Adabiy jarayon: muammolar va mulohazalar

Ijodkorga dalda boʻlsa bas… 

 

  1. Kimdir adabiyotimiz yuksalish pallasida desa, kimdir buning aksini tasdiqlaydi. Sizningcha, qay biri haq va nega?

  2. Hozirgi adabiy jarayondagi qaysi muammo sizni eng koʻp tashvishga soladi? Ushbu muammoni bartaraf etishning qanday samarali yoʻlini koʻrsata olasiz?

  3. Keyingi paytda zamondosh adiblarimizdan kimlarning kitoblarini oʻqidingiz? Qaysi asar sizga maʼqul keldi-yu, qaysi asardan koʻnglingiz toʻlmadi? Buning sabablari nimada?

 

Mazkur anketa yordamida bugungi adabiy jarayonning yutuq va kamchiliklari haqida bir qur fikrlashib olsak, foydadan xoli boʻlmas. Axir, aytadilar-ku, “Kengashli toʻy – tarqamas”, deb. Shunday ezgu niyat ila anketamiz savollariga navbatdagi javobni eʼtiboringizga havola etayotirmiz.

 

  1. Birov adabiyotimiz hozir oʻsish pallasida der, boshqasi esa aksincha deya dalil keltirar, ammo har ikki holda ham atigi borini qayd etgan boʻlamiz, xolos. Qanaqa deb baholasak ham, buning adabiy jarayonga hech taʼsiri yoʻq. Shuning uchun men boshqa bir gapni aytib koʻray.

Dalani qayta-qayta agʻdarib haydab, oʻsib turgan jami nabototni tuproqqa koʻmib tashlasangiz ham, erta-indin yana yangi nihollar nish ura boshlaganini koʻrasiz. Suv qoʻyib, ozgina parvarish qilinsa, gurkirab ketadi, hammayoq yashillikka burkanadi.

El-yurt bamisoli shu dala, bu zaminning sizu biz hech kutmagan bir yerlaridan yangi-yangi isteʼdodlar boʻy choʻza beradi. Axir, qarang, bundan sakson yillar burun – 1937-38 yillardagi mudhish qatagʻonlardan keyin ham oʻzbek soʻz sanʼatida, madaniyatida katta bir koʻtarilish boʻlgan-ku: oʻafur oʻulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhordek adiblar, Abror Hidoyatov, Nabi oʻaniyevdek sanʼatkorlar qanday ulugʻ asarlarni maydonga keltirishgan!

Nazarimda, bugun oʻzbek soʻz sanʼati va umuman, madaniyatimiz yuksalish arafasida, shuning toʻlgʻogʻi bilan turgandek. Nimaga desangiz, adabiyotga yana alohida eʼtibor berila boshladi, ijod ahlining koʻnglida umid, ishonch uygʻondi. Axir, ruhlanmagan shoir, maʼyus yozuvchi, tushkun rassomning qoʻli qalamga bormaydi, oʻzini qistab “ijod” qilsa, zoʻraki biron nimani maydonga qoʻygan boʻladi. Ammo yelkasiga oftob tekkan ijodkor hatto oʻzi ham hayratda qoladigan narsalarni yaratishga qodir.

  1. Keng, yaʼni falsafiy maʼnoda, hech bir muammo meni tashvishga solmaydi. Zero, muammo boʻlsagina kurash yuzaga chiqadi, oʻsish-rivojlanish yuz beradi. Tasavvur qiling, muammo – yoʻq! Bunda adabiyot oʻladi, oʻlmasa ham, xuddi konfliktsizlik nazariyasi hukm surgan davrlardagi kabi, boru yoʻqday boʻlib kun koʻradi. Turmushdagi muammolar soʻz sanʼati rivoji uchun qay darajada turtki bersa, adabiy jarayon ichidagi muammolar ham shu qadar kerak.

Xoʻp, shu boradagi ikki tashvishimni oʻrtaga solay. Biri – kitob oʻqishni ommalashtirish masalasi. Xabaringiz bor, yaqin ikki yildan beri kitobxonlik xoʻp targʻib qilindi: bayramlar oʻtkazib turiladi, kitobxonlar orasida tanlovlar uyushtirilib, gʻoliblarga hatto avtomashinalar berilyapti…

Ammo nima qilaylikki, kitobxonlik biz kutgan darajada tez oʻsib ketmayapti. Oʻttiz uch millionlik elning yetti yoshlisidan yetmish yasharigacha savodxon hisoblangan mamlakatimizda chop etilayotgan kitoblar tiraji juda kam. Hech kim poyezdlarda, avtobuslarda, metrolarda boshqa yurt kishilaridek kitob oʻqib ketmaydi, nari borsa, telefon oʻynaydi.

Meningcha, faqat bir sharoitda – oʻqiganlar oʻqimaganlardan yaxshiroq yashasa, jamiyatda obroʻliroq sanalsa, oʻsha millat oʻqiy boshlaydi. Bunday jamiyatda axloq yuksaladi, jinoyat kamayadi. Hozir, ishqilib rost boʻlsin, shunga qarab borayotgandekmiz.

Ikkinchi tashvishim – Erkin Vohidovning oʻzi oʻtirgan daraxt shoxini kesayotgan odam haqidagi mashhur toʻrtligiga monand. Qaysiyam yili Qoraqalpogʻistonda bir yigʻilishda odob-axloq, diniy va milliy qadriyatlarimiz haqida maʼruza oʻqidim. Yaxshi qabul qilishdi. Ammo bir aktrisaning chiqish navbati mendan keyin ekan, u men aytgan gaplarning teskarisini targʻib etdi: yoshmisan, xohlaganingni qil, yayrab qol, degan gaplarni ashula qilib aytdi, oʻyinga tushdi. Nachora, bunga ham qoʻshilishib qarsak chaldik, hoy toʻxta, deyishga andisha qildik. Oqibat, har ikki qarash targʻibi bir-biriga kushanda boʻldi.

Yaxshi-yaxshi kitoblar bilan bir qatorda fahsh va ur-yiqit voqealar tasvir etilgan kitoblar paydarpay chiqib turibdi, hatto bularning tiraji koʻp, bozori ham chaqqon. Shunga mazaxoʻrak boʻlib qolgan yozuvchi, shoirlar ham bor: har yili adabiyotga aloqasi yoʻq oʻnlab “nimarsa”lari chiqadi. Bunday asarlar koʻp bosilsa, yuksak adabiyot namunalari soyada qolib ketaverishi turgan gap.

  1. Qaniydi, har kun kitob mutolaa qilsam. Ammo har turli tashvishlar bilan andarmon boʻlib, goho yaxshi-yaxshi asarlarni ham “oʻtkazib” yuboryapmiz. Zamondosh adiblarimiz koʻp. Katta-katta ijodkorlar bor. Biroq, xoʻp desangiz, asarlari menga maʼqul boʻlgan ikki yosh muallif haqida soʻzlasam. Yaqinda Maʼmura Zohidovaning “Sarhadsiz sadoqat” nomli kichkina bir qissasini oʻqidim. Unda bir it haqida hikoya qilingan ekan. Lop etib, bolalik chogʻimda oʻqiganim – Sunnatulla Anorboyevning “Toʻrtkoʻzning boshidan kechirganlari” qissasi keldi. Biroq tafovut katta: S.Anorboyev asarida bir kuchukning boshidan oʻtgan yaxshi-yomon kunlar, jonivorning kechinmalari odam nuqtai nazaridan tasvirlangan boʻlsa, M.Zohidova asarida buning aksi – bir xonadondagi odamlarning oʻzaro munosabati, tushunarli-tushunuksiz xatti-harakatlari itning kechinmalari orqali bayon qilinadi. Va bu, albatta, chandon mushkul tajriba. Xayriyatki, yosh adiba buni uddalapti! Shundan keyin internetni kovlab, M.Zohidova yozgan yana besh-oʻnta hikoyani topib oʻqidim. Ijodkor sifatida bu singlimiz yozganlarining eng katta fazilati, meningcha – ularni ayol kishi yozgani sezilmasligidir. Boshqa adibalarimizdan uzr soʻrayman, lekin, ochigʻi, koʻplarida mavzu tanlashdan tortib tasvir va ifoda vositalarini qoʻllashiga qadar, hamma joyda bu – ayol ijodkorning mahsuli ekani, oʻquvchi shuni ham hisobga olib, qandaydir “chegirma” qilishi lozimligi sezilib turadi-da!

Yaqinda oʻzini Muhammad Siddiq deb tanishtirgan bir yigit “Pastlab uchgan turnalar” degan mittigina sheʼriy kitobini hadya qildi. Ochigʻi, nasriy asar mutolaasini koʻproq yoqtiraman. Shu sabab kitobchani nari-beri varaqlagan boʻldim. Ammo ittifoqo shu satrlar koʻzimga oʻtday urildi:

Oyni etak bilan yopib boʻlmaydi,
Lekin oʻtganini aytay oʻzimdan.
Banogoh uchragan bir pushti roʻmol
Butun dunyolarni yopti koʻzimdan.

Yor boshiga tangʻigan birgina pushti roʻmol koʻzimizdan oy tugul, butun dunyoni yopishga qodir! Mana shuning oʻzi topildiq! Muhammad Siddiqning boshqa sheʼrlarida ham soʻzlar jilva qiladi, yangi-yangi talqinlarda namoyon boʻladi.

Albatta, men bu ikki yosh muallif asarlarini favqulodda kashfiyotlar, deb baholashdan yiroqman. Har bir oʻquvchi ular bilan tanishib, oʻzi baho bera qolsin. Ammo bu qalamkashlar yangi gap aytishga intilyapti, shunga ozmi-koʻpmi erishyapti ham. Tajribadan choʻchishmayapti, izlanishyapti. Axir, ijod sohasida tajriba, hatto muvaffaqiyatdan ham ustun turadi.

 Ana endi, anketadagi birinchi savolga javob berish lozim koʻrinsa, men hozir adabiyotimiz oʻsish pallasida, degan boʻlardim. Ehtimol, uning surʼati biz kutganchalik emasdir, biroz sokinroq, biroz salqiroqdir. Ammo bunday sokinlik aksar hollarda keyingi shiddatli oʻsishlarga debocha boʻlishi bor gap.

Abdulla Qahhor “oʻzbek adabiyoti kelajakda buyuk adabiyot boʻladi”, deb bashorat qilgan edi, “oʻsha kun qachon kelarkan”, deya ulugʻ adibning gapi roʻyobga chiqishini hammamiz intizor boʻlib kutayotibmiz-ku.

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV

 

uzas.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiy-jarayon-muammolar-va-mulohazalar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x