Insonga boshqa jonzotlardan farqli oʻlaroq toʻrtta xislat neʼmat qilib berildi: aql, ilm, tafakkur va soʻzlashish. Shuning uchun ham inson bu dunyoning gultojidir. Biroq inson oʻziga neʼmat qilib berilgan ana shu xislatlarni bekamu-koʻst bajarishi uchun maʼlum eʼtiqod va ixlosga ega boʻlishi, oʻzining yaratilishidagi mohiyatni anglashi lozim boʻladi. Buning uchun esa insonga har jihatdan taʼlim va tarbiya shart. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, inson tarbiyasi besh yoʻnalishda kechadi: iymon tarbiyasi, maʼnaviy tarbiya, dunyoviy tarbiya, jismoniy tarbiya, ruhiy tarbiya.
Iymon tarbiyasi nima? Iymon tarbiyasi har bir kishining tiriklik hayotida eng muhim oʻrin tutadigan yetakchi vositasi – mayogʻi. Iymon tarbiyasining bosh mezoni yaratgan zotni tanish, anglash, unga boʻyin egmoqdir. Demak, avvalo insonda toʻgʻri eʼtiqod boʻlishi lozim. Bu iymonning asosini tashkil qiladi. Iymon tarbiyasi esa barcha tarbiyalarning boshi va harakatga keltiruvchisidir. Insonning oʻzini anglashi iymon tarbiyasidan boshlanadi. Shuning uchun ham bir muborak hadisda: “Kim oʻzini tanisa, u albatta, Parvardigorini ham taniydi”, deyiladi.
Kishi oʻzining moʻjiza ekanini, bu muhtasham koinot oʻz-oʻzidan bunyod boʻlib qolmaganini, bu tarzdagi mukammal yaratilish zamirida oʻziga xos hikmatlar borligini anglasa, hayotning maʼnosi boʻladi.
Insonning naqadar mukammal yaratilganini bir tafakkur qiling: tibbiyot olimlarining maʼlumotlariga qaraganda inson miyasidagi asab tolalarining uzunligi yer yuzidagi barcha telefon simlarining uzunligidan ham ortiqroq ekan. Insonning asab tizimida 200 mingta issiqlikni sezadigan tirik hujayralar, 3,5 millionga yaqin ogʻriqni sezadigan hujayralar mavjud. Miyaning 1 kub santimetr qismida 225 millionta hujayra boʻlsa, hozirgi zamonning “eng aqlli” elektron apparatlari xotirasining 1 kub santimetr qismiga 2250 ta element joylashar ekan. Demak, inson miyasi undan yuz ming marta murakkabroq boʻlib chiqmoqda. Inson ana shunday murakkab xilqat. Bu xilqatning yaratilishidagi hikmatni anglash uchun esa insonga iymon tarbiyasi kerak.
Maʼnaviy tarbiya nima? Inson tarbiyasida iymon va maʼnaviy tarbiya ajralmas, chambarchas biri-biriga bogʻliqdir. Bu tarbiyalarning nechogʻlik yaxshi va oʻz oʻrnida boʻlishi oiladan boshlanadi. Ayniqsa, bugungidek murakkab davrda oiladagi maʼnaviy tarbiya juda koʻp narsani belgilaydi. Maʼnaviy tarbiyaning asosida qalb toʻgʻriligi yotadi. Shuning uchun ham bolaga maʼnaviy tarbiya zarur.
Dunyoviy tarbiya nima? Inson qaysi jamiyatda va kim boʻlishidan qatʼi nazar, u yashashi va oilani boqishi uchun dunyoviy ishlar bilan shugʻullanishga majbur. Zero, inson rizqni biror sabab bilan topmogʻi lozim. Ota-bobolarimiz bolalarini halol-pokiza turmush kechirishlari uchun ularga yoshlikdan dunyoviy tarbiya berishgan. Dunyoviy tarbiya ham iymon va maʼnaviy tarbiyaning muhim bir qismidir.
Insonning iymon va maʼnaviyati mukammal boʻlsa, u dunyoda adashmaydi. Topgan dunyosi halol-pokiza boʻladi. Birovning haqqiga xiyonat qilmaydi. Eng asosiysi, dunyo molini yashashning mohiyatiga aylantirib olmaydi. Dunyoviy tarbiya dunyo ishlarida muvozanatni saqlashni, halollikni, pokizalikni oʻrgatadi.
Jismoniy tarbiya nima? Tirik organizm uchun oziq-ovqat qanday tabiiy zaruriyat boʻlsa, jismoniy tarbiya ham shunday zarurdir. Chunki inson kun boʻyi qabul qilgan oziq-ovqatning mexanik energiyasi kinetik energiyaga aylanadi, harakatdagi barcha aʼzolarga u yetkaziladi, ishlatishdan qolgan energiya esa kislotaga aylanib, organizmda, mushaklarda saqlanib qoladi. Shuning uchun ham mehnat qilmaydigan kishilarning badanlarida har xil ogʻriqlar boʻladi. Bu tabiiy hol. Biror organik kasallik bilan bogʻliq emas. Shu sababdan har bir kishining sihat-salomatligi uchun jismoniy tarbiyaning ahamiyati juda kattadir.
Ruhiy tarbiya nima? Inson ruhi yaratgan zotning buyuk siridir. Ulugʻ manbalarda aytiladiki, insonning tanasi har kuni oziqlanmasa, u yashashdan toʻxtaydi. Xuddi shuningdek, uning ruhi ham nimadandir oziqlanishi kerak. Inson oʻz ruhini nimadan oziqlantirganiga qarab baxtu saodatga erishadi. Ruh oʻzini yaratgan zotning zikri bilan poklanadi. Inson ham ruhan, ham jismonan poklansa, goʻzal axloqli insonga aylanadi. Ruhiy tarbiya juda murakkab, katta iymon-eʼtiqod talab qiladigan masala boʻlganligi sababli uni maxsus oʻrganish lozim.
Inson ruhan tarbiya topgan boʻlsa, gunoh va yomon ishlarga aralashmaydi. Chunki yomon ishlardan tarbiyalangan ruh iztirobga tushadi. Kechalari oʻz sohibiga malomat qiladi. Unga tinchlik bermaydi. Sohibini insofga chaqiradi.
Darhaqiqat, hamma zamonlarda yoshlarning taʼlim-tarbiyasi dolzarb masala boʻlib kelgan. Bugun bizning davrimizda ham yoshlarimizga nihoyatda yuksak eʼtibor bilan qaralmoqda. Hukumatimiz tomonidan yoshlarimizga oʻqish va mehnat qilish borasida hamma shart-sharoitlar muhayo qilingan. Endigi vazifamiz mana shu gʻamxoʻrliklarga munosib saʼy-harakatda boʻlishdir.
Oʻroqxon NARZULLAYEV,
tibbiyot fanlari nomzodi
“Yoshlik”, 2011 yil, 5-son
https://saviya.uz/hayot/nigoh/tarbiya-hayot-demak/