“Atom bombasining guli”

Miyao Oxara

 

Suv sapchib qirgʻoqqa

Yassi qumloqda

Koʻpikdan qoldirdi bir gul chambarak.

Ana shu koʻpik gul tovlangan choqda

Qinidan chiqqudek boʻldi bu yurak,

Eh, qanday yonadi gulxanday lov-lov,

Koʻzingni oladi boqqaning zamon!

Esimga tushirdi koʻz yoshim darrov

Baxtimga oʻt ketgan u kunni shu on.

U kunki, tikkadan ogʻganda quyosh,

Tashvishu vahmadan koʻzlarim giryon

Otamning qoshiga qishloq yoʻlidan

Pildirab borardim.

Baribir yetolmay qon yigʻlab qoldim.

Bir hovuch kulga u aylangan edi.

Dud boʻlib vayrona uzra kezardi,

Tasalli topolmay faryod solardim,

Bu dahshat qalbimni oʻrtab ezardi.

Shu mahal yosh toʻla koʻzlarim nogoh

Chetan gʻov yonida bir gulga tushdi.

Hamma yoq kuyganu bu gʻuncha qandoq

Qolibdi? – savoli koʻngilga tushdi.

Oʻt toʻfon ichra u menga kulardi,

Qulardi bir oʻzi, hamma yoq vayron,

Bu tahqir kulgisi yurak tilardi,

Qonimda qaynatib nafratu tugʻyon.

Men uni shu lahza shart uzib olib

Ezgʻilab bir chetga otmoqchi edim, –

“Baribir endigi yili koʻkarib

Yana u gʻashimga tegadi”, dedim.

Endi u har avgust xaroba ichra

Gʻam-hasrat ramzidek yonib turadi.

“Bu – atom bombasin guli”, deb barcha

Nom berib, oʻzaro soʻzlab yuradi.

 

Shuhrat tarjimalari

 

ziyouz.uz

https://saviya.uz/ijod/nazm/atom-bombasining-guli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x