Abdulla Qahhor arxividagi oʻgʻli Poʻlatning maktublari haqida

Xalqimizning sevimli yozuvchisi Abdulla Qahhor uy-muzeyida adibning qoʻlyozmalari, hujjatlari, boy ijodiy kutubxonasi va koʻpdan-koʻp eksponatlar memuar ashyolar sifatida saqlanadi. Shu moʻtabar eksponatlar, hujjatlar va qoʻlyozmalar orasidan Abdulla Qahhor adresatiga yozilgan ikki maktub haqida toʻxtalmoqchimiz. Bu ikki maktub yozuvchining birinchi turmushidan tugʻilgan oʻgʻli Poʻlat tomonidan yozilgan xatlardir.

 Adib uy-muzeyida adib adresatiga yozilgan yuzlab maktublar saqlanmoqda. Shu bilan birga sanoqli boʻlsa-da, adib dasxati bilan yozilgan xatlarning qoralama variantlari mavjud. Muxlislar uchun doimo mashhur shaxslarning oilaviy hayoti, xotini, bolalari haqidagi maʼlumotlarni eshitish, oʻqish maroqli, nazarimizda. Afsuski, Abdulla Qahhorning oilaviy hayoti boshqa koʻpgina ijodkorlarniki singari toʻla-toʻkis emas. Sababi Abdulla Qahhor birinchi oilasi bilan tinib-tinchib ketmagach, ikkinchi qayta turmush qurishga majbur boʻladi. 1945 yil tarjimon, harbiy jurnalist Kibriyo Qahhorovaga uylanadi. Abdulla Qahhor Kibriyo opa bilan tanishgan 12 aprel sanasi qonuniy nikohdan oʻtish chogʻida nikoh guvohnomasiga qayd etiladi. Ular “chorak asr”, yaʼni yigirma besh yil yonma-yon, yelkama-yelka yashashdi. Afsuski, ularning farzandi boʻlmaydi. Keyinchalik Kibriyo Qahhorova adib vafotidan soʻng “Chorak asr hamnafas” xotira kitobini yozdi.

Adibning millati tatar boʻlgan ayoldan tugʻilgan ikki oʻgʻli Poʻlat va Suyar onasi bilan birga ketishadi. Ular ham uzoq umr koʻrishmaydi. Ular 37-38 yoshida biri zaharlanib, ikkinchisi baxt­siz tasodif tufayli (ikkinchi qavatdan yiqilib tushadi) vafot etadi. Adib uy-muzeyida Abdulla Qahhorning ikki oʻgʻli va birinchi ayoli, otasining suratlari saqlanmagan. Bu, albatta, hayron qolarlik ish… Nega ular saqlanmagan. Yoki bu suratlar ataylab kimdir tomonidan yoʻq qilinganmikan, degan xayollarni olib keladi. Qoʻqon shahrida joylashgan Adabiyot muzeyiga borganimizda, Abdulla Qahhorning ikki oʻgʻli bilan tushgan suratini koʻrib, hayajonlanib ketdik. Shu suratni telefonga tushirib olib keldik. Nihoyat bitta ashyoviy dalil topildi. Bizning bilishimizcha, Abdulla Qahhor garchand birinchi oilasidan qonunan ajralib ketgan boʻlsa-da, oʻgʻillarini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlab turgan. Masalan, biz hozir eʼtiboringizga havola etmoqchi boʻlgan Poʻlatning Moskvadan joʻnatilgan quyidagi maktubi fikrimizni tasdiqlaydi.

Adib arxivida oʻgʻli Poʻlatdan kelgan uchta xatning originali saqlangan. Ular rus tilida, avtoruchkada yozilgan. Tubandagi xat

31 mart, 1950 yilda yozilgan. Uning matnini yaxshisi oʻzingiz oʻqib oling, biz xatni oʻzbekchalashtirib berayapmiz:

“31.3.50.

Salom hurmatli dada!

Men senga pullarim yoʻqolgani haqida yozganimga koʻp boʻlmadi. Bu koʻngilsiz voqea haqida shoshilib yozganim uchun judayam afsusdaman, kechagina men u pullarni jamodonimning chexoli ostidan topib oldim. Shu koʻngilsizlik tufayli ijaradan chiqib ketdim. Bu yerda yashash jonimga tegib ketdi. Keyingi paytlarda bu nogiron kishi men bilan har kuni janjallashadigan odat chiqardi. U dam-badam ichadi va mening paltomni kiyib turish uchun soʻraydi, chunki oʻzining kiyishga paltosi yoʻq. Albatta, men unga paltomni bermayman, chunki buni istamayman. Shuning uchun u jahl ustida narsalarni otadi, idishlarni sindiradi, menga shu daqiqadan boshlab, bu yerdan yoʻqol, deb poʻpisa qiladi. Mana oxirgi janjalimiz shunday boʻldi. Men pulimni topolmay, “Sen mening pullarimni koʻrmadingmi?” – deb soʻradim. Shu zahotiyoq u boshladi, “Sen meni oʻgʻri deb oʻylayapsanmi? Tur, chiq yoʻqol uyimdan… Narsalaringni yigʻishtir va tuyogʻingni shiqillat”, – dedi. U mening krovatim va buyumlarimni koʻchaga uloqtirdi. Shunday qilib men unikidan ketdim. Hozir men bir qoʻshnimiznikida yashayapman. Albatta, boshqa ijara uy topishim kerak. U bilan umuman koʻrishmayapman va gaplashmayapman. Hozir koʻnglim xotirjam tortib qoldi.

Oʻylaymanki, unikidan ketib, juda toʻgʻri ish qildim. Umuman, u menga tinchlik bermasdi. Xuddi bugungidek, oʻlgudek ichardi. Iltimos, sen xavotir olma. Men aytgan adresga xat yoz. Hammasi yaxshi.

Bobom va Kibriyo xolamga salomimni yetkaz.

Oʻpib qoluvchi Poʻlat”[1].

Adibning oʻgʻli Poʻlat Moskvada taʼlim olayotgan paytida, ijara uydagi koʻngilsiz voqeani xat orqali otasiga maʼlum qiladi. “Oʻgʻirlatdim” – deb oʻylagan pulini jomadoni ichidan topib olganligi, ichkilikka mukkasidan ketgan uy egasining qiliqlari haqida qaygʻurib yozgan. Eʼtibor bering, Poʻlat Kibriyo Qahhorovani “xolam” deb tilga olyapti. Demak, Kibriyo Qahhorova yozuvchining ikki oʻgʻliga yaxshi munosabatda boʻlgan. Hatto ular bobosi bilan ham iliq munosabatda boʻlishgan ekan. Abduqahhor aka umrining oxirigacha oʻgʻli Abdulla Qahhor bilan uning uyida birga yashagan.

Ikkinchi maktub uy-muzeyda KP №2167 raqami bilan saqlanadi. Bu xat daftar varagʻiga yozilmagan. Urush yillarida yozilgan boʻlib, tibbiyot varaqasining orqa tomoniga yozilgan. Shu oʻrinda eslatmoqchimiz. Abdulla Qahhorning birinchi ayoli Zaynab opa hamshira boʻlgan. Nazarimizda, onasining tibbiyot varaqalaridan foydalanib, aka-uka Poʻlat va Suyar qisqa shaklda otasiga xat yozgan. Unda shunday deyiladi: “Salom dada Sizga salomlar yoʻllovchi Poʻlat va Suyar.

Dada men kinoapparatim boʻlishini istayman. U 159 soʻm turadi. Taʼtil boshlanmasidan oldin olib bering. Kanikul 20 maydan boshlanadi, bizga uch oy taʼtil berishyapti. Iltimos kinoapparat olib bering.”

Bu xat 1945 yilda yozilgan. Urush ketayotgan bir pallada erkatoy oʻgʻillarning otasidan kinoapparat sotib olib berishini soʻrashi biroz erish tuyuladi, kishiga. Ammo bolalarning hali juda yosh bola ekanligini esga olsak, buni tushunsa boʻladi.

Adib vafotidan soʻng ikki kundosh Zaynab va Kibriyo Qahhorova yozuvchidan qolgan mol-mulk ustida sudlashadi. Bu sud hujjatlarining nusxalarini men bir kuni uy-muzeyda oʻtirib tanishib chiqqan edim. Afsuski, bu hujjatlarni ikkinchi qayta oʻqish, koʻrish baxtiga muyassar boʻlmadim. Esimda qolgani, unda Kibriyo Qahhorova mol-mulkka daʼvogarlik qilayotgan dushman tomonga adib tiriklik paytida, bemor yotgan paytida birortasi kelib, xabar olmagani haqida aytgan. Shuningdek, yozuvchining sogʻ paytida ham, kasal paytida ham Kibriyo opa ham rafiqa, ham oshpaz, ham kotiba, ham hamshira boʻlib xizmat etganini sud majlislarida aytgan. Bilishimizcha, sud hukmi ham Kibriyo Qahhorova istaganidek, hal boʻlgan.

Adabiyotshunoslarimiz Abdulla Qahhorni “murakkab shaxs” deyishadi. Uning “murakkabligi” ehtimol, oilaviy hayotda toʻkis boʻlib baxtiyor yashay olmaganligidadir. Afsuski, XX asr oʻzbek adabiyotini roman, qissa, hikoya, komediya, felyeton, publitsis­tik maqolalar va suhbatlari va nutqlari, maktub­lari bilan mazmunan boyitgan Katta yozuvchidan farzand qolmadi. Bori ham erta xazon boʻldi. Ulardan tugʻilgan nevaralar esa ruslashib, oʻz avlodidan uzoqlashib, yoʻq boʻlib ketdi. Ehtimol, Abdulla Qahhorning eng katta fojeasi ham shundadir…

 

Marhabo Qoʻchqorova,

OʻzR FA Oʻzbek tili, adabiyoti

 va folklori instituti,

filologiya fanlari nomzodi

 

 “Ijod olami”, 2017–5


[1] KP. №2702. hujjat

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/abdulla-qahhor-arxividagi-ogli-polatning-maktublari-haqida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x