“Assalom”ning hikmati

Ertalab ishga kech qolmaslik uchun Muhammadalini bogʻchasiga shoshiltirib olib boradigan otasining ham, onasining ham zarur yumushi chiqib qolib, barchalari tez-tez nonushta qilib ketib qolishdi.

Bolakayni bogʻchaga eltib qoʻyish oʻgʻli va kelinining iltimosiga koʻra Qodirdadaga qoldi.

Qodirdada va Muhammadali ham dasturxondagi u-bu narsalardan totingan boʻlib, asta bogʻchaga borish taraddudiga tushishdi. Ular qoʻl ushlashib koʻchaga chiqishdi. Hamma oʻz yumushi bilan ketgan. Koʻchada deyarli hech kim koʻrinmas, faqatgina uyquchi bolalar turasolib orqalariga papkalarini ilib olib, bir qoʻlida bir tishlam non bilan maktab tomon yugurib ketmoqda.

Muhammadali bobosi bilan koʻchaning oʻng tomonidan, bir chekkadan asta yurib borisharkan, koʻchaning oʻrtasidan bir sekin, bir loʻkillab ketayotgan bola oʻtib qoldi. Qodirdada bolaga qarab: “Assalomu alaykum”, dedi. Muhammadali katta odam kichiklarga salom berishiga hayron boʻlib, bobosiga qaradi. Yugurib ketayotgan bola bu salomni eshitdimi, yoʻqmi, indamay ketaverdi. Sal yurgach, qarshilaridan yana bir bola koʻk yelim xaltada bir narsa koʻtarib kelardi. Roʻparama-roʻpara kelganlarida boladan sado chiqmaganini koʻrib, otaxon unga ham salom berdi. Bola yelka osha bir qarab qoʻydi-da, pichirlab salom bergan boʻldi. Shunda Qodirdada: “Ha, oilasida oz boʻlsa-da, tarbiya bor ekan”, deb qoʻydi.

Muhammadali bobosiga bir nima aytmoqchi boʻlib turganida, bogʻcha eshigiga yetib qolishdi. Bogʻchaning toʻgʻrisidagi eshik oldida goʻyo ularni kuzatayotgandek turgan yigitcha ham orqaga burilib uyiga kirib ketdi. Muhammadali ham bogʻcha darvozasidan ichkari kirib, oʻz guruhiga borib qoʻshildi…

Muhammadalining onasini kechki payt ota-onalar majlisi boʻlib qolganligi tufayli oʻgʻlini bogʻchadan olib kela olmasligini aytib, yana qaynotasidan iltimos qildi. Otaxon bu xabardan xushnud boʻlib, nevarasini bogʻchaga olib borib, olib qaytishga qodir qilib qoʻygan Yaratgan egamga shukronalar aytdi.

Bobo va nevara bogʻchadan uyga qaytishmoqda. Koʻcha anchagina gavjum: katta-kichik, ota-bola, ona-bola, yigit-qizlar uyga qaytishyapti. Zingil solsangiz har xil kayfiyatda, biri boshqasiga oʻxshamaydi. Ularning yonidan yelim xalta koʻtargan katta odamlar, yosh yigit-qizlar va papkasini ortmoqlab, qadamini zoʻrgʻa sanab bosib, xorgʻin kayfiyatda maktabdan qaytayotgan bolalar oʻtardi. Qodirdada yonlaridan kim oʻtsa, unga qarab salom beraverardi.

Muhammadali buning sababini endi soʻramoqchi boʻlib turganida, oʻrta yoshlardagi qoʻshnilari Sodiq aka bobo bilan salomlashib qoldi: “Assalomu alaykum Qodir aka, yaxshimisiz, sogʻ-salomat yuribsizmi, baraka toping, nevarangizni bogʻchadan olib kelay debsiz-da, boringizga shukr!”.

“Muhammadali bu gal ham ogʻiz ocholmadi. Koʻcha eshigidan hovliga kirishgach, Muhammadali gap boshladi: “Bobo nega siz oʻzingizdan kichkinaga salom berdingiz? Kichiklar kattalarga salom beradilar-ku?”

Qodirdada nevarasiga qarab turib, qani bu yoqqa yuring-chi, deya oʻzi yashaydigan xonaga boshlab kirdi. Tokchadan bir kitob olib, “Bolam, yaxshilab quloq soling, men oʻqiyman tushunmaganingizni soʻrarsiz. Endi siz katta boʻlib, maktabga tayyorgarlik guruhiga oʻtdingiz”, deya oʻqishga kirishdi.

“Abdulloh ibn Masʼud (r. a.) rivoyat qiladilar: Rasululloh (s. a. v.): “Assalom, Alloh subhonahu va taoloning ismlaridan biridir. Oʻzaro salomlashishni odat qiling. Salom bergan va salomga javob qaytargan har bir musulmonga farishtalar yetmish marta salavot yuboradilar. Bir-birini koʻrib salomlashmagan va salomga javob bermagan musulmonga ular yetmish marta laʼnat yuboradilar, – deb marhamat qildilar…”

 – Bolam maʼnosiga tushundingizmi?

 – Yaxshi tushunmadim

 – Tushunmagan boʻlsangiz eshiting: “Allohning goʻzal ismlari bor. Shulardan biri “Assalom”. “Assalom” bu “salomatlik” degan maʼnoni bildiradi. Kim “Assalom” deb salomlashsa, Allohni eslagan boʻladi. Alloh nomini eslaganni yaxshi koʻradi. Chunki, u har bir narsani koʻrguvchi, bilguvchi, eshitguvchidir. Shu bois uni sogʻlom qiladi, omonda saqlaydi. Allohni eslagan bolani axloqli, odobli, yaxshi xulqli qiladi. Bundan tashqari, uning farishtalari salom berganga yaxshiliklar yetkazishini soʻraydi”.

Qodirdada oʻqishda davom etadi: “Imron ibn ol-Husayn (r. a.) shunday rivoyat qiladilar: “Bir kuni bir odam kelib Rasululloh (s. a. v.)ga: “Assalomu alaykum”, dedi. Rasululloh (s. a. v.) uning salomiga javob berib: “Nomai aʼmolingga oʻn savob yozildi”, dedilar. Boshqa bir odam kelib: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh”, dedi. Rasululloh (s. a. v.) uning salomiga javob berib: “Sening nomai aʼmolingga yigirma savob yozildi”, dedilar. Yana boshqa odam keldi-da: “Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh va magʻfirati”, deb aytdi. Rasululloh (s. a. v.) “Sening nomai aʼmolingga oʻttiz savob yozildi”, dedilar…

 – Bobo “nomai aʼmol” degani nima, – deb soʻradi Muhammadali.

 – Bolam, Alloh odamlarni yaratib, har bir insonni dunyoda nima ishlar qilib oʻtganini oʻziga koʻrsatish uchun ikkita farishtani biriktirib, birini oʻng yelkasiga, ikkinchisini chap yelkasiga oʻtqazib qoʻydi. Oʻng yelkasidagi farishta oʻsha inson qanday yaxshi ishlar qilsa, chap yelkasidagisi qanday yomon ishlar qilsa, shuni yozib qoʻyadi. Ana shu daftar “nomai aʼmol” deb yuritiladi. Endi tushunib oldingizmi? Ha, barakalla, demak, salom berishning qanchalik ulugʻ ekanligini bilib oldingiz. Bordi-yu bir qoʻlingizni koʻksingizga qoʻyib salom bersangiz, hurmatingiz yanada oshadi. Bolam sizga nasihatim, maslahatim shuki, siz taniysizmi, tanimaysizmi, katta kishimi, kichikmi – kim boʻlishidan qatʼi nazar salom beravering.

Salom bergan odam hech qachon kam boʻlmaydi, yomonlik koʻrmaydi, izzat hurmati ulugʻ boʻladi.

 

Bahodir QODIROV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/assalom-ning-hikmati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x