Bir yoʻl koʻrinur…

Aʼzamning oʻzidan oldin sheʼrlari bilan tanishganman. 1984 yili “Yoshlik” jurnalida bir sahifa sheʼrlari va doʻppi kiyib tushgan surati chop etilgandi. Oʻsha paytlarda u hali Aʼzam Oʻktam emas, oddiygina Aʼzam Xudoyberdiyev edi. Surat va sheʼrlaridan boʻlak uning qayerdanligi, qachon tugʻilgan-u, qayerda ishlashi haqida hech qanday maʼlumot berilmagan. Boshidagi margʻilondoʻppidan uning vodiylik ekanligini bilish mumkin edi. Yoshi ham yigirma-oʻttizlar orasida. Sheʼrlari esa shu yoshdagilarga mos murosasiz, jangari. Sheʼr texnikasini yaxshi oʻrgangan. Soʻzni oʻynatishga usta. Ancha tajribali.

“Yoshlik” jurnali asosan yosh ijodkorlarning asarlarini chop etish niyatida tashkil qilingan boʻlib, 1982 yilning yanvar oyidan boshlab har oyda muntazam chiqarilishi rejalashtirilgandi. Erkin Vohidov nashrning bosh muharriri etib tayinlangan. Sulaymon Rahmon esa maʼsul kotib. Ular yangi jurnalga ilk mualliflarni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining yoshlar bilan ishlash boʻlimi maslahatchisi, shoir Mirpoʻlat Mirzo tavsiya etgan ijodkorlar orasidan saralab olardi. Mening ushbu jurnalda sheʼrlarim eʼlon qilinishi ham xuddi shunday boʻlgan.

Harbiy xizmatdan taʼtilga kelib, yana xizmatga qaytayotgan edim. Samolyotning uchishi kechki payt boʻlgani uchun Yozuvchilar uyushmasiga borib, yozuvchi va shoirlarni koʻrib ketmoqchi boʻldim. Egnimdagi harbiy kiyim koʻpchilikning eʼtiborini tortar, “Kimning oldiga kelgansiz?” deya soʻrashardi. Ulardan biri meni xonasiga taklif qildi va choy quyib uzatarkan: “Men Mirpoʻlat Mirzoman, oʻzlari kim boʻladilar, ijod qilib turasizmi?” deb soʻradi. Sheʼrlar mashq qilib turishimni, markaziy nashrlarda sira ishtirok etmaganimni aytib, harbiy xizmat paytida yozganlarimni uzatdim. Mirpoʻlat aka oʻntacha sheʼrning yoniga belgi qoʻyib, oq qogʻozga qoʻlda koʻchirib berishimni soʻradi. Shoir Sulaymon Rahmon menga suratga tushib kelishimni tayinladi. Sulaymon akaga suratkashning chiptasini keltirib berdim. Suratni uning oʻzi borib olishini, sheʼrlarimni jurnalning ikkinchi soniga moʻljallaganini aytdi. Men esa shu kecha harbiy xizmatga joʻnab ketdim. Oradan olti oylar oʻtib, harbiy xizmatdan qaytganimdan soʻng “Yoshlik” jurnalida bir sahifa sheʼrlarim chop etilganini koʻrdim.

Bularni batafsil yozishimdan maqsad hamma narsaning boshlanishi oson-u, davom etishi qiyinroq kechishini taʼkidlashdir. Hofiz Sheroziy: “Tuyuldi avval ishq oson-u, soʻngra chiqdi mushkullar…”, deganidek. Shundan keyin to 1986 yilgacha, yaʼni uch yildan koʻproq muddat ichida (shoir doʻstim Ravshan Fayz sheʼriyat boʻlimini boshqargunga qadar) “Yoshlik” jurnalida bir sahifa tugul, bittayam sheʼrim eʼlon boʻlmadi. Yoshlik insonga bir marta berilganidek, “Yoshlik”da chiqish imkoni ham yosh shoirga bir marta beriladiganga oʻxshardi. Jurnal chop qilina boshlashi bilan kattayu kichik adabiyot muxlislari orasida shu qadar mashhur boʻlib ketdiki, unda oʻz mashqlarini chiqarish uchun kelayotganlar va maktub joʻnatayotganlarning soni bor-u, sanogʻi yoʻq edi. Endi kamdan-kam yosh shoirning bir sahifalik sheʼrlari eʼlon qilinar, koʻpincha bir sahifaga toʻrt-beshta qalamkashning bittadan sheʼri joylashtirilardi. Shunday tiqilinch-tigʻizlik hukm surgan paytda Aʼzamning bir sahifa sheʼrlari chop etildi. Oʻsha yili yana bir anʼanaga asos solinib, jurnalda yil davomida chiqqan asarlarga janrlar boʻyicha “Yil mukofoti” berish eʼlon qilindi.

Adabiy-tanqidiy maqolalar ham yozib turganim bois ustoz munaqqid, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining oʻsha paytdagi bosh muharriri oʻrinbosari Ibrohim Gʻafurov “Yoshlik” jurnalining 1984 yilgi sonlarida eʼlon boʻlgan tengdoshlarimning mashqlari tahliliga doir maqola qoralashni tavsiya etdi. Oʻsha maqolani yozayotib, jumladan, Aʼzamning sheʼrlari xususida batafsil toʻxtaldim va shunday xulosa bilan yakunlagandim: “Aʼzam Xudoyberdiyevning sheʼrlaridan sheʼriyatimizga yangi bir zabardast shoir kirib kelayotganligini his qildim. Jurnaldagi “Yil mukofoti”ga asosiy daʼvogarlardan boʻlsa-da, unga boshqa bir shoira munosib topildi. Hechqisi yoʻq, hali hammasi oldinda!”

 

* * *

…Benihoyat uzundir umr,

Bittagina oq koʻylagim bor.

 

Ushbu satrlarni yozgan payti Aʼzam 24 yoshlardagi yigit edi. Bu yoshda umr gʻoyatda uzun, imkoniyatlar cheksizdek tuyuladi. Shu oʻrinda Ozarboyjon shoirlaridan birining “Yigitlik va keksalik” degan toʻrtligini eslamasdan oʻtolmayman.

 

Yigitlikda qoʻllar uzun, tillar qisqa,

Keksalikda tillar uzun, qoʻllar qisqa.

Yigitlikda yillar uzun, kunlar qisqa,

Keksalikda kunlar uzun, yillar qisqa…

 

Xullas, Aʼzamni oʻsha satri bilan taniydigan, eslaydigan boʻlishdi: “Anovi shoir bor-ku, bittagina oq koʻylagi bor…” Garderobida besh-oltita oq koʻylagi borlar ham “bittagina oq koʻylagi bor” shoirga havas qiladigan boʻlishdi. Shoir nazarda tutayotgan “oq koʻylak” insoniylik shaʼnini anglatadi. Unga dogʻ tushirmay yashashni maqsad qilganlar uchun umr yoʻli gʻoyat mashaqqatli va uzoq.

Shoirlarning hammasi ham ayni yigirma-oʻttiz yoshlarida insonparvar, iymonparvar boʻlavermaydi. Bunday shoirlar yoshiga yarashmagan tarzda oʻziga va oʻzgalar oldiga zalvorli savollarni qoʻya biladilar. Mixail Lermontov navqironlik yillarida yozgan “Oʻylarim” sheʼridagi ushbu satrlar fikrimizni tasdiqlaydi:

Zamondosh naslimga qarayman gʻamgin,

Uning kelajagi nursiz, sharafsiz…

 

Umrni nurlantiruvchi, unga maʼno va sharaf baxsh etuvchi iymonga intilish nafas olishdek hayotiy zaruratdir. Iymonga tanaffus eʼlon qilib boʻlmaydi. Iymonli inson uxlab yotganida ham iymonlidir. Iymonsizlik bilan hayot kechirib, qariganda iymonli boʻlib qolish mumkin emas.

Insoniylik shaʼnini, Aʼzam aytmoqchi, “bittagina oq koʻylagi”ni qadrlamagan, “oʻpsa netar, yuvsa ketar” tarzida hayot kechirib, bunaqa “oq koʻylaklar”ning nechtasini bulgʻab oʻtadiganlar borib-borib maʼnan yalangʻochlashib qoladi.

* * *

Aʼzamning talabalik yillarida Sergey Yeseninga bagʻishlangan koʻrgazmali devoriy varaqa fonida tushgan surati bor. Qoʻlidagi kitob ham Yeseninning toʻplami boʻlsa kerak. “Shoirlar qishloqda tugʻilib, Parijda oʻladilar” degan gap hamma yurtlar va zamonlarga birday taalluqli. Yesenin – sheʼriyatga oddiy qishloqi cholu kampirlar, omochga qoʻshiladigan otlar, kuchuklaridan ayrilgan koʻyi oyga qarab uligancha, koʻzlaridan yulduzdek yosh toʻkkan itlaru pichan uyumlari taratgan boʻylarni olib kirgan shoir. Aʼzamning sheʼrlarida ham kampirlar, chollar, “otasi qamalgan bolalar”, tumso yeru dalalar aks etgan. Uning “Yakshanba” sheʼri Yeseninning “Qarovsiz rus” sheʼriga hamohang. Rus shoiri bu sheʼrida bolshovoylar davlat toʻntarishini amalga oshirganidan soʻng shaharlarda Oliver Tvist singari yetim va qarovsiz bolalar koʻpayib ketgani, ularning orasida qanchadan-qancha iqtidor sohiblari boʻlib, ularga mehr-muruvvat koʻrsatish mavjud hukumatning eng dolzarb vazifalaridan biriligi, ularning kelajagi davlat va xalqning kelajagi ekanini taʼkidlaydi.

Aʼzamning “Yakshanba” sheʼri ham saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida avj olgan “Oʻzbeklar ishi” tufayli otasi qamalib ketgan bolalarga achinish tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan:

 

Qarashga holim yoʻq koʻzlariga tik,

Ular ham boshlarin quyi solarlar.

Koʻzlarda gʻazabmi, uyatmi, hadik,

Jim yurar otasi badnom bolalar…

* * *

Aʼzam bilan bir paytda sheʼriyatga kirib kelgan shoirlarning lirikasida hozirgidek “oʻldim-kuydim”lar deyarli uchramasdi. Oʻntacha sheʼrdan bittasi sevgi haqida boʻlmasa, turgan-bitgani yurtsevarlik lirikasidan iborat, ijtimoiy mavzularda boʻlardi. “Avval – Vatan, keyin – jon!” deganlaridek, avval Vatan tashvishi, sevgi esa keyinroq qabilida ijod qilinardi. Axir, tashqarida qandaydir oʻzgarishlar, noroziliklar harakati borayotgandi. Shoʻrolar saltanati ich-ichdan tanazzulga yuz tutgan, iqtisodiy va siyosiy boʻhron mamlakat hayotini izdan chiqara boshlagandi. Qishloq doʻkonlaridagi peshtaxtalar xilma-xillikdan mosuvo, odamlar un, yogʻ, sovun kabi oddiy mahsulotlar kelishini poylab, ulgurganlar ikki-uch qoplab olib, ulgurmaganlar quruq qola boshlagan payt edi.

Jon talvasasiga tushgan Shoʻrolar saltanati senzurasi erkinlik ovozini boʻgʻishga harakat qilsa-da, shoirlar yangi va kutilmagan tashbehlar, oʻxshatishlarni ishlatgancha ozodlikka chorlov ohanglarini sheʼrlariga jo qilib, matbuotda eʼlon qildirishning uddasidan chiqardilar. Kosa tagi nimkosa tarzida ijod qilish avjiga mingandi. “Oʻzbeklar ishi”, Orol muammosi, paxta defolyasiyasi tufayli qishloqlarda, ayniqsa, bolalar orasida tarqalgan turli xastaliklar, oʻziga oʻt qoʻyayotgan ayollar, omborxonalarga aylantirilgan masjidu madrasalar, qatagʻon qurbonlarining nomini oqlash, Temuriylar tarixi, Navroʻz bayrami va milliy qadriyatlarni tiklash va hokazolar adabiyotning asosiy mavzusiga aylangandi. Bu Aʼzam Oʻktam sheʼriyatida ham yaqqol koʻzga tashlanadi.

 

* * *

Inson umri savollardan iborat. Mevali daraxt bahorda qiygʻos gulga kirganidek, inson ham umrning turli fasllarida savollardan iborat gullarga burkanadi. Bolalikdagi bu savollarning aksariyati boshqalarga berilsa, bora-bora faqat oʻziga atalgan savollarga javob izlash tafakkur bandalarining mashgʻulotiga aylanib qoladi. Savolsiz odamlar esa mevasiz daraxtdek oʻtinlikka yaraydi, xolos…

Aʼzamning koʻplab sheʼrlari biror savolga yoki savollar karvoniga asoslangan holda yoziladi yoki savol berish bilan tugaydi:

 

…Oʻzingni kim deya bilding dunyoga?

 

…Qaysi yoʻlga kiribman,

Qay sori ketdi pirim?

 

…Barin javobin soʻraganingda,

Yuzingga qandoq qarayman?

 

…“Bideh qon” – “Qon ber”dan

Qolganmi dehqon?

 

…Bir kun kelsa (chindan-da kelar),

Qandoq javob beraman ul on:

Qalamlarga til bitsa agar,

Bitsa agar qogʻozlarga jon?

 

…Girdobiga tortar oʻjar savollar.

 

 

* * *

Aʼzam Oʻktamning sheʼrlaridan joy olgan koʻplab satrlar “qanotli soʻz”larga aylanib ketgan. Mana ulardan ayrimlari:

 

…Shoirmas – soʻzni ming koʻylarga solgan,

Sheʼrni deb ming koʻyga kirganlar shoir!

 

…Makkajoʻxorizor – bir maydon ayol:

Yoʻrgaklangan bola quchoqlab

Shukr namoziga saflangan.

 

…U oʻzini baland olmadi,

Sen oʻzingni past tutding, xolos.

 

…Qulogʻimga yetdi yomon gap,

Teshib oʻtgach onam koʻksini.

 

…Ertak aytsang oʻgʻlingga,

Uxlatmaslik uchun ayt.

…Muhabbatni ermak deb oʻylar,

Muhabbatdan tugʻilmaganlar.

 

* * *

Aʼzam bilan tez-tez askiya aytishib turardik. Bir kuni yangi tashkil etilgan “Oʻzbekiston tabiati” gazetasida Aʼzamning turkum sheʼrlari bosilib chiqdi. Shunga ishora qilgancha: “Oʻzbekiston tabiati”ga sheʼrlaringiz bilan katta zarar yetkazibsiz, endi qayta tiklanishiga ancha yillar kerak boʻladi!” deb askiya qildim. Oradan koʻp oʻtmay, men ham sheʼrlarimni koʻtargancha oʻsha tahririyatga tashlab keldim. Keyingi hafta sheʼrlarim gazeta yuzini koʻrdi. Endi Aʼzam menga: “Oʻzbekiston tabiati”ga siz yetkazgan zararning oldida meniki holva-yu, ogʻayni! Endi u qayta tiklanmaydi! Ho-ho-ho-ov!” deya askiya qilgandi.

Aʼzam bilan yana 1997 yil bir yilga yaqin “Doʻrmon” ijod uyida qoʻshni boʻlib yashadim. Men oʻshanda “Oʻzteleradiokompaniya”da muharrir edim. Yozuvchilar uyushmasi aʼzolariga beriladigan imtiyozdan foydalanib, uch qavatli binoda yashay boshladim. Aʼzam ham shu yerdagi xonalardan birida mendek vaqtincha yashab turgan ekan. Uni koʻrmaganimga toʻrt-besh yillar boʻlib qolgandi. Yaqin orada ikkalamiz ham doʻstlarimizdan ajralgandik. Chori Avaz 1992 yilning kuzida, Ravshan Fayz esa 1995 yilning avgust oxirida vafot etgandi. Aʼzam juda vazminlashgan, ilgarigidek yayrab kulmas, oʻzim yoʻqlab bormasam xonasidan chiqmasdi. Bu orada Aʼzam andijonlik shoir Toʻlan Nizom ijaraga olgan ikki qavatli chorbogʻda yashay boshladi. Muhammad Yusuf oʻz chorbogʻidan menga joy berdi. Kech tushgan mahallari bogʻni aylanib kelish uchun koʻchaga chiqardim va Aʼzamning chorbogʻiga ovoz berib, uni koʻchaga chaqirib olardim. Ikkalamiz poyu piyoda sayr qilib, sal teparoqdagi Shavkat Rahmonning chorbogʻida yashayotgan yozuvchi Nabijon Boqiyni chaqirardik. Keyin uchovlashib asosiy bino hovlisiga borib, tashqarida biror tanish kishi oʻtirgan boʻlsa, yarim soatcha suhbatlashib ortga qaytardik. Matnazar Abdulhakim, Shukur Xolmirzayev uchrab qolardi. Shukur akaga yurishdan koʻra oʻtirib gaplashish maʼqul kelar va buni shunday izohlardi: “Bir uzoq umr koʻrgan odam shunday degan ekan: “Oʻtirishga imkon borida tikka turmadim, yotishga imkon borida oʻtirmadim!..”

Matnazar aka esa: “Yuringlar, sizlar bilan bogʻni aylanib qaytay!” derdi. Toʻrtovlashib uzum ishkomlari ostidagi qorongʻi yoʻlakda bir togʻdan, bir bogʻdan gaplashgancha ketar ekanmiz, har kecha yotishdan oldin bogʻ aylana yugurishu jismoniy mashqlar bilan shugʻullanadigan yozuvchi Pirimqul Qodirov yonimizdan chopib oʻtib ketar, buni birov bilsa, birov payqamay qolardi.

Ana shunday tungi sayrlardan birida tepamizdagi osmonda yulduzlar oralab koʻz ilgʻamas tezlikda uchib oʻtayotgan dumli yulduz – kometa suhbatimiz mavzusi boʻlib qoldi. Matnazar aka dumli yulduzga taʼrif berib, u har oʻttiz besh yilda yarim-ikki oy mobaynida koʻrinib, Yer sayyoramiz yonidan oʻtishini aytdi: “Oʻrtacha sakson yil yashaydigan odam uni umrida ikki marotaba koʻrishi mumkin. Men buni bolalik paytlarim koʻrgandim. Mana, endi ikkinchi marotaba koʻryapman. Uchinchi marotaba koʻrish nasib qiladimi-yoʻqmi, xudo biladi…”

…Oʻshanda yangi – uchinchi mingyillik ostonasida turgandik. 2000 yil yangi orzular, niyatlar… va, shu bilan birga, qator yoʻqotishlar olib keldi. Avval Oxunjon, keyin Muhammad Yusuf, xonandalar Nuriddin, Muhriddin, shoirlar Sayyor aka, Hamza Imonberdiyev, yozuvchi akamiz Hojiakbar Shayxov, Aʼzamjon… Qator-qator…

 

Bu dunyoda sendan yodgor

Oʻgʻling qolar, qizing qolar.

Tosh-tuproqli koʻchalarda

Muhrlanib izing qolar.

 

Taskin shundaki, bu oʻtli yuraklardan oʻchmaydigan chiroq, yoniq iz qoldi…

 

Olloyor BEGALIYEV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 8-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bir-yol-korinur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x