“Sogʻlom tafakkur baribir ustun keladi!”
Najib MAHFUZ
Tunisning chekka bir qasabasida amal-taqal kun koʻrib yurgan baqqol yigitning oʻz joniga qasd qilishi – butun arab dunyosini saratondagi chaqindek larzaga solishi, larzaga solish ne, ostin-ustin qilishi, sokin hayotini toshqin daryoga aylantirishi mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagandi.
2010 yil 17 dekabr. Sidi-Buzid bozorida savdo-sotiq qilayotgan 26 yoshli Muhammad Buaziziy va mirshab ayol Faida Hamdi oʻrtasida gap qochadi. Yigitcha hujjatsiz oldi-cotdi qilayotganidan xabar topgan Hamdi xonim uning yuziga tarsaki tushiradi, ikki ogʻiz nordon gap aytib, qoʻliga jarima pattasini tutqazadi. He yoʻq-be yoʻq haqoratlangan, boz ustiga, “zaifa” mirshabdan tarsaki yegan yalangtoʻsh yigitcha oyogʻini qoʻliga olib, shahar hokimligiga chopadi. Ammo uning arziga quloq osadigan dodxoh topilmaydi. Oʻzini tahqirlangan deb hisoblagan Muhammad Buaziziy hokimlik binosi yonida oʻz ustidan benzin quyib, oʻt qoʻyadi.
1914 yil 28 iyunda Sarayevoda ersgersog Frans Ferdinandning oʻldirilishi Birinchi jahon urushi boshlanishi va undan keyin qirgʻinbarotlarga bahonai sabab boʻlgandi. Tarix yana takrorlandi. Muhammad Buaziziyning vujudini kuydirgan olov koʻp oʻtmay dahshatli alangaga aylanib, butun arab dunyosini oʻz domiga tortdi. Yangi davr tarixiga “Arab bahori” degan shoirona nom bilan tirkalgan tinch namoyishlar qonli davlat toʻntarishlariga ulanib ketdi. Oʻrmonga oʻt ketsa, hoʻlu quruq baravar yonadi: siyosiy tartibning izdan chiqishi barcha sohalar qatori fan, taʼlim, sanʼat, adabiyotga ham xatarnok taʼsir koʻrsatdi. Koʻp asrlik gʻaflat uyqusidan uygʻonib, oʻzligini tanish yoʻliga oʻtayotgan arab olami koʻz ochib yumguncha harbu zarb maydoniga aylandi-qoldi…
Tamaddun yaratgan xalq
Arablar – rubʼi maskundagi shavkatli xalqlardan biri. Bu tilda soʻzlashuvchi xalqlar qadimgi Misr, Shumer, Ossuriya, Bobil, Finikiya kabi buyuk tamaddunlarga asos solgan. Gʻoyat qulay jugʻrofiy hududda joylashgan, Atlantika va Hind okeanlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoniga ega boʻlgan mintaqa xalqlari oʻz davrida bu ilohiy tortiqdan gʻoyat unumli foydalangan. Miloddan avvalgi asrlardayoq Nil, Frot va Dajla daryolari boʻyida koʻhna tamaddunlar nashʼu namo topgan.
Iso Masih tavalludidan keyingi zamonlarda mintaqa xalqlari oʻtmishdagi nufuzli mavqelarini boy berdi, parokandalikka yuz tutdi. 622 yilda samo bilan robita qayta tiklandi, Arab jazirasida islom dini maydonga chiqdi. Bu tarixiy voqea arab qavmining hayot tarzini tamomila oʻzgartirib yubordi. Ismoil zurriyodlari (manbalarga koʻra, paygʻambar Ibrohim (a. s.)ning oʻgʻillari Isʼhoqdan yahudiylar, Ismoildan esa arablar tarqalgan) johiliyat davrining rizolat va illatlaridan voz kechib, yangi jamiyat qurishga bel bogʻladi. VII-X asrlar Arab tamaddunining oltin davri sifatida moziy sahifalaridan oʻrin oldi. Arabiston yarimorolida ibtidoiy qabila tuzumida yashab kelgan, aksari xat-cavodsiz sahroyi qavmni mutlaqo tanib boʻlmay qoldi. “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farz” degan maslakni mahkam tutgan Jazira arablari oʻzigacha mavjud boʻlgan yunon, fors, rim, hind va xitoy tamadduni yutuqlarini chanqoqlik bilan oʻrganishga kirishdi.
Ilk oʻrta asrlar dunyo xaritasining qoq markazini hayhotdek Arab xalifaligi davlati egalladi. Umaviylar (661–750) hukmronligi davrida badaviy arablar koʻchmanchi hayot tarzidan voz kechib, oʻtroqlasha boshladi. Bu esa ilm-fan va adabiyot ravnaqiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatdi. Arablar diniy ilmlar bilan birga dunyoviy fanlarni ham harislik bilan oʻzlashtirdi. Abbosiy xalifalar Horun ar-Rashid (786–809) va Maʼmun (813–833) davrida ilm-fan qulf urib gullab-yashnadi. Bagʻdod “Bayt ul-hikma”sida xalifalikning turli burjlaridan kelgan peshqadam allomalar matematika (riyoziyun), kimyo, astronomiya, tibbiyot, falsafa singari fanlar boʻyicha koʻz koʻrib, quloq eshitmagan ixtirolarni amalga oshirdilar. Bagʻrikenglik, turli din va elat vakillarining yagona maslak atrofida jipslashuvi taraqqiyotga doyalik qildi. Suriyalik olim Mustafo Husniy as-Sibaʼiy Bayrutda 1987 yili beshinchi marta nashr etilgan “Hazoramiz ajoyibotlaridan” kitobida yozishicha, xalifalar huzuridagi ilmiy halqalar turli dinga eʼtiqod qiluvchi olimlardan iborat edi. “Bayt ul-hikma” rahnamosi Maʼmun ulkan saltanatning turli hududlaridan kelgan olimlarga: “Xohlagan ilmingizdan bahs etavering. Faqat toifakashlik qoʻzgʻalmasligi uchun har biringiz oʻz diniy kitobingizdan dalil-hujjat keltirmasangiz boʻlgani”, deya uqtirgandi. Ulugʻ rus adibi Nikolay Gogolning taʼbiri bilan aytganda, “Hamma firqalarning olimlari uchun davlat eshiklarini lang ochib qoʻygan al-Maʼmunning kosmopolitizmi aql bovar qiladigan chegaradan ancha chiqib ketgandi” (“Al-Maʼmun”, 1834).
Yana suriyalik as-Sibaʼiyga quloq solamiz. Uning qayd etishicha, ulugʻ arab olimi Abu Yusuf al-Kindiy (801–873) Eynshteyndan ancha avval nisbiylik nazariyasini ilgari surgan. Arifmetika, geometriya va psixo-fiziologiyaga oid fundamental asarlar yozib qoldirgan. Alloma Qutbiddin ibn al-Haysam (960–1039) esa fizikadagi ulkan kashfiyotlari bilan tilga tushgan. Uning qalamiga mansub “Kitob ul-manozir” (“Tasvirlar kitobi”) 1270 yilda lotinchaga oʻgirilgan, keyinchalik Germaniya, Portugaliya, Fransiyada chop etilib, Kopernik va Nyutonning optikaga oid asarlariga manba boʻlgan. Xullas, arabistonlik ilm kashshoflari haqida koʻp va xoʻb gaplarni aytish mumkin.
Alqissa, arab lisoni VII asrdan boshlab dunyo ilm tili maqomiga koʻtarildi, Arab jazirasidan Pireney yarimoroligacha yastangan ulkan hududda yagona muloqot vositasiga aylandi. Shu tilda nodir ilmiy risolalar bitildi. Qadimgi yunon allomalarining qimmatli asarlari asliyatdan oʻgirildi. Osiyo va Yevropadagi Bagʻdod, Damashq, Qohira, Qurtuba (Kordova), Gʻarnota (Granada) singari shaharlar arab tamadduni beshigiga aylandi.
Yevropani uygʻotgan oʻktam ovoz
Siyosiy nizom (boshqaruv)ning barqarorligi, iqtisodiy oʻsish, ilm-fanning ravnaq topishi, jamiyat hayotining barcha jabhasida peshqadamlik tamaddunlar yaratilishiga tagzamin boʻlib kelgan. Anʼana, din, til, axloq kabi maʼnaviy uzvlar esa unga ruh ato etgan. Arab tamadduni ham shu asosda tarkib topdi, bashariyat tamaddunlari zanjiriga mustahkam halqa sifatida qoʻshildi.
“Arablar tabiatan sergʻayrat, xushchaqchaq kishilar, zukkoligi, topqirligi, suxandonligi, mehnatsevarligi bilan ajralib turadi… Ancha-muncha odam tob berolmaydigan avji jaziramada, ochin-toʻqin holatda mehnat qilib, suyagi qotadi. Sogʻlom fikr va tajriba hamda ajdodlardan meros saqvi tabiiy (instinkt)ga suyanib keladi” – 1999 yili Moskvada chop etilgan “Etnopsixologik lugʻat”da arablarga shunday tavsif berilgan. Albatta, zakovat, matonat va yaratuvchanlik hissi millatning unib-oʻsishida ulkan ahamiyatga ega. Ammo, bizningcha, qaddi dol arablarning alifdek tik boʻlishida ajdodlardan meros saqvi tabiiyning xizmati kattaroq.
Fransuz olimi, jahongashta faylasuf Gyustav Lebon 1882–1884 yillarda Misr, Marokash, Jazoir, Tunis, Livan, Suriya, Iroq mamlakatlariga safar qilib, shahar-kentlarni bearmon kezadi. Sayohat asnosida gʻamlagan bilimlarini toʻplab, “Arab sivilizatsiyasi tarixi” (1884) kitobiga tartib beradi. Farang olimi oʻz tadqiqotida arablarning dunyo tamaddunidagi oʻrnini yuksak baholaydi, Yevropa Renessansiga kuchli turtki berganini taʼkidlaydi: “Arablarning intellektual taʼsiri tufayli Yevropa oʻziga begona boʻlgan ilm-fan, adabiyot va falsafa olamini kashf etdi. Keyingi olti yuz yil davomida arablar sivilizatsiyada bizga ustoz va murabbiy boʻldi”. Yevropa qitʼasi sarhadlari yetti iqlimga yoyilgan Arab xalifaligi allomalari (ular orasida yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ zotlar ham talaygina) ovozidan uygʻonganini boshqa qator tadqiqotchilar ham xolis eʼtirof etganlar.
1130 yili arxiyepiskop Raymond ispan Toledosida arabcha ilmiy adabiyotlarni lotin tiliga oʻgirishni yoʻlga qoʻydi. Doktor Lyusyen Leklerk “Arab tibbiyoti tarixi” kitobida birgina tibbiyot sohasida arabchadan oʻgirilgan uch yuzdan oshiq qoʻlyozmani sanab oʻtadi. Toledo maktabida musulmon allomalarining risolalari qatori Aristotel, Platon, Arximed, Ptolomey, Yevklid kabi yunon olimlarining asarlari ham qayta tarjima qilindi. Yevropa oʻz shonli oʻtmishi – qadimgi yunon fani bilan arab tili koʻprigi vositasida topishdi.
Arablarning Ispaniya, Sardiniya va Sitsiliya orqali Gʻarb madaniyati va ilm-faniga koʻrsatgan taʼsiri esa alohida tadqiqotlarga mavzu boʻla oladi.
Ingliz olimi Arnold Toynbining hisobiga qaraganda, Yer sayyorasi hozirga qadar yigirma bitta tamaddunga beshik boʻlgan. Tamaddun yaratgan millat-elatlarning aksari oʻtmish qatlarida gʻoyib boʻlgan, faqat oltitasi, jumladan, arablar bugungacha yetib kelgan.
Abu Nuvosdan Najib Mahfuzga qadar
Arablar azaldan suxandonligi, notiqligi, shoirtabiatligi bilan yaqin-yiroq ellarda nom chiqargan. Ayniqsa, VI-VII asrlarda sheʼriyat va ogʻzaki ijod yangi rivojlanish pallasiga kirgan. Toif shahri yaqinida har yili mushoiralar, nazm musobaqalari oʻtkazilar, muzaffar shoirning sheʼrlari muqaddas Xonai Kaʼbaga osib qoʻyilardi. Ayni shu davrda ayyom al-arab (arab kunlari) deb nomlangan janr shakllandi. Sheʼriy va nasriy yoʻlda toʻqilgan mazkur janrdagi asarlarda asosan qabilalar oʻrtasidagi urushlar tasvirlangan. Qahramonlik qissalari va qasidalari ilk oʻrta asrlar arab adabiyotining asosiy yoʻnalishini belgilab berdi. Arabiston yarim oroliga islom dini yoyilgach, soʻz sanʼati pand-nasihat ruhi bilan boyidi. Adabiyot aql va naqldan quvvat oldi. VII asrdagi taniqli shoir Kaʼb ibn Zuhayr Madinada Muhammad (s. a. v.) huzurida mashhur “Qasidai burda”ni yozadi. Rivoyatlarga qaraganda, qasidadan mutaassir boʻlgan Rasululloh shoirning yelkasiga oʻzlarining muborak hirqalarini yopganlar. Alhosil, islom dini kishilarni ezgulikka boshlovchi, maʼsiyatdan qaytaruvchi qudratli vosita sifatida adabiyotga ragʻbatni oshirdi.
Qurʼoni karim arab tilida nozil boʻlgach, bu til fasohat va balogʻat lisoni sifatida tengsiz rutbaga noil boʻldi. Arab qalam ahlida bu tilning ifoda imkoniyatlari cheksiz, degan sobit ishonch qaror topdi. Abu Usmon Amr ibn Bahr al-Johiz (775–868) adib va olim sifatida arab adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshdi, xususan, adabiy tanqidning tamal toshini qoʻydi. Malik ul-shuaro Abu Tammom (805–846) qasidalari bilan tillarda doston boʻldi. Kufalik mashhur shoir Mutanabbiy (915–965) adabiyot osmonida shu qadar baland parvoz qildiki, oʻsha davrlarda “Mutanabbiyning sheʼrlarini koʻr ham oʻqiydi, kar ham eshitadi” degan naql yurardi. Xamriyot janrining “ota”si Abu Nuvos (IX asr) hassos lirikasi, ayovsiz satirasi bilan arab ijodkorlariga muallimlik qildi. Abul Aʼlo al-Maarriy (973–1058) chuqur falsafiy ashʼori bilan soʻz sanʼati muhiblari koʻnglidan joy oldi (Dante mashhur “Ilohiy komediya”ni yozishda al-Maarriyning “Al-Gʻufron” risolasidan taʼsirlangan degan qarash ham mavjud). Badiʼ uz-Zamon Hamadoniy (969–1008), Abu Muhammad al-Haririy (1054–1122) adabiyot xazinasini maqomot – caj yoʻlidagi muxtasar hikoyatlari bilan boyitdi.
Asrlar davomida sayqallangan “Ming bir kecha” turkumidagi ertaklar donishmandlikning goʻzal namunasi sifatida tildan-tilga, eldan-elga koʻchdi. Sarguzasht, romantika, didaktika, fantastika unsurlari bilan sugʻorilgan ertaklar zamonaviy arab prozasining shakllanishiga turtki berdi. Yevropa “Ming bir kecha” ertaklari bilan XVIII asr boshlarida Antuan Gallanning fransuzcha tarjimasi orqali oshno boʻldi. Yevropa oʻquvchisini oshufta etgan sarguzasht ertaklar turli tillarda bir necha yuz topqir chop etildi.
Buyuklik, mashhurlik, qahramonlikning dunyo xalqlariga xos umumiy talablari bor. Ayni zamonda, har bir elda oʻziga xos baholash mezonlari ham amal qiladi. Qadimgi yunon jamiyatida Olimpiya musobaqalarida gʻolib chiqqan chapdast atlet qahramon sifatida koʻtar-koʻtar qilingan, olamjahon izzatga muyassar boʻlgan. Oʻrta asr arab jamiyatida esa soʻz ahli, shuaro shunday beqiyos sharafga muyassar boʻlgan. Lekin insonlarning yashash tarzi, hayotiy aʼmoli oʻzgarishi bilan qahramonlik mezonlariga ham tahrir kiritilar ekan. Vaqt oʻtishi bilan arab jamiyatida qalam ahlidan koʻra harb ahlining obroʻsi oshib ketdi, nafis majlisxonalar jangovar mashvaratxonalarga aylandi, hassos shoirdan yovqur askarning soʻzi oʻtkirroq chiqa boshladi.
X-XI asrlarda Arab xalifaligi parchalanib ketdi. Fatarotga yuz tutgan xalifalik hududlari XVI asrdagina Usmonlilar imperiyasi tomonidan birlashtirildi, bir zamonlar hukmron mavqeda turgan arablar Usmonlilar qalamravidagi tobe millat maqomiga qanoat qildi. XIX asrda turk sulolasining zaiflashuvi oqibatida arab olami Gʻarb imperiyalari tomonidan xomtalash etildi. Uzoq vaqt gʻaflat uyqusiga choʻmgan mintaqa xalqlari XX asrning birinchi yarmida ilkis uygʻondi. Buyuk Britaniya, Fransiya nazoratidagi mustamlaka hududlarda birin-ketin Saud Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Bahrayn singari mustaqil davlatlar vujudga keldi.
XX asr yangi zamon arab intellektual ijodkorlarini tarbiyalab yetishtirdi. Livanda tugʻilib, keyinroq Amerikada ijod qilgan adib, faylasuf va rassom Jubron Xalil Jubron (1883–1931) jamiyatni beayov taftish etar ekan, asriy qoloqlikdan qutulish chorasi sifatida maʼrifat yoʻlini targʻib-taklif qildi. Misrlik adib va olim Toho Husayn (1889–1973) otashin publitsistik chiqishlari bilan fikr ahlini oʻz ortidan ergashtirdi. 1973 yili unga BMTning maxsus mukofoti berildi. Jazoirdan Mufdi Zakariya (1908–1977), Misrdan Najib Mahfuz (1911–2006), Suriyadan Nizor Tavfiq Qobboniy (1923–1998), Adunis (1930 yilda tugʻilgan), Falastindan Mahmud Darvesh (1941–2008), Marokashdan Abdullatif Laʼbiy (1940 yilda tugʻilgan), Liviyadan Ibrohim al-Kuniy (1948 yilda tugʻilgan) kabi atoqli ijodkorlar yetishib chiqdi. Misrlik romannavis Najib Mahfuz 1988 yili arab dunyosida ilk bora adabiyot yoʻnalishida Nobel mukofotiga sazovor boʻldi. Oʻtgan asr arab qalamkashlari uchun oʻzlikni tanish, mutaassiblikka qarshi moʻtadillik bilan kurashish davri sifatida yodda qoldi.
Jaziramada qolgan Jazira
Maqolani tunislik yigitning qora qismatidan boshlab qoʻyib, olis moziyga safar qilishdan muddao nima edi oʻzi? Gap shundaki, “Arab bahori” deb atalgan voqealar silsilasi haqida soʻz borarkan, bu qavmning oʻn beshi yorugʻ, oʻn beshi qorongʻu tarixi, ilm-fan va adabiyoti xususida, jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrni borasida bir sidra maʼlumot berib oʻtish gʻoyat zarur tuyuldi. Zotan, yuqoridagi tarixiy chizgilar dunyoni ostin-ustin qilib yuborgan voqealar magʻzini chaqishda maʼlum darajada koʻmak bersa, ajab emas.
Bugun Janubi-Gʻarbiy Osiyo va Shimoliy Afrikadagi yigirmadan ziyod suveren davlatda 300 milliondan oshiq arab istiqomat qiladi. Olatasir toʻpolonlar bu davlatlarning aksariga bevosita, yana ayrimlariga bilvosita taʼsir koʻrsatdi. Maqola avvalida hikoya qilingan voqeadan keyin Tunisda amaldagi hukumatga qarshi koʻpming sonli norozilik namoyishi boshlandi. Hash-pash deguncha norozilik toʻlqini Misr, Yaman, Liviya, Suriya, Jazoir, Marokash, Iordaniya, Kuvayt, Livan, Saud Arabistoni, Sudan, Jibuti davlatlariga yoyildi. Namoyishchilarning qatʼiy talabi bilan toʻrt mamlakatda hokimiyat almashdi: 2011 yil 14 yanvarda Tunis rahbari Zin al-Obidin bin Ali Saud Arabistoniga bosh olib ketdi; 2011 yil 11 fevralda Misr prezidenti Husni Muborak isteʼfo berdi; 2011 yil 20 oktyabrda Liviya yetakchisi Muammar Qazzofiy qatl etildi; 2012 yil 27 fevralda Yaman prezidenti Ali Abdulla Solih lavozimidan voz kechdi. 1990-yillar fuqarolar urushi ogʻriqlarini hali unutmagan Jazoir rahbariyati namoyishchilar talabini apil-tapil bajarib, favqulodda holatni bekor qildi. Saud Arabistoni va Kuvayt rahbariyati zudlik bilan ijtimoiy sohalarga katta mablagʻ ajratdi. Iordaniya qiroli Abdulloh II hukumatni yangidan tuzdi. Marokash podshohi Muhammad VI Konstitutsiyaga parlament vakolatini kuchaytirishni koʻzda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritdi. Suriyada 2011 yil martda boshlangan norozilik chiqishlari esa hali-hanuz davom etayotgan fuqarolar urushiga aylanib ketdi.
1848–1849 yillarda Yevropaning qator mamlakatlarida “Xalqlar bahori” deb atalgan yalpi norozilik chiqishlari, inqiloblar roʻy bergandi. Gʻarb matbuoti Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi besaranjomliklarni “xalqlar bahori”ga “nazira” oʻlaroq baholadi. Shu bois, garchi qish chillasida boshlangan boʻlsa-da, qoʻzgʻolonlar “arab bahori” yorligʻi bilan “siylandi”.
“Tabiatan vazmin va itoatkor arablarning bu qadar misli koʻrilmagan siyosiy faolliklar koʻrsatishi boisi nimada?” degan savol tevaragida mulohaza yuritib koʻraylik.
Mintaqa xalqlari turli sabab-omillarga koʻra koʻchaga chiqdi. Ammo “Arab bahori” boʻroni yetib borgan barcha mamlakatlarga xos umumiy sabab sifatida iqtisodiy qiyinchiliklarni keltirish mumkin. Jahon iqtisodiy forumi maʼlumotlariga qaraganda, 2011 yil arafasida mintaqa davlatlarida ishsizlik darajasi 25 foizni tashkil etgan. Tunis va Misrda bu koʻrsatkich 30 foizdan oshib ketgan (ishsizlarning asosiy qismi yoshlar edi). Qohiradagi “Tahrir” maydoniga jamlangan bir necha millionlik izdihom “Non, ozodlik va ijtimoiy adolat!” deya hayqirgani ham pichoq borib suyakka qadalganidan shahodat berayotgandek.
“Arab bahori”ga xos yana bir umumiy manzara: aksar davlatlarda namoyishchilar nobop boshqaruvni qoraladi, hokimiyatni layoqatsizlikda aybladi, siyosiy islohot oʻtkazishni, fuqarolarga erkinlik berishni talab qildi. Albatta, hudud davlatlari koʻp yillardan beri muayyan yetakchilar tomonidan uzluksiz boshqarib kelingani, siyosiy jabhada turgʻunlik hukm surganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Biz ommaviy axborot vositalari orqali koʻp bora muhokama etilgan mulohazalarni takrorlashdan tiyilib, pardaning ortiga – davlat toʻntarishlari va qoʻzgʻolonlarga sabab boʻlgan boshqa omillarga ham nazar tashlab koʻramiz.
“Oltin milliard”ni roʻyobga chiqarishga urinish?!
XXI asr boshlarida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika gegemonlik kayfiyatidan qutulolmagan davlatlarning manfaatlari toʻqnashgan mintaqa boʻlib qoldi. Bir tomondan, geosiyosiy taʼsir doiralarini kengaytirish qutqusi, ikkinchi tomonidan, uglevodorod zaxiralarining yaqin 50-60 yilda tagi koʻrinishi haqidagi vahimalar mintaqa uchun kurashni kuchaytirdi. Arab olami sayyoramiz boʻyicha neft zaxirasining 62, gazning esa 40 foiziga egalik qilishini nazarda tutsak, oʻrtaga dov qanchalar qimmatli ekanini, unga ega chiqish yoʻlidagi kurash qanchalar keskin kechishini tasavvur qilsa boʻladi. Siyosiy tahlilchilar fikricha, arab dunyosida nazorat oʻrnatish uchun bahri muhit ortidagi davlat, “Eski dunyo”ni yagona bayroq ostida birlashtirgan ittifoq va shoʻro saltanatiga voris boʻlgan mamlakat raqobatlashayotir. Liviya tabiiy boyliklarini qattiq nazoratda tutib turgan yakkahukmdor Muammar Qazzofiyning muxolifat qoʻli bilan mahv etilishi, Iroq okkupatsiyasi, tavbasiga tayanmagan Suriya rahbari Bashar Asadga qarshi kuchlarning qurollantirilayotgani ana shu kurashning uchqunlari, xolos.
Sayyoramiz aholisi koʻpaygani sari tabiiy resurslar kamayib borayotgani bir necha asrdan beri ilm va siyosat ahlini oʻylantirib kelmoqda. 1970-yillarda bu borada “oltin milliard” konsepsiyasi oʻrtaga tashlangan (mazkur nazariyaga XVIII asrda yashagan ingliz olimi va ruhoniysi Tomas Maltus tamal toshini qoʻygan). Mohiyat eʼtiboriga koʻra, bu qarash – sayyoramizdagi tabiiy resurslarni rivojlangan davlatlarning bir milliard aholisiga qonunan xatlab berishga urinishdir. Mazkur neoliberal utopiya nazariyotchilarining daʼvosicha, Yerning asosiy tabiiy resurslari peshqadam mamlakatlarga (jumladan, AQSH, Gʻarbiy Yevropa, Yaponiya) nasib etadi. Rossiyalik olima, siyosiy fanlar doktori Natalya Komleva “Arab bahori”ni buyuk davlatlarning “oltin milliard” nazariyasini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi urinishlaridan biri sifatida baholaydi (Geopolitika muammolari akademiyasi rasmiy sayti: http://akademiagp.ru).
Arabning ikkinchi Bolqonga aylanishidan kim manfaatdor?
Ijtimoiy muammolarning siyosiy inqirozga omuxta boʻlishi mintaqa xalqlarini namoyishlarga undagan boʻlsa, geosiyosiy manfaatlarni koʻzlagan dasti uzun davlatlar, nafsi hakalak otgan korchalonlar va pulni pulga urishga usta yirik korporatsiyalar ushbu vaziyatdan unumli foydalanib qolishga urinmoqda. Tahlilchilarga koʻra, Yaqin Sharqda notinchlik hukm surishidan, mintaqaning XXI asr Bolqoniga aylanishidan manfaatdor kuchlar bor. Eskidan maʼlum, boshi gʻalvadan chiqmay qolgan mamlakatni yoʻlga solish oson kechadi. Boz ustiga, yetakchi davlatlarning mintaqada oʻziga xos hisob-kitobi ham yoʻq emas.
Fransiya sobiq tashqi ishlar vaziri Rolan Dyuma (1988–1993) yaqinda SANA axborot agentligiga bergan intervyusida Suriyadagi toʻpolonlar Gʻarb tomonidan uyushtirilgani haqida gapirdi. Hozirga qadar Shom zaminidagi fuqarolar urushi 60 mingdan oshiq odamning yostigʻini quritdi. R. Dyumaning fikricha, Gʻarb murosasiz Bashar Asad bilan oʻzaro hisob-kitobga berilib ketib, begunoh insonlar qirilayotganini unutmoqda. Fransiyalik boshqa bir sobiq diplomat Mishel Rembo esa “Sudan – parchalangan davlat” kitobida (2012) ixtiloflarni uyushtirishda nodavlat tashkilotlardan ustalik bilan foydalanilganini bayon etadi.
Gʻarbda ishlab chiqilgan regime change (davlat toʻntarishi) texnologiyasiga binoan, tuzumlarni oʻzgartirishda muxolifat qoʻliga qurol tutqazish, gumanitar niqobdagi intervensiya va rangli inqilob kabi usullar faol qoʻllanilmoqda. Arab davlatlaridagi vaziyatni kuzatsak, mazkur uch usul baravar tajribadan oʻtkazilganini koʻramiz.
Germaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Yoshka Fisher (1998–2005) “arab bahori”ning yuzaga kelishiga Iroq urushidagi xatolar ham sabab boʻlganini taʼkidlaydi (“Project Syndicate”, 2013 yil 18 mart). Tajribali diplomat Gʻarb Yaqin Sharq boʻyicha siyosatini gumanizm nuqtai nazaridan tubdan qayta koʻrib chiqishi lozimligini uqtiradi. Hozircha 100 mingdan oshiq inson hayotiga zomin boʻlgan “Arab bahori” buyuk davlatlarning ikkiyoqlama standartlarga rioya etishini yana bir karra isbotladi. Qolaversa, BMTning nominal tashkilotga aylanib qolgani, yirik ixtiloflarni bartaraf etishga amalda ojiz ekanini koʻrsatdi.
Qarangki, mintaqada posangi boʻlib turgan Misr osmonidan qora bulutlar arimay qoldi. Bir yil avval mamlakat prezidenti etib saylangan “Musulmon birodarlari” harakati vakili Muhammad Mursiy 2013 yil 4 iyulda harbiy davlat toʻntarishidan keyin lavozimidan chetlatildi. Mursiy inqilobiy umidlarni oqlay olmaganlikda ayblandi. Tunisda ham moʻtadil islomiy partiya va mutaassiblar kurashi tingani yoʻq. Yamanda ayirmachilik kayfiyati kuchaygan. Liviyada mafkuralar, qarashlar ixtilofi davom etayotir. Mintaqada vesternizatsiya va devesternizatsiya tarafdorlari, yaʼni Gʻarb qadriyatlarini bayroq qilgan siyosiy guruhlar va ularga qarshi kuchlar ziddiyati ham kuzatilmoqda. Harvard universiteti qoshidagi Strategik tadqiqotlar instituti direktori, professor Semyuel Hantington oʻz davrida katta shov-shuv koʻtargan “Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi?” (“The Clash of Civilizations?”, 1993) maqolasida yangi asrda ziddiyatlar hukmdorlar, davlatlar oʻrtasida emas, sivilizatsiyalar oʻrtasida kechadi, degan munozarali qarashni ilgari surgandi. “Sivilizatsiyalar toʻqnashuvi dunyo siyosatidagi eng muhim omilga aylanadi. Sivilizatsiyalarni ajratib turuvchi chegara chiziqlari kelajakda front chiziqlariga aylanadi”, deya qatʼiy ishonch bilan yozgandi u. Afsuski, S. Hantington qisman haq boʻlib chiqmoqda. Arab olamidagi toʻs-toʻpolonlarni sinchiklab kuzatish asnosida ushbu holatda ham sivilizatsiyalar toʻqnashuvi boʻy koʻrsatmoqda, degan achchiq xulosaga kelish mumkin. Har bir sivilizatsiya egalari (vakillari) xudo va inson, jamiyat va individ, davlat va fuqaro, ota va bola, er va xotin oʻrtasidagi munosabatlarda farqli qarashlarga ega. Universal dasturilamal sifatida tiqishtirilayotgan Gʻarb demokratiyasining esa Sharq mamlakatlariga mos kelmaydigan talay jihatlari bor. Nazarimizda, soʻnggi oʻn yillarda arab dunyosiga demokratiya gʻoyalarini eksport qilishga zoʻr berib urinishlar natijasida sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muvozanat buzildi. Bu esa jamiyatlarni kuchli ruhiy larzalarga duchor qildi, mafkuraviy ixtiloflarga zamin hozirladi. Biri Fransiyada (R. Dyuma), biri Germaniyada (Y. Fisher), yana biri AQSHda (S. Hantington) turib fikr yuritayotgan arboblarning fikrlaridan ayrim kuchlar arab zaminidagi qon toʻkishlarning davom etishiga ishtiyoqmand, degan xulosa sizib chiqmoqda.
Dunyoda yetakchi mavqeni egallab turgan ommaviy axborot vositalari gʻalvani kattalashtirishga “baholi qudrat” qarashib yubormoqda. “Islom” va “terror” soʻzlarini sinonimlar darajasiga olib chiqib, arab va musulmon olamiga nisbatan hadik hissini uygʻotib qoʻygan Gʻarb matbuoti bu safar ham uloqni bergisi yoʻq. Urush boshlansa, eng birinchi qurbon haqiqat boʻladi! Eskidan qolgan bu naql yana bir karra oʻz tasdigʻini topmoqda. Ayrim Gʻarb nashrlariga ishonilsa, Suriyada davom etayotgan fuqarolar urushida Bashar Asad tomonidan kimyoviy qirgʻin quroli qoʻllanildi. Boshqa bir guruh gazeta-jurnallar nazdida esa qirgʻin qurolini Bashar Asad emas, uning muxoliflari ishga tushirgan. Hali u-hali bu tomonning nogʻorasiga oʻynayotgan OAV kaltak raʼiyat boshida sinayotgani, qirgʻinbarotda asosan tinch aholi qoni toʻkilayotganini unutib qoʻymoqda. Diniy guruhlar, mazhablar oʻrtasidagi ziddiyatlarni ham atayin boʻrttirib koʻrsatish tendensiyasi yaqqol seziladi. Gʻarbdagi ayrim gazetalar, telekanallar elburutdan Arab dunyosi xaritasi jiddiy oʻzgarishga uchrashi haqida fol ochib, notinchlik tarafdorlari, ayirmachilarning piligini koʻtarmoqda.
Bugun Arab olami birlashishi, oʻzaro til topishishi nihoyatda zarur. Mazhablar oʻrtasidagi tafriqalarga bot-bot urgʻu berilayotgan bir paytda esa murosani faqat orzu qilish mumkin. Jorj Vashington universiteti professori Mark Linchning xavotir bilan yozishicha, tashqi davlatlar hamda ayrim matbuot nashrlari Iroqda, Bahraynda, Suriyada sunniy-shia ziddiyatini gazak oldirishga zoʻr berib urinmoqda (“Foreign Policy”, 2013 yil 23 may). “Siyosiy maqsadlarga erishish yoʻlida mazhablararo dushmanlik kayfiyatidan foydalanish halokatli oqibatlarga olib keladi”, deb ogohlantiradi professor M. Linch.
Oʻrmon qonuni: ayrilganni ayiq yer
Arab davlatlari orasida har doim ham ochiq muhokama etilavermaydigan oʻzaro kim yetakchi boʻlishi lozimligi borasida ham raqobat mavjud. Mintaqadagi muvaqqat yetakchilik tendensiyasi turli davrlarda Iroq, Saud Arabistoni, Liviya, Misr yoki Suriya tomonida boʻlgan. Soʻnggi besh-olti yilda esa oʻzi kaftdekkina hududni egallagan badavlat Qatar davlati ham ushbu raqobatga dadil qoʻshildi. Eʼlon qilinmagan kimoʻzarlik kurashi avj olgan sharoitda mintaqa davlatlarining oʻzaro integratsiyasi haminqadar. Hozirda 22 davlatni birlashtirgan Arab davlatlari ligasi (ADL) tuzilmasi BMTdan ham avvalroq – 1945 yil 22 martda taʼsis etilgan edi. Ammo, tahlilchilar fikricha, aravani har kim oʻz tomoniga tortayotgani sababli juda katta integratsiya potensialiga ega ADL faoliyati hali jonlanib ketgani yoʻq. Saddam Husayn va Muammar Qazzofiy hokimiyati qulashi bilan Iroq va Liviya yetakchilik bahsidan batamom chiqdi. Ikki yil ichida siyosiy inqiroz koʻchasiga kirib qolgan Misr oʻz ichki muammolari bilan andarmon boʻlib qoldi. “2011 yil Qatar yili boʻldi. Liviya va Suriyadagi voqealar mintaqada yaqin-yaqingacha hech kim hisoblashmagan Qatarning yetakchi mavqe kasb etganini koʻrsatdi. Moʻjaz davlat ulkan hudud, koʻpmillionli nufus va qudratli qurolli kuchlarsiz ham katta siyosatning faol ishtirokchisi boʻlishi mumkinligini isbotladi”, deb yozadi rossiyalik tahlilchi Sergey Balmasov.
Rasmiy Doha diplomatik bosim, moliyaviy yordam va axborot kurashi vositasida (“Arab bahori”ni zoʻr ishtiyoq bilan yoritgan “Al-Jazira” telekanali aynan Qatar amiri homiyligida faoliyat yuritadi) qoʻshni davlatlardagi hukumatga qarshi chiqishlarni ochiq-oydin dastaklamoqda. Livan matbuoti xabariga qaraganda, Suriyadagi tartibsizliklar 20 milliard AQSH dollariga buyurtma qilingan va bu mablagʻning yarmi Doha gʻaznasidan qoplangan.
Oʻrmon qonuniga amal qilib, bir-biriga zimdan choh qazish harakatini faqat siyosiy kurashlar bilan izohlash toʻgʻri emas. Mintaqa davlatlari neft va gaz bozorida ham oʻzaro raqobatlashadi. 2010 yili Suriya rahbari Bashar Asad “Toʻrt dengiz” loyihasini taklif qildi. Ushbu loyiha Suriya, Turkiya, Eron va Ozarbayjondan neft-gaz quvuri oʻtkazishni nazarda tutgan. Mazkur quvur ishga tushgudek boʻlsa, qoʻshni davlatlarning monopolistik mavqeiga taʼsir etmay qolmaydi.
Siyosiy tahlilchilar boshqa bir xavotirli nuqtaga ham eʼtibor qaratmoqdalar. Mintaqa davlatlarining oʻzaro “mushuk-cichqon” oʻyini shu taxlit davom etsa, chegara muammolari ham kun tartibidan jiddiy oʻrin olishi ehtimoldan yiroq emas. Arab monarxiyalarining bugungi chegaralari oʻtgan asrda hududda hukmfarmolik qilgan Buyuk Britaniya, Fransiya kabi imperiya aʼyonlari tomonidan oʻta ustalik bilan chizib berilgan. Amerikalik taniqli siyosiy publitsist Noam Xomski “Yerning egasi kim?” maqolasida (“The New York Times”, 2013 yil 9 iyul) ham bu xatarni eʼtibordan qochirmaslikni tavsiya etadi: “Yer sayyorasini larzaga solayotgan ulkan ziddiyatlarga nazar solsangiz, ularning aksari buyuk davlatlar oʻz manfaati yoʻlida chizib bergan qoʻlbola chegaralar tufayli kelib chiqayotgani, toʻqnashuvlar imperiyacha jinoyatlarning mahsuli ekaniga amin boʻlasiz”. Qisqasi, bir tilda soʻzlashuvchi mamlakatlar oʻzaro til topisha olmayotgan bir paytda ichki muammolar yetmaganidek, tashqi tahdidlar ham ortiqcha tashvishlar tugʻdirmoqda.
Urush hamisha oʻz ortidan qimmatchilik, ishsizlik, oziv-ovqat taqchilligi kabi “ogʻa-ini”larini ergashtirib keladi. “Interfaks” axborot agentligi tahlillariga qaraganda, davlat toʻntarishini boshdan kechirgan mamlakatlarning yalpi ichki mahsuloti 2012 yil yakunida 2,4 foizga pasayib ketdi. Neft va gazni qayta ishlash keskin kamaydi, iqtisodiyot retsessiya holatiga tushdi, inflyasiya va byudjet defitsiti kuchaydi. Arab davlatlari ligasi Bosh kotibining oʻrinbosari Muhammad al-Tavojiriy notinchliklar keltirgan moliyaviy zararni 2012 yil 1 yanvar holatida 75 milliard AQSH dollari miqdorida baholagan.
Urush tufayli koʻhna shaharlardan sayyohlarning qadami uzildi. Ne ajabki, arab tamaddunining uch moʻtabar shahri – Bagʻdod, Qohira va Damashq shomni oʻq ovozi bilan kuzatib, subhni ham shu tarzda qarshi olmoqda. Har uch shahardagi osori atiqalar bomba yomgʻiridan zarar koʻrgani, Qohira, Aleksandriya muzeylarida nodir eksponatlar vayron qilingani haqida maʼlumotlar bor.
Shamolni qafasga qamab boʻlmaydi
Yana bir necha oydan keyin “Arab bahori”ning boshlanganiga uch yil toʻladi. Ayni paytda davlat toʻntarishi roʻy bergan Misr, Tunis, Yaman va Liviyada ham, fuqarolar urushi kechayotgan Suriyada ham vaziyat gʻoyat murakkab. Qilni qirq yoradigan arboblar tilini tishlab turibdi, vallomat ogʻzibotirlar kalovlanib qolgan. Ixtilofni kuchaytirib, fitnachilar tegirmoniga suv quyib turgan korchalonlarning yana qanday tomoshalar oʻylab topayotganini tasavvur qilishga yurak betlamaydi.
“Inqilob” degan jozibali soʻzning ohanjamasiga mahliyo boʻlgan koʻpming sonli oddiy xalqning umidlari hozircha oqlanmadi. Misrdagi vaziyat shuni koʻrsatmoqdaki, jilvagar shioru chaqiriqlarga oʻrganib qolgan, inqilobning tuz-namagini totgan yosh-yalang ha desa namoyishga chiqishdan qaytmaydi. Demak, umidsizlik kayfiyati chulgʻagan aholi qatlamlari talablariga mos, ularni qanoatlantiruvchi siyosiy dasturlar lozim. Muhimi, oʻzgarishlar bir otaning farzandi boʻlgan elatlarning bir-biriga qurol oʻqtalishi orqali emas, tinch muzokaralar yoʻli bilan amalga oshirilishi kerak. Albatta, hech bir jamiyatda yangilikni amalga oshirish silliq koʻchmaydi. Davlat arbobi va tarixchi Nikkolo Makiavelli taʼkidlaganidek, “Yangi tartiblarni joriy etishni boshlagan har bir odamni eski tartib tarafdorlarining adovati, yangilaridan manfaatdorlarning beparvoligi kutadi. Beparvolikni qisman qonun himoyasidagi raqibdan choʻchish, qisman amaliyotda ijobiy baho olmaguncha yangilikka ishonmaydigan odamlarning ishonchsizligi bilan izohlash mumkin. Eskilik tarafdorlari imkoniyat tugʻilishi hamonoq shiddat bilan xuruj qilganda, yangilik tarafdorlari sustkashlik bilan mudofaaga oʻtadilar”.
Taassufki, arab dunyosida bugun ana shunday turgʻun va tushkun kayfiyat hukmron. Hozircha ijobiy oʻzgarish alomatlari zuhur etmayotir. Yalpi maʼmurchilikka vaʼda berayotgan turli partiya va harakatlarning qop-qop vaʼdalarida ham anchagina mahobat bor. Zotan, odamlar ilhaq kutayotgan oʻzgarishlar uchun bir avlod umri ketadi.
“Yakkahukmronlik havosidan nafas olaverib arablarning oʻpkasi quruqshagan, andakkina erkinlik havosiga sarmast boʻlib, boshi aylanib qoldi” qabilidagi eʼtirozlar ham bepisandlikdan boshqa narsa emas. Dunyodagi har bir xalq erkin va toʻkin yashashga haqli. Tahlikali uch yil koʻzlardagi pardalarni sidirib tashladi. Undan chiqarilgan saboqlardan biri shuki, jamiyatda hurfikrlilik (plyuralizm), gʻoyalar xilma-xilligi, koʻppartiyaviylik tartibi hukmron boʻlishi lozim, jamiyatni sidirgʻa bitta tusga kiritib boʻlmaydi. Demak, oʻzgarishlar ilinjida halovatidan voz kechgan oddiy xalq chapak chalib qolmasligi uchun siyosiy partiya va harakatlar magʻzi toʻq, pishiq-puxta rejalar taklif qilmogʻi lozim.
Bizningcha, arab labirintidan chiqishning yoʻli bor. Buning uchun mintaqa mamlakatlari asliy qadriyatlarga suyanib, zamonaviylik va milliylik oʻrtasidagi oltin oʻrtaliqni topishi kerak.
“Men mutaraqqiy davlatlarning eng ilgʻor tajribalarini oʻrganish va hayotimizga tatbiq etish tarafdoriman. Velosipedni qayta kashf etish oqilning ishi emas. Biz sarhadlari tobora qisqarayotgan dunyoda yashayapmiz. Shamolni qafasga qamab boʻlmaydi. Demak, chegaralarni yopgan bilan dunyo ayvonida kechayotgan oʻzgarishlarning taʼsiridan qochishning iloji yoʻq. Ayni zamonda, koʻz qorachigʻimizdek asrayotgan muqaddas qadriyatlarimizga daxl qiluvchi tahdidlarga qarshi sabot bilan kurashish kerak”, deydi Saud Arabistonining Oʻzbekistondagi elchisi, siyosiy fanlar doktori Abdurahmon bin Abdulla al-Shaya biz bilan muloqotda.
Zamonaviy arab adabiyotining oqsoqoli Najib Mahfuz 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin “Yumanite” nashriga bergan intervyusida yangi asrda arab dunyosi yuzma-yuz kelgan muammolar haqida gapira turib, “Imonim komil, sogʻlom tafakkur baribir ustun keladi!” deya umid bildirgandi. Shoyad, marhum adibning yorugʻ istagiga farishtalar omin degan boʻlsa!..
Sobirjon YOQUBOV
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/hayot/nigoh/arab-bahori-mi-yoki-arab-labirinti/