Hurmas

Uni shunday atadim…

Erta kuz edi oʻshanda. Ufq tamoman qontalash. Ayrim past­qam joylarda gʻira-shira qoron­gʻulik. Yoʻl chetidagi simyogʻoch ostiga tushib turgan chiroq nurini hisobga olmaganda qishloqqa vahima choʻmgandek. Terakzor tomonda nimadir milt-milt yondimi yo menga shunday tuyuldimi, sekinladim. Qadamda ming xayolga bordim.   

Bir… Mushukka oʻxshaydi.

Ikki… It boʻlsa-ya!

Uch… Yoʻq, aniq mushuk.

Odatda, qorongʻuda mushukning koʻzlari shunday yonib-oʻchadi.

Simyogʻochga yaqinlashganim sa­yin xayolimda mushuk dam itga, it dam mushukka aylandi. Bilmadim, qoʻrquvdanmi, oʻsha sharpa yana qandaydir jonivorlarga aylanib ulgurdi. Oyogʻim ostida xas-choʻp chirsillab qolgudek boʻlsa, battar vahima bosib gʻudranaman, “quyon­yurak, lapashang, qoʻr­qoq…” deyman oʻzimni oʻzim yanib.

Shunda chalgʻishim kerakligini fahmladim-u, tilimga kelgan qoʻshiqni xirgoyi qila boshladim:

 

… Aybim ne deb soʻrama aslo,

Bu dunyo shundayin bevafo.

Yur, muhabbat ketdik bu yerdan…

 

Ana, yana yondi. Ohangim min­gʻirlashga aylanib, qaltiroq tutdi:

 

Yurr, muhabba-a-at, ketdi-i-ik…

 

Ana… Soʻndi.

Qoʻshiqning qoʻshiqligi ham qolmadi. Aksiga olib, bironta soʻz tilimga kelmaydi. Kutilmaganda adabiyot oʻqituvchimiz yil-oʻn ikki oy soʻrayverib, yod boʻlib ketgan “Genetika” xayoldan oʻtdi:

 

Men ham yashayapman oʻz zamonimda,

Davrimdan qayga ham tushardim yiroq.

Va lekin, bilmadim, mening qonimda

Qaysi bir bobomning xislati koʻproq…

 

Odatda, chorakliklar “Men ham yashayapman” deya boshlanib, “Senga talpinaman” deb tugardi. Baʼzan oʻqituvchimiz darsga tayyorgarliksiz kelganida ham butun boshli qirq besh daqiqa “Genetika” muhokamasi bilan oʻtardi. Shundanmi, harchand vahima bosmasin, sheʼrning har satri yodimda. Oʻzimni chalgʻitdim, sheʼr aytdim. Simyogʻochdan oʻtib olsam boʻlgani.

“Xrrrr”.

Qochdim. Oyogʻim yerga tegib-tegmay yugurdim. Yiroqlashgach sezdim: orqamdan hech nima quvib kelayotgani yoʻq. Hansirab toʻxtadim. Qoʻllarimni tizzamga tirab, nafasimni rost­ladim. Xayriyat…

 

***

Tong oʻzgacha yorishdi. Mana, oʻsha simyogʻoch. Bunda tishlari soʻyloq, malla yungi hurpaygan, shalabbo it yotardi. Hurish-xirillash tugul, nafas ham olmasdi. Uni tanidim.

Esiz, Hurmasning taqdiri shu boʻlibdi-da. Bir paytlar u ham likonglab, sohibiga suykalib, erkalanardi. Xoʻjasining kichik oʻgʻliga ergashib, adirga mol boqqani chiqardi. Kichik xoʻjayin sigirlarni oʻz ixtiyoriga qoʻyib qoʻyardi-da, iti bilan maysazorda yumalar, jonivor esa bundan yosh boladek suyunib-zavqlanardi. Paxmoq dumini likillatib, goh oʻyinqaroqlik qilsa, goh egasini koʻnglini topgandek uzoqlab ketgan sigirlarning ipidan tishlab tortib kelardi. Xullas, beminnat yordamchi edi.

“Itning yaxshisi egasiga vafoli boʻladi, uyda oʻlmaydi, egasiga yuk boʻlishni istamaydi”, deganlarini eshitganim bor. Demak, Hurmas shunday it ekan-da.

 

***

Soʻnggi kunlarda bu yerdan oʻtuvchilarning avzoyi turlanadigan boʻldi: Nuri muallim yuzini ters buradi. Shokir oqsoqolning qoshi chimirilib, peshonasi tirishadi. Qoʻchqor polvon burnini jiyiradi. Toʻraqul rais choʻntaklarini tita boshlaydi: topolsa, xotini gʻalla oʻrimida kerak boʻladi, deb toʻqib bergan roʻmolchasi bilan, topolmasa, poxol shlyapasi bilan ogʻiz-burnini yopib, qadamini tezlatib oʻtib ketadi.

Hurmas bir necha kundan beri shu holda yotibdi.

Kirakash bilan boshqa paytlar erinmay narx talashadigan Ismat bugʻaltir endi toʻgʻri kelgan mashinaga soʻramay-netmay, poʻss oʻtirib joʻnaydigan boʻldi.

Sabab – Hurmasning loshi.    

Bozor xaltasini toʻlatib qaytayotgan ikki ayol halloslagancha shapkali nazoratchini yetaklab keldi va qoʻllarini niqtab “Nega bu it haliyam bu yerda yotibdi?” degandek bir muddat bahslashishdi.

Aslida, itning itligi qolibdimi! Ichiga somon tiqilgandek hoʻppayib ketgan.

Bu orada telejkali traktor koʻrindi. Munkayib qolgan bir otaxon yigitlarga shuniyam ola ketinglar, deya gap berdi. Hurmasning qismati shu boʻlibdi-da. Odamlar bilib aytadi: “Yaxshi it uyida oʻlmaydi”.

 

***

Tong boshqacha yor­ishdi. Hurmas koʻ­rinmadi. Xayriyat, olib ketishibdi. Endi Nuri muallim sim­yogʻoch yonidan yuzini ters burib oʻtmasa ham boʻladi. Shokir oqsoqol, Qoʻchqor polvonlarning afti burishmaydi, peshonasi tirishmaydi. Toʻraqul rais xotini toʻqib bergan roʻmolchani yoki poxol shlyapasini uyida unutib qoldirsa ham boʻlaveradi. Ismat bugʻaltir esa kirakashlar bilan erinmay talashib, orttirgan puliga nosqovogʻini toʻldirib yuraveradi.

Bu mening uyimgacha olib boradigan qishloqdagi yagona yoʻl. Undan oʻtib-qaytish qismatimga yozilgan. Bugun ham ufq qontalash-qontalash boʻlib yotganda oʻsha terakzor yonidan oʻtayapman. Voqea esimga tushadi. Ey-y, namchil xazonlar ustida malla yungli, shalabbo yana bitta dum koʻrindi.

Xirgoyi qila boshladim:

 

…Bu dunyo shundayin bevafo.

 

 

Akmal Murod

 

 “Hurriyat” gazetasi,

2015 yil 14 yanvar

https://saviya.uz/ijod/nasr/hurmas/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x