XORAZM ARXEOLOGIYA-ETNOGRAFIYA EKSPEDITSIYASI — Xorazm vohasi arxeologik madaniyati va tarixini (paleolit davridan mil. 18—19 a. largacha) tekshirish maqsadida uyushtirilgan ekspeditsiya (1937). Xorazmni arxeologik va etnografik jihatdan oʻrganish 1928—29 y. larda boshlangan. A. Yu. Yakubovskiy boshchiligidagi ekspeditsiya xorazmshoxdar poytaxti — Urganch (hoz. Koʻhna Urganch) dagi meʼmoriy yodgorliklarni va ilk oʻrta asr shahri Mizdaxqon (Xoʻjayli yaqinidagi Gavr qalʼa)da qazishma ishlari olib borgan. 1934-y. Toshhovuzdagi Zamaxshar shahar xarobasida M. V. Voyevodskiy ekspeditsiyasi faoliyat yurgizgan. 1936-y. Ya. Gʻulomov va T. Mirgʻiyosovlar Mangʻit yaqinida joylashgan mil. 1-ming yillik oʻrtalariga oid zardushtiylar qabristonini tadqiq etgan. 1937-y. Ya. Gʻulomov Guldursun, Norinjon va Pilqalʼa shahar xarobalarini tekshirgan. Shu yildan eʼtiboran Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi (rahbari — SP. Tolstoye) ish boshlagan. Ekspeditsiya tarkibi yildan yilga arxeolog, etnograf, antropolog, rassom, meʼmor va b. mutaxassislar bilan kengaytirilgan. Ekspeditsiya aʼzolari Ayoz qalʼa, Bozorqalʼa, Jonbos qalʼa, Tuprokkalʼa, Koʻykirilgan qalʼa, Qoʻrgʻoshinqalʼa, Qizilqalʼa, Koʻzaliqir, Teshikqalʼa kabi noyob arxeologik yodgorliklarni ilmiy tadqiq etdilar.
Qazishlar natijasida turli davrlarga mansub boʻlgan Xorazm vohasining juda koʻp tarixiy yodgorliklari: xarobalar, qalʼalar, istehkomlar, kanallar, qad. madaniyatni oʻrganishga yordam beruvchi yozuvlar, suratlar, uy anjomlari, muhrlar, kumush, mis haykalchalar topildi. Ekspeditsiya Qad. Xorazmning boshqa oʻlkalar bilan qanday aloqada boʻlganligini oʻrgandi. Natijada Xorazm qadimdan VolgaDon havzalaridagi skiflar, quyi Sirdaryo atrofidagi saklar, Jan. Turkmaniston va Buxoro vohasi xalqlari bilan tarixiymadaniy aloqada boʻlganligi ilmiy jihatdan asoslandi. Ekspeditsiya materiallari asosida muhim monografiyalar, ilmiy maqolalar, tarixiy ocherklar yozilgan. Ilmiy hisobotlar «Trudы Xorezmskoy arxeologoetnograficheskoy ekspeditsii» nomi bilan nashr qilinadi. Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi faoliyati tufayli 1marta Xorazmning arxeologiya xaritasi (1956) tuzilgan. Ekspeditsiyaning i. t. lari butun Oʻrta Osiyoning qad. tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Ad.: Tolstov S. P ., Drevniy Xorezm, M., 1948; Gʻulomov Ya. Gʻ., Xorazmning sugʻorilish tarixi, T., 1959.