ALASH OʻRDA

ALASH OʻRDA — qozoq xalqining milliy ozodlik, mustaqillik uchun kurashiga rahbarlik qilgan milliy partiyasi va muxtor hukumati (1917-y. apr. — 1920-y. mart). 1917-y. 27 apr. – 7 may kunlari Semey viloyati qozoq vakillarining kengashi boʻlib, unda boʻlajak Butunqozoq vakillari qurultoyida Qozogʻistonning muxtoriyatini tuzish masalasi koʻrildi. 1917-y. 21—26 iyul kunlari Orenburgda Butunqozoq vakillari qurultoyi boʻlib, unda Oqmoʻla, Semey, Toʻrgʻay, Oʻrol, Yettisuv, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari, shuningdek Ichki Bukey oʻrdasi vakillari ishtirok etishdi. Qurultoyda mamlakatni boshqaruv shakli, qozoq viloyatlari muxtoriyati, yer masalasi, xalq militsiyasi, zemstvo, xalq taʼlimi, qozilik, diniy masalalar koʻrildi. Qozoq demokratii hokimiyatini tuzish, islohotlar, xalqning oʻzini-oʻzi boshqaruvi uchun zaruriy muzoqaralar uyushtirish masalalari muhokama qilindi. Qurultoyda qozoqlarning Alash partiyasini tuzish masalasi koʻrildi. Alash partiyasi joylarda mahalliy xalq hokimiyatini oʻrnatishga kirishdi. 1917-y. 19 dek. da Yettisuvda hokimiyat mahalliy xalq vakillari qoʻliga oʻtdi. 1917-y. ning 5—13 dek. kunlari Orenburgda Alash partiyasining navbatdagi uchinchi qurultoyi boʻlib oʻtadi. Qurultoy 13 dekda poytaxti Semipalatinsk sh. boʻlgan Alash Oʻrda muxtoriyatini eʼlon qiladi. Alixon Bukeyxon oʻgʻli hukumat boshligʻi etib saylanadi. Tez orada bu hukumat 27 ming nafarlik milliy qoʻshin va tartibni saqlash boʻlinmalarini tashkil etdi. Qurultoyda Alash partiyasining dasturi loyihasi qabul qilinib, umumxalq muhokamasi uchun «Qozoq» gaz. da eʼlon qilinadi. Oʻn boʻlimdan iborat bu hujjatda partiyaning mamlakat boʻyicha tuzilishi, mudofaa, din, ilm-fan yoʻlidagi faoliyati, agrar masala boʻyicha vazifalar belgilandi. 1918-y. martida Oʻrol viloyatida oʻtkazilgan saylovlarda mustaqillik kuchlari gʻolib chiqdi. Ammo, 29-martga oʻtar kechasi teskari kuchlar va bolsheviklar harbiy toʻntarish oʻtkazdilar. Oʻrol viloyati ijroqoʻmining 60 nafar vakili qamaldi va azoblab oʻldirildi. Yettisuv viloyatida 1918-y. ning 2—3-martida bolsheviklar Alash partiyasi vakillarini qamoqqa oldilar. Orenburgda Toʻrgʻay viloyati Shoʻrolarining 1-qurultoyi (1918-y. 21-mart — 3 apr.) da ham bolsheviklar gʻolib chiqdi. Shy kunlari Oqmoʻla uyezdi qozoq vakillari Shoʻrolari qurultoyida bolsheviklar tazyiqi bilan Alash Oʻrda muxtoriyatiga qarshi qaror qabul qilindi. Alash Oʻrda partiyasining Orenburgda chiqib turgan «Qozoq» gaz. yopildi. Uning egallab turgan binosi va mulki musodara qilindi. Alash Oʻrda siyosiy partiyasi tashkilotchilaridan Alixon Bukeyxon (1869—1937) va Mirjaqib Davlat oʻgʻli (1885—1935) kabilar quvgʻin qilinib, taʼqib ostiga olindi. Oqgvardiyachilar deb atalgan Sibir hukumatini rasmiy tarzda tan olgan Alash Oʻrda hukumati ataman Dutov bilan til biriktirib Shoʻro hukumatiga qarshi chiqdi. Dutov tor-mor keltirilgach, Umumqozoq Revkomi qarori bilan Alash Oʻrda 1920-y. ning martida tugatildi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x