Mehnatning yonishi yoxud otamning armoni

Odamzot kishilik jamiyati tarixi mobaynida urush, qirgʻinbarotdan tashqari ocharchilik, qahatchilik, kambagʻalchilik kabi balolarni ham boshidan oʻtkazgan. Luqmoni hakim oʻgʻliga nasihatlarida kambagʻalchilikni ofat deb atab, bunday holga tushib qolmaslikka chaqiradi.

Muhtaram Prezidentimiz “Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari, taraqqiyot kafolatlari” asarida kambagʻalchilikni insoniyat hayotiga xavf soluvchi ommaviy balolardan biri sifatida alohida taʼkidlaydi.

Oʻzi odamlar yalpi jamiyat boʻlib baxtli hayot kechirgan davrlar tarixda juda kam. Yuz yillik shoʻro tuzumi vaqtini ham hisob-kitob qilib koʻrsangiz tinchlik-osoyishtalik, toʻqlik vaqti naqadar ozligiga guvoh boʻlasiz.

Sirasini aytganda, oʻzbekning boshiga Mustaqillikda kun tegdi! Buni kamina baralla ovozda aytar edim!

Men-ku, shu yurtning ellik yoshga kirgan bir fuqarosi, ochlikni koʻrmaganman, lekin kambagʻalchilik kishini kamsitib, yerga uradigan bir omil ekanini aniq bilaman.

Otam rahmatli qirq yildan ziyod vaqtini davlatning qoʻyini boqib choʻponlikda oʻtkazdi. Oʻylaymanki, rahmatli ayni kuch-quvvatini choʻponlikka sarflaganidan norozi boʻlib oʻtdi. Toki biz farzandlari er yigit boʻlib qabatiga kirgunimizcha, oʻqib, ishlab hayotdan oʻrin topgunimizcha vaqtida yetarli shart-sharoit yaratib berolmaganidan xafa boʻlib yurdi.

Soddaligidan tashqari toʻporiligi ham bor edi. Kattakonlarning aytganini qilish kerak deb oʻylardi, tamom. Bu yoqda esa olti nafar yeyarman-icharman-kiyarmanlar boʻy koʻrsatib kelayotir. Shaharga borib oʻqiyman desa yoʻl xarji, ovqat xarji, kiyim xarji kerakmi – kerak. Toʻy qilaman desa el qatori sarpo-suruq, dov-doska qilish kerakmi – kerak. Uyni el qatori qilib quraman desa, qurilish materiali sotib olish kerakmi – kerak!

Bularning hammasiga pul jonivor kerak-da!

Otam pulni yomon koʻrganidan yoki eplab ishlatolmaganidan emas, davlat maosh toʻlamagani uchun kambagʻal edi. Halol ishlab, halol pul olmoqchi boʻlar, biroq buning epini qilolmasdi. Qoʻy jonivorga kasal tegadi, ayniqsa qishda oʻpkasi shamollasa kun isiganda toʻkilib tushadi, yoʻtalib, et olmay yuradi-da, yozga chiqib tek qotadi. Bu murda – choʻponning gardaniga! Qishda yetarli yem-xashak berilmaydi: kombikorm, sheluxa, mayda chigit, kepak – bularni kattaman deganlar ombordan sotib gumdon qilib yuboradi yoki choʻponga juda kam miqdorda beradi. Jonivorlarning qorni toʻymaydi. Kuchsiz, darmonsiz sovliqlarning koʻklamda tugʻolmay jon taslim qilganlari qancha boʻladi. Tuqqanlari oʻlik qoʻzilar boʻladi. Bu ham choʻponning boʻyniga!

Yozda yaylov yetishmay otarni toqqa haydab chiqishadi. Togʻdagi yirtqichlar, yaʼni boʻriga qoʻy tayyor luqma! Besh yuz qoʻyning bir qismi u adirda, bir yogʻi soyda, bir toʻdasi bu qirda – hammasini uzzu kun-tun bir joyga toʻplab, qoʻriqlab oʻtirmaysan-ku. Oʻn besh-yigirma bosh qoʻyga qiron kelishi odatiy hol. Lekin boʻrisi tushmagur anchayin johil hayvonlar sirasiga kiradiki, qoʻyning belgi yoki isirgʻa osilgan qulogʻi, boʻyalgan junini ham qoʻymay paqqos tushiradi nomard. Endi choʻpon uni akt, yaʼni dalolatnoma qilolmay garang. Chunki aynan falon raqamli qoʻyni boʻri olganini isbotlay olmaysan. Quruq kalla suyagi inobatga olinmaydi. Demak, yoʻqolgan qoʻy ham yana choʻponning gardaniga!

Shuncha jarimalardan soʻng u nimaga maosh olsin! Shuncha kamomadning oʻrnini qoplash kerak-ku. Ularniki toʻgʻri-da. Esimda, tuman gazetasida bahor oylari har bir xoʻjalikning otarlari, bosh choʻponlarning roʻyxatlari eʼlon qilingan paytlari boʻlar, unda qoʻzilatish mavsumini choʻpon qay darajada muvaffaqiyatli yoki sust oʻtkazayotgani haqida maʼlumot bayon qilinardi. Bir gal otamni roʻyxatning quyi qismida koʻrganim uchun uyalganimdan boʻlsa kerak, nega bundayligidan yozgʻirgan edim. Shunda otam bir necha ilgʻor choʻponlarning nega ilgʻorligi sababini tushuntirgan. Aksariyatida yaylov keng, xashak moʻl, bizga oʻxshab toshli qir-adirda yurmaydi. Koʻpchiligi kattalar bilan yaxshi muomala qiladi: ularning qoʻylarini qoʻshib boqadi, yem-xashagini yetarli qilib beradi, falonchi “geroy” esa besh yuz otarga oʻzining besh yuz qoʻyini qoʻshib boqadi. Oʻzining qoʻzilarining ham aksarini davlatga topshirib yuboradi. Boʻlmasa har bir sovliq yiliga 2-3tadan tirik qoʻzi qoldirishi mumkin emas. Yana bir xillari… sonda bor-u, sanoqda yoʻq! Koʻzboʻyamachilik!

Yana semiz qoʻy-qoʻzilar almashtiriladi. Kattalarga kerak bu. Keyin tirriqlari akt qilinadi. Qoramollar, otlar ham shu. Biznikiga oʻxshab sharoitsiz yaydoq yerlarda oʻt izlab yurgan tirriq sovliqlar ularga kerak emas. Sifati boʻlmasa ham soni tugal boʻlsa bas. Shuning uchun qarzdan boshimiz chiqmaydi, kosamiz ham oqarmaydi, ariza yozaman desang, muncha kamomadni boʻyningga bosaman, qamalasan, deydi. Shuytib irgʻalib yuraberamiz-da.

Otamga achinar edim va shu bois choʻponlikni yomon koʻrib oʻsdim.

Otam 90-yilda pensiyaga chiqqanida juda xursand boʻlganman. Va, qizigʻi, bu pensiya miqdori onamning qarilik pensiyasidan ham kamroq edi…

Lekin endigi qarilik hayoti betashvish va osoyishta edi. Farzandlar oʻzlari oʻmganlarini koʻtarib uyli-joyli, ishli boʻlganda, otam hov oʻsha, Prezidentimizning shaxsiy tomorqalar uchun yer berish haqidagi farmonidan ruhlanib bogʻ qilgisi keldi. Qishloq chetidagi yerdan ikki gektar tokzor olib parvarish qilishga tushib ketdi. Xoʻjalik idorasiga qatnab xatlab ham oldi. Bir tomoni daraxtzor, asosiy qismi kishmish yetiladigan tokzor bogʻ boʻldi. Bu yerga shu darajada mehr berib, parvarishlay boshladiki, u insondagi bu shijoatni koʻrib farzandlar ham qarab turmadik. Yon-atrofini toʻsiq bilan oʻrab, mol-hol kirmaydigan qilib berdik. Endi shu yerdan uydagi sigir, qoʻy-echkilar uchun qishlik xashak ham chiqar, yozda qoramollarni podaga qoʻshmay, bogʻning oʻtoqdan chiqqan koʻkarchini bilan boqar edi. Gʻayrati joʻshib bir uycha-chayla ham qurib oldi. Uzun yoz kunlarida shu yerda bemalol yotib qoladigan boʻldi.

Otam Mustaqillikning oʻn birinchi yiligacha yashadi. Ammo endi huzurlanib, hayot taʼmini boshqacha sezib, shukur bilan, toat bilan yashadi. Avval yashagan umrining naqadar halolligidan qatʼi nazar davlatning, rahbarlarning nomardlik qilganidan afsuslandi. Aka-ukalar pul yigʻib ukamga “Damas” mashinasi olib berdik. Toʻy-tomoshalarga onam, nevaralari bilan qoʻr toʻkib borib keladigan boʻldi.

Prezidentimiz 1993-yilda yosh ijodkorlarning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida uy-joy bilan taʼminlash toʻgʻrisida farmon eʼlon qilgani esimda.

Oʻttiz yoshga kirib, ikki farzand bilan ijara uy, yotoqxonalarda sanqib yurgan biz kabi qalamkashlarga ham uy nasib etadigan boʻldi. Bugun, oradan yigirma yillar oʻtib, ipoteka krediti berish shakllangan bir paytda oʻsha, mustaqil davlatimiz hali oʻzining qaddini tiklash jarayonidayoq bunday imtiyoz va himmatga qoʻl urishi uncha oson kechmaganini hozir yaxshiroq his qilaman.

Xullas, quling oʻrgilsin, toʻrt xonali gʻishtin uyga bola-chaqa bilan kirib joylashib oldik. Biz koʻzi ochlik qilib uysizlikdan nolib yurarkanmiz-u, dabdurustdan kirib, uni toʻshamchi va koʻrpa-toʻshak bilan toʻldirishning ham oʻzi boʻlmas ekan. Bu, endi oʻz Vataning qoʻlingda turgach, aytishga arzigulik muammo emas-u, oʻsha vaqtdagi holatimizni aytaman-da.

Men oʻz Vatanim bilan maqtanishim uchun ota-onamni chorlashim va uy toʻyi oʻtkazishim kerak edi. Shunda bildim: hayhotday koʻringan, bir tomoni yalangʻoch boʻlib turgan boshpanamiz atigi ikki kishi bilan toʻlar va obod boʻlar ekan. Bular mening jondan azizlarim – otam va onam edi. Koshonamizga kirib oyoq uzatib kerilishga va ogʻizlarini toʻldirib soʻz aytmoqqa, choy ichib, ovqat tanovul qilib huzurlanishga dastavval ularning haqlari bor edi. Avval ham, hozir ham shunday oʻylayman. Sababi oddiy: oq sut berdi, oq yuvib oq taradi. Nimaiki zahmat chekkan boʻlsalar, biz farzandlar uchun chekildi. Va men ulgʻaygan sayin boshimda toj boʻlib turgan zotlar omonat ekanliklarini tobora chuqurroq his qilar, mana shu omonatdorlik yuz yillarga choʻzilib ketishini xohlardim. Endi boʻlsa oʻstirayotgan, tarbiyalayotgan bolalaring nazdida oʻzing ham shundaysan…

Otam boqqan qoʻy-echkining junidan onam gilam toʻqiydi, olacha, taqirloq degan toʻshamchilar bilan uyimizni toʻldirib tashlaydi. Endi ana shu gilamlardan otam va onamning izlarini, hidlarini izlayman. Omonatini otam 73, onam bultur roʻzada 82 yoshda topshirdi. Ular uchun biz toju davlat ekanimizni koʻp aytishar, ortimizda qolinglar, saodatli umr kechiringlar, tolei baland boʻlinglar, deb koʻp duo qilishardi.

Otam kamroq, onajonim koʻproq Toshkentni koʻrdi. Mustaqillik maydoniga, Prezident archasiga olib bordim, teatr, sirk tomoshalarini koʻrsatdim, oʻn yil uzun qish kechalarini bizning, nevaralaringizning huzurida oʻtkazing deb olib qoldim. Uch kun oʻtmay qishloqdagi uyini, u yoqdagi nevara-farzandlarini, kengliklarni sogʻinib qolaverar edi. Biroq Navroʻz bayramigacha qoʻyib yubormas edik. Uyimizning farishtasi, duogoʻyi boʻlib oʻtirar edi.

Otaning, onaning gʻanimat ekani endi yoʻqliklarida chuqurroq bilinadi. Koʻproq xizmatlarini qilsam edi, deb kuyinasan.

“Biz yashagan hayot hayot emas ekan, ertadan kechgacha qilgan mehnating non topishdan boshqasiga arzimas edi, qadring yoʻq edi. Endi boʻlsa, xohlagancha yering, moling, puling boʻlsin – qandingni ur, farovon yasha! Qilgan mehnating yonadi. Karimovning otasiga rahmat! Peshonasida yulduzi bor shu odamning!”

Otam qariganda shunga iqror boʻldi.

Mustaqillikning shukuhli kunlarida yigit boʻlib, yeng shimarib ishlab, qadr topib, soʻng qoʻr toʻkib yurgisi keldi.

Bu – otamning armoni. Farzandlar, nevaralar hayotida esa masrurlik davom etmoqda.

 

Sobir OʻNAR

 

“Yoshlik”, 2014 yil 8-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/mehnatning-yonishi-yoxud-otamning-armoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x