Aql sarmoyasi: buni kim qancha jamgʻarmoqda?

Aqlli farzand tarbiyalash faqat aqlli gap bilan boʻlmaydi

Yaqinda namoyish etilgan bir telekoʻrsatuv koʻpchilikning fikr-mulohazasiga sabab boʻldi. Qaysidir intellektual oʻyinda koʻp xonali sonlar orasidagi misollarni tezda aql va xotira kuchi bilan hal qilib bergan bola bir yoqda qolib, raqsni qoyillatgan boshqa bola gʻolib deb topilgani kuyunchaklik bilan mushohada qilindi…

Aslida bu bizning bugungi kunimizni yaqqol koʻrsatuvchi – yuzimizga tutilgan oyna edi.

Butun dunyoda aql sarmoyasi eng qimmat mol sifatida eʼtirof etilib, eʼzozlanib kelinayotgan boʻlsa-da, bizda ahvol hamon oʻsha-oʻshaligicha qolyapti. Insonning bunday imkoniyati eʼtibordan chetda boʻlgach, uning rivoji va manfaatlari haqida gapirish ham nooʻrinday goʻyo. Ammo bizning bu eʼtiborsizligimiz ancha qimmatga tushayotganini tezroq anglab yetishimiz zarur.

 

Tarbiyaga avvalo kim muhtoj?

Bola uchun oʻz onasidan koʻra mukammalroq inson yoʻq. Ona shoʻrlik bolaning har bir istagini mustajob qilishga muntazir turadi. Shunday boʻlgach, farzand uchun onadan-da ulugʻroq kishi boʻlishi mumkinmi? Dunyoda onadan koʻra yaxshiroq-mukammalroq kishi yoʻq ekan, bola kimga oʻxshashni orzu qilishi kerak?!

Bola oʻzi jondan ortiq koʻrgan onasiga talpinib, intilib, taqlid va havas qilib yashaydi. Dagʻalroq til bilan aytganda, farzandning birinchi “kumiri” – ona.

Onaning xususiyatlari bolaga hali tugʻilishidan ilgari oʻtib-oʻrnashishini allaqachon olimlar ilmiy jihatdan isbotlab boʻlishgan. Tugʻilgach esa, bola oʻz onasining boshqa xislatlarini ham tushunib-tushunmay oʻzlashtirib boraveradi. Ayolning tiynati qandayligi esa hammaga maʼlum. Tabiatan yumshoq, muloyim, nazokatli, birpasda hukm chiqaruvchi, oʻta taʼsirchan, hissiyotga beriluvchi, beqaror… Bu kabi oʻnlab xislatlarning baʼzilari farzandga oʻtsa, nur ustiga nur, ammo faqatgina ayollarga xos ayrim xususiyatlarni oʻgʻil bolalar ham oʻz onasidan toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilib olsa-chi? Unda nima boʻladi?

Insonning barcha xatti-harakatlari, xulq-atvori, yurish-turishi, gap-soʻzi, turmush tarzining inʼikosi oʻz farzandida albatta koʻrinadi.

Olimlardan biri “toʻngʻich farzandingizni yaxshilab tarbiyalang, qolganlari unga ergashib katta boʻladi”, degan edi. Nazarimda, toʻngʻich farzand dunyoga kelishidan oldin, avvalo, onani tarbiyalamoq juda muhim. Farzand koʻrish baʼzilar uchun oddiy biologik ehtiyojni qondirishning natijasi boʻlib qolayotgani juda achinarli holat, millat uchun esa fojia demakdir. Faqat hayvonlargina shunday ehtiyoj bilan yashashi mumkin. Inson esa xolis niyat, buyuk maqsad va aniq rejalar bilan yashaydi.

 

“Kitobingni oʻqi, men serial koʻraman”

Bizning mentalitetimizda ayollar, asosan, uyda roʻzgʻor yumushlari bilan band boʻlib, uy supirish, ovqat qilish, kir yuvish, bolaga qarash, dala-dasht, mol-hol kabi ishlarga masʼul deb qaraladi. Shunday boʻlgach, ayol kishiga bilim yoki oliy maʼlumot shartmikan, degan bahs hamon davom etib kelayotir. Yaqinda bir guruh olimlar shu masalani muhokama etib, ilmiy xulosalarini eʼlon qilishibdi. Xulosalarni oʻqidimu shu nuqtai nazardan oʻzimizning hayotimizga bir razm solib koʻrdim.

Bizda qiladigan ishlarimizning aksariyati faqatgina moddiy ehtiyojlarimizni qondirishga yoʻnaltirilgan. Ishlash, mehnat qilish, uy yumushlari – bularning hammasi qisqacha aytganda qorin qaygʻusi uchun qilinadigan harakatlar. Dam olish deganda uxlashni, maʼnaviy hordiq chiqarish deganda esa televizor koʻrishni tushunamiz. Televizordagi eng tomoshatalab namoyish bu – serial. Mukkasidan ketib serial koʻrayotgan onaga, shubhasizki, bolalar ham ergashadi. Qarabsizki, har kuni oilaviy serialxonlik avjida. Seriallarning mavzulari deyarli bir xil. Eng achinarlisi, ularni koʻrish uchun kallani ishlatish shart emas. Ayollarning ichki olamiga, toʻgʻrirogʻi, hissiyotlariga taʼsir qilish uchun hayotda umuman kerak boʻlmaydigan, yolgʻon-yashiq, uydirma va xayoliy toʻqimalardan iborat voqealardan iborat, xolos. Ularda hissiyotlar, vafosizlik, xiyonat, aldov, rashk, qasos, firibgarlik, koʻzboʻyamachilik, molu dunyoga hirs qoʻyish, yengil-yelpi yashashga va hayotga ham shunday qarashga undovchi gʻoyalar yetakchilik qiladi. Mantiqiy yechimlar, aqliy izchillik, ilmiy asoslanganlik yoki tarixiy haqqoniyat kabilardan asar ham topolmaysiz. Darvoqe, bular ayollarimizning taʼbiga uygʻun ham emas. Agar bobokalonimiz Mirzo Ulugʻbek osmondagi mingdan ortiq yulduzning har birini qanday kashf qilgani va yulduzlar harakatining inson taqdiriga qay darajada aloqadorligini toʻla-toʻkis ochib beruvchi koʻp qismli teleserial suratga olinsa, ayollar unga unchalik mazaxoʻrak boʻlmasligi aniq. Nega shunday? Sababi shuki, biz dunyo va inson haqida aniq va asosli bilimga deyarli ega emasmiz. Shuning uchun Mirzo Ulugʻbek yulduzni kashf qilish asnosida kechasi osmondan nimalar izlagani, Al-Xorazmiy nima uchun riyoziyotni tartib berish yoʻlida shunchalar riyozat chekkani, Beruniy qanday qilib xonasidan chiqmay ummon ortidagi qitʼani kashf qilgani, Imom Buxoriy nimaning ilinjida dunyoning qariyb yarmini piyoda kezib chiqqani biz uchun qiziq emas. Biz uchun qiziq boʻlmagandan keyin bu gaplar farzandimiz uchun ham almisoqdan qolgan afsona va asotirlarga oʻxshab tuyulishi, shubhasiz. Shunday boʻlgach, ulardan qanday qilib dunyoga dars bera oladigan daholar yetishib chiqishi mumkin?

 

Ayblashdan oldin oʻzingizdan soʻrang

Ayollar haqida gap boshlab nega bu gaplarni aytyapmiz? Insoniyat eʼtirof etgan buyuk bir haqiqat ayonki, ona farzand uchun eng birinchi va eng muhim dorilfunundir! Farzand taʼlim-tarbiyani bevosita yoki bilvosita onadan olishga mahkum.

Endi insof bilan fikr yuritib koʻraylik: oilamizda shunday dorilfunun bormi? Ona boʻlishdan oldin ayollarga shunday buyuk martabaga yetishishi uchun sharoit yaratib bera olyapmizmi? Mana, sizga oddiygina savol: uyda ayolingiz serial koʻrishi uchun qulayroq sharoitingiz bormi yoki hayot uchun eng zaruriy sohalarni oʻrganishi, maʼnaviy oziqlanishi, taʼlim-tarbiya olishi uchunmi? Hech boʻlmasa, uyda oʻzim, ayolim va farzandlarim oʻqiydi, degan maqsadda uyga kitob koʻtarib boramizmi? Bolalar uyda oʻz ustida ishlashga, mehnat qilishga, kelajagini bunyod etishga koʻnikma hosil qilyaptimi yoki dangasalik, yalqovlik, boqibegʻamlik, maqsadsizlik kabi illatlarning issiq quchogʻida qolib ketyaptimi? Ayolimiz va farzandlarimizni oʻzgacharoq olamlarni koʻrib, aql yuritib, xulosa chiqarishga undaydigan – muzeymi, teatrmi, ziyoratgohmi va yo shunga oʻxshash joylarga olib boryapmizmi?

Ayolning aqli qayerdan oziqlanadi? Bu har bir erkak uchun muhim va dolzarb masala boʻlishi shart.

Oynaga qarasa, har kim oʻzini koʻradi. Ayolni aqlsiz va befarosatlikda ayblayotgan erkak avvalo oʻziga yaxshilab razm solishi kerak.

Ona oʻzida borini farzandiga beradi. Oʻzida yoʻq bilim va maʼlumotlarga ega boʻlishda unga turmush oʻrtogʻi koʻmaklashishi zarur. Mana shu tizim (erkakdan ayolga, ayoldan esa farzandga maʼrifat yetkazish) ishlamasa, u bolaning kelajagidan kimni kutish mumkin?!

 

“Ayol faqat emoq-ichmoqqa, kiyim-kechakka, turar joyga muhtoj boʻlmaydi, balki u achchiq iztiroblarning oʻrnini bosadigan shirin soʻzga, hayotning ayovsiz zarbalari yarasini silaydigan mehribon qoʻlga, mashaqqatlarni esdan chiqarishga koʻmak beradigan mushfiq qalbga ham muhtojdir”.

Mahbubiy

 

Haqiqat shuki…

Nega ayrim bolalar nufuzli oliygohlarda oʻqishni, dunyoga chiqishni, insoniyat uchun foydali boʻlgan biron olamshumul yumushning boshini tutishni bolaligidanoq maqsad qilmaydi? Aniqki, ularda hatto bunday tushunchaning oʻzi yoʻq. Sababi, u tushuncha ularning ota-onasida ham boʻlmagan. Agar ota-onada oldindan shunday aniq maqsad boʻlganida farzandiga avval-boshdan aqlni peshlaydigan, fikrni oʻstiradigan, mantiqiy yondashuvni oʻrgatib boradigan oʻyinchoqlar, buyum va vositalar olib bergan boʻlardi. Vaholanki, hozir bunday vositalar kamyob emas. Shunday boʻlishiga qaramasdan koʻpchilik bolalar globusni faqat maktabga borib, geografiya darsi oʻqitila boshlagach, koʻrishadi. Qoʻpol qilib aytganda, yetti yoshga kirgunicha uyda yetarli taʼlim-tarbiya “olgan” bola faqat maktabga borgachgina qoʻlidagi barmoqlari soni nechtaligini bilib oladi.

Biz ertangi kunga katta umidlar bilan koʻz tikkan, buyuk kelajakni koʻzlagan xalqmiz. Nazarimda, unga tayyorgarligimiz ham buyuk va katta boʻlishi zarur. Aks holda, kelajakni boy berib qoʻyamiz.

 

Kamoliddin ShAMS

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/aql-sarmoyasi-buni-kim-qancha-jamgarmoqda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x