Oʻzbekiston
Sezdim, hech uzib boʻlmas huzuringda qarzim bor,
Shaʼningga yarashiq soʻz aytsam, degan orzum bor.
Tilla tashbeh soʻrayman, soʻrayman gavhar taʼrif –
Xudoyimga dunyoda yolgʻizgina arzim bor:
Oʻzingga mos, munosib sheʼr boʻlay, Oʻzbekiston,
Quyoshli soʻz tashigan sher boʻlay, Oʻzbekiston.
Qadim lugʻatsan ulugʻ – soʻzing boʻlsaydim qani,
Zulmatni teshgan qutlugʻ koʻzing boʻlsaydim qani.
Qorongʻu asrlarga kelding ziyo taratib,
Ming yildan soʻng-da soʻnmas izing boʻlsaydim qani,
Yuragimni yoritgan chiroqsan, Oʻzbekiston,
Ne boʻlsa, barchasidan chinroqsan, Oʻzbekiston!
Tushlarimda uygʻonar toshda qotgan bitiklar,
Har chizgisi jonlanib, tirik hikmatin tiklar.
His qilaman: ildizim moziyning eng qaʼrida,
Ajdodlarim zakosi solmish jonli koʻpriklar,
Zaminning oʻq tomiri oʻzingda, Oʻzbekiston,
Tarix yuragin zarbi koʻksingda, Oʻzbekiston!
Ipak eshib, dunyoni nur bilan bogʻlagan sen,
Doʻstlar dimogʻin chogʻlab, yov dilin dogʻlagan sen.
Gʻubor bosgan dunyoning nafasi siqqan chogʻi
“Avesto” sehri ila olamni poklagan sen,
Paygʻambarlar suyangan asosan, Oʻzbekiston,
Iymoni sof, maslagi rasosan, Oʻzbekiston!
Makkaga tushgan vahiy Buxoroda sir ochdi,
Samarqand sayqalidan yarqirab yogʻdu sochdi.
Jaholat sharpasiga koʻzgu tutding tip-tiniq,
Yalmogʻiz yuzin tanib zalolat, sendan qochdi,
Odamiylik diniga berding jon, Oʻzbekiston,
Insoniy suluk ila topding shon, Oʻzbekiston!
Bobolarim ongida yechdi tilsim ilmu-fan,
Arabu fors hayratda, yunonu chin berdi tan.
Yetti iqlim muhibing – egib keldi boshini,
Tafakkurga muhtasham poytaxt boʻlding, ey Vatan,
Olamga ulashding nur, maʼnini, Oʻzbekiston,
Bashar oʻzligin sen-la tanidi, Oʻzbekiston!
Dunyo kazzob, qaroqchi – tinchingga koʻp urdi chang,
Kimdir tugʻ-u, yana kim tigʻ-la keldi, tilab jang.
Adolat bayrogʻini koʻtardi Sohibqiron,
Qashqirlar toʻdasiga boʻldi yarim dunyo tang,
Ne-ne qirgʻindan omon qolgansan, Oʻzbekiston,
Yarali yuraklarga qalqonsan, Oʻzbekiston!
Olmos soʻzlar yaraldi oltin nazm asrida,
Maʼno javohirlari – Boyqaroning qasrida.
Navoiy tizgan inju qamashtirdi koʻzlarni,
Xalqim, dil xazinangdan oldi ul zot aslida,
Tuganmas tilla-zari, bebaho, Oʻzbekiston,
Oʻzingsan soʻz zargari, ey daho, Oʻzbekiston!
Afgʻon togʻini oshib ketdi yoʻlbars Boburing,
Oʻzga el bagʻrida shon topdimi, bas, yovquring.
Omonat taxt qasdida qilich sermadi beklar,
Qon tugʻishgan mirzolar ketdilar past – yov, koʻring…
Xanjarlar jarangin jim tinglading, Oʻzbekiston,
Nochor otaday sim-sim ingrading, Oʻzbekiston!
Oʻtdi bangi zamonlar, xulyosifat davronlar,
Safo kosasiga may sunib oʻtdi ne xonlar.
Ishrat pardasi yopdi koʻzlarin, mudradi ong,
Gʻariblik koʻchasida abgor boʻldi ne jonlar,
“Uygʻon! Uygʻon!” deb qaqshab urding bong, Oʻzbekiston,
Qon sachratib otdi soʻng qizil tong, Oʻzbekiston!
Koʻkayingga tiraldi laʼin gʻoyalar tigʻi,
Jigaringni tildi, voh, xoin soyalar tigʻi.
Ona tilingni tiyib, kulding oʻzga zabonda,
Garchi yuraging idrab, yiring bogʻladi yigʻi,
Tiling tishlab qonatding, gung boʻlding, Oʻzbekiston,
Koʻzlarda qotgan achchiq mung boʻlding, Oʻzbekiston!
Qabrin izlagan Fitrat, Choʻlponlaring aytaymi!?
Ichi gʻij-gʻij kudurat ultonlaring aytaymi!?
Yomgʻir kabi boshingdan quysa ham zahriqotil,
Jon-la toʻlagan titrab oʻlponlaring aytaymi!?
Oq paxtang qora bulut boʻldi, oh, Oʻzbekiston,
Dedi: aslingni unut, nasli shoh Oʻzbekiston!
Zulm qasrin zim-ziyo zindonlarin buzdi Haq,
Hayqirdi sher oʻgʻloning: “Uz kishanni, endi qalq!”
Mehroblar toza boʻldi toshyurak, koʻr butlardan,
Oʻz qalbini joynamoz qildi yana ozod xalq,
Tuyding yurakdan kelgan tovushni, Oʻzbekiston,
Oʻz erkingga qaytadan qovushding, Oʻzbekiston!
Quyma oltinday yal-yal tovlanar har hur yiling,
Maʼrifat marjonida noyob bezak – dur diling.
Sadafday saf-saf sara shahru qishloqlar obod,
Hurriyat mayogʻidan ayon oydin manziling,
Kimlar havas qilmas tik boʻyingga Oʻzbekiston,
Jonim sadqa, toʻyona toʻyingga Oʻzbekiston!
Sezdim, senga munosib topolmasman hech taʼrif,
Sen goʻzalsan ziyoda – soʻzlarim yupun, gʻarib,
Ey, bagʻrikeng Otajon, mushfiq Ona, ber imkon,
Yuragimdan senga mos sheʼr topayin axtarib,
Dilimga soʻz – choʻgʻ solgan gulxansan, Oʻzbekiston!
Men uchun mangu yoniq ilhomsan, Oʻzbekiston!
Erkin Vohidov gʻazaliga bogʻlama
Kuy toʻla har bitta uzvu tomirimda qon qadar,
Qon ichinda jilvalangan yogʻduli imon qadar,
Soʻz degum, garchi parishon holdamen, imkon qadar,
Sheʼr aziz olam aro menga tiriklik, jon qadar,
Jon nedir oshiq uchun, jondin aziz jonon qadar.
Garchi boqmas paykari ilhom manga oylab qiyo,
Ketmagaymen, subhu shom koʻyida kuygum beriyo,
Dil yorishgay, pir Navoiy jomidin quy, soqiyo,
Sheʼrdan ayru tonglarim yaldo tuniday zim-ziyo,
Sheʼr bilan tunlar charogʻon xurshidi tobon qadar.
Ul na kavkab, sheʼrparastkim, dur degay ishq konida,
Ikki dunyoni unutqay shavqqa toʻlgan onida,
Mahbubi hayron topolmay, boʻlsa hamki yonida,
Sheʼr oʻzi jonon emasmi, yondirar hijronida,
Gohi boqsa bir qiyo, boshim boʻlur osmon qadar.
Gohi yerparchin tushib, shon-shavkatim boʻlgʻay ado,
Gohi silkib zilzila, dilni hajr bosgayki to,
Soʻz menga javshandurur, sheʼrdir menga ustun, aso,
Kimki oshiqdur jahonda sheʼrga boʻlgay mubtalo,
Ishq uchun tengdur gadodan to buyuk sulton qadar.
Gar muhabbat kirsa dilga, kin soʻnar, qoʻygay u chek,
Kilkqalamday rost, ravon yurgay, qilichday sinsa kek,
Koʻngli yumshab, yosh shimar qon, qasdtalab aʼyonu bek,
Shoh Bobur Hindu sori yurdi-yu, shoir va lek,
Yigʻladi Fargʻonadin to mulki Hindiston qadar.
Men-da bir navkar edim, ketdim-ku ruhni soʻldirib,
Taʼqib etgan yov emas, yoʻq, oʻz-oʻzimni oʻldirib…
“Jon Vatan!” deb kuygan ul tashna dilimni koʻndirib,
Sheʼr zulolidan simirdim bir piyola toʻldirib,
Voh, koʻrindi menga har bir qatrasi ummon qadar.
Tole topmas kimsa afsus sufrasidan nisba yeb,
Vahki, nodir xislatim yoʻq, yoʻq gʻazalda zarra ep,
Qisqa soʻzni koʻp uzaytdim, tiz choʻkib, ming tavba deb,
Nuqta qoʻy nazmingga, Erkin, muxtasarlik soʻzga zeb,
Yoʻqsa, tong otguncha sheʼring boʻlgʻusi doston qadar.
Nodir Jonuzoq
https://saviya.uz/ijod/nazm/yuragimni-yoritgan-chiroq/