Yozuvchi Isajon Sulton bilan suhbat
– Avvalo, ijod hodisasiga taʼrif berib oʻtsak. Ijod mohiyati haqida turli talqinlar bor. Bu borada bir-birini toʻldiradigan, shuningdek, rad etadigan mulohazalar ham talaygina. Shaxsan siz bu sirli hodisaga qanday izoh berasiz?
– Menimcha, bu savolning javobi gʻoyalar turli-tumanligiga qarab boʻladi. Kimdir uni koʻngilxushlik yoki kishilar koʻngliga yoqadigan tomosha hodisasi deydi. Yana kimdir esa yaratuvchilik deb taʼrif beradi. Menimcha, ijod sanʼatgagina xos atama emas. Yaratilgan har qanday yangilik tafakkur mevasi boʻlishi bilan birga, ijod mahsuli hamdir. Mavzuga shu tarz yondashsak, mohiyatga yaqinlashib borgan boʻlamiz. Yangi kashflar asosida yaratilgan texnologiyalardan tortib to iqtisodning yangi, samarali modellarigacha – bari birday ijod emasmi? Aytaylik, kimdir shu mahalgacha fanga maʼlum qonuniyatlarni sinchiklab oʻrgangach, qay bir hodisada yetishmayotgan bir halqa mavjudligini payqab qolgan onidan boshlab ijodkorga aylanaveradi. Misol uchun, bobomiz Abu Rayhon Beruniy sayyoramizning ogʻirligini aniqlar ekan, hisoblarning tugal chiqishi uchun ummon ortida yana quruqlik boʻlishi kerak, degan mahalidan ijodkorga aylangan boʻlsa, fransuz olimi Leverye Uran sayyorasining aylanish chizigʻini kuzatib, maʼlum nuqtada ogʻish borligini payqagan onidan boshlab ijodkor edi.
Moddiy mahsullar ham sanʼatdir, faqat hissiy taʼsiri oz boʻlgani uchun ularni sanʼat demaymiz, bu oʻrinda yana xato qilamiz, nazarimda. Masalan, bir kishi geometriya, fizika, kimyo yutuqlaridan foydalanib, muhandislik ijodi oʻlaroq ajoyib bir koʻprik quradi, u minglab kishilar mushkulini oson qilishidan tashqari, vaqt-soati kelib sanʼat asariga ham aylanib ketadi. Aytmoqchimanki, sanʼat birlamchi, yaʼni ibtidodagi koʻrinishida har yerda mavjud. Faqat, uni ilgʻay olish qobiliyatini rivojlantirish kerak, menimcha. Umuman olganda, xalqimiz ardoqlaydigan sanʼat – insonni insoniylikka, mehru muhabbatga undaydigan sanʼatdir.
– U holda, adabiyot haqida ham shunday deya olamiz, shundaymi? Negaki, azal-azaldan bizda adabiyot inson kamolotiga, uni ruhan, maʼnan yuksaltirishga xizmat qilib kelgan. Bugun dunyo adabiyotida turli evrilishlar yuz berayotgan chogʻda ham, nazarimda, biz oʻsha ezgu gʻoyadan aslo chekinmasligimiz kerak, deb oʻylayman…
– Albatta. Bizga koʻra, adabiyot xalqning orzu-umidlarini, armonlarini, maʼlum davr aro yashab oʻtgan umrini, shu umrni inson oʻlaroq yashab oʻtishi uchun nimalar qilishi kerakligini aks ettiradi. Qolaversa, xalqimiz adabiyotdan juda muhim vazifani talab qiladi: yaʼni, yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilsin, deydi. Bu xuddi “Ilm oʻrgatib bering”, deb bolasini ustozga topshirgan kishiga oʻxshaydi. Shuning uchun unga katta qiymat beramiz, maʼlum bir kishining hoyu havaslari tasvirlangan asarlardan koʻra poklikka, insoniylikka chorlaydigan, yetishimiz shart boʻlgan nurli manzillarni koʻrsatib beradigan yorugʻ asarlarni sevamiz.
Misol uchun, Navoiy bobomizning mashhur misralarini keltirsam:
Tuxm yerga kirib chechak boʻldi,
Qurt jondan kechib ipak boʻldi.
Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmi,
Ipak qurticha himmating yoʻqmi?
Ibtidodagi sanʼatdan xulosa chiqarib, teran tafakkur hosil qilgan fikr bolini ona tilning betakror jilvalari aro taqdim etishning ajoyib misoli emasmi bu?
Mana shu sababdan ham adabiyot Sharqda benihoya qiymatli xazinadir. Qaylardadir tomosha yoki inson tugʻyonlarini izhor etish vositasi, qaydadir esa tafakkur oʻyinidir.
– Bugun insoniyat ong-shuurida olamshumul oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Ming yillik qadriyatlar, anʼanalarga qaytadan baho berilmoqda. Ayrim tushunchalar oʻz qadrini yoʻqotib, boshqa qadriyatlar shakllanmoqda. Qizigʻi, bitta hodisaga dunyoning u chetidagi odam boshqacha, bu chetidagi odam boshqacha munosabat bildirmoqda. Shunday vaziyatda badiiy mezonlar ham oʻzgarmadimi, umuman, badiiyatga eʼtibor susaymadimi?
– Yoʻq. Qaylardadir susaygan boʻlsa bordir, lekin bizda emas. Xalqning qadriyatlari oʻzgarmas ekan, u talab qiladigan mezonlar ham, uni yaratuvchilarning layoqati ham oʻzgarmaydi. Shu sababli ham biz shoirga sheʼr yozadigan shaxs emas, mutafakkir deb qiymat beraveramiz. Bunga eng yorqin misol – Alisher Navoiy bobomizdir. Bugun zamonaviy dunyoning yangi atamalari orasida “madaniyat tashuvchisi” degan soʻz paydo boʻldi. Maʼlum elning urf-odatlarini, anʼanalarini, tarixini va bugunini oʻzida jo aylagan kishi shunday deb ataladi. Lekin tayoqning ikkinchi uchi ham bor: demak, madaniyat tashimaydiganlar ham bor ekanki, “tashuvchi” deya tasnif qilinmoqda. Biz esa uning oʻrniga “maʼnaviyati yuksak” degan iborani qoʻllaymiz. Farqni koʻryapsizmi?! Yuksak maʼnaviyatning qanchalar qudratli kuch ekanini bilamiz. Shu sababdan ham turli-tuman hayotiy misollarni kishi ongiga roʻpara qiladigan, tafakkur yoʻllarini koʻrsatadigan, inson zahmatlarini, sevinchlarini, orzu va umidlarini aks ettiradigan asarlarni izlayveramiz.
– Demak, bugun oʻzgarayotgan dunyoda oʻz qiyofamizni, oʻzligimizni saqlab qolishga intilar ekanmiz, xalqimizning badiiyatga munosabati ham betakror, hech kimga oʻxshamaydigan boʻlib qolishini taʼminlar ekanmiz-da?
– Albatta. Misol uchun, “ona yurt” degan tushunchaga diqqat qarataylik. Baʼzi xalqlarda u “uyim-makonim” degan maʼnodan, boshqalarida esa “avlod” va “tugʻilmoq” degan maʼnolardan turlanadi. Bizda yurt deyilgani zahoti koʻz oʻngingizga bepoyon makonlar, uylar, daraxtlar, tabiat, voqea-hodisalar va, albatta, insonlar keladi. U birdaniga juda keng maʼnolarni qamrab olganini koʻramiz. Yaʼni, yurt bizlar uchun – bir insonning tugʻilib oʻsgan, koʻz qorachigʻiday asragan, jonini fido qiladigan boyligi, bir ulusning ozod va mustaqil oʻlaroq yashaydigan tuprogʻi, havosi, suvidir. Xalq deganimiz faqat vatan deyilgan tuproq parchasi ustidagina mavjud boʻla oladi. Shu sabab yurtdosh, vatandosh deymiz. Biz tilga olgan betakror tafakkur tarzi bois jonsiz narsalar ham timsolga aylanib ketadi. Masalan, onasini sogʻingan bir oʻgʻil marhum onasi ekib ketgan rayhonlar oldida uzoq oʻtiradi… Bor-yoʻgʻi bir yil yashaydigan shu efemer oʻsimlik uning uchun muqaddas vatanning bir boʻlagiga aylanadi. Yerga tushgan non uvogʻini olib, koʻziga surgan odamga kimdir “bechora” deb achinishi mumkin. Biz esa “Xudo bergan neʼmat isrof boʻlmasin, rizqimiz-ku”, deya koʻzimizga suramiz. Bular – oʻzligimiz binosining muhtasham ustunlaridir.
Bizning sanʼat, bizning adabiyot mana shu muhitdagina gʻoyatda rang-barang, sevimli va nihoyatda goʻzal. Masalan, chigʻanoq parchasini oʻzi bino boʻlgan suvga solsangiz, aql bovar qilmas tovlanishlarini koʻrasiz.
– Milliy qiyofamizni, ming yillik qadriyatlardan kuch olgan adabiy eʼtiqodimizni saqlab qolishga urinishimiz tahsinga sazovor, lekin bu holatga begona koʻz bilan qaraydigan boʻlsak, bir savolga javob berish kerak boʻladi: faqat milliy oʻzandan suv ichgan adabiyot oʻsha xalq uchungina qadrli boʻlib qolmaydimi?
– Aslo. Maʼnolar haqida soʻz yurityapmiz-ku? Bular – biz suygan, qalbimiz sevinib qabul qiladigan maʼnolardir. Shu mazmunni boshqalar tushunolmasligi mumkinligi va buning tabiiy ekani haqida gapiryapmiz. Dunyo tan olgan baʼzi asarlarni begonasirab mutolaa qilishimizning, uzoqroqdan turib kuzatishimizning sababi shunda, chunki barchamiz mana shu mazmun bilan toʻlganmiz, unga boshqa mazmun xalal berishini istamaymiz.
Mazmun dedik. U nihoyatda qudratli bir unsur. Koʻklardan yerga tushib, bogʻlarni yondiradigan chaqmoqdan ham kuchli. Inson ichidagi oʻy-xulosalarini yondirib yuborishi mumkin. Shu sababli ham, ichu tashi xalqona mazmun bilan toʻyingan kishi oʻzga mazmunlarda xavf koʻradi. Insonni inson aylaguvchi uning fikrlari va his-tuygʻulari emasmi? Ana shuni oʻzgartirib yuboradigan unsurlardan xavotir olishi ham tabiiy hol.
Oʻz “mazmun”imiz avvalo, uni anglay oladiganlar uchun qadrli, albatta. Badiiy asarlarning boshqa oʻlkalarda eʼtirof qilinishi esa yoqimli holat, yaʼni oʻzbekona tafakkur tarzining boshqa mazmun ila toʻlgan xalqlar uchun qiziqarli, jozibador boʻlib chiqishida.
– Lekin bugun – axborot asri, hech qaysi xalq oʻzini ihotalab, tashqi taʼsirlardan butunlay himoya qila olmaydi. Xususan, adabiyot maydonida ham. Buning ijobiy jihati ham bor. Yangi, ilgʻor uslublar oʻzlashtiriladi, milliy adabiyot imkoniyatlari kengayadi. Badiiyatimizga, adabiyotimizga soʻnggi yillarda kirib kelgan zamonaviy unsurlarni kuzatarkanmiz, shunday xulosaga kelamiz…
– Albatta, bu tabiiy hol. Tasviriy sanʼatga kubizm, syurrealizm, postmodernizm kirib kelganiga koʻp boʻldi. U usullar, aytaylik, Yamaykadagi oila hayotini tasvirlamaydi-ku? Yana oʻzimizning insonimizni tasvirga muhrlaydi.
Usullar, shakllar oʻzgarsa-da, adabiyot oʻz ishida davom etaveradi – u solnomachidir. Tarix kitoblari maʼlum davrda roʻy bergan voqealardan darak bersa, adabiyot oʻsha davr kishilarining kechinmalaridan soʻz yuritadi, ruhiyatiga nazar soladi.
Zamonaviy usullar kirib kelmay iloji yoʻq. Dunyo oʻzgarmoqda, unga qoʻshilib biz ham oʻzgaryapmiz. Hamma gap qalblarimizni toʻldirgan mana shu ajoyib mazmunni kelajak avlodlarga uzata olishimizda qolmoqda.
Dunyoda axloq qoidalari ustuvor mamlakatlar juda oz. Borlariyam maʼnaviyatsizlik girdobiga choʻmib bormoqda. Oʻzbek axloqi esa ham diniy, ham milliy axloqning eng goʻzal qirralarini oʻzida mujassam etgan betakror maʼnaviy xazinadir. Bunga misollar juda koʻp, ular qarshisida aqlingiz shoshadi. Masalan, diniy eʼtiqodlar ota-onani eʼzozlash ulkan savob ekanini, isrofning gunohligini, kishi qalbiga ozor yetkazish imondan emasligini va shunga oʻxshash juda koʻp oʻgitlarni minglab yillar davomida kishilar ongiga uqtirib keladi. Bizda esa u allaqachon xalqona qadriyatga aylanib boʻlgan. Halollik, poklik, kishi shaxsiga hurmat… Elimizda bular shu darajada maftunkorki, boshqa biror joyda bunday goʻzallikni uchratmaysiz. Shuncha yillik mahdudlik orasidan oʻz qadriyatlarini yombi kabi eʼzozlab bus-butun saqlab kelgani esa, haqiqatan ham, moʻjiza.
Adabiyotimiz mana shu jihatidan ham qiymatli, betakrordir.
– Soʻnggi yillarda hayotimiz, tushunchalarimiz qanchalik oʻzgargani oʻzingizga ayon. Biz insonga bundan oʻttiz-qirq yil oldingi qoliplar asosida baho bera olmaymiz. Davrlar sinoviga dosh beradigan asarlarda zamondoshimiz nafasini tuygimiz keladi. Xoʻsh, ayting-chi, bugun yaratilayotgan asarlarda yangi davr odamlarining obrazi namoyon boʻlyaptimi?
– Ha, bugunning odami kechagi kishidan farq qiladi. U oʻzining kecha kim edi-yu, bugun kim boʻlganini mulohaza qilayotgan shaxsdir. Uzoq yillar dunyodan ayri yashagan zot hozir oʻz yurtida mustahkam turgani holda dunyodagi voqealarni sinchiklab kuzatib, xulosalarini chiqarmoqda. Shu sababli toʻla ishonch bilan ayta olamanki, bugunning qahramoni – tafakkur qiladigan kishidir. Yetarli bilim va xulosaga toʻyingach, albatta, oʻzining soʻzini aytadi.
Bugun adabiyot uchun mavzu benihoya koʻp va xilma-xil. Yangi, ozod avlod yetishib keldi, ular aytaylik, qachonlardir Sovet ittifoqi degan imperiya boʻlganini va oʻz el-yurti oʻsha imperiya zulmi ostida yashaganini faqat darsliklardan biladi, inson qaddini bukchaytirib, ongini mayishtirib tashlagan bosimlardan bexabar. Bu avlodni olgʻa boshlayotgan maqsadlar, gʻoyalar, niyatlar qanaqa? Ular qalbida insoniylik degan tushuncha qanchalar boyidi? Muqaddas qadriyatlarimiz ularning yurak zaminida mustahkammi? Yer yuzida millatiyu xalqini bilmaydigan, tirikchilik koʻyida daydib yuradigan yangi olomon paydo boʻlmoqda, fan tilida u “biomassa” deb atalmoqda. Oʻz mazmunini, yaʼni oʻzini inson aylab turgan maʼnaviy zaminni tark etib, oʻzga har qanday mazmun bilan toʻlishga tayyor kishilar olomoni dunyo boʻylab baxt-saodat izlab izgʻimoqda. Magʻiz faqat oʻz qobigʻi ichidagina mavjud boʻla oladi. Yurtimiz ichidagi betakror hayotni dunyoning koʻp oʻlkalaridan topa olmaysiz, men buni toʻla ishonch bilan ayta olaman. Shu va shunga oʻxshash talotoʻplar aro kishilarimiz qalbi aks etgan asarlar yozilishi kerak, deb oʻylayman.
Qarang, kechagi kunni aks ettirgan asarlar yillar oʻtib muhim etnografik manbaga aylandi, baʼzi anʼanalarimizdan, kishilarning qanday boʻlganidan hikoya, qissayu romanlar orqali xabar topamiz. Bugunning hayoti aks etgan hikoya, qissayu, romanlar ham yana allaqancha yillar oʻtgach, ana shunday manbaga aylansa, ajab emas.
– Endi butun dunyoda urf boʻlgan “yuksak sanʼat” degan atamaga izoh berib oʻtsak. Bunday “xos sanʼatlashuv” badiiyatning xalqdan uzilib qolishiga olib kelmasmikan?
– Xiyla murakkab mavzu. Juda koʻpchilik sanʼat choʻqqisi deb hisoblangan asarlarni oʻqigisi keladi. Shu jumladan men ham oʻzim bilganlarimdan kuchliroq boshqa mazmunlarga intilaman. Bunday jarayon umr oxirigacha davom etsa kerak. Ardoqli asarlar umr pallalariga qarab oʻzgaraverar ekan. Oʻquvchilik chogʻlarimizda sevgan asarlarimiz bilan hozir yoqtiradiganlarimiz orasida yer bilan osmoncha farq bor. Masalan, talabalik paytimda Mahmud Koshgʻariyning mashhur “Devonu lugʻotit-turk” asarini tushunolmas edim. Hozir shu kitobni qoʻlimga olsam, bepoyon yaylovlarda esgan yellar, yovvoyi iforlar, qoʻy-qoʻzilar baʼrashi, qaddi tippa-tik, ozod erkak-ayollaru bolalar ovozini eshitganday boʻlaman, u mening ongimga ming yil olisdagi hayot tarzidan xabar beradi.
Aytmoqchimanki, bu oʻrinda ham maʼnaviy yuksalish masalasi turibdi. Muhtaram olimlarimiz, adiblarimiz insoniyat tafakkurining gultoji hisoblangan turli-tuman asarlarni oʻqib chiqishgach, yaʼni ruhiyati inja bilimlar bilan toʻyingach, yanada mukammalroq asar oʻqishni istashadi, shu sababli adabiyot ilmida juda chuqur shoʻngʻishadi va fenomen asar talab qilishadi. Lekin ulgʻayib kelayotgan bolalar va elning bepoyon hududlarida yashab umr kechirayotgan sodda kishilar ham bor, olim yetgan darajaga yetish uchun ular yana ancha-muncha yoʻlni bosib oʻtishlari kerak. Adabiyotning soddalashuvi mana shu tarzda roʻy bersa-da, uni sirayam sodda adabiyot deb boʻlmaydi, u bor-yoʻgʻi murakkab shakllardan xoli, magʻizning oʻzidangina iborat adabiyotdir. Oʻn olti yashar bolakay Arastu asarlarini tushunolmasligi tabiiy. U bola mohiyatni anglay oladigan boʻlguncha oʻsha darajaga yetib borishiga xizmat qiladigan asarlarni mutolaa qiladi, shu tariqa bosqichma-bosqich yuksalib boraveradi. Matematikani arifmetikadan boshlab, oliy trigonometriya bilan tugallaganimiz holda adabiyotimizda ham mana shunday izchil tadrij masalasi puxta ishlab chiqilmogʻi zarur.
Koʻlamni kengroq olib qarayverish kerak. Kechagina mahdudlik zamonida oʻzligini bir amallab saqlab kelayotgan kishilar taqdiridan bahs etilardi. Adabiyot el orasida obroʻ-eʼtibor qozongan fazilatlar egasi sifatida gʻoyat oddiy odamlar taqdirini qalamga olardi. U davrning kishilar ongida qoldirgan yara-chandiqlari nimalarda namoyon boʻladi? Qishli-qirovli dalalar, terib olingan hosilning qolgan-qutganini ham toʻplashga undaydigan chorlovlar, bolam-chaqam deb zahmat chekayotgan el, farzandlarning noaniq kelajagi, taqiqlar, cheklovlar… Endi esa yuzlab turli-tuman falsafalar, qarashlar, hiylalar va manfaatparastlik oʻyinlari davom etayotgan zamonaviy dunyodagi ozod oʻzbek shaxsi talqini yaratilishi kerak. Davr kishisi obrazi yaratilsa, menimcha, odamlar talashib-tortishib oʻqiydi. Shunda boya aytib oʻtgan fikrimizning toʻgʻri ekaniga yana bir karra amin boʻlamiz: ijodkor nafaqat oʻz xalqining, balki dunyo xalqlarining tarixini, millatlarning qalqinishi va tanazzuli qonuniyatlarini, insoniyat boshidan kechirgan koʻrgiliklarni, ozodlik uchun bergan qurbonlarini, yangi ilmiy kashfiyotlarni, oʻz xalqining kechagi kunini, bugungi orzu-armonlarini va kelajagini ham isteʼdodi yorugʻida koʻra olishi shart boʻlib qolmoqda.
– Chindan ham, chinakam isteʼdod, katta qalb egasi nafaqat oʻz xalqining, balki butun dunyoning qaygʻusini chekadi. U kurrai zaminimizda tinchlik, adolat kabi ezgu tushunchalar ustuvor boʻlishini istaydi. Millatidan, irqidan qatʼi nazar, barcha asl ijodkorlar oʻzaro maslakdosh sanaladi.
– Ha, aynan shunday. Sanʼat, adabiyot kishilarni, xalqlarni birlashtiradi. Juda ulugʻ bir vazifa mana shundan kelib chiqadi. U – ezgulik xizmatiga kamarbasta boʻlishdir. Adabiyot vositasida muayyan bir xalqqa xos fazilatlarni boshqalarga “yuqtirish” ham shu xizmatning bir qismi hisoblanadi. Bugun milliy adabiyotimizda oʻzbek kishisining fazilatlari, hech kimga oʻxshamaydigan qirralari, dunyodagi voqea-hodisalarga, oilaga, el-ulusga, zurriyodiga, ota-onaga munosabati badiiy akslanishi kerak. Xalqlar va madaniyatlar assimilyasiyasi roʻy berayotgan, turli-tuman manfaatlar qurshovida tafakkurlar oʻzgarib ketayotgan zamonaviy dunyoda oʻzbek xalqi oʻzligini bus-butun saqlab turibdi. Bu – haqiqatan ham, misli koʻrilmagan hodisa. Haligacha minglab xonadonlarda farzand yuzini yuvgach, ota-onasi oldiga kirib salom bermoqda, roʻzgʻori boʻlak oʻgʻil ishdan qaytarkan, albatta ulugʻlari yoniga birrov kirib, hol-ahvol soʻrab chiqmoqda, onaxonlar haligacha bir qatra quruq yer koʻrsa, rayhonu yalpiz qadab, boʻston barpo etishga urinmoqda, otaxonlar bolalarimga deya dov-daraxt ekib, bogʻ yaratmoqda. Xavotirga hojat yoʻq, bu – chindan ham, kuchli va nihoyatda qadim ildizlarga ega xalqdir. Boylik va mol-dunyo hirsidagi kishilarning hayoti doimo bir xil va bir-biriga juda oʻxshash. El-ulus xizmatiga bel bogʻlagan, xalq ruhini, madaniyatini bus-butun oʻziga singdirgan kishilarning hayoti esa ardoqqa loyiqdir. Davlatimiz rahbarining mana bu soʻzlariga eʼtibor beraylik: “Barchamizga ayonki, XXI asr intellektual salohiyat, tafakkur va maʼnaviyat asri sifatida insoniyat oldida yangi-yangi ufqlar ochish bilan birga, biz ilgari koʻrmagan, duch kelmagan keskin muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Bugungi murakkab va tahlikali zamonda yozuvchining bashariyatni ertangi kunini oʻylab, odamlarni ezgulikka, insof-diyonat, mehr-oqibat va bagʻrikenglikka daʼvat etishga qaratilgan haroratli soʻzi har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.
Adabiyotni ham, boshqa sohalarni ham mana shu elning taraqqiyoti uchun, kelajagi uchun xizmat qilishi kerak degan katta gʻoya birlashtirib turadi. Bugun yaratuvchilik degan azim bir jarayon hukm surmoqda. Nafaqat sanʼatu adabiyotdan, balki boshqa barcha sohalardan ham yaratuvchilik talab etilmoqda. Endilikda shaxsiyati yakson qilingan kishilarning koʻr-koʻrona itoatli mehnati emas, ijodiy qobiliyati, yaratuvchilik isteʼdodi zarur deb bong urilmoqda.
– Bu talabni oʻz vaqtida, toʻgʻri tushunganlar barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishayotganiga guvohmiz. Lekin ulkan evrilish jarayonida yuz beradigan katta hodisalarni hamma ham tezkorlik bilan idrok eta olmaydi, shekilli-da…
– Toʻgʻri. Lekin bu yoʻlda aynan sanʼat turlari, xususan, adabiyot koʻmakka kelishi kerak, deb oʻylayman. Yoʻqsa, ota-bobolarimiz qadim zamonlardan beri avaylab avlodlarga yetkazgan shu ruh, shu mazmunni zadalab qoʻyish xavfi bor. U mazmun toza va pokiza holicha bolalar qalbini toʻldirishi kerak. Bugun adabiyot uchun juda koʻp va xilma-xil mavzu bor. Adabiyotimiz mana shu talotoʻplar orasida, boya taʼkidlaganimizday, qobigʻini boshida koʻtarib ungan niholni payqashi va parvarish qila olishi ham kerak. Yoʻqsa, turli tahlil usullariniyu har turli badiiy yoʻnalishlarni sarhisob qilib oʻtirishdan nima naf?
Bugungi ilmga chanqoq bolalarimiz xuddi oʻn olti yashar ibn Sino kabidirlar. Yaʼni, ular Arastuning “Metafizika”siga ulugʻ ustoz Abu Nasr Forobiy yozgan sharhni, albatta, oʻqishlari kerak. Bu – bir majoz, ammo bugunning hodisalariga u sharhni kim yozadi?
Gap mana shunda emasmi?
Gulnoz SATTOROVA suhbatlashdi
“Yoshlik”, 2015 yil 8-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-qalblarni-birlashtiradi/