Odamni turmushdagi turli holatlar, quvonchli hodisalar, koʻrgiliklar shoir qiladi, yozuvchiga aylantiradi. Haqiqiy sanʼat asarlari dard, goʻzal his-tuygʻular mahsuli. Adabiyotshunoslar ham dardli va tuygʻun odamlar, badiiy ijod ahlining hamdardlari…
Muayyan bir sohaga, deylik, adabiyotga qiziqish har kimda turlicha kechadi. Kimdir ustoziga ergashadi, boshqasi kitoblar bilan oshno tutinadi. Kundalik hayotning oʻzi bir dunyo.
Bolalikdan bir shingil… Ikkinchi jahon urushi bizdan ancha yiroq. Biroq urush dahshati, uning aziyatini buvi-enamdan koʻp eshitdim. Karim buvam urushdan qaytmagan. Toʻrt bolasi bilan yigirma uch yoshida enam beva qoladi. Boshqa turmush qilmaydi. Urushning yurakni oʻrtagani, oila tayanchidan, bir qanotidan ajratgani shu. Yetti yoshida yetim qolgan otamning xotirlashicha, yaqinlari enamni “hali yoshsan” deb majburan qayta turmushga bermoqchi boʻlganlarida, ilojsizlikdan hatto oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan ekanlar. Allohning marhamati bilan tirik qoladi. Shundan soʻng yana oltmish yil umr koʻrib, sakson uch yoshida bandalik qildi. Buvimizning soʻzi qatʼiy, suhbati shirin edi. Aytayotgan voqealari biri ikkinchisiga zanjirdek ulanib ketaverardi. Bunday oʻylab topilmagan hikoyalarning “syujet”iga, tuguni va yechimlariga hali-haligacha hayratlanib yuraman. Enamning koʻz yoshini deyarlik koʻrgan emasman. Taqdir hukmiga boʻyin eggan, diydasi qotgan, kunlik ibodatda qoyim edilar, rahmatlik. Muammolarni juda oson hal qilardi. Gaplari qisqa, keskir, buyruqli, mazmunli, maqolli yoki bir-ikki satr sheʼriy hikmatli boʻlardi: “Tinmasang tinarsan, tinsang tinmassan”, “Istaganing emgak boʻlsa, ikki koʻzing koʻmgak boʻlar”, “Yigʻlaganni soʻrama – oʻlgani bordir, kulganni soʻrama – bilgani bordir”. Agar kayfi chogʻ boʻlsa, baʼzan qoʻshiq aytib qolardi: “Taxta koʻpir ustidan, Toyib tushdim yor-yor” yoki oʻzi toʻqigan “Qora kishi qora telpak kiyarmi? Bizni qoʻyib tul… suyarmi?” tarzda. Bu qoʻshiqlar uncha koʻp emas, sanoqli, doim takrorlanadigan. Ertak, choʻpchaklarni yoqtirmas edilar. Soʻralsa, javobi bir ogʻiz soʻz: “Bilmayman”. Yoki “Karim buvamizga turmushga chiqqaningizdan soʻzlab bering”, degan iltimoslarga, hayo-ibo qilganidanmi, har tugul “Uning nimasini soʻzlayman. Sovchi keldi. Toʻy boʻldi. Bir tuya arava yuk bilan keldim. Manglayimga sigʻmagan ekan, buvang ketdi, men qoldim” deb javob berardi. Enamning boshidan oʻtgan voqealar shunday hazin, shu darajada qisqa, aniq va aksar holatlarda detallashtirilgan boʻlardi. Balki shular izhori meni soʻz yoʻliga boshlagandir.
Adolatsizlik, tengsizlik, tuhmatlar, kamsitishlar, haqoratlar, koʻra-bila turib birovning koʻziga choʻp tiqish – bular odamni ruhan toliqtiradi. Kichik bir maktab jamoasida, ziyolilar muhitida haqiqat, toʻgʻrilik, adolat uchun yakka oʻzi turib, koʻkrak kerib mardona soʻz aytgan otam nohaqlikka, tuhmatga uchragani – bolalik xotiramdan oʻchmaydigan hodisa. Maktabdagi otam parvarishlagan bogʻning mevalarini yeb, qoldiq va toshdek danaklarini uning oʻziga qarab otishgan. Bu hodisa enamning sochini oqartirgan. Besh yoshlarimda bir mahkamaga men bilan birga kirib: “Bolamni yerga urdinglar-a!” deb alam va nafrat bilan qoʻrqmay gapirgani hali-hali qulogʻim ostida jaranglab turibdi. Onam rahmatli tibbiyot hamshirasi boʻlganlar. Bizga bildirmasdan onamning (Alloh rahmat qilsin, joylari jannatda boʻlsin) yigʻlab olganlarini butun vujudim bilan, yurak-yurakdan his qilgan pallalarim boʻlgan. Esimni tanigandan beri bilardim: qishloq ahliga yordamini ayamadilar. Uyimiz goʻyo dorixona – har vaqt bemorga dori-darmon bizdan. Kechasimi-kunduzi – farqi yoʻq. Yarim tunda derazani kimdir chertadi yoki darvoza taqillaydi: “Chechamni dard-toʻlgʻoq tutib qoldi, Ziyoda opa, yordamingiz kerak”. Borib enagalik etib, tong yorishganda uyga qaytadilar. Bunday hodisalar koʻp boʻlgan. Ammo biror marta qosh chimirganini yoki ogʻringanini eslay olmayman. Bugun oʻsha muruvvatlarni tafakkur tarozisiga solib tortaman…
Shu xotiralarning oʻzi qiziqarli tarix, realistik adabiyot. Hayot odamni ijodkor qiladi, koʻnglida ezgulikni uygʻotadi. Balki shunday hodisalar bois yoʻlim Soʻz tomon burilgandir. Yaxshi soʻzdan koʻngil oʻsadi, yomonidan choʻkadi.
Qolaversa, adabiyot bilan shugʻullanishimga maktabdagi adabiyot muallimlarim Xudoybergan Bekchanov, Olim Toʻrayevlar barobarida koʻproq otam sababchi boʻlganlar. Oʻzi fizika-matematika oʻqituvchisi boʻlsalar ham, adabiyotni, sheʼriyatni yaxshi koʻrar edi. Oiladagi suhbatlarda, maktabdagi dars mahallarida biror bir formula yoki teorema yoniga beixtiyor Alisher Navoiy, Maxtumquli, Hamid Olimjon, Mayakovskiy yoki boshqa bir shoirning misralarini misol qilib keltirar edi. Bu fizika darsidagi lirik chekinish bizga zavq bagʻishlardi. Fizika, matematikani yaxshi oʻqiganman. Hozir ham shu soha mutaxassislarining suhbatlarini eshitib qolsam, zavqlanib ketaman. Bir hasadim ham keladi. Agar filolog boʻlmasam, fizika yoki matematika muallimi boʻlarmidim, deb oʻylab qoʻyaman. Chunki maktabda shu sohaga tegishli maʼlumotlarni kichkina yon daftarchamga yozib yurar edim. Olimpiadalarga ham shu yoʻnalish boʻyicha qatnashib, oʻrinlar ham olgan edim. Ammo hozir ham oʻsha aniq fanlarni sogʻinib qolsam, bolalikni qoʻmsab baʼzan adabiyot darslarida ularga murojaat qilaman. Universitetda matematik, fizik oʻrtoqlarim bor. Ularning men tushunmaydigan raqamlar ustidagi bahslaridan zavqlanaman, ammo suhbatlariga aralasha bilmayman. Adabiyotshunoslikda ham shunday murakkab nuqtalar bor. Bu ruhiyat va estetik did masalasi. Shuni anglamaslik va shu didning shakllanmasligi badiiy adabiyot kushandasi deb hisoblayman.
Universitet yoki tahsil… Milliy universitetning oʻzbek filologiyasi fakultetida oʻqidim. Bir soat dars bergan har qanday muallimdan minnatdorman, qarzdorman. Ustoz ulugʻ inson, soʻzi, maslahati tabarruk. U zotlar sabogʻidan bahramandlik, tavsiya etgan kitoblarini oʻz vaqtida oʻqish biz talabalarni oʻstirdi. Universitetda katta avlodga mansub adabiyotshunos, tilshunos ustozlardan filologiya ilmining sir-sinoatlari boʻyicha maʼruzalar eshitdim; keyinchalik boshqa ulugʻ olimlar, koʻplab ijodkorlar suhbatlaridan bahramand boʻldim… Darvoqe, oʻqigan yillarimiz fakultetda yosh, talantli munaqqid Rahmon Qoʻchqorov “Yosh tanqidchi” toʻgaragini boshqarar edi. Bahs-munozara, hatto devoriy gazetada chiqqan maqolalar muhokamasi, soʻngra “Yoshlik”ning anketa savollariga javoblar, dastlabki qadamlar – bularni eslash maroqli. Bir payt shu toʻgarak anjumanida maʼruza qildim. Badiiy asar tili toʻgʻrisida. Maʼqul kelib, matnni Rahmon aka “Sharq yulduzi” jurnaliga tavsiya etdi. Yurakda ishonch ulgʻaydi. Oradan ancha vaqt oʻtib, talabalikning oxirgi yili shu “Nasrdagi nazokat” maqolam chiqdi. Birinchi chiqishlar gashti boshqacha. Qayta-qayta yozganingga qaraysan, quvonasan, umidlanasan, orzularga berilasan…
Negadir birinchi chiqish, birinchi kitob yoki umuman kitob chiqarishning keyingi davrlarga kelib yuki ancha yengillashib qoldi. Bunda ham gasht bormikin?
Toʻqilmagan latifa: Bizning oʻquv dargohimiz bilan Leypsig universiteti orasida shartnoma bor edi. Ulardan talabalar bizning universitetga kelar, yozda bizdan oʻn-oʻn besh nafar talaba u tomonga borar edi.
1989 yil yozi. Talaba edik. Universitet talabalari bilan poyezdda Moskva, Brest, Polsha orqali Germaniyaga bordik. Tunda Berlin vokzaliga borib tushildi. Ochiqqan edik. Besh-oltitadan tamaddi qilish niyatida atrofga tarqaldik. Qorongʻu tushgan, shahar aholisi shirin uyquda. Biz esa oshxona izlaymiz. Bir oz yurgach, yosh bolasini yelkalab kelayotgan bir kishiga duch keldik. Endi xorijga chiqqan kishi til bilishi lozim. Talabalarimizdan har kim qaysidir tilni biladi. Nozim ingliz tilida, Neʼmat fransuz, men esa nemis tilida shu atrofda oshxona bormi, degan mazmunda chaynalib soʻraymiz. Ammo qarshimizdagi kimsadan sado chiqmaydi. Yelka qisadi. Jim. Shunda umuman biror chet tilini bilmaydigan Farrux qoʻlini ogʻziga olib borib: “Hyam-hyam, nyam-nyam”, dedi. Roʻparadagi kimsaga jon kirdi: “Naverno tam, tam, rebyata”, dedi qoʻli bilan ishora qilib. Sharaqlagan kulgu koʻtarildi, Berlin shohbekati yonida. Chunki hammamiz rus tilini bilar edik. Haligi kishi ham bizga oʻxshab endi poyezddan tushgan va navbatdagi reysni kutib, aylanib yurgan ekan. U zamonlar Germaniyada rus tili keng quloch yoygan edi. Shu-shu saboq boʻldiki, bir oy davomida olmon yurtida yurib biror notanish kimsadan avval: “Shprehenzi russish?” deya soʻraydigan boʻldik.
Hayotda bir umrga esdan chiqmas voqealar, otadek moʻtabar insonlar, tabarruk maskanlar boʻladi. Shaxsan men uchun Oʻzbekiston Milliy universiteti – beshikdek tabarruk maskan. Bu dargohdagi ustozlar oʻgiti bir umrlik saboq; topgan qadrdonlarim koʻngil doʻstlarim. Inson jismi zaminning qaysi bir goʻshasida bunyod boʻlishi, tugʻilishi mumkin, ammo chin maʼnodagi maʼnaviyat maskanlarida ruhan tavallud topadi; fikri yetiladi; meva beradi. Oʻzbekiston Milliy universiteti muallimi sifatida xorijda oʻtadigan anjumanlarda qatnashish ham koʻngilga surur bagʻishlaydi. Leypsig, Berlin, Istanbul, Anqara, Qrimga bordim. Ayniqsa, isteʼdodli matematik, fizika-matematika fanlari doktori, professor R. R. Ashurov bilan birga 2005 yil bahorida Pekindagi Millatlar Markaziy universiteti rahbariyati bilan oʻzaro hamkorlik, oʻsha universitetda oʻzbek tili boʻlimini ochish masalasi boʻyicha OʻzMU nomidan muzokaralar olib borgan edik…
Kitobli xotiralar… Bolalikda oʻqilgan yaxshi kitoblar taʼsirli boʻladi, esdan chiqmaydi: “Robinzon Kruzo”, “Tom togʻaning kulbasi”… – suratlari bilan hali-hali ham koʻz oʻngimda. Insoniyat tafakkurining eng bebaho, tengsiz kashfiyoti kitob. Kitob yolgʻizga oshno, bemorga dardkash, muhtojga maslahatchi, yoʻlsizga dargʻa; maʼnaviy kasalliklarga darmondori…
Baʼzan xotiralarda kitob jonlanadi. Talabalik yillarida “Yillar armoni” kitobining qayta nashriga Xiyobon biqinida joylashgan Yozuvchilar uyushmasi ostonasida turib, Abdulla Oripov menga birinchi dastxat, yonimdagi kursdoshim, shoir doʻstim Bobomurod Eraliga “Dastxat №2” deb tilaklar yozib bergani, noshirlar kitobini qayta chiqarishda shoir suvratini “yodlaridan chiqarib qoldirgan”lari xususidagi bir ogʻiz gaplarini eslayman.
Oʻsha talabalikning begʻubor pallalarida boshqa ijodkorlardan ham dastxatlar olganmiz. Ular begʻaraz, samimiy, biz intilib, izlab, yutoqib, quvonib olingan dastxatlar. Qadrli, qadrdon, koʻzga surtiladigan tabarruk va begʻaraz imzolar. Davrlar oʻtgani sari dastxatlarning mazmuni ham, odamiga taqaladigan rost-yolgʻon, samimiy-nosamimiy, chin koʻngildan-til uchida kabi sifat koʻrinishlariga ham ajralib boraverarkan. Adabiyotchi xonadonida kitob boʻladi. Kitob javonimdagi dastxatli kitoblar bir dunyo. Ularda ham hikmat bor. Kitoblar mazmuniga qarab eʼzozlanadi. Ular ham odamga oʻxshaydi. Koʻngling tilamagan, jining olishmagan, yoqimsiz biror kimsaga roʻbaroʻ kelish, suhbatlashish kayfiyatni tushiradi. Javondagi kitoblar ichida bebaholari ruhiyatni koʻtaradi, ularni oʻqish, bamaʼnilikdan bahramandlik, zavqlanish va hayratlanish muallifi bilan hamsuhbat boʻlish demakdir.
Talabalik yillarimiz “Yillar armoni”, “Muhabbatnoma”, “Sabr daraxti”, “Seni yaxshi koʻraman”, “Dars”, “Uygʻoq togʻlar”, “Bolalikning ovozi”, “Uxlayotgan qiz” kabi sheʼriy kitoblarni oʻqib chindan zavqlandik, namunalar yod olgan edik. Negadir keyingi davr kitoblaridan bunday zavqni topish qiyin kechmoqda. Yo qalb qotib borayotirmi, mulohazakor boʻlib qoldikmi, manfaatparastlikka yoʻliqdikmi, maydalashdikmi yoki sheʼru dostonlar ahvoli nochormi? Bilmadim, bilolmadim. Sababi ob-havomi yoki narx-navo? Bilolmay hayronman.
Yoshlik yillari katta orzular dengizida suzasan. Imkondan ulkan orzu-niyatlar. Oʻzing istab, kitob oʻqish sururi – boshqacha zavq. Majburiyat uchun, imtihon topshirish yoki mashgʻulotlar oʻtkazish uchun oʻqilgan kitob bilan koʻngling tusab oʻqilgan kitob oʻrtasida farq boʻladi.
Hozir baʼzan sohamiz, kasbimiz taqozosiga koʻra kitoblarning qoʻlyozmalarini yoki yangi nashrga taqriz yozish uchun oʻqishga ham toʻgʻri keladi. Toʻgʻrisi, koʻp hollarda tugay qolsa edi, degan ilinjda, oxirgi sahifalarini qoʻmsab, zerikib, ogʻrinib, malollanib, kinna kirgandek tinimsiz esnab, uyqusirab, gʻijinib, koʻngil aynib oʻqiydi odam.
Nima demoqchiman? Yozayotgan odam oʻz asaridan oʻzi zavqlanmasa, birovning qalbida tuygʻular tugʻyonini kutish kerakmas. Oʻz yozganiga ijodkorning oʻzi hayratlanmasa, birovdan hayrat kutish toʻgʻri emas.
“Nima uchun yozasan? Yozganing kimga kerak? Yozmasang boʻlmaydimi? Shu darak gaplarning ega-kesimini almashtirib “sheʼr qilib” yozding nimayu, yozmasang nima?” Yosh, boshlovchi ijodkorni shunday savollar hamisha bezovta etsin.
Yozish… Har kim oʻzining manglayiga bitilgan taqdiri yozuvi izmida hayot kechiradi. Har kimning ishlash tarzi har xil. Intizom asosida ishlangani yaxshi. Hozir vaqt va joy tanlashga vaqt yoʻq. Adabiyotchi uchun fikr muhim. Yangicha qarashlar, yangicha tahlillar, qiyoslar… Fikr vaqt va joy tanlamaydi, eng yomoni tutqich bermaydi. Keladi-ketadi. Shunda “mehmon”ning izzatini oʻz vaqtida joyiga qoʻyib, bir parcha qogʻozga nimadir qayd qilaman. Soʻng hammasi xayolda yurgan mulohazalar sekin-asta tiziladi, shakllanadi. Rejalar tuziladi, manbalar jamlanadi: yozib oʻchiriladi, oʻchirib yoziladi. Shakllanayotgan fikrni aniq bir izga solish, ora-orada iboralar yoki oʻxshatishlarni qoʻllashni yaxshi koʻraman. “Ustoz, yozishni qanday oʻrgansa boʻladi?” Yodimdan chiqmaydi – bir vaqtlar jurnalistika fakultetini bitirgan yigit shu savolni bergan edi. U radioda gapirishga ixtisoslashgan, shekilli. Avvaliga hayron qoldim, soʻngra tushundim. Nima deyman? Yozishni faqatgina yozib oʻrganiladi! Oʻxshamagan devor qayta quriladi, parchalanadi, taʼmirlanadi. Hofizlarga ham, notiqlarga ham, rassomlarga ham – umuman har qanday sohada isteʼdodli odamning mashqlari oqibatda ulkan tajriba va sanʼat maqomiga chiqadi.
Baʼzan yozadiganlarim rejalarda, sarlavhalarda uzoq qolib ketadi. Masalan, bir maqola uchun “Taqriz nima? Taqrizchi kim?” sarlavhasini qoʻyib, bir-ikki jumla yozganimga bir necha yil boʻldi. Deylik, unda ajoyib shoirimiz Nodir Jonuzoqning: yoshligida oʻz asarlariga oʻzi yashirin taqrizlar yozgan “ustozim””, degan fikridan ham foydalanishni moʻljallagan edim. Oradan ancha vaqtlar oʻtdi, lekin haligacha shu maqola yozilgani yoʻq. Ehtimol, koʻngil toʻladigan yaxshi bir maqola boʻlar, balki shu holicha oxirigacha yozilmasdan qolib ketishi ham mumkin. Shunga oʻxshab yillab navbat kutganlari, haligacha kutib turganlari bor. Bundan oʻzim ham xursandman. Baʼzan fikrni sinovdan oʻtkazish-aprobatsiya uchun talabalarni auditoriyasiga olib kiraman. Koʻzlar chaqnasa, savollar yozilsa, manbalarni surishtirish boshlanib, qiziqish ortsa, demak, bunda bir hikmat bor, ob-havodan bahor nafasi keladi.
Ijod sururi, zavqi butunlay boshqa narsa. Uni boshidan oʻtkazgan his qiladi. Bugun negadir ijod deganlari yamoqchilikka oʻxshab qoldi. Ayrim yozadiganlar kitoblardan, birovlarning maqolalaridan kitoblar yasash yoʻliga oʻtib oldi. Bunga rukn topib qoʻydim: “Koʻrganlarimdan koʻchirganlarim” deb.
Aslida yozish har kimda har xil kechadi. Bu ijod ishining hammaga tatbiq qilinadigan, hamma uchun mos keladigan aniq bir formulasi yoʻq. Har kuni tinimsiz yozib, har oyda bitta kitob chop ettiradigan yozuvchilar ham bor. Bunday asarning tez yozilgani uchun qiymati tushib ketmaganidek, bir necha oʻn yillab yozilgan asar uzoq davr mobaynida yozilgani uchun qadri oshib ham ketmaydi. Gap asarning tez yoki sekin yozilganida emas, hamma gap uning haqiqiy sanʼat namunasi sifatida yashab qolishida, inson ruhiy-maʼnaviy dunyosiga ozuqa berishidadir.
Odam tabiatan nasihatga, maslahatga, oʻzi amal qilmaydigan gaplarni aytishga usta. Ammo amal qilish, soʻzi ustidan chiqish – bu qiyin gap. Men ijodkorning soʻzi oʻziga, oʻzi soʻziga oʻxshashi tarafdoriman. “Hayhot, men toza telba” deb yozgan shoirning “tovlamachi” ekanini bilib qolib, yomon xafa boʻldim.
Ijodkorga ahamiyat bu muhim tamoyil, jamiyatning madaniy, maʼrifiy darajasini namoyon qiladi. Ammo ahamiyat deganlari bu doimiy opichlab, yetaklab yurish, tuvakdagi guldek parvarishlash emas, albatta. Bu ahamiyat bir soniyalik, bir soatlik, bir kunlik boʻlishi mumkin. Ammo ana shu ruhiy, maʼnaviy, moddiy quvvatning inersiyasi asarlarga taʼsir etadi; asrlarga yetadi.
Nazarimda, “Oʻz ishimdin bul ajabroq dostone topmadim” yoki “Boshimni zoʻr ishga berib qoʻyibmen” kabi tamoyil haqiqiy ijodkorga xosdir. Oʻz ishini bilish, unga muhabbat, oʻz ijodidan taajjublanish va undan qoniqmaslik – bu muhim tuygʻu harakat manbaidir. Biror ishni qoyilmaqom qilib qoʻydim, degan shoir, adib, adabiyotchi adashadi. Chunki tabiatan inson zaif qilib yaratilgan, uning ijodida, kitobi yoki maqolasida hamma vaqt nomukammal oʻrinlar, bahs-munozarali masalalar, ochiq nuqtalar, boʻshliqlar boʻladi. Baʼzan menga ulkan, dabdabali ilmiy unvonlar bilimsizlik yuziga tutilgan pardaga oʻxshab koʻrinadi.
Ehtimol avval ham aytgandirman. Ijodkorlarning bolaligi begʻubor. Endi ijod maydoniga birinchi asarlari bilan kirib kelgan har qanday ijodkor oʻz ijodiy biografiyasining goʻdaklik davrini boshidan kechirayotgan boʻladi. Yosh bolaning, endi dunyo yuzini koʻrgan chaqaloqning koʻzlariga hech qaraganmisiz? Chaqaloq koʻzida begʻuborlik, tozalik, hali dunyoning turfa oʻyinlariga roʻbaroʻ kelmagan bir pokiza koʻngilning, hali yozilmagan oppoq qogʻozdek tozalikning inʼikosi bordir. Manfaatlar, unvonlarga, mukofotlarga, shuhratga, oʻzini targʻib-tashviq qilishga oʻchlik ijodkor koʻngli va koʻzini koʻr qiladi.
Uzoq tarixda shunday ijodkorlar boʻlganki, ularning jismi allaqachon foniy dunyoga yuz tutgan. Ammo asarlari hamon tirikdir. Bu asarlar har kuni odamlar bilan muloqotga kirishadi; ishqi, dardi, armoni odamlarning yuragiga oʻrlaydi; yuragini oʻrtaydi.
Yaqin tarixda shunday ijodkorlar oʻtganki, jild-jild asarlar yozgan va ular oʻz vaqtida koʻp ming nusxada bosilgan ham. Biroq ulardan yolgʻiz “yozgʻuvchi” nomining oʻzigina meros qolgandek; oʻzlari ham, asarlari ham rahmatli boʻlib ketgandek taassurot qoldiradi.
Adabiy jarayonda, yon-atrofimizda shunday isteʼdodli ijodkorlar borki, ularning oʻzlari ham, asarlari ham tirik. Hozirda jisman va ruhan tetik. Ular oʻzini, oʻzligini, kimligini, “men”ligini, darajasini, oʻrnini qaysidir maʼnoda juda yaxshi anglaydi. Ruhi jonidan asarlari umrboqiylik quvvatini oladi; tiriklik suvini ichadi. Mabodo bu toifa ijodkorlar ajali yetib, fano diyoriga yoʻl olsalar ham, asarlari uzoq umr koʻradiganga; koʻrkam haq soʻzi uchun qalam egalariga rahmat eshigidan savobi yetib turadiganga oʻxshaydi.
Ijodkor uchun yozganini birov oʻqimaganidan kattaroq falokat va fojia boʻlishi mumkinmi? “Oʻzim uchun yozaman”, degan kamtarlik ortida manmanlik va xudbinlik borga oʻxshaydi. “Tanqidga eʼtibor bermayman”, degan ijodkor gapida gʻayritabiiylik va arazlash borga oʻxshaydi. Badiiy asar adabiy tanqid vositasida adabiyot tarixida yashab qolish vasiqasiga ega boʻlolmasligiga XX asr guvoh. Badiiy asarni adabiy tanqid sohasi yashattirmaydi, balki adabiy-tanqidiy maqolani badiiy asar yashattiradi. Dunyodagi eng mashhur adabiyotshunoslarning barchasi betakror isteʼdod va ulkan qalb egalari boʻlgan adiblarning xizmatlari evaziga nom qozonganlar; nonini topib yeganlar. Bu ham haqiqat.
Yoʻllar… Bugungi bizning adabiyotshunoslikda tahlil va talqin metodlari yangilanishi kerak. Jahondagi yangicha adabiyotshunoslik maktablari va talqin uslublari jiddiy oʻrganilishi lozim deb hisoblayman. Badiiy asar syujetini qayta soʻzlash, badiiy asarning bir qator fazilatlarini muallif koʻngli uchun maqtab, “juzʼiy kamchiliklari bor” tarzidagi anʼanaviy qoliplar oʻzini oqlamaydi. Bu shakldagi adabiy maqolalarni asarni oʻqimasdan ham yozish va oʻsha tipdagi yopinchiq maqolalarni istalgan bir asarning ustiga yopish mumkin. Adabiyotshunos badiiy asardagi birovlar koʻrmagan nuqtalarini topsin, fazilatini, individual xususiyatini ochib bersin.
Bir davrlar boʻldiki, hamma adabiyotshunoslar yoppasiga jadidshunos boʻlib qoldi. Hozirgi kunda shu yopirilishning hovuri pasaydi. Shaxsan men adabiyotshunoslikda shu sohadagi keng qamrovli, qiyosiy-tipologik tadqiqotlar davom etishi lozim deb hisoblayman. Chunki oʻsha milliy uygʻonish davri adabiy manbalarining tabdillarida, hatto qayta nashrlarida oʻnlab xatolar kuzatilmoqda. Qayta nashrlarda, birovlar hozirlagan manbani oʻzlashtirmasdan, tayyor izohlarini stilistik tarafdan oʻz nomiga xatlamasdan, zarur boʻlsa, asl manbaning oʻzini aynan koʻrib, oʻqib va shu asosda adabiy matnlar bilan muloqotga kirishgan odam ilm adabining oltin kalitini qoʻlida tutgan boʻladi.
Badiiy asarlar toʻgʻrisida insholar yozilganda “falon-falon asar menda unga nisbatan nafrat, hayotga nisbatan muhabbat uygʻotdi”, degan bosmaqolipli (stereotip) fikrlar bayon etiladi. Aslida inson hayotsevar, umidli boʻlishi; ichkarisini takomillashtirishi kerak. Bu jarayon istaysizmi-yoʻqmi bir haqiqatni tan olmaguncha kemtik boʻlib qoladi. Bu haqiqat – oʻlim hodisasi. Har qanday inson boshiga keladigan oʻlim haqida oʻylash kerak. L. Tolstoyning, haqiqiy faylasuflar oxir-oqibatda oʻlim masalasini muhokama qila boshlashadi, degan mazmundagi gapi bor. Oʻlim – badiiy adabiyotning azaliy va abadiy mavzusi. Dunyo adabiyotida oʻlim bilan hayot chegarasini maxsus tasvirlashni oʻzlari uchun asosiy tamoyil qilib olgan falsafiy yoʻnalishlar bor. Demoqchimanki, badiiy adabiyotning eng muhim vazifalaridan biri insonning oʻlim hodisasiga tabiiy munosabatini ham tarbiyalashdan iborat. Aslida bu vazifa mohiyatida ham ezgulik mavjuddir.
Xonadonda tugʻilgan fikrlar… Chinakam sanʼat, chin badiiy adabiyot kecha, bugun, erta – shu uch zamon chegarasidan chiqib, abadiylikka yuz tutadi. Oʻzbek adabiyotining bugungi holatiga kelsak, bu xususida gapirish oson emas. Ijod qilayotganlar, sheʼr, doston, hikoya, qissa va roman yozayotganlar soni koʻp. Kitoblar, sheʼriy toʻplamlar chiqarayotganlarning soni ham koʻp. Ammo mazmuni, original badiiy kashfiyot masalasi doim muammo. Biz uchun mumtoz adabiy siymolar va jahon adabiyoti mezon vazifasini oʻtaydi. Adabiyotda original badiiy kashfiyotlar yuzaga kelsa, albatta, yangidan-yangi adabiy nazariyalar paydo boʻladi. Bugungi adabiyotni boyitishga adabiiy tanqid oʻz hissasini qoʻshishi kerak, degan mulohazalar aytiladi. Biroq adabiy tanqid uchun adabiy maydon, tahlil va talqin qilishi uchun arzigulik badiiy asarlar kerak. Chunki saksovulga hech qachon meva bitmasligini, anor yo anjirga doʻnmasligini hamma biladi. Saksovul oʻtin boʻladi. Soyasi ham yoʻq hisobi. Muhimi asar. Uyga oʻxshatib qurilgan bir chayla atrofida girgitton boʻlib, “bino”ni Misr ehromlariga qiyoslashda qanday mantiq bor?
Maʼnaviyati baland, ruhi tetik, yuragi keng ijodkorlarga havas qilaman. Tasavvurimcha, ular Soʻzga xiyonat qilmaydilar. Shular borligi uchun dunyo goʻzal, tinch, osoyishta, fayzli. Garchand bir qancha kitoblari ommalashgan boʻlsa ham, insoniylikdan tuban va ruhan majruhlarini koʻrib oʻz holimga shukrona aytaman.
Badiiy adabiyot goʻzallik asosiga bino boʻlishi lozim. Inson qalbi naqadar goʻzal, naqadar olijanob va xolis boʻlsa, uning asari shu darajada ulugʻvorlik kasb etadi. Agar ijodkor ishqni tasvirlamoqchi boʻlsa, bu bebaho mavzuni avaylashi, pokiza yurak bilan yozgani maʼqul. Ishq-muhabbat bilan hirs oʻrtasida katta farq bor. Hirsiy mayllar bayonini ayrim yozuvchilar muhabbat yoʻlida asar bitganiga almashtirib qoʻyadilar. Ishq javhari nafs va hirs botqogʻiga koʻmilmasin.
Darvoqe, maʼnaviyat xazinasidagi durdona asarlarni kitobxon tiriltiradi. Asarlari abadiy oʻquvchilarini topgan qalbi butun ijodkordan koʻra saodatliroq inson boʻlmasa kerak.
Xonadon xotirjamligi… Bu ijodkor uchun juda muhim neʼmat. Shukr, alhamdulillah, oila muhitidan shikoyatim yoʻq. Xotinim iqtisodchi, hamshira. Ammo bu sohalarda ishlamaydi; uyda bolalarimning taʼlim-tarbiyasi bilan mashgʻul. Kundalik uy vazifalariga, darslariga yordamlashadi. Biz uchun shart-sharoitni juda oʻrniga qoʻyadi. Qizlarimning kattalari litseyda oʻqiydi, kichigi maktabda. Adabiyotga ham, boshqa sohalarga ham qiziqishlari bor. Ularning ayrim yozganlarini koʻrib yozmaslikni maslahat beraman. Baʼzilarini oʻqib quvonaman.
Bahodir KARIM
“Yoshlik”, 2014 yil 2-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/boshimni-zor-ishga-berib-qoyibmen/