Ruhiy olam manzaralari

Alisher Navoiy turk dunyosi adabiyotining eng mashhur vakilidir. Chunki hech kim bu til va adabiyotning ravnaqi uchun uningdek xizmat qilolgan emas. Navoiy adabiy meʼrosining ulugʻvorligi, kuch qudrati hamma zamonlar uchun aziz va mukarramligi shundaki, uning har bir asari hayot nafasi bilan yoʻgʻrilgan.,, Navoiy ijodi-quyosh shuʼlasi tushib turgan tiniq bir koʻzgu”. Uning har bir gʻazali oʻziga xos yondashish, oʻziga xos tahlil va tafsir usulini toqozo etadi, chunki har bir gʻazali alohida ruhiy holat, alohida badiiy fikr va his tuygʻular rivojini ifodalab keladi, tasvir tarzi, sanʼatlar muntazamligi va munosibligi ham shunga muvofiq.

Badiiy adabiyotning taraqqiyoti soʻz ustalarining inson qalbiga qanchalik chuqur kira olgani, insonning maʼlum tarixiy sharoit, ijtimoiy muhitga munosabatini toʻgʻri koʻrsata olgani bilan bogʻliqdir. Oʻrta asr muhitida, inson qadri feodal hukmdorlar oldida toptalgan, uni adabiy asarga qahramon qilib olish rasmiy doiralarda gʻayritabiiy boʻlgan bir sharoitda, bir necha peshqadam shoirlar insonni ulugʻlagan. Xususan ulugʻ shoirimiz Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. U inson goʻzalligini madh etgan va uning ichki dunyosini, orzu va intilishlarini, oʻz zamonasiga munosabatini, dard-alamlarini, iztirob va hayajonlarini ochishga erishgan. Hozirgi termin bilan ifodalaganda, uning ijodida ichki kechinmalar tasviri – psixologizm sezilarli oʻrin egallaydi. Zero, Navoiy devonida bunday favqulodda va benazir gʻazallar va baytlar son-sanoqsiz.

 

Koʻkragimdir subhning piroxonidin chokroq,

Kiprigim shabnam toʻkulgan sabzadin namnokroq.

 

Mening koʻksim tongning yirtilgan koʻylagidan koʻra ham chokroq, yirtiqroq. Kipriklarim esa ustiga shabnamlar toʻkilgan maysalardan koʻra ham namliroq, hoʻlroq. Tasavvufiy maʼnoga koʻra bu manzara shoirning maʼnaviy holi va martabasidan darakdir va tun boʻyi tonggacha ishq, umid va zorlik bilan yigʻlab chiqqanidan alomatdir”.

 

Gar Navoiy yigʻlasa ishqing majoziydir dema,

Kim nazar pok aylagach, ayni haqiqatdir majoz.

 

Hajr yoshlari real hayotning inson kechirgan ruhiy iztiroblar, sogʻinchlar, laziz yo alamli xayollar xotiralarining qaynoq lahzasi, mavji. Demak, bu – majoziy ishq nishonasi, alomati. Navoiyda bunday purmavj baytlar ozmunchami. Ha ulugʻ shoirning,, vasl mumkuni yoʻq” deb bilgan sabrda, qanoatda tengsiz, yuksak va ezgu xayol dunyosi bilan ovunuvchi qahramoni – oshiq ham inson sifatida dard-hasratlari tugʻyonga kelganda koʻzyoshlari toʻkishdan oʻzini tiyolmaydi.

Alisher Navoiy oshiqning ishqi, dardu hasrati, orzu-havaslari, intilishlari tasviriga tobora keng va jiddiy oʻrin bergan. Yaʼni oshiq oʻz yorining goʻzalligini taʼrif va tavsif etibgina qoʻya qolmasdan, oʻzining ishqi orzusi, ichki xayajonlari, dardu alamlari, javobsiz sevgidan noroziligi haqida ham baland ovoz bilan gapiradi.

Navoiy ijodi orqali oʻzbek adabiyotida, psixologik tasvir elementlari paydo boʻldi, inson obrazi borgan sari toʻlaroq gavdalana boshladi. Zero, xayol vujudga keltirayotgan obrazlar (tasavvurlar) faqat ongning subʼyektiv mazmunigina boʻlib qolmaydi, shu bilan birga bu obrazlar odamlarning hayoti va faoliyatida ogʻzaki va yozma nutqda ifodalanadi, xususan sheʼr va nasr tariqasida. Navoiy obrazlarining yaratilishida ham xayolning sintez va analiz qiluvchi murakkab faoliyatining xarakterli xususiyatlari ayniqsa, yorqin nomoyon boʻladi. Har bir badiiy obraz bitta obrazda oʻziga xos ravishda birlashtirilgan tasavvurlarning qismlari, elementlaridir yoki butun bir tasavvurlarning oʻzidir. Navoiyning gʻazallarida-ishq mavzui keng kuylanib, yorning husniyu, oshiqning sevgiga oid tuygʻulari haqidagi goʻzal lavhalarni koʻrish mumkin. U tayyor anʼanaviy obraz va gʻoyalarni kuylash bilan qanoatlanmaslikka, loaqal anʼanalar doirasida boʻlsa ham tasvirda yangilikka erishishga intilgan. Tasvirda mubolagʻa yetakchi usullardan biri boʻlib, u romantik tasvirning bosh vositalaridan biridir. Bu holni biz psixologik kechinmalar tasvirida ham yaqqol koʻramiz.

 

Xilʼatin to aylamish jonon qizil, sorigʻ, yashil.

Shuʼlayi ohim chiqar har yon qizil, sorigʻ, yashil.

Gulshan etdim ishq sahrosin samumi ohdin,

Kim esar ul dasht aro har on qizil, sorigʻ, yashil.

Orazi, xoling bila xotting xayolidin erur,

Koʻzlarimning oldida davron qizil, sorigʻ, yashil.

 

…Shoirning jononida olam yashaydi, u olamda esa qatrada quyosh aks etganidek, kamolotning oliy timsoli boʻlmish oliy hilqat, yuksak haqiqat – Alloh aks etadi. Inson kamolot yoʻlidan yurib, oliy haqiqatga yaqinlasharkan, uning husni-talʼatini aniq tasavvur etishga intiladi, tasavvur etarkan, koʻz oʻngida davron kamalakdek jimirlashib koʻrinsa ne tong.

Navoiy gʻazallari haqiqatning rangin olamiga bitilgan oʻlmas mohiyatdir. U badiiy estetik tuygʻular talqinida goʻzallikni bosh omil sifatida nazarda tutgan.

Ijodkorning oʻzi xohlamasa ham, badiiy obrazlar tadqiqidagi voqelik tasviridagi kutilmagan burilishlar, evrilishlar shuurimizdagi ong bilan koʻngil deb atalgan ikki qutbning uygʻunlikdagi faoliyati samarasi hisoblanadi. Oʻzbek dunyoviy lirikasidagi bu masalalar oʻzbek adabiyoti taraqqiyoti ahamiyatiga ega boʻlgan jarayonidir. Bu ayni vaqtda Navoiy ijodida oʻzining yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan.

 

Shohista SOATOVA,

Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax Davlat pedagogika instuti talabasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ruhiy-olam-manzaralari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x