ABDULLATIF

ABDULLATIF (1423 – 1450.8.5, Samarqand) — temuriylardan. Ulugʻbekning oʻgʻli. Shohrux saroyida tarbiya olgan, harbiy yurishlarda qoʻshinning oʻng qanotiga qoʻmondonlik qilgan. Gavharshod begim va tarxon amirlar Shoh-rux oʻlimidan soʻng (1447) Abdullatifni oliy bosh qoʻmondonlikka tayinlab, uning amakivachchasi Alouddavlani taxtga oʻtqazishgan. Bu qarordan norozi boʻlgan A. Alouddavlaga qarshi urush ochgan, lekin Nishopur yaqinidagi jangda (1447) yengilib, hibsga olingan. Ulugʻbek farzandi hayotini saqlab qolish maqsadida Alouddavla bilan sulh tuzishga majbur boʻlgan. Unga koʻra, Alouddavla Xuroson hukmdori deb tan olinib, Abdullatifga Balx ulusi berilgan. A. Ulugʻbekning 1448-y. ilk bahoridan yozigacha Alouddavla va Abulqosim Boburga qarshi janglarida qatnashgan. Soʻng, toj-taxtni egallash maqsadida otasiga qarshi Abulqosim Bobur bilan ittifoq tuzgan. Ulugʻ-bek Abdullatifga qarshi qoʻshin tortgan va Amudaryo boʻyida ikki tomon qoʻshini 3 oy muqobil turgan (1449). Samarqandda qolgan beklar isyoni tufayli Ulugʻbek poytaxtga qaytishga majbur boʻlgan, natijada A. Amudaryodan oʻtib Termiz, Shahrisabzni egallagan. Samarqand yaqinidagi Dimishk kishlogʻi yonida otasini yengib, taxtni egallagan (1449). Abdullatifning roziligi bilan Ulugʻbek va ukasi — Abdulaziz Mirzo qatl etilgan. Abdullatif olti oylik hukmronligidan soʻng, Ulugʻbekning xos navkarlaridan Bobo Husayn bahodir tomonidan oʻldirilgan (1450).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x