“Tezkor gol” qanaqa gol?..

Hazrat Navoiyning “Tilga ixtiyorsiz, elga eʼtiborsiz” hikmatini hammamiz bilamiz. Bu hikmat bogʻchalarda, maktab, kollej, hatto idoralarda ham katta harflar bilan yozib qoʻyilgan. Biroq kundalik hayotda unga qay darajada amal qilamiz?.. Bu savolga har doim ham ijobiy javob berish mushkul. Mana, bir misol: “Futbolchi chigal yozdi mashqlarini boshlab yubordi”. Bu – futbol sharhlovchisining sharhidan.

“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da yozilishicha, chigal: uchini topib, yozib boʻlmaydigan, chalkashib, u yer-bu yeriga tugun tushib qolgan (ip, ingichka sim va shu kabilar haqida). Aslida, chigal emas, chigil boʻladi. Oyoqning chigilini yozmoq istab, sekin qoʻzgʻoldik, deganidek. Sharhlovchining “lutf”idan futbolchi kalavani yechishga kirishdi, degan maʼno chiqmoqda.

Mana, bu iboralarni ham takror-takror eshitganmiz: “Tezkor gol”, “Olmaliq futbolchilari tezkor gol urish harakatida…”. Bu nima degani? Oqimi tez daryoni koʻrganmiz, tez yogʻayotgan yomgʻirni kuzatganmiz, lekin “tezkor gol”ni qanday tushunish kerak. Tezkor – tez, ishni tez, chaqqon bajaradigan, degan maʼnolarni bildiradi. Buning darvozaga uriladigan golga nima daxli bor? Futbol sharhidan yana bir jumla: “Toʻp futbolchining oyogʻiga boʻysunmay, maydon tashqarisiga chiqib ketdi”. Qiziq, koptok futbolchidan xafami? Oddiygina tarzda: futbolchi toʻpni toʻxtatolmadi, desa boʻladi-ku. “Darvozabon oʻz oʻrnida”, “Agar darvozabon boʻlmaganda… gol boʻlar edi.” Endi tasavvur qiling, oʻyin qizigan bir paytda darvozabon bemalol Xolmat amakining dalasiga kelganday aylanib yuribdi. oʻalati emasmi? “Zarba hisobga taʼsir oʻtkazolmadi”. Toʻgʻrisi, qancha harakat qilmaylik bu jumlaga tushunmadik.

“Futbolchi ikkinchi qavatda yaxshi oʻynadi”, “Futbolchi maydonga qulab tushdi”, “Futbolchi yordamga muhtoj”, “Futbolchining bitta sarigʻi bor”, “Oʻyin keskin kurashlar ostida oʻtmoqda”, “Orqadan tepdi”… Sharhlovchilarimizning bunday bir qaynovi ichidagi soʻzlarini tushunib olish chindan ham “chigal yozdi mashqlari”dan-da mashaqatli. Chiroyli, loʻnda gapirish mumkin-ku. Mujmal soʻz yuritishga ne hojat?..

 

Sanjar Tursunov

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/tezkor-gol-qanaqa-gol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x