So‘nggi yillarda o‘zbek san’atining ko‘plab taniqli vakillari dunyoning turli mamlakatlariga ko‘chib ketmoqda. Asosan, Amerika, Turkiya va Rossiyada karyerasini davom ettirish maqsadida yo‘l olayotgan mashhurlarning barchasi ham musofir yurtda ijod bilan shug‘ullanayotgani yo‘q.
“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov ayni paytda Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonlik mashhurlar haqida material tayyorladi.
“Opa-singillar” orqali yanada tanilgan Kamola Arslonova
“Kelgindi qaynona”, “Sevginator-2”, “Kirakash”, “Opa-singillar” kabi o‘nlab film va seriallardagi rollari orqali tanilgan serqirra ijodkor Kamola Arslonova yetti yildan buyon Turkiyada yashaydi. Diyora taxallusi bilan ham ijod qilib, o‘nlab qo‘shiqlar ijro etgan aktrisa 2014-yilning dekabr oyida turkiyalik Mesut ismli tadbirkorga turmushga chiqqan.
Ayni paytda Izmir shahrida oilasi bilan baxtli hayot kechirayotgan Kamola Arslonova uch yoshli qizi Axsenning tabriyasi bilan band.
“Haligacha O‘zbekiston fuqarosiman”
2000-yillar o‘zbek pop musiqasining eng oldi namoyandalaridan biri bo‘lgan, o‘z vaqtida “Bir qiz bor”, “Yonimda qol”, “Yolg‘izman” kabi qo‘shiqlari bilan muxlislar qalbiga kirib borgan Rustam Mahmudov Turkiyaga ko‘chib ketganiga o‘n yildan oshdi.
“Istanbulga 2005-yili o‘zbek estrada xonandasi Ozoda Nursaidovaning bir loyihasi sabab kelganmiz. Bu yerdagi san’atkorlar, mutaxassislar men qilgan musiqiy aranjirovkani yaxshi baholashdi va elektron manzillarimni olib qolishdi. Toshkentga qaytganimizdan so‘ng ma’lum vaqt o‘tib, hamkorlik qilish uchun Turkiyaga kichik-kichik loyihalarga taklif qilishdi. Ularning ra’yini qaytarmaslik hamda musiqiy bilimlarimni yanada mustahkamlash, aranjirovka borasida mahoratimni oshirish maqsadida Istanbulga keldim. Vaqt o‘tgan sari Turkiyaga ko‘nikdim, menga yaqinroqdek tuyuldi va shu mamlakatda qolib ketdim. Ammo haligacha O‘zbekiston fuqarosiman. Tug‘ilgan yurtimga har ikki yilda bir boraman”, — deydi u.
2020-yil Turkiyaning eng yaxshi aranjirovchilari o‘ntaligiga kirgan Rustam Mahmudov Istanbulda faqat san’at bilan shug‘ullanadi, daromadi shu sohadan.
Turkiyadan uy xarid qilgan Sarvara
“Olmacha”, “Muhabbat”, “Uvolim bor” kabi qo‘shiqlari bilan yosh-u keksaga yaxshi tanish xonanda Sarvara ayni paytda Turkiya poytaxtida yashab, faoliyat yurityapti. 2018-yildan beri musofir yurtda istiqomat qilayotgan qo‘shiqchi 2020-yilning bahorida Istanbuldan uy xarid qildi.
“O‘n ikki yashar qizim Muslimaxon ham men bilan birga yashaydi. O‘zbekistonda ‘zapret’ga tushmaganman, men uchun barcha o‘zbek tele va radiokanal eshiklari hamisha ochiq. Hamon O‘zbekiston fuqarosiman. Turkiya fuqaroligini olish istagim umuman yo‘q. Ona yurtimga tez-tez borib kelaman, to‘y xizmatlariga ko‘p taklif etishadi”, — deydi Sarvara.
“Anora”dagi Fotima Vohidova
2007-yili suratga olingan “Anora” filmidagi roli hamda “Bir kelib keting qishlog‘imizga” kinosidagi epizodik ijrosi orqali tomoshabinlar yodida qolgan aktrisa Fotima Vohidova hozirda oilasi bilan Istanbul shahrida yashaydi.
O‘zbek Milliy akademik teatrida 3 yil, Muqimiy teatrida 7 yil faoliyat yuritgan Fotima Vohidova 2017-yilda turkiyalik Niyozi Shahin ismli yigitga turmushga chiqqan. U bugungi kunda asosiy vaqtini qizi Sumayya Simay tarbiyasiga ajratgan.
Turk yigitiga rafiqa bo‘lgan Nargiza Salmonova
“Taqdirlar”, “O Maryam, Maryam”, “Farhod va Shirin” kabi o‘nlab kino va kliplardagi betakror rollari orqali tanilgan aktrisa Nargiza Salmonova ham bugungi kunda Turkiyada hayot kechirmoqda.
U 2018-yilda Emrah Sayan ismli turk yigiti bilan oila qurgan. Ularning nikoh to‘yi Istanbul shahrida joylashgan Bosfor dengizidagi kemada bo‘lib o‘tgan.
“Zamon” mashhur qilgan Dilnoza Saidova
“Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion-tahliliy dasturi orqali el nazariga tushgan teleboshlovchi Dilnoza Saidova 2019-yilda Turkiya fuqarosiga turmushga chiqqan. Ijodiy faoliyatida tanaffus e’lon qilgan Dilnoza Saidova hozirda Turkiyada yashaydi.