Buxoro shahrida Buxoro Xalq Respublikasi Maorif vaziri Musojon Saidjonov tashabbusi bilan tashkil topgan Eski Buxoro markaziy shahar kutubxonasi 1921-yil 30-iyunda oʻz faoliyatini boshladi. Uning dastlabki kitob fondi 1187 nusxadan iborat edi.
1938-yil Oʻzbekiston Maorif xalq komissarligi qarori bilan Eski Buxoro markaziy shahar kutubxonasi Buxoro viloyat kutubxonasiga aylantirildi va unga buyuk alloma Abu Ali ibn Sino nomi berildi. Shu munosabat bilan kutubxonaga adabiyotlar, jihozlar xarid qilish uchun qoʻshimcha mablagʻ ajratildi. Natijada, kitob fondi 1940-yilga kelib 10 baravar koʻpaydi, 1939-yilning oxiriga kelib viloyat kutubxonalar tarmogʻi 138 ta kutubxonadan iborat edi. Ularga kutubxonachilik ishining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish, kutubxona xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish maqsadida 1940-yilda viloyat kutubxonasi qoshida uslubiy xona tashkil etildi.
1953-yili Sharq fondidagi qoʻlyozmalarning bir qismi Abu Rayhon Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutiga berildi. Umuman olganda, mazkur ilmiy muassasa kitob fondining eng yaxshi va noyob qismini “Buxoro kolleksiyasi” tashkil etadi.
1958-yil aprelda viloyat kutubxonasida davriy nashrlar zali ochildi.
1959-yildan kutubxonada ilgʻor metod – kitob fondlaridan erkin foydalanish qoʻllanila boshlandi. 1971-yil 500 ming kishiga moʻljallangan yangi uch qavatli bino foydalanishga topshirildi. Oʻtgan asrning 90-yillariga kelib kutubxonaning asosiy boyligi – kitob fondi 300000 nusxaga yetdi.
Mustaqillik yillarida kutubxona hayotida katta ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi: kitobxonlar doirasi kengaydi, kutubxonaga tashriflar soni koʻpaydi. 1993,1994,1995,2006-yillarda xalqaro simpozium va konferensiyalar oʻtkazildi. 1998-yil kutubxona Sharq fondidagi noyob qoʻlyozma asarlar katalogi nashr etildi. Mazkur katalog nusxalari AQSH Kongressi kutubxonasiga, Yaponiya, Germaniya, Rossiya va Angliya kutubxonalariga yuborildi. Sharq fondidagi toshbosma nashrlar katalogi tuzila boshlandi.
Kutubxonada oʻquvchilarga bepul Internet xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Elektron maʼlumotlar bazalari – “Pravo”, “Norma” axborot-qidiruv tizimlari, ingliz tilida elektron kutubxona mavjud.
Kutubxona 2006-yili Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazi sifatida qayta tashkil topdi.
Zuhra Berdiyeva
“Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/abu-ali-ibn-sino-nomidagi-buxoro-viloyat-axborot-kutubxona-markazi/