“Yashashga haqqingiz bor”

Emili KARL

 

Yaxshi qiz?

–…

– Yaxshi qiz, Lionga boryapsizmi?

Men qarshimda oʻtirib gapga tortishga tirishayotgan odamga qaradim. U chamasi qirq yoshni qoralab qolgan odam boʻlib, janoblardek yaxshi kiyingan, ammo koʻrimsizgina edi. Andak oq oralagan sargʻish sochlariga koʻzim tushdi, nigohlarida istehzo bordek. “Koʻcha-koʻyda bezorilik qiladigan shilqimlardan biri boʻlsa kerak” deb oʻyladim oʻzimcha.

Shuni alohida aytish kerakki, oʻsha vaqtda men tushkun kayfiyatda boʻlib, ruhiy kasalliklar shifoxonasidan qaytayotgan edim va u yerga borishim bilanoq koʻrgan voqealardan hali ham oʻzimga kelolmagandim. Bir xil xonalarga kirishingiz bilan har xil bemorlarni uchratishingiz mumkin. Atrofdagi kishilar ayanchli ahvolda edi. Baqir-chaqirlar meni butunlay larzaga keltirib yubordi, u yerda turli xil kasallarni uchratish mumkin, lekin hech qaysisida insoniylik hissi koʻrinmas edi. Hamma kasallar: jinnilar, xayolparastlar, ruhan ezilganlar, tutqanoqqa chalinganlar – hammasi bu yerda jamul-jam boʻlib, tinmay baqirishar, dod-voy solishar edi… Shifoxonadan qaytarkanman, oʻzimga oʻzim hali soppa-sogʻman, deb takrorladim harnechuk ulardek boʻlishimga nimadir yetishmasligi menga yaqqol sezilib turardi.

Opamning peshonasi shoʻr ekan. U boshqa kasallar bilan bir xonada turardi. Meni zoʻrgʻa tanidi. Olib borgan yeguliklarni sumkamdan olayotganimda u umuman harakatsiz turdi, soʻngra bir necha uzuq-yuluq soʻz aytdi, xolos. U beparvo, hech narsani payqamaganday, oʻz boshiga gʻudranardi. Opamni olib ketish uchun qilgan barcha saʼy-harakatlarim zoye ketdi. Otam, bolalari va Val de Pre haqida aytilgan yangiliklar uni zigʻircha ham qiziqtirmadi… Unda umuman kelajakka ishonch hissi yoʻq edi.

Shifokor opamning ahvoli haqida ijobiy fikr bildirgandi. Opangizni vaqtida olib kelmagansiz, yaxshi qiz, odatda bu kasallik hozirgi koʻrinishidan yengilroq kechardi, hozir u ancha xotirjam va es-hushini yigʻib olgan… Opangiz tezda oyoqqa turib ketishi uchun bor imkoniyatni qoʻllaymiz” – dedi. U menga bor haqiqatni aytdimikan? Har holda u haqda biron narsa deyish qiyin, uning gaplari toʻliq ishonch hosil qilishga yetarli emasdi.

– Yaxshi qiz?

Kupedagi qarshimda oʻtirgan notanish odam mening javob berishimni kutardi. Unga eʼtibor qilmasdan jomadonlarimni yigʻishtirdim va oʻrnimni almashtirdim.

Endigina boshqa kupega joylashayotganimda, oʻsha odam orqamdan ergashib keldi va menga qarab jilmayib, ishonch bilan mulozamat koʻrsatmoqchi boʻldi. Achchiqlandim. Axir koʻchada qolgan ayol emasman-ku?!

– Feʼlingiz juda qiziq ekan, nega ergashib yuribsiz? Bilasiz, agar siz bilan gaplashishni xohlaganimda kupeda qolgan boʻlardim… Men esa chiqib ketdim, demak, yolgʻiz qolmoqchiman.

– Qarang-a, – dedi u, – yoqimli va muloyim ovozda. – Uzr, bilmabman. Siz tabiatan shunday oʻjarsiz shekilli?

Suhbat avvalida uning gapini boʻlishga urinib koʻrdim. Biroq u kulimsirab dedi:

– Ehtimol, siz Marselda sevikli yoringizni tashlab ketayotgandirsiz?

– Sevimli yorim! Sevgi-muhabbatning men uchun hali mavridi emas, – maʼyus jilmayib qoʻydim. – Marseldagi sevgilim emish… Agar qayerdan kelayotganimni bilganingizda, hatto hazillashishga ham yuragingiz dov bermasdi.

U qarshimga oʻtirganicha mendan koʻz uzmasdi. Uning nigohida ajib bir tuygʻu pinhon edi va mendan soʻradi:

– Xoʻp, yaxshi qiz, menga ayting-chi, qayerdan kelyapsiz oʻzi?

– Shifoxonadan. Opamni koʻrib kelyapman. Uning baxtsizligini tasavvur ham qilolmaysiz. Opam hatto yigirma toʻrt yoshga ham toʻlgani yoʻq. Kasalligini tasvirlashga til ojiz, esi kirdi-chiqdi.

Men bir oz jim qoldim. Bu toʻsatdan menga kelgan hissiyot ediki, oʻz shaxsiy hayotimni bir notanish kimsaga aytib berishimga bir bahya qoldi… “Baribir emasmi” – dedim oʻzimcha va gapimda davom etdim:

– Bunga chidash men uchun juda qiyin, opamning ikkita yosh bolasi bor, boqish mening gardanimda, yetmish besh yoshni qarshilagan otam ham oshimga hamtovoq.

– Ularga yolgʻiz oʻzingiz qaraysizmi?

– Boʻlmasam-chi, men Loze litseyida dars beraman, imkon tugʻildi deguncha, har kuni oʻttiz chaqirim narida joylashgan uyga yuguraman… Otamning qiladigan ishi faqat meni kutish, uni bolalar bilan yolgʻiz tashlab ketolmayman. Hozir uyda otam nevaralari bilan yolgʻiz qolgan, bilsangiz agar. Bor-yoʻgʻi oilamiz shulardan iborat…

– Boshqalar-chi?

– Yaʼni?..

– Hartugul uka-singillaringiz boʻlsa kerak?

– Ha, albatta, lekin…

Bu safar unga oilaviy hayotimni aytib berishdan oʻzimni toʻxtata olmadim; notanish bu odam gaplarimga ishona boshladi… U meni butunlay jinni qilib qoʻyganligidan shunday deyish mumkin ediki, men tinmay gapirishni, oʻzimni ovutishni xohlardim. “Shunday qilib oʻsha odam gaplarimni uqib oladi va shu bilan suhbatimiz ham tugaydi”, – deb oʻyladim. Oilaviy hayotimni tasvirlab berishni tugatar ekanman, u menga dedi:

– Tushunarli… Shifoxonada davolanayotgan opangiz bor, qolaversa, ikki farzandiga, keksa otangizga siz qaraysiz, hayot shundan iborat deb oʻylayapsizmi? Hech narsaga haqqim yoʻq deganday boʻldingiz, shundaymi? Biroq aql bovar qilmaydi! Tushunishim boʻyicha, otangiz yetmish besh yoshda, lekin hali sogʻligʻi joyida… Siz uning oʻlishini xohlaysizmi? Ammo yaxshi qiz, oʻz otasi boʻlishlik qanday ajoyib, tez sogʻayayotgan opangiz va ikkita farzandi ham yashashga umidvor… Men sizning hayotdan voz kechishingizga qarshiman… Siz faqat oʻz fikr-tushunchangiz bilan dunyoga qarayapsiz, siz hali yosh va juda chiroylisiz, hayotni endi koʻryapsiz. Siz aytayotgan erkin boʻlishlik faqat kuch bilan boʻlmaydi… siz faqat shunday deb oʻylaysiz. Men sizga aytmoqchi boʻlganim, yashashga haqqingiz bor!

U bir oz jim qoldi, men esa yuragim tez ura boshlaganini his qildim… Bu odamning aytgan gaplari haqiqat edi, u menda shunday bir kuch uygʻotdiki, uni yillar davomida jilovlab turgandim. U gapining soʻngida shunday dedi:

– Sizning yoshingizda hayotning bu haqiqiy mevasini oʻziga mavhum deb tushunish oʻzingiz va oilangiz uchun ham jinoyatdek tuyuladi… Faraz qiling, otangizga qilayotgan sovgʻangiz zaharlangan va oxirida shunday deyishingiz kerak, – “Hayotimni sen uchun qurbon qildim”. Bu qanday koʻrgulik axir! Yoʻq, siz boshqalarga ham yordam qiling, ayni vaqtda oʻzingizni ham oʻylang, shunda yaxshi boʻladi… Shundagina siz qilishingiz lozim boʻlgan har bir ish uchun oʻzingizda katta kuch sezasiz.

Bu odam, uning gaplari, eʼtibori, muloyimligi va gaplarining haqqoniyligi menda yetishmay turgan shijoatni uygʻotdi. Bir necha oylar, yillardan buyon men bor kuchimni Mari Roz va otam uchun baxshida etib yashadim. Men xuddi bu dunyoda unutilgandek edim, biroq har qalay “yaxshi singil” boʻlolgan esamda, oʻzim haqimda qaygʻurishni unutgandim. Baʼzida oʻzimcha oʻylanib qolardim: “Emili, sen yoshlikdan bahramand boʻlmading, faqat gʻam-qaygʻu va ishni bilasan, xolos”… Hayotimnig xotimasiga faqat bir qadam qolgan boʻlsa-da, endi men hayotga bardam kirib bordim. Toʻsatdan, Marsel va Brianson temir yoʻl kupesida bir notanish kishi paydo boʻldi va u menga shunday bir nur hadya etdiki, u hech qachon soʻnmaydi deb oʻylayman va u menga gapirishda davom etarkan, uning kim ekanligini, nima ish qilishini, fikrlarini va dunyoqarashini bilishga urindim. Men uni soʻroqqa tutishim mumkin edi, biroq qoʻrqqanim uchun unga savol berishga ham jurʼat eta olmadim. Oʻzimcha dedim: “Bu kim boʻlsa ham, menga ahamiyatsiz… Ochigʻi u juda madaniyatli va dilga yaqin odam edi”.

Ana shu paytda u menga ismi Jon Karl, oddiy ishchi, bezakchi rassom ekanligini aytdi, lekin unga ishongim kelmadi. U yurish-turishidan umuman oddiy ishchiga oʻxshamas, koʻrinishidan hayotni chuqur anglagan va ancha yuqori madaniyatli kishiga oʻxshardi.

Veyin shahriga kelganimizda yoʻlimiz ayrildi. U Lionga onasini koʻrgani ketdi, men boʻlsam, ishim, otam va jiyanlarim kutayotgan Brianson tomon yoʻl oldim. Joʻnab ketishimizdan oldin xat yozishib turishga kelishib oldik:

– Siz meni qiziqtirayotgan togʻlarning rasmini joʻnating, qolaversa, mana shu rasmlar siz yashayotgan joy haqida menga xabar beradi.

Shuning bilan qisqagina suhbatimiz nihoyasiga yetdi. Ona yurtimga olib borayotgan avtobusda oʻsha odamning hamma gaplarini qayta oʻylardim. Gaplarining haqqoniyligi menga yanada ravshanroq tuyular, ammo bu yerda boshqa narsa boʻlib, u mening hayotimga toʻsatdan kirib qolgan va zimistonlikni yoritib turgan nurga oʻxshardi.

 

 

Fransuz tilidan Samarqand chet tillar instituti magistri

Jahongir SANAQULOV

tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 6-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/yashashga-haqqingiz-bor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x