdan ketolmay qoldim.

– Iltifotingiz uchun rahmat, endi tuyoqni shiqillatib qoling.

Latif boʻsh piyolani qaytara turib, tavozeʼ bilan iljaydi.

– Chin koʻngildan aytdim, ishoning. Lekin juda jiddiy, serjahl ekansiz.

– Erkaklar suyuq boʻlgandan keyin, iloj qancha. Jiddiy, serzarda boʻlamiz-da.

Ayol ming bir qosh-qovoq uysa-da, lekin ancha muloyimlashganini yigit payqadi.

– Mening ismim Latif, – dedi u hanuz iljaygan koʻyi, – bilaman, baribir siz ismingizni aytmaysiz.

– Roziya, – deb qoʻydi juvon hech kutilmaganda, soʻng bir ozdan soʻng qoʻshib qoʻydi, – sazangiz oʻlmasin deb aytdim.

– Hamma gaplarim chin yurakdan, Roziyaxon, ishoning. Uzr, ancha boshingizni qotirib qoʻydim.

Latif tavozeʼ bilan tuynukdan uzoqlasha boshladi. Roziya uni zimdan kuzatib turardi. Soʻng qarshisidagi koʻzguchaga oʻzini solib avval iljaydi, soʻng yigʻlab yuborgudek tarzda maʼyus tortib qoldi.

 

* * *

Shaharning kunchiqar tomonida yastanib yotgan mahallani Koʻkgumbaz deb atashadi. Yoʻl boʻyida, qari chinor panasida koʻrimsizgina choyxona bor. Lekin bu choyxonada biror kimsa miriqib tanovul qilganini, oyoq uzatib hordiq chiqarganini eslayolmaydi. Kech kirishi bilan choyxona atrofi kimsasiz boʻlib qoladi. Lekin ichkari hujralarida hayot qaynaydi. Choyxona qimorxonaga aylanadi.

Mana hozir ham qimorxona shirakayf kulgulardan ahyon-ahyon larzaga kelib turibdi. Hujra ichi yorugʻ. Tamaki tutuni tumanday qoplab olgan. Oʻyin qizgʻin borayotgan xontaxta toʻrida sersavlat, moʻylovdor kimsa yonboshlab olgan. Bu – Abray lochin. Qartani xuddi orqasidan koʻrib turganday tusmollab, ustomonlik bilan oʻynagani uchun uni doʻstlari lochin deb atashadi.

Eshik qiya ochilib ikki davongirday yigit – Nabi va Rustam ichkariga sirgʻalib kirdi. Ular Abray lochinning ishongan odamlari. “Osh yeyilsa, oʻrtada sarson ilik” deb bemalol shular haqida aytish mumkin. Oʻyin bilan andarmon qimorbozlar yigitlarga deyarli eʼtibor berishmadi. Rustam hujra chekkasi boʻylab tizzasida yurgan koʻyi Abray lochinga yaqinlashib, uning qulogʻiga shivirladi.

– Gʻani bilan qoʻngʻiroqlashdik. Molni ikki soat ichida yetkazadi.

– Yaxshi, – deb qoʻydi Abray lochin, qoʻlidagi qartalardan koʻz uzmay, – ishlaring bilan shugʻullanaveringlar. Anovi sibirlik mehmonlarni tuzuk yerga joylashtirdilaringmi?

– Xotirjam boʻling, xoʻjayin. Gap faqat molda qoldi. Molni bir amallab qoʻllariga tutqazsak boʻldi.

Abray lochin negadir gumonsiraganday Rustam va Nabiga bir-bir koʻz tashlab chiqdi.

– Gʻani hozir qayerda ekan?

– Bilmadik, – deb chaynaldi Rustam, – uyida, shekilli.

Yoʻq, Rustam adashdi. Ayni paytda Gʻani Amiranikida, tuzalgan dasturxon yonida mamnun oʻtirardi. Yeng – yoqasiz koʻylak kiygan, yuz-koʻzlari noz-ishvaga limmo-lim uy sohibasi unga parvona.

– Gʻani aka, – dedi Amira oʻn yillik qadrdonday kaltabaqay erkakning yelkasiga qoʻl qoʻyib, – juda tortinchoq ekansiz. Kostyumingizni yechi-ib, bemalol oʻtirsangiz-chi…

Ayol qoʻyarda-qoʻymay ustma-ust uzatgan ikki qadah konyakdan soʻng ancha boʻshashib qolgan Gʻani, uning xohishiga boʻysundi. Kostyumini yechib stul suyanchigʻiga tashladi.

Ayni chogʻda erkakni Amiraning goʻzalligidan koʻra, xonadonning koʻrkamligi, xaridorgir jihozlarga boyligi koʻproq hayajonlantirmoqda edi.

“Qulay payt topib, bu yerga yana tashrif buyuraman hali” – deya xayolidan oʻtkazdi u, mamnun iljaygan koʻyi qadahlarga bu gal oʻzi konyak quyar ekan.

Nozu ishva orasida erkakni hushyor kuzatgan Amira Gʻanidagi oʻzgarishni yaxshilikka yoʻydi. Nihoyat, koʻngliga yoʻl topdim degan xayolga bordi.

– Akajon, – dedi u oppoq, momiq koʻkraklarini koʻz-koʻz qilib, – tilla bilaguzugingizni hali taqib ham koʻrmadim-ku.

Gʻani indamay qadah boʻshatdi. Soʻng suzilgan kuyi iljaydi. U eshikdan kirishi bilanoq ayolning maqsadini payqagan edi. Shuning uchun oldi-sotdi haqida gap ochish befoydaligini sezib, bilaguzukni choʻntagidan chiqarmagan, shunchaki, xonadonini bir koʻzdan kechirib, soʻng juftakni rostlab qolishni oʻylagan edi. Biroq toʻkin dasturxonni koʻzi qiymay ancha oʻtirib qoldi. Dimogʻi chogʻligidan butun vujudi ichkilik talab qilardi.

– Marhamat, jonginam, – deya kostyumi choʻntagidan qimmatbaho buyumni chiqardi Gʻani, – istaganingizcha taqib koʻravering.

Amira tilla bilaguzukni koʻzlari porlab qoʻliga oldi. Soʻng bilagiga taqib chiroq nuriga tutib koʻrarkan, yosh boladay qiyqirib yubordi.

– Vu-uy, naq men uchun yasalgan ekan-a! Tovlanishini qarang.

– Ha, yarashdi, – deb poʻngʻillab qoʻydi Gʻani, bir boʻlak qovurdoqni ogʻziga solarkan.

U uchinchi qadahdan soʻng tezroq ketishi zarurligini ham butkul unutgan edi. Bilagidagi tilla buyumdan sira koʻz uzolmay, yal-yal yashnayotgan Amira nogoh erkakning boʻyniga osilib, semiz yuzidan choʻlpillatib oʻpdi.

– Endi bilaguzuk ham, siz ham meniki.

Gʻani allanima deb eʼtiroz bildirmoqchi boʻldi. Biroq ogʻzi toʻla goʻsht boʻlgani sabab, bir-ikki bosh toʻlgʻashdan nariga oʻtolmadi.

– Sizday mard erkaklarning sadagʻasi boʻlsang arziydi-da, – dedi Amira bel-biqinlarini dirkillatib oʻrnidan irgʻib turarkan, – keling, umrbod doʻstlashib ketishimiz uchun ichaylik.

Ayol qadahlarga konyak quydi. Albatta, oʻziga bir qultumcha tomizib, Gʻanining qadahini limmo-lim qildi.

Ayni paytda Latif vokzal binosidan yuragi gʻashlikka limmo-lim toʻlib chiqqan edi. U yoʻl boʻyida turgan kirakashlar tomon xomush yurdi. Kutilmaganda orqasidan Roziya yugurgilab chiqdi.

– Latif aka, bir minut.

– Tinchlikmi, Roziyaxon? – deya ajablanib soʻradi Latif, juvon tomon yurarkan, – yo poyezd qaytib keldimi?

Roziyaning yuzida yengil tabassum paydo boʻldi.

– Toʻgʻrisi, men ham erkak kishining yarim yoʻldan qaytganini yoqtirmayman. Toʻsatdan esimga tushib qoldi, bir hamkasbimiz mashinasida Gʻargʻara tomon ketmoqchi edi. Soʻrab koʻray-chi, balki sizni olib ketar.

– Juda yaxshi boʻlardi-da, iltimos, soʻrab koʻring, aytgan haqini toʻlayman.

– Yuring-chi.

Ular uzun-qisqa boʻlib tagʻin vokzal ichkarisiga kirishdi. Uzun yoʻlak boʻylab biroz yurishgach, ikkinchi qavatga koʻtarilishdi.

– Sizni ham ovora qilib qoʻydim-a, Roziyaxon, uzr, – dedi Latif xijolat chekib.

Roziya jilmaydi.

– Yoʻlovchilar qaygʻusini chekish burchimiz.

Ular qop-qora dermantin qoplangan eshik yonida toʻxtashdi.

– Men hozir bilib chiqaman, – dedi Roziya shivirlab. – Kutib turing.

– Xoʻp.

Juvon ichkari kirib ketdi. Latif oynaband peshayvondan turib tungi shahar manzaralarini tomosha qila boshladi. Birozdan soʻng Roziya xijolatlanib qaytib chiqdi.

– Uzr, Latif aka, bu kishi ertalab joʻnarkanlar. Agar soat sakkizga yetib kelsangiz, ulov naqd.

Ular bab-baravar kulib yuborishdi.

– Albatta yetib kelaman, – dedi Latif koʻngil gʻashligi ancha tarqab, – hechqursa, sizni koʻrib ketarman.

– Suyulmang. Endi shu yerda xayrlashaylik.

– Hozircha xayr.

– Xayr, yaxshi yetib oling, kennoyimga salom deng.

Juvon Latifning orqasidan maʼyus qarab qoldi.

 

* * *

Ikkovlari ham quyushqondan chiqib ketishdi. Gʻanini ichirib, mast qilib tashlaymanu bilaguzukni qoʻlga kiritaman, deya reja tuzgan Amiraning oʻzi ham bir qultum-bir qultum ichaverib ancha gandiraklab qoldi. Begona erkakka endi “rejadan tashqari” osilib, tirgʻala boshladi. Yaxshiyam Gʻani tabiatan ishqiy sarguzashtlarni sira xushlamaydi. Shuning uchun ham ahyon-ahyonda ayolni nomigagina oʻpib, oʻzini olib qocha boshladi.

– Shu soʻnggisi, – dedi Gʻani oʻrnidan turib dasturxon ustidagi ichkilikdan qadahlarga quyarkan. – Men ketishim kerak. Ishlar koʻp.

– Yoʻq, bugun hech qayoqqa bormaysiz, – dedi Amira gazak oʻrnida qarsillatib olma chaynashga tusharkan.

Gʻani ayolning suykalishlaridan bir amallab qutulib, xona boʻylab oʻz uyidagidek kezina boshladi. Televizor, video apparatlariga bir-bir qoʻl tegizib chiqdi. Shu payt javon chekkasida yotgan jajjigina diktofon uning diqqatini tortdi.

– Bu nima? Magnitafonmi? – deya taajjublanib soʻradi Gʻani, jajji apparatni qoʻliga olib obdon koʻzdan kechirarkan.

Amira sharaqlab kuldi.

– E, jinnimisiz, diktofon-ku bu.

– Ja-a gʻalati ekan-a, bunaqasini hech koʻrmaganman.

– Yaponlarniki, – dedi Amira diktafonni Gʻanining qoʻlidan olib, – oxirgi model, choʻntakka solib qoʻysang, bas. Oʻn metr radiusdagi tiq etgan tovushni ham yozib oladi. Bizning xoʻjayinga oʻxshash jurnalistlar uchun-da bu.

Ayol yana oʻz-oʻzidan qah-qah otib kuldi. Gʻani ham xoxolab joʻr boʻldi. Soʻng yana diktofonga suqlanib tikildi.

– Qoyil. Ja-a, zoʻr narsa ekan. Menga ham bitta kerak-da. Baʼzi bir gap-soʻzlarni yozib olardim.

– Istasangiz, shu sizniki, – deb shivirladi Amira erkakka suykalib.

Gʻani bu narsani hatto tilla bilaguzukdan ham qimmatbaho degan xayolga bordi shekilli, battar hayrati oshdi.

– Yoʻgʻ-ye?! Qanday qilib? Axir eringizdan baloga qolasiz-ku?

– Qoʻyavering, – nopisand va mastona qoʻl siltadi Amira, – yaxshilab oʻshqirib bersam, suvga tushgan mushukdek boʻladi-qoladi.

Ayol oʻz gapidan oʻzi nashʼa qilibmi, yo sarxushligi tobora oshibmi yana hiringlab kuldi. Gʻani ikki koʻzini diktofondan uzmay kulguga joʻr boʻldi.

– Rahmat, Amiraxon, qarzga qolmaymiz.

– Bilaman, qarzga qolmaysiz, shuning uchun sovgʻa qilyapman-da, – dedi Amira tantigʻlanib, soʻng bilagiga taqilgan tilla buyumga ishora qildi, – sizdan bugina.

Gʻani diktofonga qoʻl uzatdi.

– Sizdan ugina.

Ikkovi bir-birining pinjiga suqilib, qadah choʻqishtirib ichishdi.

– Qarang, – dedi Amira dasturxon ustidan nimadir olib ogʻziga solarkan. – Buning qanday ishlashini koʻrsataman sizga.

Ayol diktofonning allaqanday murvatlarini bosdi.

– Ishlayapti, shekilli, – deb gʻudrandi Gʻani, gʻaroyibotdan koʻz uzmay turarkan.

Amira diktofonni beparvo dasturxon ustiga qoʻydi.

– Ha, ishlayapti. Qani, biroz yozsin-chi, keyin eshitib koʻramiz.

Shu payt eshik qulfiga kalit solinib shiqirlab ochilayotgani eshitildi.

– Vo-oy, shoʻri-im! – deb qichqirib yubordi Amira, vahima bilan irgʻib turarkan. – Bu erim! Qaytib keldi.

– A-a?! – Gʻani tahlikada baqrayganicha qotib qoldi.

Chindan ham eshik ochilib, boʻsagʻada Latif paydo boʻldi. U xonadondagi ahvoldan bir zum gangib taxtaday qotib qoldi. Toʻkin dasturxon, shirakayf xotini va uning yonidagi begona erkak unga achchiq bir haqiqatdan darak berib turardi.

– Ifloslar! – deb gʻudrandi u andak es-hushini yigʻib. Soʻng beixtiyor eshikni qulflab kalitini choʻntagiga soldi.

– Latif aka, akajon, – deya Amira gandiraklagan koʻyi eriga peshvoz yurdi, – sizga hozir hammasini tushuntiraman.

Latif gʻazab bilan xotinini bir chekkaga itarib yuborib, Gʻani tomon tashlandi. Gʻirt mast holdagi Gʻani butkul sarosimada qolgan edi. Shu sabab yengil bir zarbadan qulab tushdi. Latif jon holatda oʻzini uning ustiga tashladi. Gʻani raqib changalidan qutulish ilinjida zoʻr berib tipirchilar ekan, nogoh dasturxon tuzalgan stolni tepib yubordi. Kuchli zarbadan idish-tovoq, shishalar yerga tushib, chil-chil sindi. Hanuz ishlab turgan diktofon ham yerga tushib, divan ostiga yumalab ketdi.

– Basharangni qonga belayman, – deb boʻkirdi Latif, raqibining yuz-koʻziga tirnoq botirar ekan.

Gʻani zoʻr berib tipirchilagan koʻyi Latifning goh biqiniga, goh koʻksiga musht tushirardi. Hirqiragan, hansiragan boʻgʻiq tovush butun xonani tutib ketdi. Tahlika va vahimadan koʻzlari katta-katta ochilgan Amira chinqirib yubormaslik uchun qoʻllari bilan ogʻzini berkitib, boʻgʻishib yotgan erkaklarning goh u yoniga, goh bu yoniga irgʻishlab oʻtardi.

Gʻani ustidan bosib tushgan Latifni bir amallab itqitib tashladiyu dasturxon ustidan yerga tushgan pichoqni qoʻlga oldi.

– Chavaqlab tashlayman, soʻtak!

– Oʻzingni qoʻyday boʻgʻizlayman, haromi, – deb xirilladi Latif, bir intilib shisha sinigʻini qoʻliga olarkan.

Soʻng shisha boʻlagini oʻqtalib raqibiga tashlandi. Shoshib qolgan Gʻani pichoqni sermab otdi. Ammo Latif chap berib qoldi. Zarb bilan otilgan pichoq Amiraning naq koʻksiga sanchildi.

Juvon ingrab yiqilarkan, arang gʻudrandi:

– Vah, yeding-ku meni, Gʻani…

– Amira?! – Latif xotini tomon intildi, – Amira!

U qip-qizil qoniga belangan ayolning boshiga engashdi. Amiraning koʻzlari soʻnarib, soʻnggi nafasini olardi. Lahza oʻtmay uning boshi shilq etib osilib qoldi.

Koʻzlari qoʻrquv va vahimadan chaqchayib qolgan Gʻani hansiragancha oʻzini balkonga urdi. Qoʻshni xonadon tomonga oʻtishni chamalab balkon toʻsinidan oyoq oshirdi. Nogoh sirgʻalib ketib, pastga quladi. Gʻanining ayanchli oʻkirigi tun bagʻrini tilib oʻtdi. “A-a-a!”

Amiraning jasadi yonida turgan Latif otilib balkonga chiqdiyu pastga alangladi. Biroq koʻzi hech narsani ilgʻamay yana xonaga oʻqday uchib kirdi. Gangigan kuyi hansiragancha u yon-bu yon yurindi. Nogoh miyasida chaqmoqdek chaqnagan fikrdan oʻzi ham qoʻrqib ketdi. “Tamom boʻldim, shoʻrim quridi. Endi baribir mendan koʻrishadi. Umrim qamoqda chiriydigan boʻldi. Bas! Qochishim kerak. Hozir oh-voh qilib turadigan payt emas. Tezroq daf boʻlishim kerak bu yerdan”.

Latif xotinining jasadiga vahima bilan koʻz tashladiyu, titroq qoʻllari bilan eshik qulfiga kalit soldi.

Gʻira-shira tong oqarib kela boshladi. Koʻp qavatli uylar oʻrtasidagi maydonchada Gʻanining loshi qonga belanib choʻzilib yotardi. Tevaragida organ xodimlari, izquvarlar ivirsib turishibdi. Ulardan biri murdani goh u yondan, goh bu yondan “shigʻ-shigʻ” suratga olardi. Shu atrofda yashovchilar boʻlsa kerak, bir toʻp odam ham voqea joyida yigʻilishgan. Hammalarining yuz-koʻzlarida qoʻrquv, hayajon. Bir-birlariga vahimali pichirlashadi. Kulrang sochlari hurpaygan, qoqsuyak kampir izquvar Sherbek Uzoqovga koʻrsatma berardi.

– Vot eta dom moy, shu yerda yashayman. Uchinchi etaj balkoniga chekkani chiqqandim. Vdrug, huv svet yonib turgan balkondan etot chelovek chinqirib tushib ketdi. Tochno videla, xuddi oʻsha balkondan quladi.

– Balki birortasi itarib yuborgandir, – dedi Sherbek kampirning koʻrsatmalarini daftariga qayd qilib olarkan, – mabodo eʼtibor bermadingizmi?

Kampir labiga sigaret qistirgan koʻyi, biroz oʻylanib qoldi. Soʻng keskin bosh chayqadi.

– Yoʻ-oʻ… Pomoyemu hech kim itarmadi. Oʻzi sirgʻalib tushib ketdi. Nu… cherez kakoy-to minut bir yigit balkonga yugurib chiqib, vniz qaradi, potom yana gʻoyib boʻldi.

Sherbek Uzoqov kampir ishora qilgan tarafga tikilganicha bir zum oʻylanib qoldi. Soʻng oʻsha uy chekkasiga qantarilib qoʻyilgan eski “Moskvich”ga eʼtibor berdi. Davlat belgisi raqamlarini yozib oldi.

– Qani oʻsha xonadonga kirib chiqaylik-chi, – dedi birozdan soʻng sheriklariga, – voqea oydinlashib qolar.

Ayni paytda Koʻkgumbazdagi qimorxonada ham xavotir-sarosima kezib yurardi. Qimorbozlar allaqachon tarqab ketishgan. Achimsiq tamaki va spirt isi anqib turgan hujrada Abray lochin tajang qiyofada oʻtiribdi. Uyqusizlikdan qizargan koʻzlari chaqchayib goh Nabiga, goh Rustamga qadaladi.

– Oʻv, – dedi Abray lochin Nabini oyogʻi uchi bilan turtib, – Gʻanidan darak boʻlmadi-yu. Qachon keladi endi?

– Ikki-uch qoʻngʻiroq qildim. Negadir javob bermayapti, – dedi Nabi oʻngʻaysizlanib.

Rustam hirqiroq tovushda gapga aralashdi.

– Ja-a qotib uxlaydigan odati bor.

– Yana qoʻngʻiroq qilinglar, – deb oʻshqirdi Abray lochin.

– Xoʻp, xoʻp, xoʻjayin.

Ayni shu paytda Sherbek boshchiligidagi organ xodimlari Latifning xonadoniga kirib borishgandi. Hammayoq toʻzgʻin. Oʻrtada Amiraning qonga belangan murdasi choʻzilib yotibdi. Koʻksida qadalgan pichoq. Bu yerni ham xodimlardan biri “shigʻ-shigʻ” suratga ola ketdi. Sherbek sinchkovlik bilan xonalarni koʻzdan kechira boshladi. Shu payt stul suyanchigʻiga tashlab qoʻyilgan kostyum choʻntagida mobil telefon jiringlab qoldi. Sherbek chaqqongina intilib, kiyim choʻntagidan lip-lip yonib oʻtayotgan qayroqtoshdek apparatni topdi. Soʻng ehtiyotkorlik bilan qulogʻiga tutdi.

– Allo-o, – dedi u ovozini andak oʻzgartirib.

– Allo-o, Gʻani. Oʻzingmisan?

– Ha, – deb qoʻydi Sherbek ehtiyotkorlik bilan.

– Qayoqqa yoʻqolib qolding. Biz seni kutyapmiz. Mumiyoni tezroq opkel, xoʻjayin xit boʻlyapti. Oʻv, nega sasing chiqmay qoldi. Nima balo, tagʻin uxlab qoldingmi?

Sherbek “ha, eshitaman” deyishga endi ogʻiz juftlagan ham ediki, narigi tarafdan boshqa bir dagʻal tovush oʻshqirib qoldi.

– Allo, oʻv, it emgan. Men – Lochinman, tezroq qimirla, ortiq kutishga toqat yoʻq, tushundingmi?

– Tushundim, xoʻjayin, – dedi Sherbek ovozini oʻzgartirib. – Yarim soat ichida yetib boraman.

Aloqa uzildi. Sherbek hozirgina oʻzi bilan gaplashgan telefon raqamlariga oʻychan tikilib qoldi.

 

* * *

Erta tong. Shahar chekkasidagi yangi mahalla allaqachon uygʻonib tirikchilik kuyiga tushib ketgan. Kimdir ishga, kimdir oʻqishga shoshiladi. Kirakash mashinani dangʻillama bir hovli darvozasi yonida toʻxtatdi. Undan ust-boshi toʻzgʻin, bezovta Latif tushdi. Dangʻillama hovli darvozasi yonida bolalarini maktabga kuzatayotgan ayol sergaklandi. Bolalar Latifni koʻrib quvonch bilan qiyqirishib, irgʻishlay boshlashdi.

– Ur-e, Latif akam keldilar.

– Oyi, jurnalist amakim keldilar.

Latif bolalarni bir-bir quchib, peshonalaridan oʻpib qoʻyarkan, ayolga salom berdi.

– Assalomu alaykum, kennoyi, yaxshimisiz, uy ichilar tinchmi…

Yanga noxush alik oldi.

– Namuncha kallai saharlab… igna yegan itdek halloslab yuribsiz?

– Oʻzim… – deb mingʻirladi Latif xijolatomuz, – akam uydalarmi?

Yanganing yuz-koʻzida istehzo oʻynadi.

– Uydalar. Kecha allaqatdan boʻkib ichib kelgan ekan, hali ham choʻchqaday sasib uxlab yotibdi.

– Zaril bir ishim bor edi-da.

– Kiravering-chi, – dedi ayol istamaygina, ichkari tomon yurarkan, – men hozir… uygʻotaman.

Ammo aka allaqachon uygʻoq, dahlizda gazeta varaqlab oʻtirardi. Xotini unga qurtdek eshilib yaqinlashdi:

– Voy, turing. Anovi qalamkash ukangiz Latifjon keldi.

– Latifjon?! – dedi er sergaklanib, – ertalabdan nima qilib yuribdi ekan.

Ayol zarda bilan qoʻl siltadi.

– Bilmadim. Oʻzidan soʻrarsiz. Ana, kelyapti. – U shunday dedi-da, eri tomon oʻqrayib tikildi. – Ammo lekin bilib qoʻying, qarz soʻrab kelgan boʻlsa, bir tiyin ham bermaysiz. Nima bahona qilsangiz qiling, men bilmayman.

– Xoʻp, asabiylashmang, – dedi er oʻrnidan qoʻzgʻalar ekan. – Hali hech kim bizdan pul soʻramadi-ku.

– Soʻraydi, mana koʻrasiz, soʻraydi. Avzoyi ja-a buzuq, bir baloga yoʻliqqan u.

Dahliz eshigida Latif koʻrindi.

– Assalomu alaykum, aka.

– Vaalaykum, Latifjon.

Akasi boʻshashibgina unga peshvoz chiqdi.

 

* * *

Ichki ishlar idorasi. Podpolkovnik mundiridagi, yuz-koʻzidan qatʼiyat va jiddiyat yogʻilib turgan ayolga Sherbek Uzoqov hisobot bermoqda.

– Manzura Hamidovna, dastlabki surishtiruv ishlarini yakunladim.

– Xoʻsh-sh?

– Oʻsha – deya gap boshladi izquvar oldidagi qogʻozga koʻz tashlab-tashlab, 210-uyning 45-xonadonida yashovchi ayol Murodova Amira oʻsha tun jazmani bilan boʻlgan. Toʻsatdan eri kelib qolgan. Oʻrtada olishuv boʻlgan. Oqibatda, ayol oʻldirilgan, uning jazmani pastga qulagan.

– Bunaqa maʼlumotlarni qayerdan oldingiz?

– Soʻrab-surishtirdim, Manzura Hamidovna. Oʻsha Amira degan ayol haligi, pastga qulagan erkak bilan anchadan beri aloqador ekanidan xabardor odamlar ham topila qoldi. Ulardan biri oʻsha tunda haligi erkak…

– Haligi erkakning shaxsi aniqlanmadimi? – deya dagʻal bir tovushda soʻradi Manzura Hamidovna.

– Aniqlandi, aniqlandi, – dedi Sherbek shoshilib. – U, Mavlonov Abdugʻani, shaharning Beshpanja koʻchasida, 17-uyda yashagan. Tayinli kasbi yoʻq. Qimorboz sifatida mahalla kuy yaxshigina bilarkan. Bundan tashqari boshqa qingʻir ishlar bilan shugʻullangan. Mavlonovning faoliyatiga oid menda yana boshqa muhim maʼlumotlar bor. Manzura Hamidovna, ruxsat bersangiz, u haqda keyin bafurja gaplashsak.

– Yaxshi… birinchi masalaga qayting.

Sherbek biroz qogʻoz titkilab turgach, hisobotda davom etdi.

– Xoʻ-oʻsh… Ha, Abdugʻanining kirib ketganini koʻrganlar bor, keyin… Soat tungi birlar chamasi uy egasi, yaʼni oʻsha ayolning eri taksida qaytib kelganini koʻrgan guvohlar bor.

– Ob-bo, bu shovvoz qoʻshnilar-e, – deb kinoyali kuldi podpolkovnik ayol, – hammasidan xabardor-a. Balki qotillik qanday yuz berganini ham kuzatib turishgandir?

– Afsuski, bu yogʻiga hamma jim. Ammo surishtiruv-tekshiruv davom etayapti, Manzura Hamidovna.

– Rahmat, Sherbekjon, yaxshi ishlabsiz, – dedi podvolkovnik ayol biroz chehrasi yorishib. – Xoʻsh, oʻzingiz shu voqea yuzasidan qanday fikrga keldingiz?

Izquvar yigit ustma-ust tomoq qirib oldi.

– Menimcha… menimcha, chindan ham eri kelib qolgan. U rashk, nafratdan oʻzini tutolmay avval xotinini pichoqlagan, soʻng erkakni pastga uloqtirgan…

Podpolkovnik Manzura Hamidovna sharaqlab kulib yubordi. Bu kulguda ozgina istehzo, ozgina kalondimogʻlik va yana ozgina oqilalik silqib turardi.

– Hali yoshsiz-da, Sherbekjon, hali yoshsiz, – dedi ayol oʻzini kulgudan arang tiyib, – koʻproq oʻz kayfiyatingizdan kelib chiqib fikrlaysiz.

Sherbek Uzoqov xijolatlandi.

– Nega endi? Bu… bu hali taxmin.

– Uka, bu taxminingiz notoʻgʻri, – dedi Manzura Hamidovna, stolni ohista chertganicha kabinetning bir burchagiga maʼyus tikilib qolarkan. – Buni… buni menga ayollik yuragim aytib turibdi. – U uzun tin olib xoʻrsindi. – Otellolar zamoni allaqachon oʻtib ketgan, shekilli. Hozirgi kunda rashk tufayli, sevgi tufayli birovni boʻgʻizlab qoʻyadigan erkakni hech tasavvur etolmayapman.

Sherbek boshliq ayolning kayfiyatidan sarosimalanib qoldi.

Ayni paytda tungi voqealarning yakkayu yagona tirik guvohi, shahar chekkasidagi yangi mahallada, oʻz akasi Lazizjonga hamma-hammasini butun tafsiloti bilan aytib berardi.

– Mana shunaqa gaplar, aka, – dedi Latif chuqur xoʻrsinib, – kutilmagan baloga yoʻliqdim. Endi hammasi mening boʻynimga qoʻyiladi, shekilli. Hoynahoy, butun militsiya oyoqqa turib meni izlab yurishgandir.

Lazizjon asabiy oʻrnidan turib, u yon-bu yon yura boshladi.

– Ob-bo-o, ishkal boʻpti-ku, a, ob-bo…

– Rosa boshim qotdi, aka, – dedi Latif yosh boladay jovdirab. – Bir-ikki kun sizlarnikida turib, soʻng Rossiya tomonlarga qochib ketsammikin-a?

Eshik orqasida gap poylab turgan yangasi bezovtalanib, maʼnodor tomoq qirdi. Lazizjon sergaklanib tashqariga chiqdi.

– Ha, nima gap? – dedi u asabiy shivirlab.

Ayol eriga dargʻazab tikildi.

– Ukangizni yoʻqoting bu yerdan! Rosa rasvo boʻlibdi-yu, oʻzimiz ham baloga qolamiz. Aldab-suldab joʻnatib yuboring.

– Qiziqmisiz, oyisi, oʻz ukamni qanaqa qilib koʻchaga haydayman. Jigarim-a?!

– Oʻv, mehribon er, – dedi ayol qoʻllarini paxsa qilib. – Ukangiz jigar boʻlsa, biz yuragingiz. Bizni oʻylamaysizmi? Yoʻq, darrov hal qiling! Gap tamom.

 

* * *

Podpolkovnik Manzura Hamidovna xona boʻylab u yon-bu yon yurina boshladi. Sherbek Uzoqov oʻtirgan joyida unga koʻz qirini tashlab qoʻyardi.

– Sherbekjon, – dedi ayol joʻshqin bir kayfiyatda, – yana bu maʼlumotingiz ham diqqatga sazovor. Adashmasak, yana bir jinoyatning dumidan tutdik. Qani, shoshilmasdan yana bir takrorlang-chi.

– Qotillik sodir boʻlgan xonadonda Mavlonov Abdugʻaniga tegishli kostyum topildi. Bir payt uning choʻntagidagi mobil telefon jiringlab qoldi.

– Demak, – dedi Manzura Hamidovna izquvarga qatʼiy tikilib, – aloqaga chiqqan raqamni aniq eslab qoldingiz-a?

– Albatta, hatto yozib qoʻyibman.

– Xoʻsh, keyin-chi, davom eting.

– Xullas, – dedi Sherbek fikrlarini jamlab. – Bir xirilloq tovush Gʻani, mumiyoni tezroq keltir, xoʻjayin xit boʻlyapti, dedi. Shu payt, aftidan kimdir telefonni yulqib oldi. Gʻanini boplab soʻkdi, oʻzini… oʻzini Lochin deb atadi.

– Lochin? Nahotki bu Abray aka boʻlsa?!

– Nega ajablanyapsiz, Manzura Hamidovna? Qimorboz odamdan har balo kutsa boʻladi. Nima, qora dori savdosidan hazar qiladi deb oʻylaysizmi?

– Gapingiz rost, Sherbek. Lekin negadir ishongim kelmayapti. Toʻgʻri, Abray lochin qimorboz, mayda bezori sifatida hisobimizda turadi. Qonun-tartibga ham panja orqasidan qaraydiganlar xilidan. Lekin shu paytgacha hech bir jiddiy sabab bilan qoʻlimizga tushmagan. Bilasizmi, Sherbek, shu odamda allaqanday donolik borday nazarimda, – Manzura Hamidovna yengil kuldi. – Gapning ochigʻi-da, Sherbek. Bolalarining hammasi oʻqimishli, ziyoli.

– Dono demang-a, sadqai aql ketsin unga, – dedi yosh izquvar biroz qizishib, – shunchaki ayyor tulki u.

Podpolkovnik oʻychanlik bilan stol qirrasini cherta boshladi.

– Balki… balki… Odamning olasi ichida. Demak gap bunday, – Manzura Hamidovna yana joʻshqinlik bilan oʻrnidan turib ketdi. – Telefon raqami egasini aniqlab uni kuzatinglar. Xoʻ-oʻsh… Gʻani oʻldi, ularning rejasi buzildi. Demak endi tipirchilib qolishadi. Qanday qilib boʻlsa ham anavi “moʻmiyo” atalmish tovarni topishga harakat qilishadi. Gʻanining uyiga, qotillik yuz bergan xonadonga kuzatuv qoʻyinglar.

– Xoʻp, Manzura Hamidovna, – dedi Sherbek, stol ustidan qogʻozlarini yigʻishtirib olarkan, – hammasini bajaramiz.

– Tungi voqea bilan yana bir bor jiddiy shugʻullaning. Qochoq erni topinglar, Sherbek, oʻzingiz oʻsha xonadonni tagʻin yaxshilab koʻzdan kechiring. Zora jinoyat izlari oydinlashsa…

Sherbek tagʻin “xoʻp-xoʻp”lab kabinetdan chiqib ketdi.

Ayni paytda Latif ham boʻshashgan, dili xufton boʻlgan bir ahvolda akasining hovlisidan chiqqan edi. Lazizjon ming bir xijolatga tushgan koʻyi uni kuzatib qoʻyardi.

– Latifjon, uka, yaxshisi oʻzing melisaxonaga bor. Hammasini hovliqmay tushuntir. Ular ham odam, dardingni eshitib, tushunishar. Haqiqat baribir qaror topadi-ku, toʻgʻrimi?

– Aka, – dedi Latif allaqayerlarga parishon tikilarkan, – qoyil qolmadim sizga, qancha-qancha tanishlaringiz, doʻstlaringiz bor. Nahotki, shu ishni bosdi-bosdi qilib berolmasangiz?

Laziz ukasining yelkasiga qoʻl tashladi.

– Latif, toʻgʻrisi, bu mashmashani birovga aytsam gʻirt kulguga qolaman. Hozircha damimiz chiqmasin. Qolaversa… gap koʻpaygan joyda xarajat ham koʻpayadi.

– Chiqimga tobim yoʻq, deb qoʻya qoling chaynalmay, – dedi Latif istehzoli iljayib.

Aka bosh qashlab oʻylanib qoldi. Arazlagan Latif xayr-xoʻshni ham nasiya qilib keta boshladi. Aftidan, kallasiga tuzukroq fikr keldi shekilli, bir payt Lazizjon koʻzlari chaqnab ukasini chaqirdi.

– Latif! Shoshma! Toʻxta, bir gap bor.

Latif loʻkillaganicha yetib olgan akasiga maʼyus, savolchan tikildi.

– Shaharga qaytgin-u, Abray lochinga uchrash, – dedi Lazizjon.

– Anovi qimorbozgami?! Kallangiz joyidami, aka, unga nima deyman?

Laziz yana ukasining yelkasiga qoʻl tashladi.

– Bilasan-ku, u Nosir togʻamizning eng yaqin doʻsti boʻlgan. Oʻzingni tanishtir. Maslahat soʻra.

Latif taraddudlanib qoldi. Choʻkayotgan choʻpga ham yopishadi-da, deganlaridek, u ham bir ilinj, bir najot axtarardi.

– Boʻpti, koʻramiz, – deya toʻngʻilladi u yana yoʻlidan davom etarkan.

Laziz uning ortidan qichqirib qoldi.

– Keyin menga qoʻngʻiroq qil, xoʻp? Kutaman-a.

Uka ortiga qaramadi.

 

* * *

Tunda sodir boʻlgan voqea Sherbek Uzoqovning qotillik bilan bogʻliq ilk jiddiy ishi edi. Shuning uchun yosh izquvar biroz hadik va hayajon bilan harakat qilardi. Bor bilimini, iqtidorini ishga solardi. Ertalab unga yana omad kulib boqdi. Sherbek qotillik sodir boʻlgan xonadonni obdon, puxta koʻzdan kechirarkan, olishuv payti divan ostiga yumalab ketgan diktofonni topib oldi. Sherbek topildiqni avaylabgina charm papkasiga soldiyu, voqea joyidan xush kayfiyat bilan qaytdi. Galdagi vazifa Beshpanja koʻchasidagi 17-uyga borish edi. Yosh izquvar tun boʻyi yugurib-yelib xiyla toliqqan boʻlsa-da, ishni paysalga solmaslik uchun darhol yoʻlga chiqdi.

Shaharda yangi kun boshlangan. Koʻchalar serqatnov, sershovqin. Yoʻlaklar, bekatlar odamlar bilan gavjum.

Sherbek koʻzlagan manzilini qiynalib topib keldi. Boʻyoqlari unniqib ketgan, koʻrimsizgina darvoza yonida oyoq ildi. Ust-boshini biroz tartibga olgach, tevarakka yengil bir koʻz tashladiyu, darvoza qoʻngʻirogʻini bosdi. Koʻp oʻtmay, ichkaridan qadam tovushlari eshitilib, birozdan soʻng, yuz-koʻzlarida horgʻinlik, maʼyuslik aks etgan ayol eshikni qiya ochdi. Bu hozirgina tungi navbatchilikdan qaytgan, temir yoʻl vokzali xodimasi Roziya edi.

– Kechirasiz. – dedi Sherbek yengil salom-alik qilgach, – Mavlonov Abdugʻanining uyi shumi?

– Ha, shu, – dedi Roziya horgʻin bir tovushda.

Yosh izquvar xizmat guvohnomasini koʻrsatdi.

– Kirsam boʻladimi?

Roziya tundlik bilan indamay Sherbekni ichkariga boshladi.

Ayni paytda Latif Abray lochinning shinam, serhasham mehmonxonasida qunishibgina oʻtirardi. Oʻrtada nozu neʼmatlarga toʻla dasturxon yozilgan xontaxta. Abray lochin yostiqqa yonboshlagan koʻyi yigitning dard-hasratini mudrab tinglar ekan, uyqusizlikdan qizargan koʻzlari battar qizarib ketganday boʻldi.

– Menga qara, ogʻayni, – dedi u bir soʻlish olarkan, – Nosirbekning jiyani ekaningni eshitib ich-ichimdan quvongandim. Lekin mashmashangni eshitib hafsalam pir boʻldi. Togʻangga tortmabsan, oʻv, bola. Juda-juda xafa qilding meni. Oʻsha isqirt oʻynashlarni oʻzing chavaqlab tashlashing kerak edi. Raz voqea bunaqa boʻlibdimi, demak ikkovingni ham men oʻldirdim, deb melisaxonaga oʻzing kirib borishing kerak edi. Or-nomusli erkaklar shunday qiladi, jiyan, tushundingmi?

– Tushundim, – deb arang gʻudrandi Latif.

Abray lochin piyoladagi choydan bosib-bosib hoʻpladi:

– Xotiningni qingʻir yurishini ilgari hech sezmaganmiding?

– Yoʻq, – deb yubordi Latif shosha-pisha, tovushi allanechuk iltijoli, shikasta chiqdi. – Oʻlay agar ilgari payqaganim yoʻq.

Abray lochin istehzoli iljayib bosh chayqadi.

– Yolgʻon, oʻz ayolining qingʻir qadami tugul, qingʻir xayolini sezmagan erkak erkakmas! Sen bir umr oʻz-oʻzingni aldab kelgansan, soʻtak.

Latif goʻyo achchiq haqiqatni tan olayotgandek, yerdan koʻz uzmay, terga botgan koʻyi jim qotdi.

– Sen bola, – dedi qimorboz qoʻlini bigiz qilib, – yo xotiningdan, yo oʻsha erkakdan tiling qisiq.

– Yoʻq, yolgʻon, yoʻq, hammasi tasodif.

– Endi yaxshilikcha tuyogʻingni shiqillatib qol. Sensiz ham tashvishlarim oshib-toshib yotibdi.

Shu chogʻ xontaxta ustida yotgan mobil telefon jiringlab qoldi. Latif orqasiga tisarila-tisarila, tavozeʼlar bilan xonadan chiqib ketdi.

Ammo ayni chogʻda Sherbek hanuz Beshpanja koʻchasidagi 17-uyda edi. U Roziya bilan gaplashib oʻtirardi.

– Xullas, – dedi yosh izquvar chuqur tin olib, – shunaqa gaplar, Roziyaxon. Oʻsha erkak sizning eringiz, – Mavlonov Abdugʻani ekan.

Roziya koʻzlarini bir nuqtaga tikib, xuddi esi ogʻib qolganday nafrat bilan pichirladi:

– Itga it oʻlimi. Oxiri, qargʻishlarim boshini yebdi-da.

– Nega, eringizni shunchalar yomon koʻrarmidingiz? – deb soʻradi izquvar Uzoqov ehtiyotkorlik bilan.

Roziya avval tovushsiz, soʻng hiq-hiq yigʻlay boshladi. Sherbek oʻngʻaysizlanib oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

– Uzr, Roziyaxon, bilmay yarangizni tirnab qoʻydim shekilli. Lekin baribir baʼzi bir rasmiyatchiliklarni qilib qoʻyishimiz shart. Siz ertaga vaqt topib idoramizga oʻting. Murdani tanib-tasdiqlab, kerakli qogʻozlarga imzo chekishingiz zarur. Qolgan masalalarni keyin gaplashamiz.

Roziya stolga bosh qoʻyganicha oʻkrab-oʻkrab yigʻlashga tushdi. Sherbek bir zum unga achinganicha tikilib turib chiqib ketdi.

 

* * *

Oʻsha serhasham mehmonxona. Noz-neʼmatlar bilan bezatilgan xontaxta yonida Abray lochin, Nabi va Rustam don talashgan joʻjaxoʻrozlardek hurpayib oʻtirishardi. Har uchovining ham yuz-koʻzlarida tashvish.

– Yoʻgʻ-e, balki yanglish eshitgandirsizlar? – dedi Abray lochin, yigitlarga bir-bir koʻz tashlab.

– Aniq, xoʻjayin, – dedi Nabi bosh irgʻab – Ishonchli maʼlumotlar oldik. Oʻsha mahallada duv-duv gap. Gʻanining murdasini tanigan bir-ikki ogʻaynilarini ham koʻrdik. Uzunquloq gaplarga qaraganda, Gʻanini oʻsha qanjiq ayolning eri balkondan uloqtirgan.

Nabining gaplarini parishon eshitib turgan Abray lochin sergaklandi, nelarnidir xayolidan oʻtkazib, soʻng istehzoli iljaygan koʻyi bosh chayqadi.

– Nega kulyapsiz, xoʻjayin? – deb soʻradi Rustam ajabsinib.

– E, shunchaki, – deb beparvo qoʻl siltadi Abray lochin. – Gʻanini oʻynashining eri uloqtirgani yolgʻon. Boyagina oʻsha erni shu yerdan quvib chiqardim.

Nabi va Rustam taajjub bilan koʻz urishtirib olishdi.

– Tushunmadik, Abray aka, – dedi botinolmaygina Rustam. – U bu yerda nima qilib yuribdi.

Abray lochin yana yengil qoʻl siltadi.

– E, ahamiyati yoʻq. Hali bafurja aytib beraman. Hozir ishdan gaplashaylik, ishdan.

– Endi nima qildik? – Har uchovining aft-angoriga yana tashvish, hadik oraladi. – Gʻani-ku oʻlib qutulib ketdi. Endi anovi padar laʼnati tovarni qayerdan topamiz? Sibirlik mehmonlarga nima deymiz?

– Sibirliklar kelishuv boʻyicha yana ikki kun kutadi, – deb toʻngʻilladi Nabi.

Abray lochin oʻychan bir alfozda iyak qashladi.

– Shu… mehmonlardan uzr soʻrab, sovgʻa-salomlar bilan joʻnatib yuborsak-chi? Nima zaril ortiqcha bosh ogʻrigʻi?

– Soddalik qilmang, xoʻjayin, – dedi Nabi bosh chayqab. – Bunaqa ishda uzr-puzr ketmaydi. Oʻzingiz yaxshi bilasiz-ku?! Katta baloga yoʻliqamiz. Buning otini mejdunarodniy razbor deyishadi, xoʻjayin.

Abray lochin asabiy tarzda bosh changallab, uf tortib yubordi.

Ayni chogʻda izquvar Sherbek Uzoqov ishlari yurishayotganidan xursand kayfiyatda edi. Ayniqsa qotillik yuz bergan xonadondan topib olingan diktofon koʻp narsaga oydinlik kiritdi.

Mana, boshligʻi Manzura Hamidovna bilan diktofonga yozilib qolgan gap-soʻzlarni, shovqin-suronni yana bir karra eshitib koʻrishdi.

– Xoʻsh, oʻrtoq katta leytenant, bunga nima deysiz endi? – deb soʻradi podpolkovnik ayol shoʻxchan koʻz tashlab. Aftidan, ishning bu qadar tiniqlashishi uni ham quvontirib yuborgandi.

– Manzura Hamidovna, diktofondagi yozuvlarni oʻzim ham uch-toʻrt qayta eshitdim. Menimcha, – Sherbek yelka qisib, lab burishtirdi, – menimcha, bu topildiq qidiruvdagi erning aybsizligini tasdiqlaydi. Albatta… tekshiruvda davom etamiz hali.

Manzura Hamidovna odatdagi joʻshqinlik bilan oʻrnidan turib ketdi.

– Davom eting. Eng muhimi, avval oʻsha qochoq erni topib soʻroq qilib koʻrish kerak. Koʻrsatmalarini diktofondagi yozuvga taqqoslang. Oʻshanda haqiqat oydinlashadi.

– Tushundim, – dedi Sherbek oʻrnidan qoʻzgʻalib. – Hammasini aytganingizday qilaman.

Ammo bu orada Abray lochinning mehmonxonasidan hech kim qoʻzgʻalmadi. Uch hamtovoq uch joyda azador odamlarday burishib oʻtirishardi.

Abray lochin tuyqus qoʻllarini Nabiga bigiz qilib oʻshqira ketdi.

– Sen meni shu iflos ishga aralashtirding! Tinchgina qimorimni oʻynab xumorimni bosib yurgandim-a! Hammasiga aybdor sen, sen!

– Xoʻjayin, axir Gʻani bizdan bir dunyo qarz edi-ku? Bir yildan beri toʻlayolmay yurgandi. Oʻzingiz qanday qilib boʻlsayam qarzini undiringlar, deb bizni tezladingiz-ku! Keyin Gʻani qora dori haqida gap ochdi. Xohlaganlaringcha topib beraman, dedi.

Rustam ham shosha-pisha Nabini qoʻllab-quvvatlashga kirishdi.

– Ustiga-ustak anovi sibirliklar lop etib oyogʻimiz ostidan chiqib qoldi. Fursatni boy bermaylik, dedim-da, xoʻjayin.

– Bilmadim… bilmadim, – deb gʻudrandi Abray lochin, goh u yoniga, goh bu yoniga yonboshlab. – Endi qanday qilib boʻlsa ham bu baloni daf qilinglar. Sibirliklarga vaʼda qilingan narsani qay goʻrdan boʻlsayam topinglar. Shu bizga saboq boʻlsin. Boshqa bunaqa nomaʼqul ishga qoʻl urmaylik.

Nabi oʻychanlik bilan dedi:

– Bir amallab Gʻanining hovlisiga kirishimiz kerak. Oʻshanaqa mollarni yashirib qoʻyadigan bir-ikki joyini bilaman, balki topib olarmiz.

– Bilmadim… bilmadim, – deya bosh changalladi Abray lochin. – Qay goʻrdan boʻlsayam topinglar, gap tamom.

Nabi va Rustam oʻzaro koʻz urishtirib, oʻrinlaridan turishdi.

 

* * *

Tun. Shahar qoramoyga belangan ulkan chiroqqa oʻxshaydi. Hamma yoq qop-qora. Uning qismatidek qop-qora. Uning baxtidek qop-qora. Latif chekka qahvaxonalarning birida andak tamaddi qilib chiqqan boʻldi. Lekin ishtahasi gʻippa boʻgʻilgan edi. Koʻngli xuddi tashqaridek qop-qorongʻu, xuddi koʻcha chiroqlaridek xira. Quloqlari ostida hanuz Abray lochinning shafqatsiz tanbehlari jaranglab turardi: “Togʻangga tortmabsan, oʻv, bola! Oʻzing men oʻldirdim deb borishing kerak edi, oʻzing…”

Latif qahvaxonadan chiqqach, daraxtlar quyuq oʻsgan bino panasida ancha payt turib qoldi. U qayon bosh olib ketishini, qayerga yashirinishini bilmasdi. Goʻyo uni ming-mingta koʻz, ming-mingta nigoh kuzatib turgandek, yorugʻlikka chiqsa, qidirib yurganlar darhol topib oladigandek tuyulardi.

Katta koʻchada chinqirib kelayotgan mashinalar qatnovi bir zum ham uzilmaydi. Kechikkan-ichikkan yoʻlovchilar sharpadek oʻtib-qaytishadi. Baland-past imoratlar allanechuk sirli, vahimali tuyuladi.

Bahaybat qoʻngʻir ayiqdek itni yetaklab, sayr qildirib yurgan kampir toʻppa-toʻgʻri Latif tomon bostirib kela boshladi. Yigit dovdiray-dovdiray yoʻlak boʻylab yurib ketdi. Daraxtlar ichida oʻralashib qolgan it tomon qoʻrqa-pisa koʻz tashlab qoʻydi.

Latif xotinining nega bunday buzuq yoʻlga kirganini hech tushunolmasdi. Nazarida bunga hech bir sabab yoʻqdek tuyulardi. Axir munosabatlari iliq, roʻzgʻorlari but edi. Baʼzi bir erlarga oʻxshab, xotinini siquvga olmasdi, tergamasdi. Oʻrtada ishonch boʻlishi kerak degan aqidaga amal qilardi. Amira misoli erkin qush edi. Balki xatosi aynan shunda boʻlgandir? Xotinini qattiq nazoratda ushlash kerak boʻlgandir. Yoʻq, yoʻq, Latif unday qilolmasdi. Bu oʻzini zamonaviy, ziyoli erkak sanagan odamga toʻgʻri kelmaydi. Agar ming bor qattiqqoʻl boʻlsa-da, ming bor nazorat qilsa-da, buzuqlikni istagan ayol baribir niyatiga yetmay qoʻymaydi.

Demak… demak, Amira avval boshida yengiltak boʻlgan! Demak, u anchadan beri erining koʻziga choʻp suqib kelgan! Jufti halolining muhabbatiga, ishonchiga shunday xiyonat bilan javob bergan u!

Latif iztirobli xayollar ogʻushida beixtiyor ingrab yubordi. Qoʻllarini musht qilib boshiga nuqidi. Shundoqqina yonginasidan oʻtib ketayotgan yoʻlovchi shosha-pisha oʻzini chetga tortdi. Dimogʻida gʻudranib allanima deya soʻkingan boʻldi. Biroq Latif unga eʼtibor bermadi. Mastdek gandiraklab yoʻlidan davom etdi.

 

* * *

Roziyaning bir paytlar orzulari osmon edi. Bir gapirib oʻn kuladigan, yerga ursa osmonga sapchiydigan qizlar xilidan edi. Aloqa kollejini bitirdi-yu, institutga kirishga ulgurmadi. Erga tegdi! Kollej yaqinida doʻkon ochib olgan yigit bilan sevishib, ahdu paymon qilishib, xullas, bu yogʻini tezlashtirib yuborishdi. Rauf yaxshi yigit edi. Koʻngli boʻsh, qoʻli ochiq. Lekin onasi… yaʼni Roziyaning qaynonasi ajdahodan nari-beri ekan! Kelinini oʻtirsa oʻpoq, tursa soʻpoq deyaverib jonidan toʻygʻazdi. Koʻz ochirgani qoʻymadi. Ustiga-ustak, oʻrtaga befarzandlik muammosi chiqdi. Turmush qurishganiga uch yil toʻldi-yu, biroq Roziya onalik baxtiga muyassar boʻla olmadi. Ular borib uchrashmagan na vrach, na tabib qoldi. Ne bir duoxonu folbinlarga duch boʻlmadi deysiz. Lekin barchasi befoyda. Qaynonasining qahri esa kundan kunga ortardi. Oʻrtada Rauf shoʻrlik qiynalib ketdi. Xotinini eplab himoya qilaolmadi. Oxir-oqibat onasiga taslim boʻldi. Xotini bilan ajrashdi. Roziya dunyoda sevgi-muhabbat bor, u hamma narsaga qodir, har qanday mashaqqatlarni yengib oʻtadi, deya ishonardi. Lekin taqdir ayolning sodda ishonchlari ustidan kuldi. Shu-shu Roziya biroz odamovi, jiddiy va serzarda boʻlib qoldi. U onasinikiga qaytib kelgach, temir yoʻl vokzalida ishlay boshladi. Oʻsha adashib-uloqib ketgan baxtining yoʻliga koʻz tikdi. Oradan bir yil oʻtdi. Shu orada bir-ikki soʻqqabosh erkaklar sovchi qoʻygan boʻlishdi. Lekin Roziya qatʼiy rad etdi. Onasi lab tishlab, yerga qaradi. U qizining yana oila qurishini, baxtli, uvali-juvali boʻlib ketishini istardi. Lekin buni oshkora aytishga iymanar, qizining onam uyga sigʻdirmayapti, degan xayolga borishidan choʻchir edi. Shu taxlit oradan yana bir yil oʻtdi. Roziya ishdan horib-charchab, parishon kelgan kunlarning birida, onasi, ohista gap boshladi.

– Qizim, amakingning haligi doʻstidan yana sovchi keldi.

Istar-istamas choy hoʻplab oʻtirgan Roziya norozi chimirildi.

– Qanaqa doʻsti?

– Aytim-ku, Beshpanja mahallasida turadigan, Abdugʻani…

– Oyijon, – deya gapni boʻldi Roziya, – qoʻying oʻshani.

– Nega endi, jon qizim, tuppa-tuzuk ekan-ku?! Topish-tutishi ham yomonmaskan qizim, sendan atigi oʻn besh yosh katta ekan, xolos.

– Atigi emish, – deb istehzoli kuldi Roziya.

– Gap yoshda emas-ku, jon qizim. Erkakning yoshi ulugʻrogʻi tuzuk, qadringga yetadi. Ustiga-ustak, u bechora ham taqdiridan kuygan ekan. Xotini ikki nafar goʻdagi bilan avtobus halokatida nobud boʻlgan emish.

 

– Oyijon, – dedi Roziya bir chekkaga maʼyus tikilib, – koʻp kuyinmang, xoʻp, men rozi. Bilaman, erimdan ajralib kelib, sizlarni isnodga qoʻydim. Nachora, u shoʻrlik ham uch yil farzand kutdi. Men… men umidlarini puchga chiqardim.

– Qizim, – onasi iztirob bilan intilib, Roziyaning yelkasidan quchgan boʻldi, – unaqa gaplarni qoʻy, asalim. Qanaqa isnod, nimalar deyapsan. Taqdiring shunchalar ekan, noiloj. Jon qizim.

Onaning ham, Roziyaning ham koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.

– Oyijon, rost aytayapman, men rozi. Men tugʻmas ayolga er tanlashni kim qoʻyibdi. Oyijon, oʻlsam ham endi bundan ajralishmayman.

Ertasi kuni Roziya boʻlajak er bilan uchrashdi. Oʻsha kunlari qimorda bir-ikki qoʻli baland kelgan Gʻani bir soatlik xalifa edi. Roziyaga saxovat va mehr koʻrsatgan boʻldi. Shahar aylantirdi.

Gʻoyat serhasham restoranga olib kirdi. Xullas, ayolning koʻnglida iliq hislar uygʻotdi. Oradan bir oycha oʻtib, kichkinagina toʻy qilgan boʻlishdi. Nikoh oʻqitishdi. Koʻz ochib yumguncha Roziya Gʻanining xotiniga aylandi-qoldi. Avval boshida turmushlari yomon kechmadi. Munosabatlar shiringina edi. Roʻzgʻor toʻkin. Roziya erta ketib, kech qaytadigan erini ortiq tergamas, nimalar bilan mashgʻulligini soʻrab-surishtirmasdi. Gʻanining uchiga chiqqan qimorboz, takasaltang ekanini bilganida ancha kech boʻlgandi. Bir kuni Roziya uyida, roʻzgʻor yumushlari bilan andarmon boʻlib turganida eri kirib keldi. Ogʻzi qulogʻida, koʻzi suzuk. Dimogʻida xirgoyi. Roziya yengilgina salom-alik qilgan boʻldi.

– Jiz-pizingdan opkel, xotin, – dedi Gʻani oʻzini koʻrpacha ustiga tashlab. – Shoshilyapman, ketishim kerak.

Roziya xontaxta ustiga dasturxon yozdi. Eri negadir gʻalati bir tarzda suzilib, uni jirkangannamo kuzatib turardi.

– Namuncha tikilasiz, – dedi Roziya oʻngʻaysizlanib. – Yana boʻkib ichibsiz-a?

Gʻani oʻshshaydi.

– Yoʻ-oʻq, adashdingiz, xonim, bu safar boʻkmay chekdim, – u choʻntagidan qogʻozga oʻrogʻlik narsa chiqardi. – Mana, istasangiz siz ham tatib koʻring, jonginam.

– Rahmat, oʻzingizga buyursin. Men unaqa narsalardan hazar qilaman.

Gʻani artistlarcha qah-qah otib kulgan boʻldi.

– Hazar qilarmishlar, misoli farishta bu bizning oyimcha. Oʻvv, bu halol narsa, halol pulimga olganman. Mana, mana!

Er goh u choʻntagidan, goh bu choʻntagidan pul chiqarib, xontaxta ustiga uyib qoʻydi. Soʻng qoʻllarini paxsa qilib oʻshqira ketdi.

– Istaganimcha dori olib chekaman, istaganimcha aroq ichaman, maishat qilaman. Kerak boʻlsa, butun shaharni sotib olaman, bilib qoʻy, butun shaharni. Meni Gʻani boyvachcha deydilar. Qimorning xoʻroziman.

– Lekin hech qachon baxt sotib ololmaysiz.

Gʻani yana qah-qah otib kulgan boʻldi.

– Oh-o-o, naqadar goʻzal soʻzlar. Baxt, sevgi. Oʻv-v! – deb boʻkirdi er nogoh jiddiy va qahrli tusga kirib. – Oʻv-v! Sen menga falsafa soʻqqincha tugʻishni oʻyla, tugʻishni. Bir yildan beri koʻzimiz toʻrt-ku. Oyimcha. Bor, choy-poyingni opkel. E, oʻrgildim sendaqa qisir faylasufdan. Shoshilyapman.

Roziya arang oshxonaga yetib bordi. Tomogʻiga qattiq danakdek qadalib turgan xoʻrlik tuyqus tashqariga otilib chiqdi. U baralla hoʻngrab yigʻlab yubordi.

Bu haqoratlar ham holva ekan! Oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas uning shaʼnini, muqaddas tuygʻularini yerparchin qilgan mudhish voqea sodir boʻlib oʻtdi. Bu kulfat qanday boshlanganini keyinchalik Roziya bir tanishidan eshitdi.

Koʻkgumbazdagi qimorxona odatdagidek gavjum. Hujrada ayqash-uyqash boʻlib yotgan qimorbozlar butun diqqatni oʻrtaga qaratgan. Kimdir uzala choʻzilgan, kimdir choʻkka tushgan. Oʻrtada pul, togʻday uyulib turibdi. Mast-alast Gʻani terlab ketgan. Bit koʻzlari tevarakka tez-tez tashvish-tahlika bilan alanglaydi.

– Gʻani aka, mard boʻling, – dedi Nabi ermakka qarta chiylar ekan, – mana, toʻrt xonali uyingizni ham yutqazdingiz.

Davradagilar xo-xolab kulishdi.

Gʻani shishadan toʻkib-sochib aroq quyib ichdi.

– Men mardman, avvallari qanday yutgan boʻlsam, endi shunday yutqazdim. Hozir yana yutaman, inshoolloh. Qani, suz.

– Oʻv-v, chiranchiq, – deb qad rostladi Abray lochin. – Endi bitingni tikib oʻynaysanmi? Bor-budingni boy berib boʻlding-ku?!

– Hovlimni tikaman, – deb mastona gʻudrandi Gʻani.

– Hovlingni?! – deb qiyqirib yubordi Rustam. – U qanaqasiga sening hovling. Kimniki ekanini bilamiz.

Abray lochin tahdid bilan Gʻaniga oʻqraydi.

– Faqat oʻzingning narsangni tik. Birovlarning mulkini aralashtirma, janjalga tobim yoʻq.

Gʻani yana aroq quyib ichdi. Burun kataklari pir-pir ucharkan, koʻzlari gʻazab bilan yondi.

– Xotinimni tikaman.

– Xotiningni?! – beixtiyor qichqirib yubordi Nabi.

Davradagilar hangu mang qotdi. Chunki Koʻkgumbaz qimorxonasida hali hech bunaqasi boʻlmagandi. Oraga bir zum tahlikali jimlik indi.

Gʻani yana toʻkib-sochib piyolasiga aroq quydi.

– Ha, xotinimni tikdim.

– Oʻv, soʻtak, – dedi Abray lochin gʻazab bilan uning yoqasidan olarkan, – hazilingni yigʻishtir. Bu yer ming oʻylab bir gapiradigan joy.

Gʻani Abray lochinning changalidan bir amallab qutularkan, mastona gʻudrandi.

– Gapim gap. Tugʻmas xotin qimorga yaramasa nimaga yaraydi. – U oʻz gapidan oʻzi nashʼalanib kuldi. – Qani, qartani suzinglar.

Oʻsha tun Roziya allamahalgacha televizor tomosha qilib oʻtirdi. Negadir hech uyqusi kelmasdi. Koʻngli hamishagidek zim-ziyo. U erinibgina kiyimlarini almashtirib, koʻzgu yonida sochlarini taray boshladi. Shu payt koʻcha eshigi taraqlab ochildi. Gʻani kirib keldi. Ipirisqi, gʻirt mast. U Roziyaga qarab tirjaydi. Soʻng gandiraklagan koʻyi yoniga kelib, quchoqlashga harakat qildi.

– Jonginam, men bilan bir yerga borib kelishing kerak.

– Voy, qayoqqa?! – sergaklandi Roziya. – Yarim kechasi-ya?!

Gʻani chaynalgancha toʻngʻilladi.

– Sen… sen agar chin xotinim boʻlsang, meni qutqarishing kerak.

Erining aftodahol, ezilib turishi rahmini keltirgan Roziya shosha-pisha sochlarini yigʻa boshladi

– Qoʻlimdan kelsa jonim bilan, Gʻani aka.

– Seni… men… – dedi er yigʻloqi bir tovushda. – Qimorga yutqazib qoʻydim. Kechir meni, Roziya.

– A! Nima?! – beixtiyor qichqirib yubordi ayol xuddi boshiga toʻqmoq tekkanday.

Gʻani tuyqus tiz choʻkib, Roziyaning oyoqlarini quchdi.

– Jonim, meni kechir, meni tushun, – dedi yutoqib gʻudranarkan. – Roziya, pul topib seni yana qaytib olaman. Ishon, jonim, ishon. Lekin sen hozir men bilan borishing kerak. Ishon, seni albatta qaytib olaman. Bu voqeani hech yuzingga solmayman. Hamishagiday yashayveramiz. Roziya, ishon menga. It tekkan bilan daryo harom boʻlmaydi. Seni sevib yashayman, sevib. Bir marta meni qutqar. Quling boʻlay, umrbod vafodoring boʻlay.

Roziya toshday qotib turardi. Avvaliga hammasi hazil, meni qoʻrqitish uchun shunday qilyapti deb oʻyladi. Soʻng tush koʻryapman, tush, hozir uygʻonib ketaman, degan xayolga bordi, koʻzlarini bir-ikki ochib yumdi. Yoʻq, hammasi haqiqat, achchiq va beshafqat haqiqat!

Roziya oʻpkasi toʻlib orqaga tisarildi. Xuddi najot izlaganday tevarakka alangladi. Shundagina eshik yonida qoʻqqayib turgan ikki barzangiga koʻzi tushdi. Koʻzi tushdiyu, baralla hoʻngrab yubordi.

Shahar qop-qora tun kuyindisiga qorishib yotardi. Oʻtib-qaytayotgan mashinalar farasidan taralgan yogʻdu koʻzlarga tigʻdek-tigʻdek qadaladi.

Ular zum oʻtmay Koʻkgumbazga yetishdi. Pastqam hujralardan oʻtib, qimorxonaga kirishdi. Ichkarida ter va tamaki isi anqiydi. Yoʻlakda oyoq kiyimlar ostin-ustun boʻlib yotibdi. Xona chirogʻi xuddi horiganday xira nur taratadi.

– Xoʻ-oʻsh, – dedi hujra toʻrida oʻtirgan Abray lochin.

Nabi orqasiga imo qildi.

– Kelishdi, xoʻjayin.

Abray lochin tavozeʼ bilan turgan Gʻaniga nafrat ila yuzlanib, ichkaridagi xonaga imo qildi.

– Qani, Gʻanisher, boshlab kiring yutugʻimizni. Ichkariga kirgizib, oʻz qoʻlingiz bilan yechintiring.

– Keyin oʻzingiz qoʻl-oyogʻini ushlab turasiz, – deb luqma tashladi kimdir.

Gʻani bosh ekkan koʻyi Roziyani boshlab kirdi. Butun davra ularni jim kuzatib turardi. Gʻani xotinini qimorbozlar oldida bir zum koʻz-koʻz qilgach, ichkari xonaga olib kirdi. Oʻtirganlar jim, bir-biri bilan maʼnoli-maʼnoli koʻz urishtirishadi. Ichkaridan Roziyaning hiq-hiq yigʻisi, Gʻanining allanimalar deb uni yupatib, yechinishga undayotgani eshitiladi.

– Tayyor, Abray aka, – deb gʻudrandi bir ozdan soʻng qaytib chiqqan Gʻani.

Davraga yana vahimali jimlik choʻkdi. Abray lochin qosh-qovoq uyib oʻrnidan turdi. Tomoq qirdi. Soʻng tuyqus Gʻanining yuz-koʻzi aralash musht tushirdi. Gʻani boʻsagʻaga gursillab qularkan, ingrab yubordi.

– Meni kim deb oʻylayapsan, dayus! – deb qichqirdi Abray lochin, uning ustiga bostirib kelarkan, soʻng oʻtirganlarga yuzlandi. – Olib chiqinglar buni! Umrbod esidan chiqmaydigan qilib qoʻyinglar.

Nabi, Rustam va boshqalar Gʻaniga tashlanishdi. Kimdir tepdi, kimdir biqiniga musht tushirdi. Soʻng hovliga olib chiqib yanada kuchliroq doʻpposlashdi. Gʻanining oh-nolalari tun bagʻrini tilib oʻtardi. Oxiri behol choʻzilib qoldi. Qimorbozlar uning ust-boshiga siyishdi.

Roziya yana qayta kiyinib olgach, yoniga Abray lochin kirdi.

– Yigʻlama, singlim, – dedi u moʻylovlarini silab. – Bizdan oʻtgan boʻlsa kechir. Anovi iflosni bu darajaga boradi, deb oʻylamagandim. Kechir, bizning ham opa-singil, qizlarimiz bor.

– Sizlar meni kechiringlar, – dedi Roziya arang pichirlab.

Shu payt boʻsagʻada Nabi paydo boʻldi.

– Singlimizni yana uyiga olib borib qoʻyinglar, – dedi Abray lochin.

Roziya qimorbozga minnatdorona koʻz tashladi.

– Rahmat, aka. Yaxshiligingizni unutmayman, – dedi pichirlab.

– Lekin, bilib qoʻy, – dedi Abray lochin, – baribir eringning qarzidan voz kechmaymiz. Qimor hayoti shunaqa. Foizlari bilan boʻyniga ilib qoʻyamiz. Sekin-sekin toʻlab yuradi. Yoʻqsa it kunini boshiga solamiz. Ha, aytgancha, unga tayinlayman, sendan emaklab kechirim soʻraydi. Oyoqlaringni oʻpadi.

Darhaqiqat shunday boʻldi.

Ertasi kuni ertalab Roziya yotoqxonada magʻrur va jiddiy qiyofada tik turardi. Tungi kaltak zarblari yuz-koʻzida aks etgan Gʻani yerga tizzalagancha xotinining oyoqlarini quchmoqchi boʻladi.

– Menga qoʻl tekkizma, benomus! – dedi Roziya tisarilib. – Sendan hazar qilaman.

Gʻani tizzalab yaqinlashgan kuyi yigʻlamsiradi.

– Kechir meni, Roziya. Seni boshimda koʻtarib yuraman, bu voqealarni hech qachon esingga solmayman. Sen ham unut, jonginam, unut!

– Hech qachon, balki sen unutarsan, lekin men… – ayolning koʻzlarida gʻilt-gʻilt yosh aylandi. – Seni Xudoga soldim.

Gʻani yana xotinining oyoqlarini quchishga harakat qildi.

– It tekkan bilan daryo harom boʻlmaydi, Roziya. Biz baxtli yashaymiz. Boy-badavlat yashaymiz. Shohona yashaymiz, jonginam, shohona. Sen… sen menga ishonmayapsan, shekilli, a, ishonmayapsan. Hozir… Hozir… Gʻani ahmoq emas. Ular shoxida yursa, men bargida raqs tushaman, ha-ha-ha. Hozir, jonginam, hozir…

Er shunday gʻudrangancha ichkari xonaga kirib, uy jihozlari orasida hovliqqancha titkilana ketdi. Roziya uni jim va beparvo, jirkangannamo kuzatib turardi. Gʻani nihoyat allaqayerdan istagan narsasini topdi.

– Mana, jonginam, mana! – deya u bank omonat daftarchasini tantanavor silkitdi. – Ularni bopladim. Oʻzimni pulim yoʻqlikka soldim. Mana, qara, bu yerda naq oʻn besh yilga yetadigan jamgʻarma bor. Hali yana koʻpayadi.

Gʻani hovliqqan, hayajonlangan koʻyi omonat daftarchasini varaqlab koʻrsatdi.

– Mana, seni zarga oʻrab qoʻyaman, xotin, – dedi u entikkan, yutoqqan kuyi. – Sal keyinroq sening nomingga mashina olamiz. Aytdim-ku, hamma voqeani unutaman. Endi… Endi, jonginam, sen ham unut. Biror yerda gapirib yurma, qarindoshlar eshitmasin.

– Xotirjam boʻl, – deb istehzoli iljaydi Roziya.

Gʻani yana uni quchishga urindi. Ayol tagʻin oʻzini olib qochdi.

– Qoʻlingni tort, dayus. Endi menga hech qachon yaqinlashma. Shuning evaziga qilmishlaring haqida hech kimga ogʻiz ochmayman. Boshqa narsang oʻzingga siylov. Seni Xudoga soldim, yaratganning Oʻzi jazoingni bersin.

Roziya tuyqus asabiy, telbavor tarzda bank daftarchasini yulqib olib varaqladi. Soʻng xoxolab kuldi. Kula-kula daftarchani erining yuziga uloqtirdi. Gʻani he-helab kuldi.

 

* * *

Roziya oʻz ish oʻrnida, vokzal maʼlumotlar xonasining katalakdek, yop-yorugʻ xonasida maʼyus va parishon oʻtirarkan, xuddi shu voqealarni iztirob bilan esladi.

– Qargʻishim tutdi seni, Gʻani, – deya pichirladi u oʻz-oʻziga. – It eding, it oʻlimini topding.

Shu chogʻ vokzal ichkarisiga kirgan ikki nafar militsiya xodimi tevarakni sinchiklab koʻzdan kechirishdi, soʻng maʼlumotlar xonasi tomon yurishdi.

– Kechirasiz, singlim, – dedi ulardan biri tuynukdan moʻralab. – Mabodo, mana bu nusxaga koʻzingiz tushmadimi?

Militsiya xodimi Roziyaga kichik bir suratni uzatdi. Roziya suratdagi Latifni darrov tanidi. Oʻtgan tundagi uning kulimsirab turgan chehrasi lop etib koʻz oʻngida jonlandi. Biroq ayol ehtiyot yoʻlini tutdi.

– Bilmadim, – dedi yelka uchirib. – Bu yerdan qancha odam oʻtib-qaytadi, hammasini eslab qolish qiyin.

– Mabodo koʻzingiz tushsa darhol bizga xabar qiling.

– Namuncha, juda zarurmi?

Ikki militsioner oʻzaro koʻz urishtirib olishdi.

– Ha, zarur, juda zarur, – dedi oʻsha surat uzatgani. – U xavfli jinoyatchi. Balki siz ham eshitgandirsiz, uchinchi mikrorayonda qotillik sodir boʻlgan. Bir kishi xotinini jazmani bilan tutib olgan. Soʻng xotinini pichoqlab, jazman erkakni balkondan uloqtirib yuborgan, oʻzi esa qochib ketgan. Oʻsha qotil suratdagi mana shu nusxa. Latif Mirzayev.

– U uzoqni koʻzlab yoʻlga chiqqan boʻlishi mumkin, – deya gapga aralashdi ikkinchi militsiya xodimi, – shuning uchun sizga tayinlayapmiz, singlim. Bunaqa odamlar dovdirab, gangib tez koʻzga tashlanadi. Sizdan iltimos, tevarakka ozgina eʼtiborli boʻlib tursangiz.

– Yaxshi. Albatta, eʼtiborli boʻlaman, – dedi Roziya suratni qaytib uzatarkan. – Mabodo koʻzim tushsa vokzal militsiyaxonasiga xabar beraman.

Militsiya xodimi kuldi.

– Nega suratni qaytib beryapsiz. Usiz qanday taniysiz. Bu surat sizga, bizga oʻzimizniki yetarli.

Posbonlar ketishdi. Roziya Latifning suratiga yana oʻgʻrincha koʻz tashladi. Oʻtgan tunda tuynuk oldida oʻralashib turgan Latif, uning kulishlari, qiliqlari yana bir-bir xayolidan oʻtdi.

– Demak, Gʻani shuning xotini bilan yurarkan-da… – deya oʻz-oʻziga pichirladi ayol. – Latifning safarga chiqqanini eshitib darrov yetib borgan. Soʻng Latif aka poyezdga ulgurmay qaytib borganu…

Roziya goʻyo chinqirib yuborishdan qoʻrqqanday kafti bilan ogʻzini berkitdi. Koʻzlari katta-katta ochildi.

Ayni paytda ayol Nabi, Rustam degan qimorbozlar “mumiyo” topish ilinjida uning hovlisiga devor oshib kirishganini, biroq organ xodimlari tomonidan qoʻyilgan pistirmaga duch kelib, qoʻlga tushishganini bilmasdi.

 

* * *

Latif tunkezar arvohlardek izgʻib-izgʻib shahar janubidagi istirohat bogʻlaridan birining hududiga kirib qoldi. U tunash ilinjida qulayroq joy axtarib yurardi. Nazarida, hanuz dov-daraxtdan iborat bu maskan uning uchun boshpana boʻladigandek tuyuldi.

Baland-baland daraxtlar goʻyo yigitning ahvoliga achinganday shamolda yengil chayqalib, shitirlagan-shivirlagan tovush chiqaradi. Qaylardadir tun hasharotlari chirillaydi.

Latif quyuqqina butalar panasini koʻzlab oʻsha tomonga yurdi. Lekin yetgan joyda ilkis toʻxtadi. Chunki butalar tagiga yastangan allaqanday yigit va qiz bir-birini yalab-yulqashardi. Latif qayon yurarini bilmay, bir zum ularga angrayib qoldi.

– Oʻv, brat, – deya tuyqus oʻshqirdi buta tagidan yigit, – namuncha baqrayib qoldingiz, gap bormi?

Qoʻrqib ketgan Latif gʻudrangancha u yerdan uzoqlashdi.

Qiz hiringlab kuldi.

Qochoq er yana ancha payt bogʻ aro ivirsib yurgach, qulaygina yogʻoch oʻrindiq topdi. Avval biroz oʻtirib, tevarakni tomosha qildi. Soʻng oyoqlarini yigʻishtirib oʻrindiq ustiga yotdi. Shu chogʻ qay goʻrdandir qari daydi hassasini doʻqillatib kelib qoldi.

– Ey, bola, – dedi u xirildoq tovushda, – bu joy band. Qani, boʻshat.

Latif shosha-pisha oʻrindiqdan turdi. Ixrab-ixrab joyiga choʻzilayotgan daydini anqaygancha kuzatdi.

– Yangimisan deyman, a, bolam? – dedi qari daydi mingʻirlab. – Bu atrofda hamma joylar band, ovora boʻlib yurmagin. Sen yaxshisi vokzalga bor. Hali ust-boshing tuzukkina ekan, melisa shubha qilmaydi, yoʻlovchi boʻlsa kerak deb oʻylaydi. U yerda maza qilib yotasan.

– Maslahatingiz uchun rahmat, ota, – deb poʻngʻilladi Latif.

Ammo qari daydi hech qanday javob bermadi. Zum oʻtmay uning baralla xurragi tevarakni tutdi.

 

* * *

Vokzal maʼlumot berish boʻlmasida Roziya Latifning suratiga mamnun va masrur kayfiyatda tikilib oʻtirardi.

– Mening xaloskorim, – deb pichirladi u.

Shu payt boʻlmaga xizmatdosh qiz Barno kirib keldi. Roziya shosha-pisha suratni yashirdi.

– Roz, vuy, qanaqa zerikmay oʻtiribsan? – dedi Barno chimirilib. – Man rosa siqilib ketdim.

– Men ham diqqinafas boʻlib ketdim. Endigina oldingga chiqmoqchi boʻlib turgandim.

Shu payt Roziyaning koʻzi vokzalning oynaband yoʻlagi ortida ming bir sarosima bilan gangib turgan Latifga tushdi.

– Barnosh, – deya zoʻraki iljaydi Roziya, – joyimda biroz oʻtirib turgin. Ja koʻnglim ayniyapti, birrov ochiq havoga chiqib kelay.

– Bora qol, men odamlarni tomosha qilib oʻtirib turaman.

Roziya oʻrnidan turdi. Yuragi duk-duk urganicha vokzal tashqarisiga chiqdi. Koʻzi bilan zimdan Latifni izladi. Latif bosh egib, yelka qisib vokzal yaqinidagi daraxtzor oralab borardi. Roziya tez-tez yurib unga yetib oldi. Atrof kimsasiz, qorongʻu. Vokzal chiroqlarining gʻira-shira yogʻdularigina tevarakni ola-chalpoq yoritib turardi.

– Latif aka! – deb chaqirdi Roziya, biroz hayajonli tovushda.

Qochoq erkak choʻchib ortiga burildi. Yuz-koʻzlari toʻla tahlika, vahima. Soʻng ayolni tanib, zoʻraki iljaydi.

– Roziyaxon, sizmi?

Ular bir-biriga yaqinlashdilar. Roziyaning koʻzlaridan shashqator yosh oqardi.

– Latif aka, – dedi u beixtiyor erkakning qoʻllaridan tutib, – siz mening xaloskorimsiz.

Latif nega ayol bunday deyotganini tushunmay, bir zum kalovlanib qoldi.

…Ayni paytda yosh izquvar Sherbek Uzoqov oʻz boshligʻi podpolkovnik Manzura Hamidovnaga hech kalovlanmay, har bir soʻzni dona-dona qilib axborot berardi.

– Manzura Hamidovna, sizning koʻrsatmangiz boʻyicha Mavlonov Abdugʻanining hovlisi atrofiga qoʻyilgan pistirma ish berdi. Mavlonovning hamtovoqlari qoʻlga olindi. Xoʻsh-sh… Mavlonovga tegishli “Moskvich”ni ham yaxshilab tekshirdik. Mashina salonidan toʻrt yarim kilogramm narkotik modda topildi.

– Yashanglar, yigitlar. Aytgancha, anovi qochoq er hali topilmadimi? Ishxonasini aniqlab, surishtirdilaringmi?

– Surishtirdik, Manzura Hamidovna. Ayni paytda u mehnat taʼtilida ekan. Umuman, uni qidirish davom etayapti. Ertagacha daragi chiqib qolar.

– Yaxshi, boʻshashmanglar, – deb qoʻydi podpolkovnik ayol, allaqanday qogʻozlarni titkilashga tusharkan.

Sherbek Uzoqov tura boshladi.

– Aytgancha, Manzura Hamidovna, Abdugʻanining hovlisi yonida qoʻlga olinganlar dastlabki tergovdan oʻtishdi. Kalavaning uchi Abray lochinga qarab ketyapti.

– Shunaqami? – dedi boshliq oʻychan.

Ular maʼnoli koʻz urishtirib olishdi.

 

* * *

Latif va Roziya daraxtlar panasidagi yogʻoch oʻrindiqqa yonma-yon oʻtirishdi. Ayol shoʻlq-shoʻlq yigʻlab, ahyon-ahyon siniq iljaygancha Latifga koʻz tashlab qoʻyadi. Latif hanuz hangu mang, katta-katta ochilgan koʻzlari pir-pir uchadi, ogʻzi nim ochiq.

– Demak, oʻsha choʻchqa sizning eringiz ekan-da?!

– Ha, ha, – dedi Roziya titroq toʻla tovushda. – Siz oʻsha isqirtni oʻldirib men shoʻrlikka qanchalar yaxshilik qilganingizni bilmaysiz, Latif aka! Meni balolardan qutqardingiz. Yaratganga shukur, dunyoda sizdek mard, nomusli erkaklar ham bor.

Latif hanuz anqovlanib turgan kuyi oʻzicha eʼtiroz bildirishga, “uni men oʻldirganim yoʻq” deyishga chogʻlandi-yu, biroq tagʻin botina olmadi.

– Roziyaxon, men… men…

Ayol oshkora mehr bilan erkakning titrayotgan qoʻllarini kaftiga oldi.

– Bilaman, Latif aka, siz ham qattiq iztirobdasiz. Bir… bir benomus suyuqoyoqning isnodiga qoldingiz. Lekin… lekin, unutmang, kelajak hali oldinda. Sizday oqkoʻngil, oriyatli insonning qadriga yetadigan ayol hamisha topiladi. Ishoning, oʻsha ayol bir umr choʻringiz boʻlishga ham rozi.

Latif Roziyaning qoʻlidan qoʻlini ohista boʻshatib olarkan, tevarakka alang-jalang qarab oldi.

– Roziyaxon, bilasiz, men… men qochib yuribman.

Uning gapi tugamasdan ayol allanima esiga tushganday sapchib turib ketdi. Uning tuyqus harakatidan choʻchib tushgan Latif ham irgʻib turdi. Roziyaning boya yolvorib turgan koʻzlari katta-katta ochiq, goʻyo qichqirib yuborishdan qoʻrqqanday bir kafti bilan ogʻzini toʻsgan.

– Aytgancha sizni… – deb vahimali pichirladi u, – sizni izlab yurishibdi-ku?! Voy, endi nima qildig-a?!

– Toʻgʻrisi, boshim qotib qoldi. Rossiya tomonlarga qochib ketsammi deb turibman.

Roziya bir zum oʻylanib turgach, tuyqus jonlandi.

– Yaxshi fikr, Latif aka, juda toʻgʻri. Men Novosibirsk poyezdiga chipta undiraman.

– Poyezd qachon boʻladi?

– Ertaga kechqurun.

Latif hafsalasi pir kayfiyatda mingʻirladi:

– Uf-f, ungacha-chi, ungacha qayerda jon saqlayman.

– Ungacha menikida yashirinib tura qolasiz, hech kim shubhalanmaydi. Men hozir sumkamdan uy kalitlarini opkelaman, hozir. Siz jindek kutib turing.

Ayol hovliqqanicha keta boshladi.

– Roziyaxon, – dedi Latif titroqli bir tovushda.

Ayol taqqa toʻxtab, ortiga qayrildi.

– Labbay, aka.

– Roziyaxon, ovora boʻlmang, – dedi Latif ayolga yaqin borib, – men oʻzimni organga topshirishga qaror qildim. Bu yogʻi peshonamdan, bir boshga bir oʻlim, deganday.

Roziya tuyqus oʻzini erkakning quchogʻiga urdi.

– Yoʻq, Latif aka, yoʻq!

Ayolning chinqirgannamo tovushi biroz naridan oʻtib ketayotgan ikki militsiya patrulining diqqatini tortdi. Ular gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gaplashib borishayotgan joyida taqqa toʻxtashdi. Oʻzaro maʼnoli-maʼnoli koʻz urishtirishdi. Chinqiriqli “Yoʻq! Yoʻq!” kelgan tomon alanglashdi.

– Ayolni zoʻrlashmoqchi shekilli, a? – dedi novcharoq militsiya xodimi daraxtlar orasiga sergaklik bilan tikilib.

Sherigi qiziqsindi.

– Yur-chi, nima gap, surishtiramiz.

Ular ehtiyotkorlik bilan bir-birining pinjiga tiqilgan erkak va ayolga yaqinlashdilar.

– Ey, ayolni qoʻyvor! – dedi novcha militsiya xodimi.

Sherigi goʻyoki yonidan toʻpponcha chiqarmoqchi boʻldi.

– Qiliq chiqarsang, otaman.

Roziyani shosha-pisha quchogʻidan boʻshatib, qochishga shaylangan Latif qalt-qalt titraganicha qoʻllarini koʻtardi. Roziya jiqqa yosh koʻzlari bilan goh militsiya xodimlariga, goh Latifga iltijoli termuldi.

 

* * *

Vaqtinchalik hibsxonaning qulflari sharaqlab ochildi. Soch-soqoli oʻsiq, kir-chir Latifni ikki militsiya xodimi yetaklab chiqishdi. Va uzun yoʻlak boʻylab tergov boʻlimiga boshlab ketishdi.

Latif iztirob va tahlikada. Koʻz oʻngida Abray lochin, xayolida uning tanbehli soʻzlari: “Togʻangga tortmabsan, oʻv, bola… Oʻzing men oʻldirdim deb borishing kerak edi”.

– Yoʻq, togʻamga tortganman, – beixtiyor dimogʻida pichirladi Latif. – Ha, oʻldirdim deyman.

Mahbusni oʻrtada olib ketayotgan qoʻriqchilar uning aftiga ajabsinib koʻz tashlashdi.

– Ey, nima deb toʻngʻillayapsan, – dedi biri. – Kim bilan gaplashyapsan?

– Jin bilan.

Orqadagi qoʻriqchi u yon-bu yon jiddiy qiyofada alangladi.

– Bu yerda gaplashish mumkin emas.

Ular yana picha yurishgach, qora dermantin qoplangan eshikka koʻndalang boʻlishdi. Oldinda borayotgan qoʻriqchi ichkariga bosh suqib axborot berdi.

– Olib kiring, – dedi temirdek jaranglagan bir ovoz.

Qoʻriqchilar Latifni ichkariga kiritib yuborib, oʻzlari yoʻlakda qolishdi.

Xona torgina edi. Oddiy jihozlangan. Toʻrdagi jigartus stol ortida katta leytenant Sherbek Uzoqov jiddiy bir qiyofada oʻtiribdi.

– Marhamat, oʻtiring, Mirzayev.

Latif sarosima bilan koʻrsatilgan joyga choʻkdi. Uzoqov unga sinchkov-sinchkov tikildi.

– Nega qochib yuribsiz, Mirzayev?

– Qochganim yoʻq, – deya toʻngʻilladi Latif.

Sherbek xuddi tarsaki tushirmoqchiday u tomon ilkis engashdi.

– Yolgʻon, oʻz xonadoningizda Toʻlayeva Amirani va Mavlonov Abdugʻanini oʻldirib, soʻng juftakni rostlagansiz. Bunga bizda yetarli dalillar bor.

Latif tergovchiga katta-katta ochilgan koʻzlarini pirpiratgancha termuldi. Bir zum Uzoqov oʻrnida Abray lochin jonlandi, uning soʻzlari quloqlari ostida jarangladi. “Togʻangga tortmabsan, oʻv, bola. Men oʻldirdim deb oʻzing borishing kerak edi…”

– Yoʻq, aslo… – beixtiyor mingʻirlab yubordi Latif.

Sherbek ajablandi:

– Tushunmadim. Nima deb gʻoʻldiradingiz?

– A? – dedi Latif tuyqus uyqudan choʻchib uygʻonganday, tergovchiga anqayar ekan, – nima?

Sherbek istehzoli kulimsiradi.

– Yoʻq! – dedi Latif jon holatda. – Hammasi yolgʻon. Ularni men oʻldirganim yoʻq.

– Xoʻsh, buni qanday isbotlaysiz.

– Isbotim yoʻq, – dedi Latif boʻshashib. – Lekin men oʻldirmaganman.

– Xoʻp, unda voqea qanday sodir boʻlganini aytib bering.

Latif bir chekkaga xomush tikilib chuqur tin oldi…

Chamasi bir soatlardan soʻng Sherbek Uzoqov podpolkovnik Manzura Hamidovnaning huzuriga tantanavor kirib bordi.

– Manzura Hamidovna, Mirzayev Latifning koʻrsatmalari diktofondagi yozuvlarga toʻla-toʻkis toʻgʻri keldi. Mana, – katta leytenant qogʻoz taxlamini boshligʻi tomon surib qoʻydi, – yozma hisobotda oʻsha voqea jarayoni toʻla bayon qilingan.

– Shunaqami, – dedi podpolkovnik ayol biroz oʻychan, soʻng jilmaydi, – u holda yaxshi. Birinchi chigal ishni muvaffaqiyatli hal qilganingiz bilan tabriklayman. Xoʻsh, ikkinchi masala nima boʻlyapti?

– Bu ish ham tezda hal boʻladi.

– Rahmat, ukajon. Gʻayrat qiling.

Ular bir-biriga mamnun jilmayib qoʻyishdi.

 

* * *

Tushga yaqin ichki ishlar idorasining kirish yoʻlagida Roziya paydo boʻldi.

– Xoʻsh, xizmat? – deb soʻradi navbatchi.

Ayol chaqiruv qogʻozini uzatdi.

– Meni katta leytenant Sherbek Uzoqov chaqirtirgan edi.

– Marhamat, oʻting.

Ayni paytda Sherbek Uzoqov oʻz xonasida allaqanday qogʻozlarni uzoq qoraladi-da, qarshisida bosh eggan kuyi xomush oʻtirgan Latifga yuzlandi.

– Mirzayev, umuman, siz ozodsiz. Ammo chaqirtirilgan vaqtda tagʻin bir-ikki kelib ketishingizga toʻgʻri keladi. Baʼzi bir rasmiyatchiliklarni oʻtkazishimiz shart.

Latif hangu mang qotdi. Yuz-koʻzlariga quvonch va hayajon qalqib chiqdi.

Koʻp oʻtmay uni boshqa xonaga oʻtkazishdi. Bu yerda Roziya xayolchan oʻtirardi. U Latifni koʻrib bir qalqib tushdi.

– Uchrashgan joyimizni qarang-a, – dedi qochoq erkak iljayib, – siz nima qilib yuribsiz bu yerda?

Roziya pichirladi.

– Hali keyin aytaman. Siz-chi? Sizni ozod qilishdimi?

– Ha, – dedi Latif tomoq qirib, uning ovozi allanechuk tantanavor chiqdi, – dalillari yoʻq ekan.

– Voy, qanday yaxshi!

– Tish-sh… – dedi Latif labiga barmoq bosib.

Birozdan soʻng xonaga Sherbek Uzoqov ikki militsiya xodimi bilan kirdi.

– Hozir ikkingiz… jasadlarni tanib-tasdiqlashingiz kerak. Soʻng bu koʻngilsiz mashmashaga chek qoʻyamiz.

Goʻyo begonalarday hurpayishib oʻtirgan Roziya va Latif oʻzaro maʼnoli koʻz urishtirib olishdi.

Tergovchi aytgan rasmiyatchilik ancha davom etgach, nihoyat, ular idora hovlisiga chiqishdi. Roziya va Latif yonma-yon, mamnun qiyofada odimlashar edi. Shu chogʻ hovliga kirib kelgan, militsiyaga tegishli mashina eshiklari ochilib, qoʻriqchilar qurshovida Abray lochin tushdi. Qoʻllari kishanlangan. U Latif va Roziyaning yonidan oʻta-oʻta bir zum toʻxtadi. Kinoyali iljaygancha bosh chayqadi.

– Rosa topishibsizlar-ku, a…

Qoʻriqchilar Abray lochinni yurishga undashdi. Latif va Roziya uning gaplariga tushunmaganday, ortidan taajjublanib qarab qolishdi.

 

* * *

Peshin payti. Bogʻning ovloq bir chekkasida kimnidir betoqat kutib turgan, poʻrimgina kiyingan Latif soatiga tez-tez qarab qoʻyardi. Daraxtdan-daraxtga panalab, quvonch va hayajonda yal-yal yashnab Roziya uning orqa tomonidan yaqinlashdi.

– Yaxshi yigit, yoʻl boʻlsin?

Latif choʻchib ortga burildi. Roziyani koʻrib mamnun iljaydi.

– Gʻargʻaraga.

– Gʻargʻaraning poyezdi allaqachon ketib boʻldi-yu?!

– Nahotki?! – dedi Latif ayolning qoʻlidan tutib. – U holda Novosibirskka!

Ular bab-baravar qah-qah otib kulishdi. Bir-birlariga sirli, ishvali tikilishdi. Nogoh Roziya jiddiy va maʼyus tortib Latifning koʻksiga bosh qoʻydi. Soʻng oʻychan pichirladi:

– Ayolga erkak sevgisidan, pok muhabbatidan boshqa narsa kerak emas.

Latif noʻnoqlik bilan uning sochlarini silagan boʻldi.

– Yuragimning toʻri sizniki, Roziyaxon.

Ular shu holatda uzoq turib qolishdi. Soʻng Roziya yana sekin pichirladi:

– Ketdikmi?

– Ketdik.

 

* * *

Roziyaning uyi ancha keng va shinam edi. Latif dahlizda choy hoʻplab, mamnun va masrur oʻtirarkan, bunga iqror boʻldi. Roziya suratlar albomini topib keltirish uchun ichkarida kuymalanib yurardi. Nogoh u sobiq eri yashirib ketgan bank daftarchasini topib oldi. Gʻazab va nafratdan rangi oʻzgardi.

– Latif aka, – dedi u dahlizga chiqib, – yoningizda gugurt bormi?

– Zajigalka bor, – dedi Latif choʻntak kavlab, – nimaga kerak edi?

Roziya bank daftarchasini jirkangannamo koʻrsatdi.

– Bu oʻsha pullar. Hali sizga aytib bergandim-ku, oʻsha iflosning jamgʻarmasi.

Ayol “zajigalka”ni oʻt oldirdi. Bank daftarchasini yoqib yuborishga chogʻlandi. Latif hangu mang, vahima bilan kuzatib turardi.

– Baxtimiz uchun, Latif aka!

Erkak bir intilib ayol qoʻlidan bank daftarchasini yulqib oldi.

– Nima qilayapsan, ahmoq?!

– Nima?! – Roziya bir lahza dong qotib qoldi. – Bu… anovi maxluqdan qolgan! Koʻrarga koʻzim yoʻq. Nafratlanaman.

Latif bank daftarchasini bamaylixotir choʻntagiga tiqdi.

– Qoʻysangiz-chi, it tekkan bilan daryo harom boʻlmaydi.

Roziya unga hangu mang, koʻzlari katta-katta ochilgan kuyi ancha payt tikilib qoldi. Soʻng, huvv, bir paytlardagidek qah-qah otib kuldi. Latif hiringlab unga qoʻshildi.

 

Luqmon BOʻRIXON

 

“Yoshlik”, 2014 yil 2-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/ayol-koz-yoshlarga-ishonmaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x