Abdusalimning akasi

Uzoq xotiralar tanish odamlarni maʼnan yaqinlashtirib, koʻngillarni gohida gʻoyibona bogʻlab turadi. Oʻninchini bitirib, Toshkent davlat universitetiga hujjat topshirgan edim. Omad chopmadi. Uzoq Sharqqa harbiy xizmatga ketib qoldim…

Oradan oʻttiz yildan koʻproq vaqt oʻtdi. Ammo oʻsha yili xuddi menga oʻxshab manglayiga talabalik imzosi qoʻyilmagan surxondaryolik bir tengqurimning universitet ostonasida, daraxtlarning olaquroq soyasida shoirona kayfiyatda samimiyat bilan sheʼr oʻqiyotgani hamon qulogʻim ostida jaranglab turibdi:

 

Bahor bu oʻlkaga kelganda takror,

Ufura boshlaydi gulgun nasimlar.

Umrim, bahorlarni kuzatding bedor,

Qush boʻlib uchganda zangor fasllar…

 

Universitet hovlisidagi soʻlim, sersoya va haybatli chinorlarga qarab “Qush boʻlib uchganda zangor fasllar”ni sekin pichirladim.

Aytgancha, toʻyxonaga borayotgan edim. Fizika-matematika fanlari doktori, universitetdagi qadrdonimiz Bahodir Shoyimqulov toʻy oshi berayotgan edi. Naridan shoir Abdumajid Azim koʻrindi. Uni tashqaridan taniyman. Ijodini imkoni boricha kuzataman, oʻqiyman. Shoirga ichimda anchadan beri yurgan muhim bir savolim bor edi. Fursat pishganga oʻxshaydi. Toʻyxonaga yetib borguncha aytsam boʻladi. Abdumajid aka bilan salomlashib, hol-ahvol soʻrashgach, ukalaridan gap ochdim. Eʼtibor bermadi: “Boshqa ishlar bilan mashgʻul, ularni tanimaysiz”, dedi. Ukalaridan biri men bilan abituriyent boʻlgani, filologiya fakultetiga hujjat topshirganini aytdim. Birdan jonlandi: “Abdusalimmi? Shundaymi?! Nahotki?!..”. Koʻzlarida ham hayrat, ham samimiyat paydo boʻldi. “Akam – shoir. Abdumajid Azim!” deya gʻururlangan, “Yoshlik” jurnali va moʻjaz bir toʻplamda ilk sheʼrlari chiqqanidan faxrlanib, akasining yozganlarini yod oʻqigan Abdusalimni oradan oʻttiz yillar oʻtib, endi soʻrab turishim. Abdusalim va undagi viqorli kayfiyatni esimdan chiqarmaganimning sababi bor. Odatda biz maktab sinfxonalarida shoirlarning tarjimai hollarini oʻqir va ularning rahmatli boʻlib ketganini soʻzimiz oxirida mahzun takrorlab qoʻyar edik. Hayhot, men tirik shoirning ukasiga duch kelgan edim! Endi tasavvur qiling, oʻziga uchrab qolsam, nima boʻlardi? Bilmadim! Oʻsha mahalda oʻnlab abituriyentlar bilan gurunglashib, osh-qatiq boʻlgandirman. Biroq ularning koʻplarini eslay olmayman. Abdusalim esa esimda, chunki u tirik shoirning ukasi! Abdusalim tilidan birinchi bor eshitilgan “Abdumajid Azim” ismi men uchun izsiz ketmadi. Shoirni koʻrganimda beixtiyor navqiron yoshlik, sheʼr oʻqiyotgan Abdusalim esimga tushardi:

 

Samoda qaldirgʻoch urmoqdadir charx,

Yomgʻirdan ivigan keng dalalar jim.

Oppoq navolarga boʻlmoqdadir gʻarq

Musaffo bir qoʻshiq istagan qalbim…

 

Bir kuni “Mohiyat”ga maqola olib bordim. Abdumajid Azim – bosh muharrir. Oʻsha uzoq xotirani bir eslatay dedim. Andishaga borib, maqola nashri uchun Abdusalim ismini vosita qilishni istamadim. Tahririyatga maʼqul keldi, chamasi, professor Sharif Yusupov toʻgʻrisidagi “Shariflik saodati” degan maqolam bosildi…

Abdumajid aka bilan toʻyda osh yedik. Gurunglashdik. Shu-shu, ora-sira koʻrishamiz va suhbat uchun mavzu bor: gohida adabiyot, sheʼr, baʼzan – Abdusalim.

Shoirning sheʼri oʻziga oʻxshagani – yaxshilik belgisi. Abdumajid aka, tasavvurimcha, kamtar, kamsuqum, xotirjam koʻrinadi; qarashlari oʻtkir. Suhbatda dardlari ochiladi. “Mening dodimdir bu, mening bunyodim, Bu imlo meniki, bu soʻz meniki” – peshonaga tushgan ajinlardan shunday sheʼriy misralarni oʻqiyman. Qalin muqovali bir sheʼriy kitobni qoʻlga oldim. Muallifi: Abdumajid Azim! Ha-ha, Abdusalimning akasi. “Abdusalimning akasi” – shu birikma bir necha kun oʻyimda aylanib qoldi. Sheʼrlarini oʻqiy boshladim va ularda “Shoshu Surxon aro” kezgan, “bir oshufta koʻngil” koʻrindi. Shoir sheʼrlarining mavzu koʻlami rang-barang. Baʼzida mumtoz adiblar ruhi bilan suhbatlashadi; baʼzan yassaviyona yoki maxtumquliyona kayfiyatga tushadi. Goh xalq ohangida oshiq dilini yozsa, baʼzan qushlar maskani – Hazratning “Lison ut-tayr” mamlakatiga safar qiladi.

 

Sevgilim, ayriliq misoli tuman,

Hali uchrashamiz gullar faslida.

Yana avvalgidek soʻzsiz, begumon

Gaplasha boshlaymiz qushlar tilida.

 

Shoir yoʻqotganini topishga, izlaganiga erishishga, hijrondan visolga umid etadi. Biroq sheʼr avvalidagi, garchand badiiy topilmaga oʻxshab koʻringan boʻlsa ham, toʻgʻrisi, “Koʻzing beshigida ulgʻayar iloh” misrasi gʻalat tuyuldi.

Hech bir shoir olamga, odamga, umr mohiyatiga befarq boʻlmaydi. Abdumajid aka hayratini “Hayot asli chapogʻon bir bedov ekan” yoki “Hayot – bir yalt etib chaqnagan chaqmoq” deb izohlaydi. Bu jumboqni boshqa bir sheʼrida yana ham teran va goʻzal ifodalaydi:

 

Vahki, jismimizda omonatdir jon,

Shirin kalom xushdir doʻstga munosib.

Fano ahli bunda bir kecha mehmon,

Umr – vaqt mulkida bir subhi kozib.

 

“Subhi kozib” – yolgʻon tong. Oʻtkinchi, yolgʻonchi bu dunyo shoir nazdida bir nafaslik ham rostga oʻxshamaydi. Abadiyatga nisbatan “oʻngingdan chapingga boqqancha” lahzalik umr shitob oʻtadi; deylik, “qirq yil qirqta onday kechadi”. “Choʻlpon nidosi” sheʼrida “subhi kozib” taʼbirini erkparvar shoir nutqida qoʻllaydi:

Qanday ogʻir,

Bu subhi kozib,

Uxlay desang, uyqu boʻlmasa.

Dardu gʻaming

Bagʻringga bosib,

Yashamoqdan koʻngling toʻlmasa.

 

Bu olamda xotirjam, salomat, toʻkis va imon bilan yashab oʻtgan inson saodatlidir. Taassufki, insoniyat boshidan kechirgan tarixda, ayniqsa, XX asrda koʻp odam hayotdan mamnun boʻlmadi. Ayniqsa, choʻlponlar avlodi har dam qon yutdi, besaranjom va bezovta kun oʻtkazdi; yurtsizlik, oʻz elida turib bevatanlik gʻurbatlariga duch keldi. Shu bois qatagʻon – dapsan[1] zamon dovuliga uchragan, “oʻz yurtida bechoralar” boʻlgan adabiy avlod yuragini “Yashay desang – yurting boʻlmasa” degan bir armon yoki “Sigʻmadim-a, Turkistonga, Ayo doʻstlaru birodar”, degan choʻng nola va dard qiynadi. Shoir koʻziga gohi dunyo keng, goh tor koʻrinadi. Shunda u roʻyodan imdod kutib boʻlmasligini anglaydi; shoirga qalb vodiysining asrori yordam beradi. Koʻngil koʻzning nazargohiga aylanadi. Chunki tashqi dunyo uning kayfiyatiga mos kelmaydi:

 

Ranju hasrat ila toʻlibdi jahon,

Bilsam, ancha nozik boʻlibdi zamon,

Odamzot feʼliga hech boʻlma hayron,

Dil, senga tilarman Ayubday bardosh…

Mumtoz sharq adabiyotida Ayub (a. s.) – sabr-toqat ramzi. Birgina ism assotsiatsiyasi ortidan shunday tarixiy shaxs bilan bogʻliq bir olam real voqelik yuzaga qalqib chiqadi va shoir dardining sharhiga koʻmaklashadi.

Shoirlik – ogʻir qismat. “Dunyoning eng ogʻir savdosi”ni zimmasiga oladi u. “Yulduzlarning shiviridan mast” boʻlish unga taqdir bitigi. Shoir kulib ingraydi; dildagi sururdan soʻzlaydi.

 

Esimda sabuhiy naysonlar fasli,

Qirlarni bezagan gullarning vasli…

 

Bu misra guldan gulga uchib-qoʻngan kapalakdek nafis tuyuladi. Aslida chinakam sheʼr tiynatiga kamalak rangi, qushlar sasi munosib; shu sas va rang jilvasidan dil yorishadi; ruh yuksaladi. Shoir qalbi goʻzal va orasta manzaradan rang va ruh oladi. “Shabnamday top-toza ruhi ravonim”. Shoirning kayfiyati, sarvati, boyligi oʻziga xos: “Ruhim sarvatida vasvasa, junun”. Ijod ahli allanima taʼsirida odatiy hayot tizimidan jununvashlikka yuz buradi; oʻzidan ketadi, his-tuygʻu aql yoʻrigʻidan chiqadi.

 

Biz telbayu devonalar,

Aqli xushdan begonalar.

Oʻtga oshiq parvonalar,

Oʻtday tutoshib yonalar.

 

Ishq hamma vaqt – inson qalbiga Yaratguvchining bebaho inʼomi, shoir taʼbiricha, olam Musavvirining “buyuk hikmati”. Hikmatdan esa odam hushyor tortadi, baʼzida ishqning gʻaroyib hikmati odamni hushidan ayiradi.

 

Vasling hajrida mendek telbayu devona yoʻq,

Siyrati majnunsifat, suvrati mastona yoʻq.

 

Topmadim olam kezib, bagʻri butun bir kimsani,

Vahkim, ishq oʻtrusida hech kuymagan parvona yoʻq.

 

Bu misralarda shoir yana mashrabona parvona koʻnglini, majnunvash holini mumtoz anʼanalar yoʻrigʻida bayon qiladi.

Sheʼr original tashbehlar bilan xayolga muhrlanadi:

 

Yaxshi bir odamni yutmoqda tuproq,

Togʻlar yutganidek quyoshni oqshom.

 

Bu mahobatli qoʻshmisrada “oʻlim” yoki “fojia” soʻzi yoʻq. Oqshomda mahzunlik bor, ayni holat yaxshi bir insonning bu dunyodan rizqi uzilganiga taqqoslanadi…

Oʻzlikka, “men”ga, asliyatga qaytishda maʼnaviylik ustuvor keladi. Qishloqqa qaytish, asl Vatanni qoʻmsash, yurt sogʻinchi, hijron dardi – bu mavzu juda koʻp qalam ahlining urib turgan yuragidir. “Qaytishim-ku aniqdir, Ona, Kindik qonim toʻkilgan yerga”. Shaharga kelib oʻtroqlashgan odam qishloqni, qirlarni, togʻlarni, daralarni, adirlarni, dashtu dalalarni qoʻmsaydi.

 

Yana qaytayapsan horgʻin izingga,

Sargʻaygan qirlarga toʻymaydi nigoh.

Yoʻllar, masofalar oqar izingdan,

Yaqinlashib keladi qadrdon Qishloq!

 

Koʻp ijodkorlardek shoir “Oqshommi yoki tongda, Koʻzim hamon Surxonda” deganicha yurgan yoʻliga, bosgan iziga qaraydi.

Abdumajid Azimning “Qalbimning vatani”, “Ruhi ravonim”, “Yorugʻlik odami”, “Oshiq dilim”, “Umid belanchagi” kabi qator sheʼriy kitoblari chiqdi. Muxlislarini topdi…

Oʻz vaqtida menga oʻxshab harbiy xizmatga ketgan Abdusalim qaytib kelib uylangan, shu koʻyi hayot tashvishlari ichida yuribdi. Farzandlari kamoli uchun kuyinib yashamoqda. Ora-sira tirikchilik uchun qishlogʻidan chetga chiqadi. Biroq u, tasavvurimcha, akasi yozganlaridan yaxshi xabardor va osmonoʻpar soʻlim daraxtlar soyasida hamon sheʼr oʻqimoqda:

 

Yoshlik larzon. Sevgi armon. Umr hayron,

Meni kutib sargʻaydingmi, Surxondaryo?

Qaylardasan, bolaligim, zangor osmon,

Oʻksik koʻnglim ulgʻaytirgan armon dunyo…

 

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori

 

Yoshlik”, 2017–6

[1] “Dapsan” – “debsan-debsan” soʻzining shevadagi shakli boʻlib, 1930-yillar xunrezlik, chaqimchiliklarini xorazmliklar “dapsan davri” deb ham atashadi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/abdusalimning-akasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x