Ota makon madhi

Har bir ijodkorning oʻz ijodiy yondashuvi, hayotga, dunyoga qarashi, uni oʻziga xos yoʻsinda ifoda qilish uslubi boʻladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda Qoraqalpogʻiston xalq shoirasi Guliston Matyoqubovaning yaqindagina nashr qilingan “Ota uyim” nomli toʻplamiga kirgan asarlari ijodkorning oʻziga xos qiyofasini belgilashda muhim oʻrin tutadi.

Kitobning “Ota uyim” deb nomlanishida ham ramziy va mantiqiy bogʻlam mujassam. Barchamiz – Ota uyimiz, muqaddas zaminimiz, begʻubor bolaligimiz kechgan makonimiz, Vatanimizni doim yuksak tuygʻular bilan qadrlaymiz, eʼzozlaymiz, hamisha unga intilib, talpinib yashaymiz. Bu sohir hislar shoira Guliston Matyoqubovaning “Ota uyim” nomli kitobi mundarijasini belgilaydi.

Sheʼriyatimizda oʻzbek adabiyotining zabardast shoiralari tamal toshini qoʻygan adabiy qarashlar mavjud. Jumladan, Jahon Otin Uvaysiy, Nodirabegim, Anbar Otin kabi mumtoz shoiralarimiz boʻlsa, Zulfiya, Saida Zunnunova, Oydin Hojiyeva, Halima Xudoyberdiyeva kabi XX asr sheʼriyatining yoniq kuychilari bor. Ularning ijodiy anʼanalari davomchisi Qoraqalpogʻiston xalq shoirasi Guliston Matyoqubovadir.

Shoira Guliston Matyoqubova – sheʼrlarida insoniy goʻzallikning yorqin qirralarini goʻzal tashbehlarda ifodalaydi. Har bir sheʼrida soddalik va samimiylik ufurib turadi.

 

Yerning yuzasida soyalarmiz biz,

Lip etib oʻtamiz, gʻoyib boʻlamiz.

Oʻzimiz anglagan hayot haqiqatini

Soya kabi olib yuramiz.

 

Bu lavha “Tafakkur parchalari” nomli dostonidan olindi. Moʻjaz doston sharq mutafakkiri, mohiyat kashshofi Jaloliddin Rumiyga bagʻishlangan. Aniqrogʻi, shoiraning Rumiy dunyosiga kirib borishi, uning inson va tiriklik, hayot jumbogʻi xususidagi muazzam hikmatlar shodasidan ilhom olishi ushbu dostonning yaralishiga zamin hozirlagan desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Shoira kitobning birinchi fasliga “Mening ota uyim” degan nom ostida yigirmadan ortiq sheʼrini kiritgan. Ularning koʻpchiligi Vatan haqida. Vatanni sevishga oʻrgatish, uning har bir tuprogʻini muqaddas bilib, koʻz qorachigʻiday saqlashga daʼvat qilish uchun ham ijodkorda metin iroda boʻlmogʻi kerak. Yurak qoni bilan bitilgan ushbu sheʼrlarda biz sanayotgan jihatlar talaygina. Shoira shunchaki qoʻliga qalam olmaydi, Vatanni oʻzicha anglaydi. Yaʼni ozod va obod yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari shu “muqaddas vatanda” yashayotgan har bir inson uchun ekanligini mantiqiy jihatdan urgʻulaydi.

 

Biz bugun kechagi odamlar emas,

El oboddir ozod mehnatimizdan.

Bizni ulgʻaytirdi bu erkin nafas,

Bizni sharafladi shu ota makon.

 

Har qanday razil kuch, har qanday gʻoya,

Bu yoʻldan qaytara olmaydi bizni.

Taraqqiy etgan koʻp yurtlar oldida,

Yuksakda koʻramiz davlatimizni.

“Mustaqillik madhi” sheʼrida boshqa shoirlar ijodiga oʻxshamagan jihatlarni uchratdik. Undagi “biz bugun kechagi odamlar emas” misrasining oʻziyoq kishini oʻylashga undaydi. Haqiqatdan ham, Mustaqil Oʻzbekiston dunyoga yuz ochdi. Xilma-xil mafkuraviy poligonlar jarayoni kechayotgan polifonik dunyo sarhadlari kengayib, rango-ranglashib bormoqda. Bu oʻzgarishlar har birimizni ogoh, kuchli va bilimli, maʼrifatli boʻlishga undamoqda. Prezident Islom Karimov taʼkidlaganidek, “bularni hayotning oʻzi har birimizdan talab qilmoqda”. Davr oʻzgardi. Unda yashovchi inson kayfiyati ham oʻzgarib bormoqda. Shoiraning daʼvatlarida barchamiz uchun ibratli hikmat mujassam. Yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar mohiyatida barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida kamol toptirishga hissa qoʻshish kabi maqsadlar mujassam. Shoira ana shu jabhada oʻzining goʻzal soʻzlari bilan yoshlarni birdamlikka, bagʻrikenglik va insoniylikka, mehr-muhabbatli boʻlishga chaqiradi.

Kitob turfa ranglardan tarkib topgan. Kitobga tarjima asarlar ham kiritilgani alohida tahsinga sazovor. Maxtumquli, Aleksandr Blok, Afanasiy Fet, Kengesboy Karimov, Fotima Mirzaboyeva kabi jahon va qardosh xalqlar ijodidan qilingan sheʼriy tarjimalarni eʼtirof etish joiz. Chunki asliyatdan tarjima qilish shoirdan katta mahorat va isteʼdodni, sheʼrni asliyat darajasida yetkazib berishni talab qiladi. Ushbu sheʼrlarni oʻqirkanmiz, tarjima qilingan sheʼr oʻzbek tilida yanada yorqinroq, zavqliroq, oʻziga xos tarzda jaranglaganining guvohi boʻlasiz. Shunday maʼlumotlar borki, Shavkat Rahmon XX asr ispan sheʼriyatining atoqli namoyandasi Federiko Garsia Lorka ijodiga maftun boʻladi. Shoir Lorka sheʼrlarini avval rus tilidan tarjima qiladi. Keyinchalik rus tilidan qilingan tarjima shoirga unchalik maʼqul kelmaydi. Tarjimadan koʻngli toʻlmagan shoir ikki yil davomida ispan tilini mustaqil oʻrganadi. Va, olti oy davomida Lorka sheʼrlarini asliyatdan oʻzbek tiliga tarjima qiladi. Asliyatdan qilingan tarjima – Lorka ijodini, uning ruhini, kayfiyatini, boringki barcha fazilatlarini aks ettirgan. Tarjimaga eʼtibor beraylik:

 

Tushun, men chalkashdim, adashdim,

Har sahifa, har sheʼr satrida.

Kamzulimni yelkangga yopdim,

Sen-la qoldim soʻzlar qaʼrida.

 

Mazkur sheʼr Aleksandr Blok qalamiga mansub. Mashhur rus shoiri A. Blokning majnunona ruhda bitilgan talaygina sheʼrlarini oʻqiganmiz. Ammo G. Matyoqubova tarjimasini ilk bor ushbu kitobda mutolaa qilyapmiz. Tarjimon shoir kechinmasini asliyat darajasida bera olgan. A. Blok – mohir soʻz ustasi. Uning har bir sheʼrida samimiyat ufurib turadi. Tuygʻular realizmi, haqqoniyati oʻziga xos tarzda jilvalanadi. Binobarin, barchamiz turkman shoiri Maxtumquli sheʼrlarini sevib oʻqiymiz. Bu sheʼrlar hofizlar tomonidan kuy va qoʻshiqlarga solinib har bir qalbga kirib borgan desak, yanglishmaymiz. Chunki Maxtumquli odam va olam haqida nihoyatda sodda, samimiy, har bir oʻquvchiga tushunarli qilib yozgan. Mashrab sheʼrlari qanchalik suyumli boʻlsa, Maxtumquli sheʼrlari ham shunchalik ohangrabo yangligʻ yuraklarga tez yetib boradi. Bu sodda satrlar bagʻrida kishini oʻylashga undovchi bir necha jihatlar birlashgan.

 

Oltmish boshli, ola qorli togʻlardan

Tuman koʻchar, yomgʻir ketar, sel qolmas.

Shaydo bulbul maskan tutgan bogʻlardan,

Xazon urar, yaproq soʻlar, gul qolmas.

 

Maxtumquli “Sel qolmas” nomli ushbu sheʼrida dunyodagi barcha yaratiqlar oʻtkinchiligini, omonat ekanligini, faqatgina mehru muhabbat abadiyligini uqtirayotgandek. Tarjimada, Maxtumquli kayfiyatini, oʻziga xos soddalik va samimiyatni toʻlaligicha yetkaza olgan. Unda soʻzlarning oʻz oʻrnida qoʻllanilishi, har bir satrning bir-biri bilan antiteza usulida mantiqiy bogʻlam hosil qilishi diqqatga molikdir.

Umuman, G. Matyoqubovaning “Ota uyim” nomli yangi kitobida sheʼriy, nasriy tarjima asarlari, adabiy suhbatlari jamlangan. Ayrim tarjima sheʼrlarda juzʼiy kamchiliklar uchraydi. Bular oʻz navbatida keyingi ishlarida tuzatilib, tahrir qilinsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

 

Zarnigor RAHMATOVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 10-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ota-makon-madhi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x