Nomlarning nomunosib tarjimasi

Tarjima ilmi va amaliyotida oʻgirish qiyin boʻlgan soʻzlar bir talay. Ularning asosiylari milliy oʻziga xos soʻzlar boʻlib, xalqaro terminda realiyalar deyiladi. Realiyalar deganda maʼlum bir millat va elatga xos narsa-hodisalarni ifodalovchi soʻzlar va tushunchalar anglashiladi. Ularni boshqa tilga oʻgirishda tarjima tilining taraqqiyot darajasiga qarab katta-kichik muammolar paydo boʻladi. Bu muammolarning yechimi, ularning tasnifi va tavsifi tarjima nazariyasida oʻrganilmoqda. Umumiy qonun-qoidalar bilan birga har bir til juftligida maxsus qoidalar ishlab chiqilmogʻi lozim.

Chet tillardan oʻzbek tiliga oʻgirilayotgan asarlarda ana shu muammolar hanuzgacha tarjimonlar va muharrirlarning boshini qotirib kelmoqda; bir nomning oʻzini bir necha xil yozish va talaffuz qilish hollari har qadamda uchramoqdaki, bu yakdillik talab qiladi. Ushbu maqolada asosan boshqa tillardagi atoqli otlar toifasiga kiruvchi kishi nomlari tarjimasi va oʻzbek tilida yozilishi haqida fikr yuritamiz.

Ozodlik xalqimizga barcha sohalarda mustaqil va dadil qadam tashlash, rivojlanish imkonini berdi. Yangiliklar osongina amalga oshirilmaydi, albatta.

Biz nafaqat oʻzimizga, balki boshqa xalqlar va ellarga, ularning qadriyatlari va oʻzliklariga ham yangicha qarashni, oʻrganishimiz kerak. Jahon xalqlari qadriyatlarini yangicha idrok va eʼtirof etsakkina, bizni ham ular etirof etadi, yangidan kashf qiladi va ana shu maʼnaviy eʼtiroflar siyosiy eʼtiroflarga quvvat boʻladi; bu esa, oʻz navbatida, chet elliklarga yurtimizga nafaqat mehmon yoki sayyoh koʻzi bilan, balki iqtisodiy hamkor va istiqbolli investor koʻzi bilan ham qarashga yoʻl ochadi.

Olmon va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarni yigirmanchi yillarda madaniy hayotimizning muhim omili boʻlmish tarjima jarayoni boshlab bergan boʻlsa, hozirgi kunda bu aloqalar, albatta, tillarimizda oʻz aksini topmoqda. Jumladan, ona tilimizda 300 dan ortiq olmoncha soʻzlar faol isteʼmolda ekanini olimlar isbot qilishgan ( O. Jumaniyozov). Ammo ana shu borada – chet el, jumladan, olmon xalqiga xos milliy koloritni oʻzbek tilida qayta yaratishda jiddiy muvaffaqiyatlar bilan birga juzʼiy kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilmoqda.

Shunday muammolardan biri olmonlarning ism-familiyalarini oʻzbek tiliga toʻgʻri “tarjima qilish” va “imloviy oʻzlashtirish” bilan bogʻliq.

Oilada tugʻilgan har bir goʻdakka ota-onasi shirin orzular, yorugʻ niyatlar bilan yaxshi ism qoʻyishga harakat qiladi. Goʻdak ismini taniy boshlar ekan, faqat oʻz ismini aytib chaqirganlaridagina qayrilib qaraydi. Oʻz ismini minglab ismlar orasida ajratib oladi. Yaʼni, u oʻz ismi orqali oʻzligini – oʻz olamini kashf etadi. Masalaga shu nuqtai nazardan yondashadigan boʻlsak, tarixdan munosib oʻrin olgan barhayot siymolarning ismlari boshqa xalqlar tillari va dillarida aynan oʻz xalqi tilida jaranglaganday yangrashi – Yohain Volfgang Gyote, Haynrih Hayne, Haynrih Mann, Hermann Kant, Friydrix Hegel, Ludvig Foyerbax, Artur Shoppenhauyer, Albert Aynshtayn, Ernest Hemengvay, Gi doʻ Mopassan shaklida oʻzbek imlosiga uygʻunlashishi ayni muddao boʻlur edi. Biroq chet elliklar, jumladan, olmonlarning nomini toʻgʻri aytish va yozish tarjimachiligimizda hanuzgacha muammoligicha qolmoqda.

Maʼlumki, bir tildagi ism-shariflar va joy nomlari ikkinchi tilga asosan ikki usul – transliteratsiya yoʻli bilan (yaʼni oʻz tilida qanday yozilsa) va transkripsiya usuli bilan (yaʼni qanday talaffuz qilinsa) oʻzga tilga shundayligicha oʻtkaziladi, iloji boricha asliyatga yaqin shakl va ohangda oʻtishiga harakat qilinadi. Bunda chet tilining tovush tizimi, alifbosi, imlo qonuniyatlarini ona tili tovush tizimiyu imlo imkoniyatlari asosida adekvat (muqobil) tarzda qayta tiklash muammosi paydo boʻladi. Mushkullik, avvalo, shundan iboratki, dunyodagi bir-biriga fonetik va orfoepik jihatdan toʻla mos keladigan ikkita bir xil til yoʻq. Masalan, olmon tilidagi ch tanglayoldi tovushi boshqa koʻp tillarda, xususan, rus va oʻzbek tillarida yoʻq. Demak, ismlarda uchrovchi va ularning oxirgi boʻgʻinini yakunlovchi shu yumshoq tanglay undoshini rus tilida qattiq “x”, oʻzbek tilida yumshoq “h” tovushi bilan qayta tiklashdan oʻzga chora yoʻq: Heinrich – Xaynrix – Haynrih. Rus va oʻzbek tillaridagi tarjimalarda esa bu ismning birinchi boʻgʻini butunlay oʻzgarib, negadir Genrixga aylanib qolgan. Muammoning ikkinchi muhim va qiyin, ammo hal qilsa boʻladigan tomoni hammaga maʼlum quyidagi fakt bilan bogʻliq: deyarli koʻpchilik olmoncha ismlar rus tiliga oʻtayotganda shu til tovushi va alifbosi imkoniyatlari va imlo xususiyatlariga bir karra moslashib, til osha uchinchi til – oʻzbek tilida paydo boʻlganda, koʻpincha xuddi oʻrischaday koʻrinishi yoki yana bir bor “oʻz toʻnini yangilash”i kerak boʻlmoqda.

Shu oʻrinda professor I. Mirzayevning quyidagi fikri masalaga oydinlik kiritishga yordam beradi: “Bizga rus tili orqali kirib kelgan G. de Mopassan, O. de Balzak, F. de Sossyur kabi familiyalarni istiqlol bergan imkoniyatdan foydalanib, toʻgʻri talaffuz kilish va yozish vaqti yetdi. Ruslar bu familiyalarni oʻzlaricha, yaʼni shunday oʻqish va yozishni xohlaganlari uchun emas, balki obʼyektiv sabablarga koʻra – tillarida “oʻ” tovush-harfining yoʻqligi uchun yozib keladilar. Bizning tilimizda esa bunday tovush, harf bor”. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, faqat bevosita tarjima orqaligina ikkinchi “filtr”ni bartaraf etish mumkin. Bugungi kungacha olmon-oʻzbek tarjimachiligida deyarli barcha badiiy asarlar rus tili (tarjimasi) orqali oʻgirilgan.

Til osha tarjima natijasida esa kuyidagicha noxush manzara paydo boʻlganki, bu hol bilan murosaa qilish aslo mumkin emas:

Asliyatda

Ruschada

Oʻzbekchada

Adelheid

Adelxeyd, Adelgeyd

Adelxeyd

Auerbach

Averbax

Averbax

Bernhard

Berngard

Berngard

Chomsy

Xomskiy

Xomskiy

Dietrich

Ditrix

Ditrix

Einstein

Eynshteyn

Eynshteyn

Goethe

Gete, Gyote

Gyote, Hyote

Hauf

Gauf

Gauf

Hemingway

Xeminguey

Xeminguey

Hessling

Gesling

Gesling

Hans

Gans

Gans

Hegel

Gegel

Gegel

Heinrich

Genrix

Genrix

Heine

Geyne

Geyne, Heyne

Hermann

Germann

Germann

Hitler

Gitler

Gitler

Hofmann

Gofman

Gofman

Hugo

Gyugo

Gyugo

Jakob

Yakob

Yakov

Johann

Iogann, Yogan, Ivan

Iogann, Ivan

Josef

Iosif

Iosif, Yusuf

Feuerbach

Feyerbax

Feyrbax

Freud

Freyd

Freyd

Wilhelm

Vilgelm

Vilgelm

Yuqoridagi misollarda keltirilgan olmoncha ismlarning ruscha va oʻzbekcha variantlarini xato deb oʻylaymiz. Chunki rus va, ayniqsa, oʻzbek tilida shu nomlarni asliyatiga yanada yaqinroq keltirish imkoniyatlari bor.

Masalan, Adelheid ni ruschaga “Adelxayd” deb oʻgirish mumkin. chunki rus tilida yumshoq “h” tovushi boʻlmasa-da, “ay” diftongi bor, masalan: may, ray, lay va hokazo; oʻzbekchada esa originalga muqobil, rus tilida yoʻq imkoniyat – yumshoq “h” va “ay” diftongi bor, Adelheid ni “Adelhayd” deb oʻgirsa boʻladi. Xuddi shunday imkoniyatlardan boshqa koʻp nomlar, masalan, joy nomlari (Leipzig – Leypsig – Laypsig va hokazo) va kishi nomlari “tarjimasi” uchun foydalansa ham boʻladi, yaʼni quyidagi olmoncha Auerbach, Bernhard, Einstein, Hans, Hegel, Johann, Feuerbach, Schoppenhauer, Hessling, Heine, Goethe kabi nomlarni Auyerbax, Bernhard, Aynshtayn (Eynshteyn emas), Hans (Gans emas), Hegel (Gegel emas), Haynrih (Genrix emas), Hayne (Geyne yoki Heyne emas), Yohan yoki Yohann (ammo zinhor Iogann emas), Foyerbax (Feyrbax emas), Gyote (Hyote emas) va hokazo. Fransuz tilidagi Gi de Mopassan emas, Gi doʻ Mopassan, de Balzak emas, doʻ Balzak, de Sossyur emas, doʻ Sossyur deb, Hemingwayni Xemenguey emas, Hemingvay tarzida yozish va, oʻqish asliyat ruhi va mohiyatiga mos. Bu bizning istagimiz emas, balki ona tilimizning butun salohiyatini namoyon etish va, shu bilan birga, chet el olim, adib va boshqalarning ism-familiyalarini oʻzlarida qanday boʻlsa, shunday yozish, oʻqishga daʼvatdir, xolos.

Bu imkoniyatdan foydalanmay kelinayotganini tushunish qiyin (I. Mirzayev). Hatto bevosita tarjimalarda ham ruscha variantni qoʻllash hollari koʻp uchrashiga hayron qolasan kishi.

Keltirilgan misollar va oʻrganib chiqilgan materiallardan shunday xulosa chikadiki, nomlar tarjimasi, ularni bir tildan ikkinchi tilga oʻtkazish ishi muhim va mushkul masala hisoblanadi. Bu muammoni hal etish bir qancha faktlarga bogʻliq, jumladan:

Kishi nomlari – antroponimlar va joy nomlari – toponimlar tarjimasiniig umumilmiy asoslarini alohida tillar juftligi materialida ishlab chiqish.

Tarjima nazariyasi va amaliyotiga tayangan holda ikki tilli va koʻp tilli realiyalar lugʻatlarini yaratish.

Bevosita tarjima ishini kengaytirish va ragʻbatlantirish.

Chet el adabiyotidan qilinayotgan til osha tarjimalarni albatta mutaxassis tilshunos-germanist, romanist va sharqshunoslarning jiddiy taqrizi, tahlili va tahriridan oʻtkazish kabi qator chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak.

Bu borada qiyinchiliklar, “chet tilidan oʻzbek tiliga kirgan soʻzlarning hozirgi zamon imlosi ananaga aylanib qolgan-ku” qabilidagi eʼtirozlar boʻlishidan qatʼi nazar, shuni ham eʼtirof etish kerakki, keyingi paytlarda kishi nomlari va joy nomlarini yanada aniqroq va asliyatga imkon qadar yaqinroq tarjima qilish tendensiyasi rivojlanib, davlat miqyosida qoʻllab-quvvatlanmoqda. Tilda oʻrnashib, qoʻllanishi odat va anʼanaga aylanib qolgan chet tildagi ismlar va nomlarning xato transliteratsiyasi – yozuv shaklini oʻzgartirish, albatta, qiyin, ammo zinhor amalga oshirib boʻlmaydigan yumush emas.

Xuddi shu masalaga toʻxtalib, bolgar tarjimashunoslari S. Vlaxov va S. Florinlar shunday deydilar: “Ism-shariflarning eng gʻaliz chiqqan taranskripsiyalarini asta-sekin oʻzgartirish zaruratini keskinroq qoʻyish kerakligini taʼkidlash lozim, qani endi, masalan, ruscha yozilib kelingan Geyne va Gyugo oʻz ism-shariflari boʻlmish “Hayne” va “Yugo”day yozila boshlasa; turli millatlar – ingliz, fransuz, olmon, shved va boshqa millatlar qirollari umumiy Karl degan shaklda emas, balki inglizcha Charlz, fransuzcha Sharl, olmoncha Karl, shvedcha Karlos va Karli kabi shakllarda yozilsa. Hozirgi Uilyamlar rus tilida Vilyamlarga, Helmutlar Gelmutlarga aylanib qolmasa, ayni muddao boʻlardi. Bu xil jarayon boshlanganiga ishoralar bor-u, biroq ular juda ishonarsiz hamda izchil emas”.

Naqadar adolatli, qonuniy umid, talab va xolis fikr. Bu borada olmon-oʻzbek tarjimachiligida tetapoya qadamlar qoʻyilmoqda. Masalan, olmon yozuvchisi B. Apitsning “Qashqirlar changalida” romanini oʻzbekchalashtirgan tarjimon Yanglish Egamova asar qahramonlarini oʻzbekchada ham olmon tiliga muqobil ohanglarda qayta nomlagan. Ammo mashhur shoir Heinrich Heine ning ismi-sharifi oʻzbek shoiri Abdulla Sher qalamida yana avval Genrix Geyne, keyin Henrix Heyne boʻldi va nihoyat bizning mulohazalarimizdan soʻng Haynrih Haynega aylandi.

Kuzatishlardan maʼlumki, olmon ismlarini oʻzbekchalashtirishda yoʻl qoʻyilgan xatolar bir tomondan ei, ie, au, a, u, kabi unli tovushlar va diftonglar, ikkinchi tomondan g, h, ch, sch, sh, tsch kabi undosh va afrikatlarni qayta tiklash jarayonida sodir boʻlmoqda.

Bizningcha, olmoncha – ei, eu, ai, ay diftonglarini oʻzbekcha – ay bilan, olmoncha au ni au, av bilan, äu, yeu ni oʻzbekcha – oy bilan, h ni h, ü ni yu yoki uy, iy va ie ni – iy, iye bilan, ch ni soʻz boshida x, soʻz (boʻgʻin) oxirida h bilan oʻtkazish shu unli va undoshlar uchragan olmoncha ismlarning oʻzbek tili alifbosida qayta yozilishiga – tarjimasiga asos boʻladi.

Yuqorida aytilgan fikrlar masalaning asosan bir tomoni, yaʼni ismlarning imlosi va talaffuzida milliy oʻziga xoslikni saqlab qolishiga tegishli. Bu shunchaki oddiy masala emas, chunki imlo va talaffuzning buzilishi ismlar maʼno va mazmuniga ham putur yetkazadi. Chunki shakl va mazmunning oʻzaro dialektik aloqadorligi ismlar va ularning tarjimasidagi qonuniyatlarni namoyon qiladi. Masalan, oʻz ona tilimizda qizlarga ezgu niyat bilan qoʻyilguvchi Gavhar ismini olaylik. Naqadar goʻzal, nafis va purmaʼno ism. Shu oʻzbekcha ismni oʻzbeklarimizning oʻzlari ham doim toʻgʻri aytavermaydilar: yo erinadilar, yoki sheva taʼsirida “Govxar” deb talaffuz qilishadi. Shunday talaffuzli ism qulogʻiga chalingan tojik va fors tillari vakillari nima deb oʻylashini bir tasavvur qilib koʻring-a (“gov” sigir, “xar” esa eshak manosini anglatadi). Koʻrdingizmi, oʻzbek ismidagi bor-yoʻgʻi bir unli a – o ga va bir undoshning qattiq yoki yumshoqlik belgisi hx ga oʻzgarsa, maʼnoning qanchalar oʻzgarishiga olib keladi.

Ismimizni oʻz tilimizda va boshqa xalq tilida toʻgʻri aytilishini istar ekanmiz, keling, yaxshisi, oʻzga xalqlar ism-shariflarini ham tilimiz imkoniyatlaridai kelib chiqib asliyaticha saqlashga harakat qilaylik. Macalan, nemischa Reinhold (Raynhold)“Azizlarning azizi” demakdir. Oʻzbek tilidagi “Azizxoʻja” ismi shu niyatda qoʻyilsa kerak. Bu ismni agar Rayngold deb oʻgirsak – “sof oltin” maʼnosi paydo boʻladi. Tarjimalarda esa koʻpincha “Reyngold” shakliga duch kelamiz, yaʼni oltinning sofligi yoʻqolib, azizlik tillaga aylanib qoladi va ism butunlay oʻzgaradi, maʼnosiz boʻlib qoladi. Xuddi shunday holat mashhur olmon faylasufi Ludvig Foyerbax ismini rus tili orqali oʻzbekchalashtirganda ham sodir boʻlgan. Rus traditsiyasi taʼsirida olmon allomasi Ludwig Feuerbach Lyudvig Feyerbaxga aylangan. Feuer – foyer “olov, oʻt, yonmoq” maʼnolarini, Bach esa “buloq, ariq” maʼnolarini anglatadi. “Feyerbax” da olov, oʻt, yonish maʼnolari yoʻqolib qolgan. Foyerverk nimaligini bir eslang. Xullas, “yonarbuloq”dan hech narsa qolmagan. Oʻzbekchada Ludwig ismini ham Lyudvig emas, Ludvig deb berish toʻgʻriroq boʻlardi.

Shuningdek, olmon fizik olimi Georg Simon Ohm ning ism-sharifini rus tili orqali oʻzbekcha Georg Simon Om deb oʻtkazishgan. Vaholanki, asliyatga, olmoncha qomuslarga murojat qilib, Georg Simon Oum tarzida oʻgirish ayni muddao boʻlur edi.

Masalaning yuridik tomoniga ham eʼtibor berish kerak. Oʻz ism-familiyasi yordamida kishilar turli xil yuridik va ijtimoiy munosabatlarda muomalada boʻladilar. Ammo ijtimoiy munosabatlarning shunday jabhalari borki, ism va familiyalar alohida konunlar bilan muhofaza qilinadi. Ilmiy va badiiy adabiyot vakillari, sanʼat namoyandalari, ixtirochilar, ratsionalizatorlarning ism-familiyalari ana shunday nomlardan hisoblanadi. Ularning nomini na oʻz tilida, na oʻzga tilda buzib aytish va yozish mumkin.

Koʻramizki, kishi nomlarini bir tildan ikkinchi tilga oʻtkazish – “tarjima“qilish nihoyatda muhim va koʻp qirrali masaladir. “Narsalarni oʻz nomi bilan atang” degan naql bor. Keling, doʻstlar, ana shu narsalarning ijodkori boʻlmish insonlar nomini toʻgʻri aytish, toʻgʻri tarjima qilishni ham unutmaylik. Tarjimachiligimizda koʻtarilayotgan muammolarni hal etish madaniy-ijtimoiy hayotimizdagi yangilanish jarayoniga kamtarin ulush boʻlishiga ishonchimiz komil.

 

Xurram RAHIMOV,

filologiya fanlar nomzodi

 

“Yoshlik”, 2017–3

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/nomlarning-nomunosib-tarjimasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x