Ayvonli shapka

Birlashgan nashriyotning uchinchi qavatida buxgalteriya, yonida kassa bor edi. Hamma gazeta-jurnallarning xodimlari oyda ikki marta ozmi-koʻpmi qalam haqi olish uchun kassa tuynugi – “ambrazura”ga koʻksimizni “qalqon” qilardik. Bunday “qahramon”lar koʻp boʻlgani uchun goho “ochirid” ancha choʻzilib ketar edi. Bir kuni Neʼmat Aminov kassadan qirq soʻmmi-qirq besh soʻmmi qalam haqi olibdi. U paytda bu – ancha katta pul edi. Neʼmat akadan keyin navbatda turgan yoshi ulugʻroq, hazil-mutoyibaga oʻch bir shoir dashnom beribdi:

– Sen, yaramas, katta-katta gonorar olasan, “Akamning holi nima kechdi?” deb mendan xabar olmaysan. Kuz keldi, erta-indin yogʻin-sochin boshlanadi. Menga bittagina shapka olib bersang, haqing ketadimi?

 Neʼmat aka shoirning olmadakkina boshiga bir zum qarab turibdi-da, vaʼda beribdi:

– Indinga keling, sizga ayvonli, chiroyli shapka sovgʻa qilaman.

Bir kundan keyin shoir “sovgʻa”dan xabar olgani kelibdi. Neʼmat aka hamkasblar guvohligida chindan ham yap-yangi shapkani “yaxshi kunlaringizga kiying”, deb “egasi”ga topshiribdi. Shoir kiyib koʻrsa, shapkaning kattaligidan “ayvoni” burnigacha tushib ketibdi. Shoir jahl bilan shapkani boshidan yechibdi.

– Qozondek shapkangni boshimga uramanmi! – debdi xunob boʻlib.

Neʼmat aka uni “yupatibdi”:

– Hechqisi yoʻq. Paytava oʻrab kiyaverasiz!

 

Oʻtkir HOSHIMOV

https://saviya.uz/ijod/nasr/ayvonli-shapka/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x