Rus adabiyotida Nikolay Vasilyevich Gogoldek sirli shaxs boʻlmasa kerak. Uning hayoti va oʻlimi haqida shunchalik koʻp afsona va uydirmalar mavjudki, hali biron rus yozuvchisi bunday sharafga erishmagan.
Buyuk Gogol tavalludining 200 yilligi munosabati bilan uning ijodi va hayotiga oid yangidan-yangi qiziqarli, shu paytgacha bizga nomaʼlum boʻlgan maʼlumotlar suv yuzasiga qalqib chiqdi. Koʻpgina olamshumul savollarga javob topilgandek boʻldi… Nima sababdan u qoʻlyozma asarlarini yoqib yuborardi? Nimaga oila qurmadi? Nega uning oʻz uyi boʻlmagan?..
Nikolay Vasilyevich Gogol ijodi mumtoz adabiyot durdonasi sanaladi. Uning oʻzi esa rus adabiyoti dahosi deya eʼtirof etiladi. Ammo Gogolning insoniy fazilatlari haqida gap ketganida hech kim yakdillik bildirmaydi. Zamondosh va tarixchilarning xotiralarida buyuk adib sirli, damduz, ayyor, firibgarlik va aldovlarga moyil inson sifatida xarakterlanadi. Bunday taʼrifni nafaqat uning dushmanlari, balki adib ijodi ixlosmandlari ham, doʻstlari ham berishgan. Kunlardan bir kun Gogol qadrdon doʻsti Pletnyovdan unga inson sifatida baho berishini soʻraydi va quyidagi javobni oladi: “Sirini hech kimga aytmaydigan, xudbin, takabbur, badgumon, shuhrat uchun hamma narsadan voz kechadigan jonzot…”
Yozuvchilik mehnati va badiiy ilhomi bilangina yashayotgan Gogol kambagʻallik va uy-joysizlikka mahkum qilingan edi. Uning butun boyligi bir jomadonga jo boʻladigan kiyim-kechak edi. U moddiy yordam soʻrashdan ham or qilmagan. Buyuk Gogolni bunday taʼriflarni eshitishga nima majbur qilgan ekan?
Uning bunday yoʻl tutishiga oldiga qoʻyilgan buyuk maqsad – “Oʻlik jonlar” romanini yozib tugatish sabab boʻlgan edi. Hayotidagi eng katta, asosiy ish edi bu. U bu asariga Rossiya haqidagi butun haqiqatni, unga boʻlgan mehru muhabbati va qalbidagi boyligini toʻkib soldi.
– Mehnatim ulkan… – derdi u doʻstlariga, – mening qahramonligim xalos etuvchidir!
Ming bir hayratu shubha bilan adib ijodini tadqiq qilgan tadqiqotchilar Gogolning oʻlimidan bir necha kun oldin hayotining mazmuniga aylangan buyuk asarini yoqib yuborishiga nima turtki boʻlganligini hamon tushuntirib berisholmaydi…
Bolalikka qaytib
Uzoq kutilgan farzandga ota-onasidan nima qoldi?
Nikolay Vasilyevich Gogol 1809 yilda Bolshiye Sorochinsi qishlogʻida (Poltava guberniyasi) yirik pomeshchik Vasiliy Afanasyevich oilasida dunyoga keldi. Uning ota-bobolari ukrain kazaklari boʻlishgan. Ketma-ket nobud boʻlgan ikki farzanddan keyin tugʻilgan jajjigina oʻgʻil yurak oldirgan ota-ona uchun ovunchoq boʻldi. Nikolay 15 yoshga toʻlganida otasi vafot etadi. Sermulohaza, zehnli, idrokli, hayotni sevuvchi, hazilkash Vasiliy Afanasyevich adabiyot va teatrga qiziqardi.
Nikolay otasidan sanʼatga boʻlgan mehrni, hazil-mutoyibaga moyillikni meros qilib olgandi. Gogolning yumori sodda, sofdil, mazmun va soʻzlar uygʻunligini oʻz ichiga olgandi. Adibdagi taʼsirchanlik, hassoslik, dardchillik onasidan oʻtgan edi. Ota-onasining cheksiz mehri va ona tabiat Nikolayni bolaligidanoq ruhlantirardi. Bayram va sayllarda Dikanka yaqinida kuylangan qoʻshiqlar, otasi va qoʻshnisi – shoir Kapnistning sheʼrlari murgʻak Nikolay qalbida adabiyotga boʻlgan muhabbatni uygʻotdi. Oʻsmirlik chogʻida u hammadan yashirincha “Gans Kyuxelgarten” nomli sodda sheʼriy asarini yozadi.
Ilk poemasini u gimnaziyada oʻqib yurgan chogʻidayoq yozishni boshlagan edi. Peterburgga kelib, uning ustida biroz ishlaydi va chop etish uchun noshirga topshiradi. Asar kitob boʻlib chiqdi. Oʻsmirlikka xos shoshqaloqlik bilan u kitobni doʻsti Pletnyovga joʻnatadi. Kitob bir necha kun doʻkonda sotildi, ammo unga bildirilgan tanqid shafqatsiz edi. Shunda Nikolay butun adadni sotib olib, uni yoqib yuboradi.
Mana shu olov shoirning jasoratidan darak boʻlib, taqdirining bir belgisiga aylanib ulgurgandi. Nimaga u olovni oʻziga doʻst bildi?
Bolaligida davlat arbobi boʻlishni orzu qilgan Gogol adabiy qiziqishidan ham voz kechmadi. Oʻz asarlarini yoqib yuborish uchun qanchalik jasorat kerak. Ammo Gogol buning uchun oʻzida kuch ham, qahramonlik ham topardi. U gimnaziyada oʻqib yurgan kezlaridayoq ilk asari – “Aka-uka Tverdoslavichlar”ni bitta qoldirmay yoqib yuboradi. Peterburg gazetalarida “Gans Kyuxelgarten” haqidagi shafqatsiz tanqidiy maqolalarni oʻqib, mehmonxonadagi xonasiga qamalib olib, kitobni bitta qoldirmay yoqib yuboradi.
Yonayotgan qoʻlyozmalarning olovi uning yuragida yana bir necha bor alanga oladi. Otasining oʻlimi Gogolni qattiq qaygʻuga soldi. Keyinroq Nikolay Vasilyevich otasining oʻlimi sababini topganday boʻldi: uning fikricha, otasiga “oʻlim dahshati” xavf solgan.
Gogolning oʻzi ham mana shu halokatli “oʻlim dahshati”ni oʻzida olib yurardi. Bu vahima, qoʻrqinch ham unga otameros qoldimi?
Nikolay Vasilyevichning dardchilligi, tushkun holati ruhiy xarakter kasb etardi. Shuni taʼkidlash joizki, Gogolning ruhiy azob-uqubatlari uning ijodiy jarayoni bilan bogʻliq. U ijod qilgan paytda maʼnaviy, ruhiy kuch-quvvatga toʻlar, hamma ishi yaxshi ketayotganligini anglardi. Ijoddagi sustkashlik uning ruhiy qiynalishiga sabab boʻlardi. Ana shunda u yozilgan asarining nomukammalligini tushunar, bundan qattiq ezilardi. Bunday paytlarda u derdi: “Yashashga ham, yozishga ham ishtiyoqim yoʻq…” Dramaturg boʻlishdan avval Gogol gimnaziya havaskorlik teatri sahnasida muvaffaqiyatli chiqish qilardi.
Sahnadagi muvaffaqiyat uning kelajakda aktyor boʻlib yetishishini belgilab berishi mumkin edi-ku…
Teatr Nikolay Vasilyevichga katta lazzat, huzur-halovat bagʻishlardi. Peterburgda u Imperator teatrida oʻz baxtini sinab koʻrmoqchi boʻldi. Ammo suhbat chogʻida “yiqiladi”. Imtihon oluvchilariga uning ijro usuli yoqmagan.
Gogol ajoyib soʻz ustasi, bilimdoni edi. Uning ijrochilik mahorati nozik taʼb tinglovchilarni ham dogʻda qoldirardi. Gogol bir umr shubha-gumonlar ichida yashadi. “Muallifning tavbasi” asarida shunday misralar keltirilgan: “Men mashhur boʻlishimga ishonib yashadim! Taniqli boʻlishimga hech qanday shubha yoʻq edi…” Xayol surish Gogol uchun odatiy holga aylangandi. Aybdorlik, gunohkorlik hissi bir-biri bilan almashinardi.
Gogol va ayollar
Gogolning qahramonlari yovuz kuchlar, afsungar va shaytonlardan madad oladi. Sevgi uchun hamma narsadan voz kechishadi, baʼzida xudosizga aylanishadi. Taqvodor, xudojoʻy muallifni bu holat dahshatga solmadimi?
Gogolning qahramonlari mana shuning uchun ham oʻz jazosini olgan, hatto oʻlim topishgan.
Pushkinning ishqiy sarguzashtlari haqida eshitganmiz. Ammo Nikolay Gogolning muhabbati haqida biron maʼlumotga ega emasmiz. Ayrim tadqiqotchilar Gogol hayoti davomida biror marta sevmaganligini taʼkidlashadi. U ayollar goʻzalligining shaydosi edi. Birinchi navbatda maʼnaviy goʻzallikni qadrlardi. Gogolning goʻzallar haqidagi taʼriflari bunga shubha qoldirmaydi. Sevgidan u qochib qutulishga harakat qilardi. U nafaqat goʻzaldan, balki oʻzidan, qalbidagi yashirin xavflardan, halokatli kuchlardan ham qochardi.
Taniqli tadqiqotchi Yuriy Mann kitobida Gogolning olijanob Anna Viyelgorskayaga boʻlgan sof muhabbati tasvirlangan. Aslida-chi?..
Gogol rad etilishini anglagach, sevgisi uchun kurashishni ham lozim topmadi. Sevgisi rad etilgan Nikolay Vasilyevich necha yillar davomida ruhiy azoblarni boshidan kechirdi. Oʻzining besoʻnaqayligi, xayoliy badbasharaligi va uyatchanligidan ezildi. Umidsiz sevgi uning qalbida bir umrlik tuzalmas jarohatni qoldirdi.
Annaning taqdiri qanday kechdi? U oʻzini aybdor his qildimi? Gogolning oʻlimidan keyin Anna 30 yoshida knyaz Aleksandr Shaxovskiyga turmushga chiqdi. Ular Moskva yaqinidagi Sennitsa usadbasiga koʻchib oʻtishadi. Bu joylarni Gogol yaxshi koʻrardi. Annaga ham bir paytlar bu yerga kelib, yozgi taʼtilni oʻtkazishni taklif etgandi…
Gogolning hech qachon oʻz uyi boʻlmagan. Badavlat oilaning arzanda farzandi nima uchun boshpanasiz edi?..
Darhaqiqat, u goʻyoki darvesh darbadar edi. Uning hech qachon oʻz uyi boʻlmagan. Yoshligida Nikolay Vasilyevich butun mol-mulkini onasi va singillari nomiga oʻtkazgan edi. U ongli ravishda darveshlik hayotini tanlagandi. Gogolning doʻstlari uni mehmon qilishni sharaf deb bilishardi. Shunday kunlarning birida u Pogodin ismli doʻstining uyida mehmon edi. “Moskvityanin” jurnalining muharriri boʻlgan Pogodin doʻstining “Oʻlik jonlar” romani qoʻlyozmasini unga birinchi boʻlib berishiga ishonardi. Ammo Gogol iltimos, buyurtma bilan yozadigan yozuvchi emasdi. Shunday paytlarda u oʻzini juda noqulay his qilardi. Ayniqsa, uning sharafiga katta mehmondochiliklar qilishsa, qattiq xijolat chekardi. 1848 yildan umrining oxirigacha u graf A. P. Tolstoy uyida yashaydi.
Gogol tiriklayin koʻmilganmi?
Ayrim tadqiqotchilar Gogol letargik uyquga ketish oqibatida tiriklayin koʻmilgan degan taxminni ilgari surishadi. 1852 yilda Gogol vafot etgach, u Moskvadagi Danilov monastiri qabristoniga dafn etilgan. 1930 yilda monastir yopilgach, qabriston ham koʻchiriladi. 1931 yilning 31 may kuni Gogol qabri ochilib, jasadi Novodevichye qabristoniga qoʻyiladi. Bu jarayonni tadqiq qilgan olimlar qabr ichidagi jasadning siljib, qoʻzgʻalganligini taʼkidlashgan. Yana bir guruh olimlar Gogolning shifokorlar tomonidan zaharlanganligi taxmini mavjudligini ham aytishmoqda. Uning jasadi yorib koʻrilganida simob miqdorining yuqoriligi aniqlangan. Ushbu taxminlar va farazlarning qaysi biri haqiqatga yaqinligi bizga qorongʻu. Insonga xos qiziquvchanlik buyuk Gogolning ruhini qayta bezovta qilib, qabr toshlarini u yoqdan bu yoqqa koʻchirishga ehtiyoj tugʻdiradi. Bu taxminlar oʻz yechimini topadimi-yoʻqmi, buni faqat vaqt koʻrsatadi. Ammo adibning jahon adabiyotiga qoʻshgan ulkan hissasini hech kim inkor eta olmaydi. Juda qisqa umri davomida shusiz ham ruhiy azob-uqubatlar iskanjasida yashagan adib ruhini tinch qoʻyish olijanoblik emasmi?
Dildora Toʻychiyeva tayyorladi
“Yoshlik”, 2010 yil, 3-son
https://saviya.uz/ijod/olik-jonlar-orasidagi-hayot/