ANJIR

ANJIR (Ficus carica L.) — tutdoshlar (anjirgullilar) oilasiga mansub subtropik meva turi. Turkiya, Jazoir, Yevropaning jan. da, AQSHda katta maydonlarni egallaydi, Kavkaz, Oʻrta Osiyo, Qrimda ham yetishtiriladi. Yovvoyi holda Oʻrta dengiz boʻyi, Kichik Osiyo, Eron, Shim.-gʻarbiy Hindistonda oʻsadi. Anjir juda qadimdan madaniylashtirilgan oʻsimlik hisoblanadi (Osiyoda 5 ming yildan, Yevropada kamida 2 ming yildan beri). Botanik tavsifi. Anjir daraxtining boʻyi 4 — 10 m, shoxlari kalin, yoyilib oʻsadi, novda, barg va mevasida sutsimon shira bor. Bargi yirik, 3 — 7 boʻlmali, baʼzan boʻlmasiz, toʻq yashil, orqasida tuklari bor. Bir yilda 2 — 3-marta gullaydi (apr. — may, iyun — iyul, avg.). Mayda bir jinsli gullardan iborat toʻpguli boʻlajak «meva» ichida boʻlib, mayda blastofaga arilar yordamida changlanadi, baʼzilari esa changlanmasdan (partenogenez) va urugʻ tugmasdan meva qiladi. Mevasida 20 — 24% qand, 0,5 — 4,2% pektin moddalari, 3,4 — 7,4% klechatka, 0,1% gacha organik kislotalar, karotin, kalsiy, temir, fosfor va b. bor.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x