Alisher Navoiy Shahrisabzga nega oʻzgacha mehr bilan qaragan?

Mumtoz sheʼriyatimiz sultoni, oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy ijodida Amudaryoning oʻng tomonida joylashgan ikki yurt alohida mehr bilan tasvirlangan. Ularning biri Xorazm boʻlsa, ikkinchisi Shahrisabzdir.

 Bu qadim yurtga shoirning oʻzgacha mehr-muhabbatiga sabablar bor. Buni yakkabogʻlik sharqshunos va shoir Nosir Muhammad (Nasriddin Muhammadiyev, 1946-2018 yillarda yashagan) shunday izohlaydi. Maʼlumki, Sohibqironning ikkinchi farzandi Umarshayx Mirzo 1356 yilda Shahrisabzda tugʻilgan. Muallif Navoiy zamondoshi, tarixchi Mirxondning “Ravzat us-safo” asaridan quyidagi iqtibosni keltiradi: “Amir Alisherning bobosi Amir Temurning oʻgʻli Umarshayx bilan koʻkaldosh (emikdosh, bir onani emgan bolalar) edi”. Shunga koʻra, Nosir Muhammad Navoiyning katta bobosi, yaʼni bobosining otasi va onasi oʻsha paytda Shahrisabzda yashagan hamda Amir Temur xonadoniga yaqin kishilar boʻlishgan, shoirning katta buvisi enaga sifatida oʻz oʻgʻlini va Umarshayx Mirzoni emizgan, tarbiyalagan, degan xulosaga keladi.

Navoiy oʻzining “Badoyeʼ ul-bidoya” devoniga yozgan soʻz boshida, – deb qayd etadi atoqli adib Pirimqul Qodirov, – ota-onadan yetti pushtigacha Temuriylar xonadoniga yaqinligi toʻgʻrisida gʻoyat kamtarlik bilan soʻzlaydi:

Otam bu ostonaning xok bezi,

Onam ham bu saro  boʻston kanizi.

Menga gar xud boʻlay bulbul va gar zogʻ

Ki, ushbu dargoh ulgʻay gulshanu bogʻ.

Pirimqul Qodirov bergan maʼlumotlarga qaraganda, Alisher Navoiy onasi haqida manbalarda qaydlar uchramasa-da, ammo shoirning togʻalari boʻlmish isteʼdodli     shoirlar Mir Said Kobuliy va Muhammad Ali Gʻaribiy kabi uning volidasi ham aslzodalardan boʻlganini taxmin qilish mumkin. Shoirning ona tomondan bobosi Abu Said Chang Amir Temurning chevara avlodlaridan biri bilan bir onani emgan koʻkaldosh boʻlgani manbalarda qayd qilingan.

Navoiyning otasi Amir Gʻiyosiddin haqida “Nasoyim ul-muhabbat” asarida qisqa boʻlsa ham juda ajoyib  hikoya berilgan. Navoiy bilan bir zamonda yashagan tarixchi va shoir Davlatshoh Samarqandiy “Majmuat ush-shuaro” asarida shunday yozadi: “Bu dongdor amirning (yaʼni Alisher Navoiyning) buyuk martabali otasi oʻz vaqtining mashhurlaridan va Chigʻatoy elining qahramonlaridan edi”. Chunki Hazrat Navoiyning otasi Temuriylar saroyida turli vazifalarda ishlagan, Sabzavor shahri hokimi ham boʻlgan.

Nosir Muhammad yuqoridagi tarixiy manbalardan kelib chiqib, Shahrisabz – Navoiyning ajdodlari vatani, shu boisdan shoir bu koʻhna diyorga hamisha mehr va muhabbat koʻzi bilan qaragan, deb yozadi.

Navoiy hazratlari tarjimai holidan maʼlumki, u 1464-1469 yillarda Samarqandda tahsil oladi. Hirotdan Samarqandga borish-kelish yoʻli qadimda va Navoiy zamonida ham Shahrisabz orqali oʻtgan  eng qulay va yaqin yoʻl boʻlgan. Shoir Samarqandda oʻqigan yillarida bu yoʻldan bir necha marta qatnaganiga shubha yoʻq.

Nosir Muhammad Alisher Navoiy Shahrisabzga kelganmi, bu shahardagi qarindoshlari bilan aloqasi boʻlganmi, degan savolni qoʻyadi. Bu savolga javob berish uchun bir rivoyatni keltirish kifoya. Uni Shahrisabz shahrining shundoq biqinida joylashgan Yangi qishloqlik keksa pedagog, yoshi saksonga yaqinlashib qolgan Qudrat Joʻrayev hikoya qilib berdi. Yosh Alisher Samarqandga taʼlim olish uchun borarkan, Shahrisabzga kiraverishda hozir ham qadimiy nomi bilan ataluvchi Chambil qishlogʻida yashovchi qarindoshinikida toʻxtab oʻtadi. Hirotdan mehmon kelibdi, degan xushxabarni eshitgan mezbonning qoʻshnilari ham unikida mehmon boʻlishadi. Ular orasida sheʼriyat shinavandalari va shoirlikka havasmandlar ham bor edi. Xonadondagi gurung keyin sheʼrxonlikka aylanadi. Hirotlik mehmondan zoʻr gʻazallar eshitgan chambilliklar Navoiyning isteʼdodiga qoyil qolishadi.  

Chambil qishlogʻidan 2-3 kilometr shimolda, Tanxoz daryosining soʻl qirgʻogʻiga yaqin joyda arxeologik yodgorlik bor. Bu yerda qadimdan ark – shahriston boʻlgan. Rivoyatlarga koʻra,    Alisher Navoiy tahsilni tugallab,  Samarqanddan yurtiga qaytishida shu yerda hordiq chiqaradi. Rabot amiri unga hurmat-izzat koʻrsatib, mehmon qiladi. Shoir oddiy kishilar bilan ham suhbatlashib, hol-ahvol soʻrashgach, hamrohlari bilan Hirot sari ravona boʻladi. Navoiyning qutlugʻ qadami yetgan bu tabarruk joy xalq xotirasida saqlanib qolgan. Buyuk shoirimizga hurmat yuzasidan xaroba sifatida saqlanib qolgan tepalikka Navoiytepa deb nom berilgan. Hozir ham mahalliy aholi uni shu nom bilan ataydi.

Hazrat Navoiy Movarounnahrning eng qadimiy va goʻzal goʻshalaridan biri, ota-bobolari yurti Shahrisabzga hurmat va sadoqatini, bu yurtdan chiqqan allomalar, mashoyixlarga iliq munosabatini oʻz asarlarida badiiy ifodalab bergan. “Sabʼai sayyor” dostonining yigirma beshinchi bobida Shoh Bahrom Goʻrga misrlik Saʼd ismli musofir bir afsonani aytib beradi. Saʼd oʻz safari chogʻida yashil kiyimlik ikki sayyohni uchratgani, ulardan qayerliksiz deb soʻraganini hikoya qilgan. Sayyohlar shunday javob berishgan:

Dedilar, “Kishvari durur dilkash,

Oti ham Shahrisabz erur, ham Kash.

Xizr monand sabzadin rangi,

Sabzasi suyi koʻzgusi zangi.

Shahrisabz oʻldi bizga  chun mulkat,

Yoʻq ajab gar yashil durur kisvat…”

 Sayyohlar yashil shahar – Shahrisabzdan kelganliklari uchun kiyimlari ham yashil ekanligini aytadilar. Soʻngra Saʼdga bu shahardagi moʻjizalar va shahar podshosining goʻzal qizi haqida soʻzlab beradilar. Saʼd shahrisabzlik sayyohlar rivoyatini eshitib, ular bilan birga safarga chiqadi. Koʻp sinov va qiyinchiliklarni mardona yengib oʻtib, Shahrisabz podshosi qiziga uylanadi. Mazkur afsonaviy voqealar zamirida Navoiyning bu qadimiy shaharga mehr-muhabbati oʻz ifodasini topgan.

Shahrisabz nomi dostonda hikoya qilingan afsonalar bayonida necha marta tilga olinadi:

“Shahrisabz oʻldi taxtgohi aning,

Yer uza sabzadek sipohi aning.”

***

“Surubon Shahrisabz jonibi ket,

Turmayin yoʻlda ul diyorga yet”.

Alisher Navoiy qalamiga mansub eng mashhur asarlardan biri “Nasoyim ul-muhabbat” asaridir. Uning ushbu asarni yozishdan maqsadi turkiy ellarni anbiyo va avliyolar tarixi bilan tanishtirish edi. Abdurahmon Jomiy tazkirasiga butun musulmon olamida oʻtgan 618 nafar shayx nomi kiritilgan boʻlsa, “Nasoyim ul-muhabbat”da ularning soni 770 nafarga yetkazildi.

Hazrat Navoiy tazkirada Kesh-Shahrisabzdan chiqqan mashoyixlarni ham unutmadi. Qadimda Kesh tasarrufida boʻlgan hozirgi Qamashi tumanidagi Langar qishlogʻi tasavvuf taʼlimotining ishqiya tariqati namoyandalari yashab oʻtgan qutlugʻ maskandir. Shoir  Langarda yashab, ishqiya tariqati taʼlimoti asosida islom dini rivojida fidoyilik bilan xizmat qilgan Shayxzoda Abul Hasan haqida qiziqarli maʼlumotlar bergan. Tazkirada tilga olingan, Katta Langarda tavallud topib, shu yerda vafot etgan Shayxzoda Muhammad Sodiq ham ishqiya tariqatining atoqli davomchisidir. Uning oʻgʻli Abul Husayn Oxund ham shayx darajasiga koʻtarilib, langarliklarni hidoyat yoʻliga chorlab, islom taʼlimoti bilan qurollantiradi.

Navoiy ehtirom bilan tilga olgan keshlik shayxlarning biri – keshlik Ota (rahmatullohi alayh) yassaviylik taʼlimotiga ergashib, Turkistonga, Xoja Ahmad Yassaviy mozoriga boradi, shu yerda ilmini oshiradi. Soʻngra Chin yurtiga safar qilib, umrini   naqshbandiya gʻoyalarini targʻib qilishga bagʻishlaydi. Soʻnggi manzilgohi ham shu diyor boʻladi. Uning ukasi Umar ota (rahimahullohu taolo) ham akasi yoʻlidan borib, koʻp qiyinchiliklarni boshidan kechiradi. Alisher Navoiy yozganidek, qabri ham Chin mulkidadir.

Abulbaraka Firoqiy Shahrisabzda tavallud topib, ona shahrida qozilik qilgan, badiiy ijod bilan ham shugʻullangan. U XV asr zullisoniylik anʼanasiga koʻra oʻzbek va fors tillarida gʻazallar bitgan. U ayniqsa, ruboiy yozishda mahoratli shoir boʻlgan.

Firoqiy bir muddat Hirotda ham yashagan. Buyuk shoir ishtirokidagi mushoiralarda ishtirok etgan. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asariga Abulbaraka Firoqiy nomini ham kiritib, uning amaldorlik va shoirlik faoliyatiga baho bergan.

Navoiy Xisrav Dehlaviyning otasi va avlodlarining asli Keshdan boʻlganini yaxshi bilgan va uning bebaho asarlaridan bahramand boʻlgan. Dehlaviy buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviydan keyin besh  dostondan iborat “Xamsa” asarini yozadi. Navoiy har ikkala “Xamsa”ni oʻqib chiqqanida unda oʻz “Xamsa”sini yaratish gʻoyasi tugʻiladi. Ikki mashhur shoir izidan borib, uch yil ichida “Xamsa”ni yozib tugallaydi. Navoiyshunoslar “Xamsa” turkumidagi dostonlarga Navoiy ijodining qalbi, deya taʼrif berishgan.

Soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy Shahrisabzga katta mehr-muhabbat bilan qaraganidek, bu koʻhna zamin ahli ham uning bebaho asarlarini sevib mutolaa qilishgan. Husnixat dargʻalari – xattotlar esa hassos shoir asarlarining xalqimiz xonadonlariga kirib borishi, kitob javonlaridan oʻrin olishiga oʻz hissalarini qoʻshganlar. Mirzo Yunus Shahrisabziy Navoiyning besh dostondan iborat “Xamsa”sini, shuningdek, “Mahbub ul-qulub” va “Lison ut-tayr” asarlarini chiroyli husnixat bilan koʻchirib, kitob holiga keltiradi. Yana bir shahrisabzlik – Yormuhammad Qora Shahrisabziy ham shoirning yettita asaridan nusxa koʻchiradi. Xattot Muhammad Obid Shahrisabziy faoliyati davomida “Xamsa”ni besh marta koʻchirib, husnixatining goʻzalligi bilan tahsinga sazovor boʻladi. Muhammad Yusuf Shahrisabziy “Chor devon” va “Tarixi mulki ajam” asarlarini nastaʼliq xatida bitib, goʻzal bezaklar bilan kitobat qiladi. Uning izidan borgan farzandi Muhammad Latif esa “Chordevon” devonini koʻchirib, oʻz husnixati bilan sayqal bergan. Navoiy asarlaridan koʻchirilgan nusxalar hozir OʻzFA Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar xazinasida saqlanmoqda.

Asli shahrisabzlik, yarim umri Qamashi shahrida kechgan Abdulloh ibn Abdurahmon (Gulshaniy) diniy bilimlar sohibi boʻlishi bilan birga sheʼrlar va dostonlar ham yozgan. Nazmiy ijod namunalarini “Gulistoni Gulshaniy” nomli devonida jamlagan yuksak isteʼdod egasi edi. U sheʼriyatdagi  muammo janri, sheʼr va gʻazallardagi yashirin ism va voqea-hodisalarni yechish masalalariga bagʻishlangan    “Muammiyot” asarini ham yozgan.

Maʼlumki, Alisher Navoiy gʻazallarida ham muammolar uchraydi. Ayniqsa, buni “Xazoyin ul-maoniy” asaridagi koʻpgina gʻazallarda koʻrishimiz mumkin. Gulshaniy ikki yilga yaqin Toshkentda qoʻlyozmalar institutida ishlab, koʻpgina nodir asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qiladi. Jumladan, Alisher Navoiy asarlaridan ham muammolarni yechadi, forscha, arabcha muammolarni oʻzbek tiliga oʻgiradi.

Xullas, buyuk shoir Alisher Navoiy shaxsi yaratgan asarlarida barhayotdir. Uning hayot yoʻli ibratli, ijodi arzirli, asarlari har birimiz uchun sevimli boʻlib qoladi.

 

Moʻmin AZIZOV,

tarixchi-jurnalist

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/alisher-navoiy-shahrisabzga-nega-ozgacha-mehr-bilan-qaragan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x