Jahon xaritasida mening Vatanim

Bugungi yoshlarga – ozod va mustaqil Vatanda tugʻilib, dunyoning hech bir mamlakatida topilmaydigan va balki ayrimlari hali oʻzlari ham oxirigacha anglab yetmagan imkoniyat va imtiyozlar davlatida yashayotgan yoshlarimizga juda havasim keladi.

Bizning yoshligimiz boshqa davrga toʻgʻri keldi. U davrda bizning “bizniki” boʻlmagan Vatanimiz mening qishlogʻimdan boshlanib, aslida bizniki boʻlmagan poytaxtning qizil rangli maydonidan oʻtib, Sibir deb atalmish kengliklarga tutashib ketardi. Uni “bepoyon oʻlka” deb kuylashardi. U hammaniki edi va ayni paytda hech kimniki ham emas edi. Zotan, oʻsha zamondagi tushunchamiz boʻyicha, “hammaniki” soʻzi “hech kimniki” degan maʼnoni berardi-da… Toʻgʻri, bu “saltanat”ning egalari bor edi, ammo ular biz emas edik…

Xullas, u davrda “meniki” deyish shubhali tuyulardi. Masalan, “mening respublikam” deb aytish uchun ham jasorat kerak edi, nazarimda. Negaki, buning ortidan “millatchilik” degan xavfli ayblovga duch kelish hech gap emas edi. Shunga qaramasdan, oʻtyurak shoirlarimiz “Oʻzbegim”, “Oʻzbekiston – Vatanim manim!” deya hayqirib, milliy gʻururimizni oziqlantirgan edi.

Talabalik davrimizda Spitamen, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi singari qahramonlarimizning nomini faxr bilan tilga olardik. “Oʻgʻlimning ismini Temurmalik qoʻyaman, Jaloliddin qoʻyaman”, deya talashardik. Jahon chempionatlarida nega futbol terma jamoasiga oʻzbeklarni olishmaydi, hamma teng boʻlgan davlatda har bir respublikadan oʻyinchi olinishi shart, deb jigʻibiyron boʻlardik. Nega bir oylik til amaliyoti paytida biz, chet tillarining boʻlajak mutaxassislari muloqotda boʻlgan xorijliklar Oʻzbekistonni bilmasligidan, bizni “mustamlaka” oʻlka deyishlaridan ajablanardik.

Xullas, bizga “nimadir” yetishmayotganligi ulgʻayganimiz sayin yanada koʻproq bilina boshlardi…

 

Asriy muzlarning koʻchishi

Oʻtgan asrning saksoninchi yillarining oxirlariga kelib, bizdagi ogʻriqli savollarni roʻyi-rost katta minbarlarda ayta oladigan siyosiy arbob tarix sahnasida paydo boʻldi. Bu hayron qolarli vaziyat edi. Ilk marta mahalliy rahbarning siyosati “markaz” siyosatidan farq qila boshlagan hayratli zamonlar keldi. Otamning urush va mehnat faxriysi sifatida muallim oʻgʻliga, yaʼni menga uy-joy olib berish uchun qilgan barcha harakatlari zoye ketib turgan, “rais bobo”lar “Sizga uy-joy berib, boshim ketsinmi?!” deb qaqshab turgan bir paytda qandaydir moʻjiza yuz berdi. Hech kutilmaganda qishlogʻimizdagi barcha yer soʻrab yurganlarga katta paxta dalasini uy-joy uchun taqsimlab berishdi! “Markaz” deb atalmish bir “dev” yildan-yilga paxta hosilini koʻpaytirishni talab qilib turgan bir paytda, bogʻlar kesilib, paxtazorlarga aylantirilayotgan, paxtazorlar daryolarimiz qirgʻogʻigacha yetib borgan bir zamonda paxtazorlarning bunday taqsimlanishi ishonish juda qiyin boʻlgan favqulodda bir hol edi! Siyosatda “nimadir” oʻzgarayotgani aniq edi… Keyin anglasam, yer berish voqeasi bizning turgʻunlik davriga moslashib qolgan ongimizni ostin-ustun qilib yuborgan voqealarning ibtidosi ekan, xolos. Koʻp oʻtmay, oʻzbek tilimizga davlat tili maqomi berildi. Bu voqealardan hayratimiz sovimay turib, Oʻzbekiston Respublikasi suvereniteti toʻgʻrisidagi deklaratsiya eʼlon qilindi, Prezidentlik lavozimi taʼsis etildi! Aytayotganlarim oʻsha davr uchun nihoyatda jasoratli qadamlar edi.

 

Dunyo havasda

Qolgan voqealarning qanday kechgani tarix darsliklarida yaxshi yoritilgan. 1991 yilning 31 avgustida olamshumul siyosiy voqea yuz berdi. Prezidentimiz Islom Karimovning siyosiy jasorati sababli dunyo xaritasida “OʻZBEKISTON” nomli yangi va mutlaqo mustaqil davlat paydo boʻldi. Bugun mening davlatimni dunyo tanidi, dunyo tan oldi. Yuzdan ortiq davlatlar bilan aloqalarimiz bor. Xalqaro siyosiy maydonda oʻz oʻrnimiz, oʻz soʻzimiz bor. Taraqqiyot darajamizga boshqalar havas bilan qarashmoqda. Yurtimizdagi tinchligimiz va barqarorligimizni oʻzlarida ham koʻrishni orzu qiladigan xalqlar koʻp. Darvoqe, bundan bir necha kun avvval Fransiyaning Anje shahridan Andre Allar xonim qoʻngʻiroq qilib qoldi. Parijdagi xunrezliklardan gapirayotib, “Bizlar koʻchaga chiqishga qoʻrqib qoldik. Sen yaxshimisan?” deb soʻradi. Men esa “Har doimgidek toʻydaman. Qishlogʻimga toʻyga kelganman, musiqa ovozini eshitayapsanmi?” dedim. Xonim “Ha, rosa havasim kelayapti sizlarga”, deb javob berdi. Darvoqe, Allar xonim 84 yoshida Oʻzbekistonimni men bilan kashf etgan. Bungacha xonim dunyoning ellikdan ortiq mamlakatida boʻlgan ekan. Bilasizmi, u menga nima degan edi? Bu safari oxirgi sayohatga chiqishi ekani hamda sayohatini shunday goʻzal va betakror yurt bilan yakunlayotganidan juda ham baxtiyorligini aytgan edi. Men unga ishondim. Chunki qariyb yigirma yillik tarjimonlik faoliyatimda bunday toʻlqinlanib aytiladigan, yurakning tub-tubidan chiqadigan samimiy eʼtiroflarni va yurtimizga atalgan maqtovlarni minglab sayyohlardan eshitganman. Shuncha odamga ishonmay boʻladimi, axir?!

 

Faxr va masʼuliyat

Bilasizmi, fransuzlarda “Le Larousse” nomli qomusiy lugʻat bor. Uni birinchi marta qoʻlga olganimda, shoshilgancha zarvaragʻini ochib, dunyo davlatlari bayroqlari orasidan milliy bayrogʻimizni izlaganman. Topganman. Meni hayronlikda kuzatib turgan fransuzga “Bor ekan!” deb hayqirganim esimda. U mendan “Nima bor ekan?” deb ajablanib soʻragani ham yodimda. “Bayroq!” dedim hayajonlanib. Albatta, men uchun muqaddas bu soʻzni uning tilida aniq talaffuz bilan aytdim. Biroq, u meni, toʻgʻrirogʻi, mening hayajonimni tushunmadi… Tangadekkina joyni egallagan mustaqil yurt bayrogʻi suratini xorijda chiqqan kitobda koʻrish baxti nima ekanligini u qayerdan bilsin?!

Tanasi boshqa dard bilmas, u men yashagan davrni, balki oʻzim ham ishonib-ishonmay kutganim OZODLIKning men uchun qanchalik qadrli ekanini qanday anglasin? Axir, u ozod yurtda tugʻilgan edi.

Bizlarning ham farzandlarimiz oʻziniki boʻlgan yurtda, ozod mamlakatda tugʻilayotgani esa tengsiz baxtdir.

Endi faxr tuygʻusi haqida muxtasar bir fikr bildirsam. Men kasbim taqozosi bilan, har yili yurtimizga sayyoh sifatida keladigan fransuzlar va boshqa mamlakatlarning fransuz tilida soʻzlovchi fuqarolariga yurtimizni tanishtiraman, ularga nafaqat tarixiy obidalarimiz, balki yurtimiz tarixi, qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va anʼanalarimiz haqida maʼruzalar qilaman. Mana shu jarayonda ularning koʻzlaridagi hayratni koʻrib, shunday yurtda yashayotganimdan faxr tuyaman.

Yurtboshimiz Islom Karimovning 2014 yil Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Jahon sayyohlik tashkiloti ijroiya kengashi 99-sessiyasining ochilish marosimida soʻzlagan nutqida mamlakatimizga bir yilda dunyoning yetmishdan ortiq davlatidan ikki milliondan ortiq sayyoh kelgani taʼkidlangan edi. Buni men har yili Oʻzbekiston haqida ikki milliondan ortiq hayrat dunyoga yoyiladi, deb tushunaman. Bunda mening ham ozgina boʻlsa-da hissam borligidan behad gʻururlanaman.

Shu oʻrinda, nokamtarlik boʻlsa-da, sayyohlar koʻp bora takrorlaydigan minnatdorlik soʻzlarini bayon qilsam: “Bizga Vataningni sevdirganing uchun rahmat!”. Bu menga farzandi tufayli maqtov eshitadigan ota-onalarning gʻururini eslatadi. Faqat, bu oʻrinda ozgina farq bor – men Ona Vatanim tufayli shunchalar maqtov olayapman.

Bugun “Mening Vatanim, mening xalqim, mening poytaxtim!” deya faxr bilan soʻzlash BAXTiga sazovorman. Bu soʻz yurtim uchun, uning kelajagi uchun men ham masʼul ekanligimni doimo eslatib turadi.

 

Murodxon ERGASHYeV

 

“Yoshlik”, 2015 yil 12-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/jahon-xaritasida-mening-vatanim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x