Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Neʼmat Aminov hayot boʻlganida bu yil 80 yoshga toʻlardi. Afsuski, shafqatsiz oʻlim bu samimiy inson va betakror yozuvchini 67 yoshida hayotdan olib ketdi. Lekin mashhur hajvchi adib yaratib ketgan bebaho asarlar va bu asarlarning kulgiga mahkum etilgan betakror qahramonlari hamon kulgisevar kitobxonlar qalbida yashab kelayotir.
Quyida ustozimiz – ajoyib inson va isteʼdodli hajv ustasi Neʼmat Aminovning hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi yangi kitobdan ayrim boblarni gazetxonlar hukmiga havola etishni lozim topdik.
Yaxshi asar yozilib, “yoʻrgakka” oʻralishi bilan darhol qanot qoqib, kitobxonlar tiliga tushadi. Adabiyotda ovoza boʻladi. Bunday asarni kitobxonlar ham, adabiy jamoatchilik ham olqishlar bilan kutib oladi. Va bu asar chinakam adabiy hodisaga aylanadi. Adabiyotda bunga yorqin misollar koʻp…
Mashhur hajvchi Neʼmat Aminov dastlabki hajviy hikoyalari va ilk kitobi “Ikki pullik obroʻ” bilan allaqachon kitobxonlar tiliga tushgan boʻlsa-da, yozuvchining “Yelvizak” hajviy qissasi eʼlon qilinishi bilan kutilmagan adabiy moʻjiza roʻy berdi. Ushbu hajviy qissaning qadami qutlugʻ kelib, adabiy jamoatchilik va kitobxonlarning yuksak eʼtirofiga sazovor boʻldi. Adabiyotimiz ustoz Ozod Sharafiddinov yozganidek, Bashirjon Zaynishev degan adabiy tip bilan boyidi.
“Yelvizak” chop etilgan oʻsha quvonchli kunlarni yozuvchi oʻz kundaliklarida mamnuniyat bilan shunday qayd etgan edi:
“Ishxonaga 14 ta “Yelvizak”dan olib keldim. Hamma soʻraydi. Odamlarda qiziqish katta. Xudoyimga ming qatla shukur!”
“Ibrohim Gʻafurov: “Yelvizak”ning taqdiri ham xuddi oʻzingizdek baxtli boʻlsin”, dedi”.
“Tushga yaqin Ashurali keldi. “Yelvizak”ni sinchiklab oʻqibdi. Qattiq taʼsirlanibdi va xat koʻrinishida 8 betli taqriz yozibdi. Yaxshi tushunibdi…”
“Kassa oldida Mamatqul Hazratqulovni koʻrdim. “Yelvizak”ni bir oʻtirishda oʻqib chiqdim, deya oʻn minutcha maqtab gapirdi. Koʻnglim ancha koʻtarildi”.
“Keyin Murod Xidirni uchratdim. “Yelvizak”ni oʻqibdi. Oʻzida yoʻq shod. Albatta, yozaman, deydi”.
“Ertalab soat 9 larda Ozod aka Sharafiddinov telefon qilib qoldi. “Yelvizak”ni soʻradi. Men, olib boraman, dedim. Keyin “Gulxan”da ishlaydigan Temur Ubaydullo bilan birga bordik. Ozod aka uyda ekan. Ancha suhbatlashib oʻtirdik. U kishi “Yelvizak”ning chiqqanidan juda xursand. Biror joyga taqriz yozib beraman, dedi…”
Oradan koʻp vaqt oʻtmay “Oʻzbekiston madaniyati” (hozirgi “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”) gazetasida Ozod Sharafiddinovning “Yelvizak haqidagi salmoqli maqolasi eʼlon qilindi. Ushbu maqolaning shov-shuvi asarnikidan kam boʻlmadi. Qissaga berilgan yuksak baholardan biri ushbu maqola boʻldi. Va bu eʼtirof yozuvchiga ijodiy shijoat bagʻishladi.
Ozod aka shunday deb yozadi: “Bashirjon Zaynishev qissada mayda oʻgʻri, tamagir, muttaham bir shaxs sifatida tasvirlangan… Savol tugʻiladi: qanday qilib Bashirjonday chalamulla, eʼtiqodsiz, nokas, qoʻli egri, buzuqlik koʻchasiga kirib-chiqaveradigan, farosatsiz va kaltafahm odam koʻp yillar mobaynida masʼul lavozimlarda ishlab keldi. Axir uning bilimsizligi, farosatsizligi bir zumda odamlar oʻrtasida latifaga aylanib ketadi-ku! Birga ishlaydigan hamkasblari bir zumda uning puch ekanini bilib qolishadi-ku! Shunga qaramay, Bashirjon poʻkakdek suv betida qalqib yuraveradi. Qissada bu savollarga atroflicha badiiy javob berilgan…”
Yozuvchi “Yelvizak”ning dovrugʻidan esankirab qolmadi. Asarni qizgʻin va dadil davom ettirdi. Bashirjon Zaynishevning serqirra va sarguzashtlarga boy faoliyati muallifga aslo tinchlik bermadi. Yozuvchining kulgi toʻkilib turgan qalami Bashirjon izidan qahqaha otib boraveradi. Har bir satri ichakuzdi voqealar va hangomalarga toʻla navbatdagi asar 1982 yilda “Suvarak” nomi bilan dunyoga keldi. Ikki asar birlashtirilib, “Yolgʻonchi farishtalar” yoxud yelvizak feʼlu suvarakmijoz Bashirjon Zaynishev hayotidan qoʻsh qissa” nomi bilan 1983 yilda oʻ.oʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida koʻp ming nusxada chop etildi.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad ushbu kitobga yozgan soʻnggi soʻzida shunday deydi: “Yolgʻonchi farishtalar”da Bashirjondan boshqa juda chiroyli, juda aniq chizilgan obrazlar koʻp. Har biri oʻziga xos xususiyatga ega, tili ham, qiyofasi ham, xatti-harakatlari ham bir-birini takrorlamaydi; Shamsi Toʻrayevich, Qirmizxon, Qiyomxon, Vafo attor… Bular – yozuvchi nihoyatda oʻtkir koʻz bilan tanlagan, yorqin boʻyoqlar bilan mohirona chizib bergan badiiy topilmalardir… Adabiyotimiz yana bir umrboqiy asar bilan boyiganidan benihoya xursandman”.
Keyinchalik yozuvchi qoʻshqissa ustidagi ijodiy ishlarini jiddiy davom ettirib, uni hajviy romanga aylantirdi. Va bu asar birinchi hajviy roman sifatida adabiyotimizdan mustahkam oʻrin oldi. Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov iborasi bilan aytganda: “Yozuvchilikning qadim-qadimdan keladigan yozilmagan anʼanasi deysizmi, taomili bor, shekilli. Genial yozuvchi boʻlsa-da, uning eng shoh asari boʻlishi tabiiy. Neʼmat Aminov oʻz hayoti davomida mana shu shoh asarni yozishga ulgurdi. Bu adibning katta baxti, juda yuksak isteʼdodining mahsuli edi. Men, adibning mashhur “Yolgʻonchi farishtalar” hajviy romanini nazarda tutayapman. Chunki adibning umri va yoʻli poyonsiz…”
Ustozning yana bir umrboqiy asari “Bir asr hikoyati” (Temirchidan qolgan tillolar) deb nomlanadi. Bu kitob ham allaqachon minglab kitobxonlar yuragidan joy olgan. Ularning qayta-qayta oʻqiydigan sevimli asariga aylanganiga aslo shubha yoʻq edi.
“Bir asr hikoyati”ni oʻqib, koʻp xayollar kechdi, – deb yozadi taniqli adib Xurshid Doʻstmuhammad, – Rahmatli usta Aminboy boboning oʻgitlari xalqimizning maʼnaviy xazinasiga qoʻshilganiga havas qila turib, har bir kitobxondan soʻragim keladi: otalarimizdan, onalarimizdan bebaho tillolarni olib qoldikmi, olib qolayapmizmi?..”
Neʼmat Aminov kundaliklarini nashrga tayyorlash jarayonida muallifning kundalik voqealar bilan birga oʻzi eshitgan qiziq voqealar, hangomalarni muntazam yozib borganiga guvoh boʻlamiz. Bu kuzatishlar koʻpgina asarlarning yaratilishiga “xamirturush” vazifasini bajargan. Ular kundalikda ham “Qiziq” deb berilgan. Masalan, 1970 yil 28 yanvar kuni kundalik sahifasida shunday qiziq hangoma qayd etgan:
“Bir chapani yigit boʻladi. Hovuz labida oʻtiradi. Suvga chiqqan goʻzal xotinga koʻz suzadi, moʻylov uchiradi. Xotin bu hodisani eriga aytgach, eri, uyga imla, deydi. Yana xotin suvga chiqsa, haligi yigit yoʻtaladi, koʻz qisadi, moʻylov uchiradi. Xotin uyga imlaydi. Yigit ergashib hovliga kiradi. Uni pichoq yalangʻochlagan eri kutib oladi. Nihoyat, uni bir kecha-kunduz uyda saqlab kelida sholi oqlatadi. Soʻng, bunday nomaʼqulchilik qayta boʻlmasin, deb unga javob beradi.
Yana bir kun xotin suvga chiqsa, haligi yigit oʻtirganmish. Xotin uni sinab koʻrish uchun sekin yoʻtalib “ihm”, deb uyiga imo qiladi.
– Ha, sholing tugaganga oʻxshaydi! – deydi yigit ters qarab…”
Yana bir hayotiy hangoma kundalikning 1971 yil 8 fevralida bayon etilgan: “Kolxozga teleoperator keladi. Uch kun ovoragarchilik, yuz-yuz ellik kishini toʻplash. Ilgʻorning soqolini olish uchun sartaroshga kishi yuboradi, sartarosh yoʻq. Rayondan olib kelishadi. Bir boboning sallasi oʻrniga chust doʻppi topishadi… Tayyorgarlik uzoq davom etadi. Xullas, rasmga ham tushiriladi… Lekin televizorda koʻrsatilmaydi. Chunki, lentalar brak ekan…”
Kundaliklarda bunday hayotiy va ibratli voqealar, qiziq hangomalarni oʻqish – yozuvchining hayotni chuqur oʻrganganligini koʻrsatadi…
Ustozning “Tillo tabassumlar” degan hikoyalar va hajviyalar kitobi bor. Kitobning nomida “Tillo” soʻzi bejiz ishlatilmagan.
Buxoro tuprogʻi azaldan qimmatbaho tilloga boy makonlardan biri ekani tarixdan maʼlum. Jahon bozorida ham Buxoro tillosining qadr-qimmati juda baland boʻlgan. Lekin Buxoroda yana bir bebaho boylik – tillo bor ediki, bu buxoroliklarning qonida, xarakterida, yuz-koʻzlarida, gap-soʻzlarida quyoshday balqib turgan KULGI edi. Neʼmat Aminov isteʼdodli hajvchi sifatida ana shu bahosiz tabassumlarni erinmay, yuksak mahorat va katta zahmatkashlik bilan toʻplab, adabiyotga olib kirdi. Lekin bir-biridan serob, turfa kulgilarni ajratib olish, chin va haqiqiy kulgini yaratish oson kechmagan. U kishining asarlarida yangrab turgan qahqahani, beozor kulgini haqiqiy tilloga ham sotib olib boʻlmaydi. Ustoz yaratgan kulgining bahosi va qadri baland, umri uzoq.
Yozuvchi boʻlajak qahramonlari bilan birga yashab, bir muhitdan nafas olgan. Ular bilan ishxonada, choyxonada, davralarda qizgʻin suhbatlar qurgan. Va ularning gap-soʻzlari, qiliqlari, shaklu shamoyilidan sezdirmay, tillolarini, yaʼni kulgilarini “oʻmargan”.
Yozuvchi 50 yilligi munosabati bilan tugʻilgan joyi – Romitan tumanidagi Pitmon qishlogʻida boʻlgan ijodiy uchrashuvda shunday degan edi:
– Aziz hamqishloqlar, qadrdonlar, doʻstu birodarlar! Men bir “ayb” ish qilganman. Bugun Sizlarning oldingizda “aybim”ga iqror boʻlmoqchiman. “Gunohim”ni boʻynimga olsam, kechirasizlar degan umiddaman.
Men ashaddiy “oʻgʻri”man. Koʻp yillardan buyon sizlarning bebaho kulgilaringizni “oʻgʻirlab” kelayapman. Bu kulgilarni asarlarimga bekitganman. Oʻylaymanki, mening bu “gunohlarim” uchun kechirasizlar…
Zalda davomli va samimiy qarsaklar yangragan. Ular shu tariqa “oʻgʻri” farzandini kechirganlar. Kechirib olqishlaganlar.
Neʼmat Aminov “oʻgʻirlagan” tillolar bugun adabiyotimizning xazinasidan mustahkam oʻrin olgani ayni haqiqat.
Neʼmat Aminov hayotda samimiy, bagʻrikeng, halol va vijdonli inson edi. U kishi odamlarga yaxshilik qilib aslo charchamasdi. Va qilgan yaxshiligini hech qachon aytmasdi. Haqiqiy yaxshilikparvar edi.
Halollik ustozning hayot mazmuniga singib ketgan edi. Bu mukammal halollikning ildizi oilada edi. Adibning otasi – Usto Amin Nurulloboy oʻgʻli temirchi usta boʻlganlar. Farzandlarini halol luqma bilan voyaga yetkazganlar. Otasining diniy eʼtiqodi nihoyatda baland va mustahkam boʻlgan. U kishining ushbu soʻzlari yuqoridagi fikrlarimizni isbotlab turibdi. “Bu dunyoga kelib, uch narsadan hazar qildim. Birinchisi – tillo, ikkinchisi – miltigʻu tapponcha, uchinchisi – qadah. Shu uchalasini qoʻlimga olmadim!”
Agar adabiyot olamida biror bir yosh isteʼdodli ijodkor paydo boʻlsa, Neʼmat Aminov bundan benihoya xursand boʻlib, adabiy davralarda, uyushmada boʻladigan katta yigʻinlarda ularning nomlarini baralla aytardi. Afsuski, koʻpgina ijodkorlarda bunday bagʻrikenglik yetishmaydi…
Neʼmat Aminovning kulgisi – begʻubor, toza va samimiy edi. U kishida oʻziga xos aktyorlik sanʼati ham bor edi. Yozganlarini Buxoro lahjasida, yaʼni oʻz qahramonlari tilida juda chiroyli oʻqirdi. Afsuski, ularning koʻpchiligi yozib olib qolinmagan. Bu endi boshqa mavzu…
Taniqli olim Ibrohim Haqqul aytganidek: “Valiy – valiyligini bilmagani uchun valiydir” degan gap bor. Neʼmat Aminovdagi kamtarlik, xokisorlik, odamiylik uni daholik, “birinchilik” iddaosidan asragan asosiy fazilatlar boʻlgan deb oʻylayman.
Yana bir gap. Neʼmat Amin Buxoro tuprogʻida chuqur ildiz yozgan, shu zamindan hech ajratib boʻlmaydigan azamat DARAXTga oʻxshardi. Uning ruhi Buxorodan uzilishga koʻnikmas, xotirasi Buxoro va buxoroliklarni qoʻmsashdan toʻxtamasdi…umrining soʻnggi yillarini Neʼmat aka Buxoro sogʻinchi, Buxoro ishtiyoqi bilan oʻtkazdi…”
U kishi Buxoroga borsa, Toshkentni, Toshkentda yashab, Buxoroni sogʻinardi. Endi uning qalbidagi mehr rishtalari yanada mustahkam bogʻlanib, Oʻzbekistonga aylangan edi. Neʼmat Aminov garchi Buxoroning tor koʻchalarida yurib voyaga yetgan boʻlsa-da, adabiyotning tor va mahalliychilik koʻchalaridan aslo oʻtmagan.
Ayrim hamkasblariga oʻxshab guruhbozlik, toʻdabozlik qilgan emas. Hatto bunday yaramas odatlarni xayoliga ham keltirgan emas.
Neʼmat Aminovning atrofida hamisha isteʼdodli ijodkorlar boʻlgan. Bir yonida Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Abdulla Oripov, Oʻtkir Hoshimov boʻlsa, bir yonida Erkin Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst, Xayriddin Sultonov, Mashrab Boboyev, Usmon Azim singari adabiyotning chinakam fidoyilari, zahmatkashlari bor edi…
Ashurali JOʻRAYEV
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/publitsistika/adibning-umri-va-yoli-poyonsiz/