Post Views:
231
XX asr boshida Toshkent “yangi” qismi nafaqatgina Sirdaryo viloyatining balki Turkiston o‘lkasining yirik sanoat markaziga aylandi. 1911 yilga oid ma’lumotlar shundan darak beradi.
Ma’lumotlar paxta tozalash zavodlari (3 192 166 rubl), shuningdek aroq (1 113 853 r.), pivo (608 560 r.) zavodlari, bosmaxona va litografiya (310 ming r.), cho‘yan quyish korxonasi (30 ming r.) mahsulotlari muntazam o‘sganligidan dalolat beradi. Poyafzal, ichki va tashqi kiyimlar fabrikasi (1 142 ming r.), sholi oshlash zavodi (450 ming r.), tegirmonlar (230 ming r.), qandolat va konfet fabrikalar (350 ming r.) mahsulot ishlab chiqarishni ancha kengaytirdi.
Ishchilar miqdori bo‘yicha birinchi o‘rinni poyafzal, ichki va tashqi kiyimlar fabrikasi (700 odam), ikkinchi o‘rinni paxta tozalash zavodi (357), uchinchi o‘rinni esa bosmaxona va litografiya (290 odam) egallaydi. Umumiy miqdor sanoat korxonalarida 3369 ishchi ish bilan band bo‘lgan.
Shuni ta’kidlash joizki, ushbu davrda sanoatning qator tarmoqlari muntazam ravishda ishlamagan. V.V. Zaorskaya va K.A. Aleksandr ma’lumotlariga ko‘ra 1913 yilda viloyatning 252 sanoat korxonalaridan 183 tasi ishlagan, ular tarmoqlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlangan: 46 % – paxta tozalash zavodlari, 8 % – tegirmonlar, 6 % – pivo zavodlari, 2 % – charm zavodlari, 2 % – bosmaxona va korxonalar va 1 % – qolganlariga to‘g‘ri kelgan. Viloyatdagi barcha zavodlar mahsulotlarining qiymati 23 623 740 rublni tashkil etgan, shulardan 21 448 968 rubl, yoki 90 %ini Toshkent uyezdi bergan, shundan Toshkent shahri ulushiga 14 555 459 rubl, yoki Toshkent uyezdi zavod va fabrikalarida tayyorlangan mahsulot umumiy qiymatini 69 %i to‘g‘ri kelgan. Tadqiqot mualliflari eslatgan 183 sanoat korxonalaridan 127 tasi Toshkent uyezdida, 111 tasi Toshkent shahrida, asosan uning «yangi» qismida joylashgan.
Bu davrda ishlab turgan ustaxona va korxonalar bilan bir qatorda yangi-sopol buyumlar ishlab chiqaruvchi, rang ishlab chiqaruvchi, utilizatsiya (har xil chiqitlarni qayta ishlash), ohak ishlab chiqaruvchi korxonalar paydo bo‘lgan. Mazkur korxonalarda ishchilar soni ancha ortgan. Jumladan, 1910 yilda 570 chilangar, 210 temirchi, 49 tunukasoz, 42 tomga tunuka qoplovchi, 57 degrez, 41 pechkachi, 58 muqovasoz, 418 etikdo‘z, 23 devorga gul tushiruvchi, 37 oynasoz, 53 shapka tikuvchi, 385 tikuvchi, 55 charxchi, 31 aravasoz, 63 soatsoz va h.k.lar bo‘lgan. Ustaxona va korxonalarda hammasi bo‘lib 3 240 ishchi ishlagan. V.V. Zaorskaya va K.A. Aleksandr ma’lumotlariga ko‘ra 1913 yilda cho‘yan quyish, degrezlik va chilangarlikni o‘z ichiga olgan qo‘l ustachiligi ancha rivojlangan, bunda krovat yasash, tunukasozlik, aravasozlik va qalaysozlik rivojlangan. Temir, cho‘yan, mis kabi xomashyolar Donets havzasi, Varshava, Riga, Odessa va Minskdan keltirilgan. Ustaxonalarning yillik aylanmasi 305 ming rublni, ishchilar soni 178 nafar odamni tashkil etgan.
Umuman shaharda 136 turli sanoat korxonalari bo‘lib, shulardan 1913 yilda 25 tasi ishlamagan. Shu bois mualliflar 111 korxonani o‘rganishga majbur bo‘lganlar. 1914 yilda yana 10 korxona ochilgan. Ular ichida juvozkashlik, ko‘nchilik, g‘isht, sovun va boshqa zavodlar bo‘lgan. Natijada shahar zavod va fabrikalarining umumiy miqdori 146 tagacha yetgan. 1913 yilda viloyat sanoatida shahar ulushiga 81 % to‘g‘ri kelgan.
Sanoatning yuzaga kelishi va rivojlanishi mahalliy ishchi sinfining shakllanishiga olib keldi. Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, fabrika-zavod sanoati paydo bo‘lgan dastlabki yillarda o‘zbeklar va tub aholining boshqa vakillari korxonalarida ishlashga jalb etilgan. O‘shanda ularni «erkin yollanuvchi mahalliy xalq» deb atashgan. Chorizmning mustamlakachilik siyosati tufayli ulardan qora ishchi sifatida foydalanishgan. Tub aholi ichida yuqori malakali sanoat ishchilari bo‘lmagan.
1873 yilda Toshkent sanoat korxonalari ishchilari soni 628 tani tashkil etgan, shulardan 348 tasi ruslar, 159 tasi o‘zbeklar, 87 tasi qozoqlar, 19 tasi yahudiylar, 15 tasi tatarlar bo‘lgan. Ko‘rinib turibdiki, ishchilar ko‘p millatli bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, ishchilar soni goh ko‘payib, goh pasayib turgan, bu u yoki bu korxona ishining nomuntazamligi bilan bog‘liq. Shu bois 1877 yilda ishchilar soni 554 tagacha kamaygan. Eng ko‘pi paxta tozalash (130), spirt, aroq ishlab chiqarish (73), tamaki (74) va pivo (70) zavodlarida ishlagan. 1900 yilda ishchilar soni 1 016 odamga yetgan. Ularda qushxona ishchilari (354 odam) sezilarli foizni tashkil etgan.
XX asr boshida temir yo‘l qurilishi va sanoat rivojlanishi munosabati bilan mahalliy ishchilar soni ko‘paydi. Ikki temir yo‘l ustaxonasida 2 ming ishchi ishlar edi, shulardan 120 nafari tub aholi vakili edi. Elektrostansiya korxonalari va «Toshkent tramvay»ida 1 000 kishi ishlardi. V.V. Zaorskaya va K.A. Aleksandr ma’lumotlariga ko‘ra 1913 yilda Toshkentning 111 korxonasida 2 463 ishchi ishlagan, jumladan paxta tozalash zavodlarida – 548, bosmaxonalarda – 324, spirt tozalash zavodlarida – 1548, pivo zavodlarida – 153, vino zavodlarida – 101 kishi ishlardi.
Mexanika ustaxonalari (214) va g‘isht zavodlarida (327) ham ko‘plab ishchilar mehnat qilar edilar.
Shahar sanoatida ko‘proq erkaklar ishlardi, ayollar esa ko‘proq idish-tovoq yuvishda va ma’danli suv tayyorlashda ishtirok etar edilar. Faqat birgina ayol bosmaxonada harf teruvchi bo‘lib ishlardi. Shaharning barcha zavod va fabrikalarida 171 ayol ishlardi, lekin ular ichida bitta ham o‘zbek ayoli yo‘q edi.
Ishchilar tarkibi asosan ruslar, o‘zbeklar, qozoqlar va boshqa millat vakillaridan iborat edi. Masalan, 1913 yilda sanoat korxonalarida ruslar 1286, o‘zbeklar 1011, qozoqlar 393, tojiklar 151, qashg‘ar va dunganlar 28, boshqa millat vakillari 149 nafar kishini tashkil etgan. Garchi bu ma’lumotlar butun viloyatga tegishli bo‘lsa-da, u shahar aholisining milliy tarkibi haqida yorqin tasavvur berardi, zero u yerda sanoatning asosiy turlari jamlangan edi.
Ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbeklar son jihatdan ruslardan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi, biroq ular qora ishchilar bo‘lib xizmat qilganlar. Mualliflar shunday yozadilar: Ishlab chiqarish bo‘yicha ishchilar toifasida sartlar (o‘zbeklar) yarmi-51,0 % ni, ruslar 33,6 % ni tashkil etadilar. Dvigatellar oldida faqat ruslar ishlaydi – 85.9 %. Ta’mir ishlarida ham ruslarning miqdori katta – 66,4 %. Xullas, qayerdaki malakali ishchi talab etilsa, o‘sha yerda ruslar bo‘ladi. O‘zbek ishchilarini jin, linterlar oldida, moylovchi, pechkachi sifatidagina ko‘rish mumkin bo‘lgan.
Sanoat ishchilaridan tashqari shaharda ustaxona va boshqa korxonalarda band bo‘lgan yollanma odamlar bo‘lgan. 1910 yil ma’lumotlariga ko‘ra, ular 3 mingdan ko‘proq bo‘lgan. Shahar ishchilari umumiy miqdori 6 mingtagacha borgan. Demak, bu davrda Toshkent shahri yangi qismida kapitalistik turdagi sanoat paydo bo‘lgan va muvaffaqiyatli rivojlangan. Bu nafaqat shaharning, balki o‘lkaning o‘zi uchun ham katta ahamiyat kasb etgan. Vaqt o‘tishi bilan Toshkent O‘rta Osiyoda yirik sanoat markaziga aylandi. Biroq sanoat rivojlanishi o‘lkaning boshqa joylaridagidek asosan xomashyoga birinchi ishlov berishga qaratilgan bo‘lib, u mustamlakachilik siyosati bilan xarakterlanadi. Bu har taraflama va izchil rivojlanishga to‘sqinlik qilgan va uning past texnika darajasida bo‘lishligi eng muhim sabablardan biri hisoblangan.
Umuman xulosa qilib aytganda o‘lkada paxtachilik sohasidagi olib borilayotgan ishlar va ilmiy tadqiqotlar, jumladan amerika paxtasini iqlimlashtirish, qishloq xo‘jaligida yangi agrotexnika jixozlaridan foydalanish va katta-katta paxta plantatsiyalarini paydo bo‘lishi paxta hosildorligini va sifatini oshirishga sabab bo‘ldi. Bu o‘z navbatida o‘lkada paxtachilikni rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Lekin chor hukumatining sanoat sohasidagi mustamlakachilik siyosati o‘lka iqtisodini rivojlanishiga to‘sqinlik qildi. Paxtachilik orqasidan tushadigan barcha daromad faqatgina metropoliyaning boyishiga xizmat qildi.
XIX asr oxiri – XX asr boshida temir yo‘l qurilishi avj olgan. Jumladan, yuqorida qayd etib o‘tilganidek, Turkistonda Kaspiyorti temir yo‘li qurilib, 1899 yilda Samarqand – Andijon liniyasi Toshkentgacha keltirilgan, bu Toshkentni Kaspiy sohili bilan ulagan. Kavkazorti temir yo‘li (Kazalinskdan Toshkentgacha) bosh liniya uzunligi 1748 verst bo‘lib, u keyinchalik O‘rta Osiyo temir yo‘li deb atala boshlagan. 1906 yilda Orenburg – Toshkent temir yo‘li liniyasining ochilishi Toshkentdan Rossiyaning markaziy rayonlarigacha bevosita yo‘l ochib bergan. Keyin Farg‘ona viloyatida ichki temir yo‘l liniyalari qurilgan. Natijada Toshkent Rossiyaning boshqa hududlari bilan bog‘lanish imkoniga ega bo‘ldi. Lekin bu imkoniyat tub aholining foydasiga emas, balki Turkiston o‘lkasiga boylik orttirish maqsadida quzg‘undek yopishgan chor hukumati va savdo-sanoat korchalonlarining «ishtahasini» qondirishga keng yo‘l ochib berdi.
Rossiya imperiyasi Turkiston o‘lkasida faqatgina xom ashyoga birlamchi ishlov beruvchi sanoat korxonalariga asos solib, o‘lkaga Rossiyadan tayyor mahsulot keltirdi. Bu mahsulotlar o‘z navbatida o‘lkadagi xunarmandlarning ishlab chiqargan mahsulotlarini raqobatga bardosh bera olmay sinishiga olib keldi. Buning oqibatida ular ishsiz qolib, zavod va fabrikalarda yollanma ishchi yoki bo‘lmasa mardikorchilik qilishga majbur bo‘lganlar.
Avvalambor mustabid hukumatning manfaatlariga ko‘zlagan xolda Turkiston o‘lkasida, jumladan Toshkent shahrida sanoat ishlab chiqarishiga asos solindi va uning daromadi chor hukumati va savdo-sanoat korchalonlarining manfaatlari uchun xizmat qildi.
Jannat Ismoilova
O‘zR FA Tarix instituti
O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004
Ushbu qimmatli manbaning elektron variantini taqdim etgani uchun monografiya muallifi J.Ismoilovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
https://shosh.uz/uz/yangi-toshkent-sanoatning-paydo-bo-lishi-va-rivojlanishi-4-qism/