KAROMATLI (Karomatov) Fayzulla Muzaffarovich (1925.14.12, Buxoro) — musiqashunos, folklorshunos olim. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1981). Sanʼatshunoslik fanlari d-ri (1972), prof. (1973). Toshkent ped. inti (1944), Toshkent konservatoriyasi (1950)ni tugatgan. Buxoro teatrida (1941—43), Oʻzbek davlat filarmoniyasi simfonik orkestrida (1943—48) skripkachi. Sanʼatshunoslik i, t. institutida ilmiy xodim (1949—50, 1954—55), musiqa boʻlimi mudiri (1955—93), direktor (1957 — 64), bosh ilmiy xodim (1994-y. dan). Ayni vaqtda, Toshkent konservatoriyasi dotsenti (1955—60), prof. (1980 — 91), Sharq musiqasi kafedrasi asoschisi va mudiri (1972—80, 1991— 97). Koʻpgina oʻzbek kuy va qoʻshiqlarini toʻplab, nashr ettirgan. Oʻzbek musiqa merosi, Oʻrta Osiyo xalklari musiqa folklori masalalariga oid asarlar muallifi. K. Toshkent (1975), Samarqand (1978, 1983, 1987, 1997), Buxoro (1990, 2001) da oʻtkazilgan xalqaro ilmiy anjumanlarningtashkilotchilaridan, shuningdek, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida koʻpgina musiqa anjumanlari qatnashchisi. Karomatli YUNESKO qoshidagi musiqa kengashlari (ICM, IOV, CIOFF) aʼzosi. «El-yurt hurmati» ordeni bilan mukofotlangan (1999).
As: Uzbekskaya dombrovaya muzыka, T., 1962; Uzbekskaya instrumentalnaya muzыka, T., 1972; Oʻzbek xalq musiqa merosi, 1—2 j., T., 1978—85; Muzыkalnoye iskusstvo Pamira (N. Nurjonov bilan hamkorlikda), M., (1—2-kitob), 1978-86.
Ad.: Abdull aye v R., Fayzulla M. Karomatli, T., 1996.