Uydan bo‘yanib chiqib ketib, kechki payt konsert, teatr yoki boshqa tadbirga tashrif buyurishi kerak bo‘lgan, ammo makiyaj uzoq vaqt davomida buzilib ketmasligi uchun nima qilish kerakligini bilmaydigan ayol-qizlarga bu borada qo‘l keladigan tavsiyalarni havola etamiz.
Terini makiyajga tayyorlash
Makiyajdan avval terini yaxshilab tayyorlash kerak. Yuz terisi yaxshilab tozalangan, namlantirilgan bo‘lishi, unga surtilgan tonal krem yuzda tekis va silliq turishi kerak. Terisi ko‘chganlarga piling yoki meva kislotali terini tozalaydigandan vositalardan foydalanish tavsiya qilinadi. Yaxshilab tozalagandan keyin yuzga namlantiruvchi krem surting. Oradan 1-2 daqiqa o‘tganidan keyin esa praymer yoki tonal krem surting.
Tonal krem
Tonal kremni yuz rangi va terining yog‘lilik darajasiga mos tushadiganini tanlash kerak. Kundalik makiyaj uchun butkul qoplaydigan quyuq variantdan foydalanmagan yaxshi.
Ko‘p qatlamlilik
Birinchi praymer, keyin konsiler, pudra undan keyin esa rumyana va bronzer, so‘ngida pomada surting. Shundan keyin kosmetik vositalar yuzingizda uzoq vaqt turadi. Ammo yuz niqob singari ko‘rinib qolmasligi uchun oshirib yubormaslik hamda me’yorga amal qilish kerak.
Yaltiramaydigan pomada
Kechgacha o‘chib ketishini xohlamasangiz pomadaning yaltiramaydigan variantidan foydalanish tavsiya qilinadi. Chunki yog‘li lab bo‘yog‘i uzoq vaqt turmasligi mumkin. Lablaringiz yaltirab turishini istaydigan bo‘lsangiz, yoningizda blesk olib yuring va muhim tadbir yoki uchrashuvdan avval surtib oling.
Praymer va fiksator
Vizajistlar praymerni tonal kremdan avval surtishni tavsiya qiladi. Bu makiyajning uzoq vaqt turishiga hissa qo‘shadi. Qovoq va lablar uchun alohida praymerdan foydalansa ham bo‘ladi. Makiyaj so‘ngida fiksator ishlatishni unutmang. Maxsus sprey ishlatilganda yuzingiz yaltirab qolmaydi, bo‘yoqlar esa oqib ketmaydi.
Понравилась статья? Поделиться с друзьями: