Eng katta sehr

Bir sehrgar bo’lgan ekan. Uning qo’lidan hamma ish kelar ekan. Istasa, tap-taqir cho’l o’rnida dengiz yarata olar ekan. Yalang joyda qasr paydo qilish ham uning uchun arzimagan yumush ekan. Ammo bu ishlaridan sehrgarning ko’ngli to’lmas ekan.Kunlarning birida u odamlarning baxt haqidagi fikrlarini bilmoqchi bo’libdi. Axir ular sehrgarlikdan bexabar bo’lsalar ham baxtli yashashar ekanlar-da! Sehrgar yo’lida yelkasiga o’g’ir qop ortmoqlagan o’tkinchini uchratib qolibdi.
— Zildaymi? — so’rabdi sehrgar.
— Zilday bo’lganda-chi!- debdi yo’lovchi.
— Istasang, yukingni yengillatib beraman. Ter ham to’kmaysan, mashaqqat ham chekmaysan, yumushing osongina amalga oshadi, — debdi sehrgar.
— Yo’q, menga bunaqa ko’makning keragi yo’q, — debdi yuk ko’targan yo’lovchi.
Sehrgar yo’lovchining javobidan hayron bo’libdi:
— Axir, qop judayam og’ir deyapsan-ku!
— Shunday bo’lmasa bo’lmaydi! — debdi yo’lovchi.
— Hamma narsa osongina bitaversa, nimadan sevinib, nimadan xursand bo’laman?
Gaping rost, — debdi sehrgar. — Mana mening qo’limdan hamma ish keladi, ammo sira quvona olmayman.
— Uy ham qura olasanmi? — so’rabdi yo’lovchi ishonqiramay.
Sehrgar javob berish o’rniga qo’lini yengilgina silkitibdi, shu onda ularning yonida mo’risidan pag’a-pag’a tutun burqsib turgan uy paydo bo’libdi.
— Qoyil! — debdi yo’lovchi entikib, keyin qo’shib qo’yibdi:
— Bunaqa uyni…o’z qo’ling bilan qurganigga ne yetsin…
— Sen haqiqatan ham baxtlimisan? — so’rabdi sehrgar.
— Qopni manziliga olib borsam, mendan baxtli odam bo’lmaydi, — javob beribdi yo’lovchi.
— Uni manziliga men eltisha qolay bo’lmasa, — debdi sehrgar va qopni yelkasiga ortmoqlab olibdi.
Manzil olis ekan. Ular ketaveribdilar, ketaveribdilar.
— Hali uzoqmi? — so’rabdi terga bota boshlagan sehrgar.
— Uzoq, — javob beribdi qop egasi.
— Dam olsakmikan? — so’rabdi sehrgar hansirab.
— Yahshisi, yo’ldan qolmaganimiz ma’qul, — debdi unga javoban yo’lovchi. — Yo’qsa quvonchimiz tez tarqab ketadi.
Ular, nihoyat, manziliga yetib kelibdilar.
— Keldik, — debdi yo’lovchi sehrgarga.
Sehrgar qopni yelkasidan tushiribdi, u horib-charchagan bo’lsa ham, yuzida tabassum o’ynab, yerga yotib olibdi.
— Ha! — debdi sehrgar peshonasidagi marjon-marjon terlarini artar ekan. — Baxt nimaligini angladim, buning uchun senga katta rahmat, birodar.
— Beminnat yordaming uchun senga ham tashakkur! — debdi yo’lovchi.
Sehrgar o’sha kundan boshlab jodu ishlarini butunlay yig’ishtiribdi. O’z qo’li, o’z mehnati bilan uy qura boshlabdi.Quyosh chiqmasidan burun bog’ga yo’l oladigan, dalalarga suv taraydigan bo’libdi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x