Bir goʻzal qoʻshiqlar kuylagim kelar…

Vatan

 

Men sheʼrday oʻqidim daraxtlarini,

Yodladim bargining xollarigacha.

Zaminin bahor deb, dunyoni kuz deb,

Quchdim yozlariyu qorlarigacha.

 

Koʻzimni nimadir avaylab oʻpdi –

Shamol boʻsasida yondi kipriklar.

Ikki jahonlarni tutashtirguday

Yuragimga undan bunyod koʻpriklar.

 

Bobomni koʻraman togʻiga qarab,

Momomning kaftiga oʻxshar hayoti.

Uyqumga koʻchgani sira tushlarmas, –

Daladan dil tergan qushlari yodi.

 

Boshoqqa boylanib oʻsar umrlar,

Yulgʻunday shoxlanib, rostlanar dehqon.

Xohlasa, tandirday gullaydi tuproq,

Xohlasa, yomgʻirday toʻkilar osmon.

 

Bu afsunni kimdan oʻrgandi ekan?

Nurlar toʻshab borar quyosh iziga.

Koshki, vatan boʻlsam koʻnglimdan oʻtgan

Ulugʻvor Vatanning bitta hisiga…

 

 

Dil bongi

 

Bir goʻzal qoʻshiqlar kuylagim kelar,

Nigohlari soʻlim, ohangi sokin.

Lek ichimga singmish shamollar, yellar,

Yuragimda shovqin, ruhimda shovqin.

 

Kimning ismidir bu ilhaq, titrak sas,

Hayot qaysi dildan chalayapti bong?

Haddidan oʻtolmay, kunlarimgamas,

Tushlarimga shoshib kirayapti tong.

 

Men ham shoshayapman betoqat va zor,

Qadamin tezlatar koʻzimdagi yosh.

Faqat… ketmasa-yu bogʻlardan bahor,

Botgani shoshmasa boʻldiydi quyosh.

 

Turnalar qaytadi, ha, ular qaytar,

Kelarim, ketarim bir yoʻl mening ham.

Dunyo ermak uchun yozmasin qaydlar –

Yuzingni bekitgin, bekit, peshonam…

 

Bir goʻzal qoʻshiqlar kuylagim kelar…

 

 

Ishonch

 

Zaminning koʻziga joylashganimda,

Yuragimni tutsa qushlar koʻz yoshi.

Mening benaf, bedod ogʻriqlarimdan

Aylanib ketganda dunyoning boshi.

 

Mezonlari menga safarga chiqsa,

Yodimning koʻnglida chalkashaversa.

Daraxt odam boʻlib, sabo tilida

Nafaslarim bilan gaplashaversa.

 

Dard yomgʻirday yuzga toʻkilganida

Boshimni silasa Ayyub bardoshi.

Majnuna hislardan iltifot kutib,

Gʻashlanib botganda ruhim quyoshi –

 

Siz yetib kelasiz orzular bilan…

 

 

Qaytish

 

Agarda qaytmasam…

Kuzgi bogʻlarga

Bir nasim boʻlaman, chekinar ogʻriq.

Koʻzimning oldida yuksalasan sen,

Koʻzimning oldida ulgʻayar borliq.

 

Men singib boraman maysaga, yerga,

Qaygʻular koʻksimni toptamas bevaqt.

Mening yuragimda chayqalar dunyo,

Mening ovozimda chuchkirar daraxt.

 

Agarda qaytmasam,

Qaytolmasam men,

Yana jim ketaman nurafshon boʻlib.

Bir ichkin nolada, ezgin nolada

Koʻzlarim qaytadi namozshom boʻlib…

 

 

Barhayot soʻz

 

Fasllar almashinur, kimlarga qalam yoʻnib,

Dildan chiqqan kalomning begonasi boʻlmagay.

Yurak derazasining oldida oppoq boʻlib

Gullar Hamid Olimjon – kech kuzda ham soʻlmagay.

 

Dunyo yukli karvondir – koʻzi yoshli, biri kamli,

Bagʻridagi kemtiklar zari bilan toʻlmagay.

Hayot! Seni kuyladi goh suyib, goh alamli,

Aytgan soʻzi – barhayot, Zulfiya hech oʻlmagay.

 

 

Shamol

 

Bu shamollar tinim bilmaydi,

Bu shamollar – erka shamollar.

Toʻrt faslida yursa ham daydib,

Adirlari olmas malollar.

 

O, men shamol edim bir paytlar,

Qirlarida sapchib oʻynagan.

Kuyim oʻsdi… koʻpaydi dardlar,

Va… oʻylaganim oʻylagan.

 

Dunyolarim oddiydan oddiy,

Men-da malol bilmasman, netdim.

Sen ham bitta erka shamolday

Yuragimda esdingu ketding…

 

 

Tilak

 

Rangin tushlar koʻring, azizim,

Rangin boʻlsin dunyolaringiz.

Menikidir oq va qoralar,

Menikidir endi yodingiz.

 

Endi menman xatodan ado,

Endi men eng toza jazoman.

Siz ranjimang, tushuning, axir,

Men baxt emas, Baxtinisoman.

 

Goh bezdirsa, oqu qoralar,

Dil yigʻlasa mendan narida.

Rangin qoʻshiq kuylasangiz bas,

Yuragimning qiblalarida…

 

 

Baxtiniso MAHMUDOVA

 

“Yoshlik”, 2017–4

https://saviya.uz/ijod/nazm/bir-gozal-qoshiqlar-kuylagim-kelar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x