AKBARNOMA

«AKBARNOMA», «Tarixi Akbarshohiy» («Akbarshoh tarixi») , «Tarixi Akbariy» («Akbar tarixi») — tarixiy asar; boburiylardan Akbar topshirigʻiga koʻra uning vaziri va yaqin safdoshi Abulfazl Allomiy tomonidan 1589—1601-y. larda yozilgan. «Akbarnoma» 3 jilddan iborat. Birinchi jildida Akbarning tugʻilishi, uning shajarasi hikoya qilinadi, Bobur, Humoyun davrida Afgʻoniston va Shim. Xindistonda yuz bergan siyosiy vaziyat tasvirlanadi. Bulardan tashqari Akbar hukmronligining ilk 17 yili (1556—72)da roʻy bergan v-qealar bayon etiladi. Ikkinchi jild Hindiston va Shim. Afgʻoniston tarixini (1573—1601/02 y.), uchinchi jild esa Akbar shaxsi, uning saroyi, boburiylar saltanatining tuzilishi, mamlakatning maʼmuriy boʻlinishi, soliq va b. dan keladigan tushumlar, dinlar, hindlarning dunyoqarashi va b. haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. Uchinchi jild «Oyini Akbariy» («Akbar qonunlari») nomi bilan mustaqil asar sifatida ham mashhur. Muallif vafotidan soʻng Akbar hukmronligining soʻnggi davrlari yozilmay qolgan. Ammo, keyinchalik bu davrlar «Akbarnoma» asosi (tartibi)da yoritiladi (unda voqealar yilma-yil bayon etiladi) va u «Takmilaiy Akbarnoma» nomi bilan tarixga kiradi. «Akbarnoma» ga qoʻshimcha qilingan soʻnggi qismlari muallifi aniq maʼlum emas. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, u lahorlik yozuvchi va tarixchi Inoyatullo ibn Muhibb Ali deyilsa, boshqa maʼlumotlarda Shoh Jahonning mashhur tarixchisi Muhammad Solih Kambo («Shoh Jahonnoma»ning muallifi) deyiladi, uchinchi bir maʼlumotda esa Abulfazl Allomiy maktublarini toʻplagan jiyani tomonidan yozilgan deb koʻrsatiladi. «Akbarnoma»da tarixiy voqealar yilma-yil tadrijiy suratda bayon etiladi. Maʼlumotlar esa rasmiy hujjatlardan olinadi va sodir boʻlgan voqealarning bevosita ishtirokchisi, guvohi boʻlganlarning yozishmalari va xotiralariga asoslaniladi. Shunga koʻra «Akbarnoma» qimmatli va ishonchli tarixiy asar hisoblanadi. «Akbarnoma» nusxalari Angliya, Fransiya, Hindiston, Rossiya va b. mamlakatlarda saqlanmoqda. 19-a. da «Akbarnoma» Beverij, Elliot va Dousonlar (I— II jild), shuningdek Glodvin, Bloshman, Jarretlar (III jild) tomonidan ingliz tiliga tarjima qilingan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x