Buyuk bobokalonimiz — amir va sarkarda Amir Temurning shaxsiyati, tarixi, harbiy salohiyati, xalqlar hamda davlatlar oʻrtasida tutgan oʻrni, diplomatik aloqalar, munosabatlarni joriy etishdagi faolligi toʻgʻrisida juda koʻplab tarixiy, badiiy, ilmiy asarlar, risolalar, publitsistik maqolalar yozilgan. Shubhasizki, Temur haqida yozilgan katta asar yoki kichik maqola boʻlsin, har birida dahoning shaxsiyatiga Iskandar Zulqarnayn, Yuliy Sezar, Xorun ar-Rashid, Mamun singari tarixda oʻchmas iz qoldirgan yirik davlat arbobi, mohir sarkarda, ilm-fan, madaniyat homiysi sifatida baho beriladi va shu nuqtai nazardan shaxsiy fikrlar bildirilgan.
Mamlakatimizda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan 2001 yilda “Amir Temur saboqlari” nomli risola chop etilib, unda 1999 yil 23 dekabrda oʻtkazilgan “Amir Temur va uning markazlashgan davlat tuzish yoʻlidagi buyuk xizmatlari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman materiallari eʼlon qilingan edi. Risolaning oxirgi sahifasida Buyuk Sohibqiron haqida chop etilgan asarlarning bibliografiyasi berilib, 1999 yilning oxirigacha bu koʻrsatkich 8950 taga yetganligi haqida qiziqarli maʼlumot bor edi. Ushbu axborotga tiniq manba sifatida tayanadigan boʻlsak, oʻtgan 17 yil mobaynida Temuriylar tarixiga oid yozilgan asarlarning soni mingdan ortib ketganini taxmin qilish qiyinchilik tugʻdirmaydi. Azaldan Amir Temur va Temuriylar shaxsiyatiga koʻplab muarrixlar, temurshunoslar, sharqshunoslar, yozuvchi va shoirlar murojaat qilishgan. Ular orasida nafaqat turkiyzabon, forsiyzabon, balki yevropaliklar ham bor edi.
Biroq guruch kurmaksiz boʻlmaganidek, keyinroq yozilgan tarixiy, badiiy, tadqiqiy asarlarda ayrim oʻquvchini ikkilantirib qoʻyadigan maʼlumotlarga ham duch kelamiz. Uzoqqa bormay, boshqa tarixiy voqeliklarni solishtirmay, bevosita Temurning shajarasi, yaʼni bobosidan boshlay qolaylik. Amir Turagʻayning otasi Barkul bahodirning ismini manbalarda Burqul, Berkul, Bargʻiloy shakllarida atalganini koʻramiz. Turagʻayning oʻzini esa Taragʻay bahodir, Muhammad Taragʻay, amir Turagʻay kabi sifatlar bilan qoʻllanganiga guvoh boʻlamiz.
Bu yerda Taragʻay atamasini temurshunoslar toponim yoki urugʻ, ulus, aymoq nomi bilan izohlagani koʻzga chalinmaydi. (Nazarimiz tushmagan boʻlsa, gazetxonlardan maʼzur tutishini soʻraymiz). Turagʻay esa otaning yolgʻiz oʻgʻli boʻlgan. Turkiylar urfiga koʻra yolgʻiz oʻgʻil farzand koʻrganlar soluvlik uchun (turaqol, turagʻay, yashayqol maʼnolarida) ismlar qoʻyishgan, degan maʼlumotlar manbalarda qayd etilgan. (S. Toshkandiy, “Temurnoma”; P. Ravshanov, “Temurning yoshligi”) kabi asarlarda. Temurning onasi Teginabegim Moh ham manbalarda turlicha: Tekina, Takina xotun, hatto Ye. Berezikovning “Temuroʻgʻlonning tugʻilishi” risolasida Nekiya deb nomlanganiga shohidmiz. Uning otasi Ubaydulloh ibn Mahmud Mahbubiyni aksariyat kitoblarda Buxoroda “shariat qozisi” boʻlgan deyilsa, ayrim mualliflar sadr-ash sharia(at) shaharning bir dahasida mullalik qilgan, deb yozadi.
Amir Temurning tugʻilishi toʻgʻrisidagi faktlarda ham bahsli maʼlumotlar mavjud. Ayrim adabiyotlarda uchraydigan bayonlarda ilmiylikdan koʻra badiiy mubolagʻalar, rivoyatomuz fikrlar moʻlligini koʻramiz. “Zafarnoma”, “Temurnoma”, “Temur oʻgʻlonning tugʻilishi” kabi asarlarda Teginabegim Moh kundoshi Yoʻqun xotunning suiqasdidan omon qolib, Joku barlosning xonadonida farzandli boʻladi deyilsa, Donish Nasafiy “Buyuk Temur” romanida Hoji Barlosning xiyonatidan choʻchib, qochib ketayotganda dalada — sholikor dehqonning ovloq kulbasida joriyasi koʻmagida yumshoq kul ustida koʻz yoriydi, degan fikr ilgari suriladi. H. Sattoriyning “Hazrat Sohibqiron”, F. Joʻraning “Turonlik Sohibqiron Amir Temur” singari qator asarlarda Keshdan 15 chaqirim naridagi Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida tugʻilganligi eʼtirof etiladi. Taniqli tarixchilar Sharafuddin Ali Yazdiy: “Kashi dilkash viloyatida…” desa, Ibn Arabshoh: “Keshga qarashli Xoʻja Ilgʻor (Xoʻjai ilgʻor boʻlishi ham mumkin)da tugʻildi”, degan maʼlumotni keltiradi. Zahiriddin Muhammad Bobur esa “Temurbekning zodu-budu keshlik”, deya aniq nuqta qoʻyadi.
Tugʻilgan sanasida ham xilma-xillik mavjud. Rus muarrixi M. Ivanin 1333 yil 7 may, fransuz sharqshunosi L. Lyangle 1336 yil 7 may, “Zafarnoma”ni 1997 yilgi nashrida akademik R. Raxmonaliyev 1336 yil 8 aprel, akademik V. Bartold hamda rus professori T. Granovskiylar 1336 yil 9 aprelda tugʻilgan, degan maʼlumotlarni keltiradi. Mamlakatimizda Oʻrta Osiyo tarixining bilimdonlari hisoblangan akademiklar: V. Bartold, I. Moʻminov, B. Ahmedovlar keltirgan dalillarga asoslanib boʻlsa kerak, 9 aprelda Hazrat Sohibqironning tugʻilgan kunini nishonlash urfga kirgan.
Yana bir “qiziq” maʼlumot: Turagʻay bahodir dastlab Qadaq xotunga (“Zafarnoma”), Yoʻqun xotunga (“Temurnoma”. Aslida ikkisi bir ayol) uylangani rost. Lekin Turagʻay bahodir bu nikohdan farzand koʻrmaganligi haqida manbalarda qaydlar uchraydi. Ikkinchi ayoli Teginabegim Mohdan Temur dunyoga keladi. Biroq, baʼzi manbalarda “Teginabegim Temur 2 yoshligida, boshqalarida 22 yoshida vafot etadi”, deyiladi. Lekin Hofizu Abru va boshqa bir qator tarixchi-yu, adiblar Turagʻay bahodirning Suyurgʻatmish, Olamshayx, Joʻgʻi ismli oʻgʻillari, Qutlugʻ Turkon oqa, Shirinbika oqa ismli qizlari boʻlganini eslatishadi.
Xullas, qayd etilgani kabi maʼlumotlar Temur va Temuriylar hayoti aks ettirilgan manbalarda yetarlicha uchraydi. Bunday “xilma-xillik”ning mohiyatini bizningcha ikki xil izohlash mumkin: birinchisi, kitob mualliflari Sohibqiron toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tiniq manbalarga solishtirmasdan mustaqil fikr bayon etgan boʻlishi mumkin. Ikkinchisi, yuqorida taʼkidlanganidek, asarlarni bir tildan ikkinchisiga oʻgirishda yoʻl qoʻyilgan eʼtiborsizlik tufayli roʻy bergan boʻlsa ajabmas, degan fikr xayolimizga keladi.
Nima boʻlgandayam, Sohibqiron toʻgʻrisida yozilgan son-sanoqsiz kitoblarni u shaxsga boʻlgan keng jamoatchilikning ehtiromi, deb tushunmoq kerak. Gap shundaki, bu kitoblarning aksariyati oʻquvchilarning qoʻlida. Kitoblar esa — millatning maʼnaviy boyligi hisoblanadi.
Fikrimiz intihosida rus mutafakkiri Nikolay Berdyaevning: “Tarix tom maʼnodagi afsonadir”, degan eʼtirofini eslab, muxtasar qilmoqchimiz. Bizga qariyb yetti yuz yil naridan boʻylayotgan Hazratning surat va siyratiga doir chizgilar necha bor sayqallanib, necha bor “gʻijim”langani rost. Shu jihatdan bir taskin ila ovunamiz. Sohibqiron haqida yozilgan minglab asarlarni har qanday aqli komil shaxs ham toʻla tahliliy mutolaa qilib chiqishga ehtimol vaqti yetmas. Shunday ekan, boshqa ulugʻlar kabi Hazrat Amir Temurning shaxsini yoritaman, deb ayrim mualliflar asli qozigʻi boʻsh “haqiqat”larga tayanib ish tutganini tabiiy hol, deb qabul qilamiz, xolos. Loaqal, mamlakatimizda Temur va Temuriylar tarixiga oid yozilayotgan asarlar Respublika Yozuvchilar uyushmasi yoki boshqa masʼul mahkamalar qoshidagi badiiy kengashlarning nazaridan oʻtkazilib chop etilganida, baʼzi bir gʻalizliklarga barham berilgan boʻlarmidi?..
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/amir-temur-haqida-qozigi-bosh-haqiqat-lar/