Ossuriya shohi Asarxadon

“Ossuriya shohi Asarxadon” hikoyasini ulugʻ rus adibi Lev Tolstoyning diniy-falsafiy qarashlari negizidagina chuqur tushunmoq mumkin. Daho ijodkorning inson konsepsiyasiga koʻra, odam tana va ruhdan iborat: tana har bir kishi uchun boshqa-boshqa, ruh esa barcha uchun bitta, yagonadir. Aksar kishilar hayot mohiyatini tanada deb biladi va tana boshqa-boshqa boʻlgani bois oʻz huzur-halovatini koʻzlaydi. Taassufki, bu – halokat yoʻli boʻlib, bizni azob-uqubatga eltadi, xolos. Aslida, hayot mohiyati – ruhda, ruh esa barcha uchun bitta, yagona ekan, demak, jami odamzodning huzur-halovatini koʻzlamoq darkor. Asl saodatga eltuvchi tanho najot yoʻli – ana shudir! Tolstoy deydiki, ruh izmida yashashning bosh taomili bunday: kimki oʻzgaga yomonlik qilsa, oʻziga yomonlik qilgan boʻladi. Yoki, aksincha, kimki oʻzgaga yaxshilik qilsa, oʻziga yaxshilik qilgan boʻladi. Barchaga birdek ezgulik sogʻinish, Tolstoy nazdida, sevgining magʻzi, javharidir. Bu goʻzal tuygʻu esa har odamni butun bashar bilan bogʻlash asnosida uni hayotning asl manbai – biru bor Parvardigorga qovushtiradi…

Tarjimon


 

Lev TOLSTOY

Ossuriya shohi Asarxadon shoh Lailie mamlakatini bosib oldi, shahar-qishloqlarini beomon talab, yoppasiga oʻt qoʻydi, aholisini qul qilib, mulkiga haydab keldi, qoʻshinini yakson etib, Lailiening oʻzini qafasga soldi.

Shoh Asarxadon kechasi xobxonada yotgancha, Lailieni qatl etish yoʻlini qidirar ekan, bexos shitir etgan ovozni eshitdi va koʻzini ochib, ustida oppoq soqoli koʻksiga tushgan, koʻzlari beozor boqib turgan bir cholni koʻrdi.

– Lailieni qatl etmoqchimisan? – deb soʻradi chol.

– Ha, – deb javob berdi shoh, – shu topda uni qanday qatl etsam ekan, deb oʻylab turgan edim, oʻzi-a.

– Lailie, axir, oʻzingsan-ku, – soʻz qotdi chol.

– Bekor gap, – dedi shoh, – men – menman, Lailie esa – Lailie.

– Lailie bilan sen asli bir odamsizlar, – dedi chol, – faqat sening koʻzingga boshqa-boshqa boʻlib koʻrinyapsizlar, xolos.

– Koʻzingga shunday koʻrinyapti, xolos, deganing nimasi?! – dedi shoh. – Men, mana, parqu koʻrpada huzur qilib yotibman, sodiq gʻulomu joriyalarim amrimga muntazir, ertaga ham bugungidek doʻst-yorlar bilan yana kayf-safo qilaman, Lailie boʻlsa, ana, tutqin qushga oʻxshab qafasda oʻtiribdi, ertaga qoziqqa oʻtqazilsa, tili ogʻzidan osilib tushadi va tanasi ogʻriqdan ming bor burishib-tirishadi, oxiri esa oʻligi itlar oldiga tashlanib, tilka-pora qilinadi.

– Sen Lailieni hayotidan mahrum etolmaysan, – dedi chol qatʼiyat bilan.

– Oʻn toʻrt ming askarni halok qilganim va jasadlaridan qoʻrgʻon tiklaganim-chi? – dedi shoh. – Mana, men – borman, ular – yoʻq. Demak, Lailieni ham hayotidan mahrum eta olaman.

– Oʻsha askarlar yoʻq ekanini sen qayoqdan bilasan?

– Agar ular bor boʻlsa, nega koʻzimga koʻrinmaydi?! Xullasi kalom, ular azob tortdi, men esa huzur qildim, ularga yomon-u, menga yaxshi boʻldi.

– Buyam senga shunday tuyulyapti, xolos. Sen ularga emas, oʻzingga azob bergansan.

– Oʻlay agar, gapingga tushungan boʻlsam, – dedi shoh.

– Tushuntiraymi boʻlmasa?

– Ha-da!

– Unda bu yoqqa kel, – dedi chol suvga limmo-lim kattakon jomni koʻrsatib.

Shoh jom yoniga keldi.

– Ust-boshingni yech-da, unga tush.

Asarxadon chol aytgandek qildi.

– Ustingdan quya boshlashim hamono, – dedi chol qoʻlidagi choʻmichni suvga toʻldirib, – darhol jomga boshingni tiq!

Chol uning boshi ustida choʻmichni engashtirdi, shoh ham shu ondayoq jomga bosh tiqdi.

U ana shu lahzadayoq oʻzini Asarxadon emas, boshqa odam deya his etdi. Va shuning barobarida oʻzini xobxonada goʻzal bir ayol bilan birga koʻrdi. Bu ayolni u hech qachon koʻrmagan emish-u, ammo oʻzining xotini ekanini bilarmish. Ayol tavoze-la oʻrnidan qoʻzgʻalar emish-da, “Aziz xojam Lailie, sen kecha saltanat ishlaridan horib-charchab, har kungidan uzoqroq uxlab qolding, men esa hech kim uyqungni buzmasin, deya tepangda qoʻriqchi boʻlib oʻtirdim. Saroy aʼyonlari devonxonada senga muntazir turibdi. Shohona libosingni ustingga il-da, ularning yoniga chiq”, deyar emish.

Asarxadon shu soʻzlardan oʻzining Lailie ekanini bilibdi-yu, ammo nega bunday boʻlib qolganidan ajablanish oʻrniga, aksincha, nega oʻzining Lailie ekanini shu vaqtgacha bilmaganidan hayron boʻlibdi, oʻrnidan turib kiyinibdi-yu, vazir va mulozimlari ilhaq kutayotgan devonxonaga chiqibdi.

Aʼyonlar shoh Lailiega ikki bukilib taʼzim etibdi, soʻngra uning ijozati bilan joylariga choʻkibdi. Mulozimlardan eng ulugʻi, bu yogʻiga yovuz tojdor Asarxadon haqoratlariga chidab boʻlmaydi, unga qarshi urush ochish kerak, deya shohga maslahat solibdi. Biroq Lailie keksa aʼyon fikrini maʼqullamabdi va Asarxadon huzuriga elchi joʻnatib, uni insofga chaqirmoq kerak, deya qaror chiqaribdi-da, ahli mashvaratga ijozat beribdi. Shundan keyin eng boobroʻ zotlardan elchilar saylabdi va Asarxadonga borib aytajak gaplarini ipidan-ignasigacha quloqlariga quyibdi.

Shu ishlarni oyoqlatgach, Asarxadon oʻzini yana Lailie deya his etaroq arxar ovlagani toqqa chiqib ketibdi. Ov degani, oʻziyam, baroridan kelibdi. U bir juft arxar otibdi va saroyga qaytib, doʻst-yorlari bilan bazmga shoʻngʻibdi, mashshoqlar nagʻmasiyu raqqosalar raqsidan huzur olibdi.

Lailie ertasiga, odati boʻyicha, arzgoʻylar, sudlanuvchi va dovlashuvchilarni qabul etibdi – har bir ish oʻziga munosib ajri oliy olibdi. Bu vazifani yakuniga yetkazib, yana xush koʻrgan ermagi – shikorga ravona boʻlibdi. Oʻsha kuni shohga qari ona sherni otib oʻldirish va bir juft shervachchani oʻlja olish nasib etibdi. Shikordan soʻng yana nagʻma va raqslar bilan koʻngil yozib, doʻst-yorlar ila bazm quribdi-da, tunni suyukli xotini bilan xobxonasida oʻtkazibdi.

U Asarxadon huzuriga yuborilgan elchilarning qaytishini kutib, shu zaylda kunlar va haftalarni oʻtkazibdi. Elchilar bir oydan soʻnggina qaytibdi: ularning burun va quloqlari kesilgan emish.

Shoh Asarxadon elchilardan Lailiega shuni aytib yuboribdiki, agar u tez fursatda oltin, kumush va sarv ogʻochida katta oʻlpon toʻlamasa, shuningdek, oʻzi ham Asarxadon saroyida hozir boʻlib, unga taʼzim bajo keltirmasa, elchilarni nima koʻyga solgan boʻlsa, Lailieni ham shu koʻyga solar emish.

Ilgari Asarxadon boʻlgan Lailie yana aʼyonlarni toʻplabdi va bu yogʻiga qanday yoʻl tutish xususida mashvarat qilibdi. Vazir va mulozimlarning hammasi bilittifoq, Asarxadon bostirib kelmay turib oʻzimiz unga qarshi urush ochishimiz kerak, deya fikr bildiribdi. Shoh bu safar maslahatga rozi boʻlibdi va Asarxadon ustiga cherik tortibdi. Lashkar yetti kun yoʻl bosib, sakkizinchi kun deganda daryo yoqasidagi keng-moʻl vodiyda dushman qoʻshini bilan toʻqnashibdi. Lailie lashkari mardona jang qilar va bu shoh qalbiga taskin berar emish-u, ammo Asarxadon qoʻshini togʻdan moʻr-malaxdek yopirilib tushib, butun vodiyni qoplab olgani va shu tariqa uning askarlarini tang ahvolga solib qoʻyganidan betoqat boʻlar emish. U oʻz aravasida janggohning qoq oʻrtasiga otilibdi va sanchib-chopib boraveribdi. Ammo, taassufki, Lailie askarlari yuzlab boʻlsa, Asarxadon jangchilari minglab emish. Lailie shu asnoda avval yaralangani, soʻng asir olinganini payqabdi.

U barcha asirlar bilan birga, Asarxadon askarlari qurshovida, toʻqqiz kun qoʻli bogʻliq yoʻl bosibdi. Oʻninchi kun deganda uni Nineviyaga olib kelishib, qafasga bandi etishibdi.

Lailie ochlik va jarohatdan azob tortmas emish-u, lekin gʻanimdan qasos olishga ojiz qolganidan uyat olovida qovrilar emish. “Bu vaziyatda qoʻlimdan faqat bir ish keladi, u ham boʻlsa – meni har qancha azoblashmasin, sira oh-voh qilmay, mardona chidab berish”, deya oʻz-oʻziga ont ichibdi shoh.

Lailie qatl soatini kutib yigirma kun qafasda oʻtiribdi. Boyoqish qarindosh-urugʻ va doʻst-birodarlarini qatl etgani olib ketishayotganini koʻrib va ularning qatlgohdan kelayotgan dod-faryodini eshitib turar emish: jallodlar mahkumlardan birining oyoq va qoʻllarini chopsa, boshqasining tirikligicha terisini shilib olar emish-u, ammo bundan na behuzur boʻlar, na achinish tuyar va na dahshatga tushar emish. Lailiening koʻzi haram kanizaklari qoʻlini bogʻlab olib ketayotgan oʻz xotiniga tushibdi. “Shoh Asarxadonga joriya qilib berishmoqchi”, degan alamli oʻydan yuragi uvishibdi uning. Ammo boyoqish bu isnodga ham tishini tishiga qoʻyib chidab beribdi.

Nihoyat, ikki jallod qafas eshigini ochib, uni tashqariga chiqaribdi-da, qoʻlini qayish bilan bogʻlab, qon halqob boʻlib yotgan qatlgohga olib kelibdi. Lailie roʻparasida qonga belangan oʻtkir qoziqni koʻribdi. Undan endigina sodiq bir doʻstining jasadini sugʻurib olgan ekanlar. Lailie anglab yetibdiki, bu qoziqni, hoynahoy, oʻzi uchun boʻshatishgan.

Lailiening ustidan kiyimini yechib olishibdi. Shunda u bir vaqtlar kuch-quvvat yogʻilib turgan koʻrkam tanasi endi suyakka yopishgan qoq teri boʻlib qolganidan qoʻrqib ketibdi. Ikki jallod abgor tanani oriq sonlaridan tutib azod koʻtaribdi va qoziqqa oʻtqazmoqchi boʻlibdi.

“Endi oʻlim meni domiga tortadi”, deb oʻylabdi Lailie va har qanday azobga miq etmay chidab berish haqidagi ontini unutib, shafqat soʻrab dodlay boshlabdi. Lekin uning dod-faryodiga hech kim parvo qilmas emish.

“Axir, bunday boʻlishi mumkin emas, – deb oʻylabdi u talvasa ichida, – men, hoynahoy, uxlayotgan boʻlsam kerak. Ha, bu – tush”. U shunday deya jon-jahdi bilan uygʻonishga harakat qila ketibdi. “Axir, men Lailie emas, Asarxadonman”, deb oʻylarmish u nuqul.

– Sen ham Lailie, ham Asarxadonsan. – U judayam olisdan kelayotgan ana shu sasni eshitar emish-u, ayni choqda, qatl boshlanayotganini ham sezib turar emish…

…Shu on u tomogʻi yorilgudek chinqirib yubordi-da, jonholatda boshini jomdan koʻtardi. Bu payt chol uning ustidan choʻmich tubidagi oxirgi suvni quymoqda edi.

– Azob shunchalik ham ogʻir boʻladimi! Shunchalik ham uzoqqa choʻziladimi! – dedi Asarxadon nafasi ogʻziga tiqilib.

– Shunchalik ham uzoqqa choʻziladimi, deysanmi? – taajjublandi chol. – Boshingni hozirgina suvga tiqding-u, darrov chiqarib olding; mana qara, hali choʻmichdagi suvning barini quyib boʻlganim yoʻq. Hoynahoy, soʻzimning maʼnosini anglagandirsan endi?

Asarxadon churq etmadi, faqat cholga qoʻrqib qarab qoʻydi, xolos.

– Endi anglagandirsan, – deya soʻzini takrorladi chol va bunday deb qoʻshib qoʻydi: – Lailie sening oʻzing ekaningu sen qatl etgan askarlar ham oʻzing ekaningni. Nafaqat askarlar, sen shikorda otib oʻldirgan va bazm dasturxoniga tortilgan jonivorlar ham sen oʻzing eding. Sen nuqul hayot mening dastimda deb kibrlanib yurarding, biroq men koʻzingdan yolgʻon pardasini koʻtardim va shunda ayon koʻrdingki, sen oʻzgalarga yomonlik qilaman deb oʻzingga yomonlik qilibsan. Hayot barcha uchun yagona, sening hayoting esa shu yagona hayotning birgina zarrasi. Hayotning shu bir zarrasini yaxshiroq yoki yomonroq, uzunroq yoki qisqaroq qilishgina sening izmingda, xolos. Uni ham faqat bir yoʻl bilan yaxshiroq qila olasan: oʻz hayotingni oʻzgalarnikidan ajratib turgan toʻsiqlarni buzib tashlaysan-da, barcha insonlaru jonivorlarni oʻzing deb bilasan – ularga muhabbat qoʻyasan. Hech zogʻni hayotdan mahrum etish sening qoʻlingda emas. Sen joniga qasd qilganlar hayoti atigi koʻzingdan panalandi, butkul yoʻqolgani yoʻq. Sen oʻz hayotingni uzaytirib, oʻzgalar hayotini qisqartirmoqchi boʻlding, lekin, bilib qoʻy, bu muddaoga hech qachon yetolmaysan. Hayot uchun na zamon, na makon darkor. Bir soniyaligu bir asrlik hayot ham, sening hayotingu boshqa jonzotlar hayoti ham barobar. Hayotga barham berish yoki uni oʻzga izga solish ilojsiz, chunki u biru bordir. Qolgani esa sarobu roʻyodir, xolos.

Chol shularni aytdi-yu, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Ertasiga shoh Asarxadon Lailie va boshqa hamma asirlarni ozod etishga farmon berdi – qatlni bekor qildi.

Indiniga oʻgʻli Ashurbanipalni huzuriga chorlab, podsholikni unga topshirdi, oʻzi esa avval boʻlib oʻtmish ushbu voqea haqida obdon oʻylab olish uchun sahroga chekindi, soʻng shahar va qishloqlarni yayov kezib, hayot yagona ekani va kimki boshqalarga yomonlik tilasa, oʻziga jabr etajagi haqida odamlarga pand soʻylab yashab oʻtdi.

 

Matlubaxon RAHIMOVA tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2016 yil 3-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/ossuriya-shohi-asarxadon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x