ERTOʻGʻRUL (taxm. 11911281) harbiy sarkarda, oʻgʻuzlarning qay (qayigʻ) urugʻidan, usmonlilar sulolasi bobokaloni. 13-asrning 20-y. lari — moʻgʻullar istilosi davrida Ertoʻgʻrul oʻz urugʻdoshlari bilan Movarounnahr va Xurosondan Kichik Osiyoga kelib oʻrnashgan. Bu paytda Kichik Osiyodagi Saljuqiylar davlati bir-biridan mustaqil 12 ta beklik (beylik)ka ajralib ketgan edi. Ana shunday bekliklardan biri Kichik Osiyoning shim. gʻarbiy qismida — Koʻniya sultonligi hududida tashkil topgan boʻlib, bu beklikning asoschisi Ertoʻgʻrul hisoblangan. U chegara hududlarida xizmat qilgan va saljuqiylardan iqto sifatida mazkur mulkni olgan va ularga tobe boʻlgan. Bu beklik Syogyut (Sugut) atrofi (Biljiq va Eskishahar oʻrtasi)dagi hududni oʻz ichiga qamrab olgan. E. Eskishahardan to Yangishahargacha boʻlgan 50 km lik hududni ham oʻziga boʻysundirgan. Oʻgʻuz turklarining qay urugʻi Eskishahar va Anadolu atroflariga kelib oʻrnashganda ular hali islom dinini qabul qilishmagan edi. Biroq ular musulmon boʻlgach, tez orada islom dinining eng otashin himoyachilariga aylanishgan. Ertoʻgʻrul boshchiligidagi turkiylar qoʻshini salibchilarga kuchli zarbalar bergan. Ertoʻgʻrul uzoq umr koʻrib, baʼzi manbalarda yozilishicha, 90 yoshida olamdan oʻtgan. U tiriklik payti — 1281-yilda oʻgʻli Usmon I ga mazkur beklik boshqaruvini topshirgan.
LL:Miller A. F., Kratkaya istoriya Tursii, M., 1948; Raxmanaliyev R., Imperiya tyurkov, M., 2002.