ALISHER NAVOIY NOMIDAGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUKOFOTI

ALISHER NAVOIY NOMIDAGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MUKOFOTI — OʻzRning badiiy ijod sohasidagi eng oliy mukofoti. Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan 1989-y. 13 sent. da taʼsis etilgan. Oʻzbekistonning madaniy hayotida katta voqea boʻlgan, milliy qadriyatlar xazinasini boyitgan adabiyot, sanʼat va meʼmorlik sohasidagi eng yorqin va sermazmun asarlar uchun beriladi. Bu mukofotga respublikada hamda chet ellarda eʼlon kilingan, alohida kitob shaklida nashr qilingan, ommaviy ravishda ijro etilgan, koʻrsatilgan va namoyish qilingan hamda keng jamoatchilik tomonidan yuqori baholangan badiiy asarlar, sanʼat namunalari taqdim etiladi. Taqdim etilgan ishlar vazirliklar, davlat qoʻmitalari, ijodiy uyushmalarning respublika miqyosidagi idoralari va xalqaro jamoat tashkilotlarining qarorlari asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat mukofotlari qoʻmitasi tomonidan qabul qilinadi. Taqdim etilgan bir asar uchun mukofot olishga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi kerak. Mukofot Oʻzbekiston adabiyoti, sanʼati va meʼmorchiligi bilan bogʻliq boʻlgan eng yaxshi ishlar uchun boshqa mamlakatlarning madaniyat arboblariga ham berilishi mumkin. Mukofotlarni 1996-y. dan, OʻzR Prezidentining farmoni b-n, har 3 yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida berish tartibi joriy qilingan. Mukofotning har biri 200 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Mukofotlanganlarga tantanali vaziyatda sovrindorlik yorligʻi va faxriy nishon topshiriladi. Mukofot sovrindorining nishoni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi. Mukofot takroran berilmaydi. 1991-y. da 9 kishi, 1994-y. da 12 kishi (1 kishi xorijdan) 1996-y. da 4 kishi mukofotga sazovor boʻlgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x