Eng yaxshi sheʼr – eng yolgʻon sheʼrdir

mubolagʻali portretlar xususida

 

Bordi-yu avtobusning orqa oʻrindigʻida ketib borayotgan hov anavi qizni doʻstimga chiroyli desam, nima boʻpti degannamo pinagini ham buzmasligi aniq. Toʻgʻri-da, chiroyli qizlar kammi? Agar uni oʻz shevamda taʼrif etsam, suluv desam, malak desam, doʻstginam joyidan qoʻzgʻalmasa hisob emas. Soʻngra men uning qaro qoshlari, moviy koʻzlari, olmadek qizil yanoqlari, alifdek qaddi-basti haqida soʻz aytib, portretini chizib berishimga toʻgʻri keladi. Biroz boʻrttirilmasa, gapimizni kim ham jonqulogʻi bilan eshitardi? Xullas, lof boʻlmasa gap boʻlmaydi, deganlariday portretga oz emas-koʻp emas, munchagina – tirnoqcha mubolagʻa oralataman.

Aslini olganda, tasviriy vositalarning, xususan mubolagʻaning ogʻzaki shakli taxminan mana shunday – yuqoridagi singari kechadi. Portretni yozma shaklda ifodalash biroz boshqacha – goʻyo sutdan qaymogʻi ajratib olingandek sayqallangan va boyitilgan boʻladi. Shunga koʻra tashbeh, tazod, istiora, husni taʼlil (chiroyli dalillash) kabi sheʼriy sanʼat turlari, mubolagʻali tavsirlar mumtoz adabiyotda oʻzgacha jilo sochadi:        

 

Ul ilikkim suvdin oriqtur, yumas oni suvda,

Balki suvni pok boʻlsin deb iligi birla yur.

 

Atoyining “Ul sanamkim…” gʻazalida taʼrifu tavsif etilayotgan “suv yoqosinda paridek oʻltirgan” qizning goʻzalligi, tiniqligi, pokizaligi shunchalikki, u qoʻlini suvda yuvib tozalamaydi, balki qoʻlini yuvib suvni poklaydi. Aslida, mumtoz sheʼriyatda maʼshuq holatidan darak beruvchi bunday ifodalar, bu kabi talqin koʻplab topiladi. Ammo yor koʻngliga gʻulgʻula solgan sanam timsoli (portreti) Atoyining ushbu gʻazaligacha bu qadar jonli, taʼsirchan va ilohiy yoʻsinda tasvirlanmagan edi.

Sharq mumtoz sheʼriyatida timsol yaratishda mubolagʻa sanʼatiga sheʼr ziynati sifatida qaralgani bejiz emas. Hazrat Navoiy oʻzining “Majolis un nafois” asarida ustozi mavlono Lutfiy ijodini alohida zikr etib, uning davralarda tilga tushgan baytlaridan birini keltirib oʻtadi:

 

Nozuklik ichra belicha yoʻq tori gisuyi,

Oʻz haddini bilib, belidin oʻltirur quyi.

 

Baytdagi “gisu” soʻzidan tashqari soʻzlar bugungi gʻazalxon uchun tushunarli, albatta. “Gisu” soch tolasi, soch oʻrimi degan maʼnoni ifodalaydi. Baytdan maʼlum boʻladiki, yorning sochi bilan beli noziklikda bahsga kirishgan. Maʼshuqaning bir oʻrim sochi uning beliga qaraganda yoʻgʻonroq ekan. Ana endi gʻazalda taʼriflanayotgan bu sohibjamolning belini tasavvur etavering – oʻta ingichka. Hazrat bayt xususida soʻz yuritar ekan, sochning yor belidan pastga tushib turishi chiroyli dalillangani, bu oʻrinda husni taʼlil sanʼatidan oʻrinli foydalanilgani haqida qayd etadi. Maʼlumki, qadimda turkiy xalqlar davrasida odam oʻz martabasiga koʻra joy olgan. Koʻrinib turibdiki, mazkur baytdagi asosiy mezon – noziklik. Oʻzaro bahsda esa bel yutib chiqdi, soch yutqazdi. Demak, sochning beldan quyida oʻltirishi har jihatdan asoslidir.

Mumtoz adabiyot namunalarida lirik qahramon ruhiyati, uning koʻngliga oʻt qalovchi malak portreti aksar hollarda mubolagʻadan yiroq boʻlmagan ravishda chizilgan. Yorning gʻazal, tuyuq, ruboiylarda aks etgan behad nozik talqini yoxud folklor zamirida, qahramonlik dostonlarida harakatlanayotgan obrazlarning tamoman boʻrtma tasviri bevosita “Ahsanahu akzabahu” (Eng yaxshi sheʼr – eng yolgʻon sheʼrdir) naqlidan unib chiqadi. Ushbu naql oʻzbek xalq dostonlarining deyarli barchasida yaqqol aks etadi.

Qalpoq bozorini oralab yurgan Ravshanxon qirq zinalik koʻshkning ustida kanizlari bilan qalpoq sotib oʻtirgan Zulxumorga nigohi bexos tushadi-yu, husnu jamoliga hayronlar qoladi:

“Ravshanbek qarasa, Zulxumor yasangan hurday, tishlari durday, koʻzlari yulduzday, qoshlari qunduzday, ogʻizlari oʻymoqday, lablari qaymoqday, ikki yuzi oyday, tarlon-qarchigʻay uchadigan qushday, muhrlangan qogʻozday yalt-yult etib oʻtiribdi. Zulxumoroyning bu yogʻida toʻqson besh, bu yogʻida toʻqson besh – oʻn kam ikki yuz kokili bor, bir yogʻini tilla suvga botirgan, bir yogʻini kumush suvga botirgan, tong shamolida qotirgan…”

Dostonda Aynoq kalning taʼrifi ham oʻziga xos:

“Ot, tuya, arava koʻtarolmas edi. Doim bir yoqqa koʻchmoqchi boʻlsa, piyoda ketar edi…” Bu taʼriflar kitobxon tasavvurida Zulxumorning nechogʻlik suluv ekani, Aynoq kalning aksincha, ot-arava koʻtarolmas darajadagi portretini jonlantiradi.

Umuman, mubolagʻali portretlar haqida soʻz borsa, xalq dostonlarini alohida ajratib koʻrsatish maqsadga muvofiqdir. “Alpomish” dostonida Barchinoyning visoliga umid bogʻlab, oʻzbakning qizini olaman deb, olti oylik muhlatni kutib, kurash maydonida paydo boʻlgan har bitta alp tasviri mubolagʻaning asl mohiyatiga ishora qiladi. Dostonda aytilishicha, Qalmoq shohi Toychixonning toʻqson alpi boʻladi. Shulardan biri Qorajon alp boʻlib, Alpomish tomonida turib, Qalmoq elining sakson sakkiz alpi bilan kurash tushadi. Dastlab kurash maydonida koʻrinish bergan Qoʻshquloqning taʼrifi dostonda mana bunday ifodalangan:

 

Shomurti shoxalab har yoqqa ketgan,

Ichida chichqonlar bolalab yotgan.

Izdan tushgan pishak oltoyda yetgan…

 

Kurashga chogʻlangan ikkinchi alp bundan-da vahimali tavsiflanadi:

 

Odam tushmas buning aytgan tiliga,

Besh yuz quloch arqon yetmas beliga.

 

Qorajon mana shunday alplarning birini juppay qilib yoqasidan ushlab, ikkinchisini belidan tutib, Chilbir choʻliga otib yuboradi. Tagʻin bir qalmoq maydonda koʻrinadi. Bordi-yu, biror baxshi bu alpning salobati, ich-ichiga sigʻmay borayotgan qahridan soʻylasa bormi, boshqa alplar uning oldida goʻyo chibindek tuyuladi:

 

Oh ursa olamni buzar dovushi,

Toʻqson molning terisidan kovushi.

 

Oʻylab koʻring-a, kovushiki toʻqson molning terisidan ekan, “jasadi” qanday boʻlsa?! Tasavvurga sigʻmaydi, shunday emasmi? Alplarning bu yangligʻ boʻrtiq tasviridan koʻzlangan maqsad tinglovchini jalb etish yoinki uning voqealar rivojiga boʻlgan intigʻini oshirishgina emas, balki koʻngilda milliy gʻurur oʻstirish, millatning ildizi baquvvat ekanini taʼkidlashdir. Hakimbek yetti yoshida bobosi Alpinbiydan qolgan oʻn toʻrt botmon yoyni koʻtarishida ham ana shunday hikmat bor. Zotan, uning jismu qonida qaror topayotgan kuch-qudrat otameros hisoblanib, ramziy maʼnoda bu jasorat millat bardavomligi, xalqning mustahkam saboti, irodasi va sabru qanoatiga ishoradir. Ayniqsa, folklorda timsol yaratish manbaiga aylanib ketgan mubolagʻa sanʼati portret chizgilari uchun benazir ifoda, meʼyor, oʻzidan keyingi adabiy jarayon rivojiga ulgu hamdir.

“U oʻrta boʻyli, qorni katta, semiz, boʻyni kalta va yoʻgʻon, boshi ham katta va sergoʻsht bir odam edi, boʻynining yoʻgʻonligi va yuzining sergoʻshtligi shu darajada ediki, uning gavdasi suv toʻldirilgan meshday koʻrinar edi. Agar uning qalin soqoli va sochi olinib, kiyimlari ham yechilib tashlansa, nortuyaning oshqozoniga oʻxshab qolar edi, faqat farqi shundaki, bu tuyaning oshqozonidan kattaroq, tusi ham qizgʻishroq boʻlib, oy-u kuni toʻlgan semiz, tullagan keksa boʻgʻoz choʻchqaning xuddi oʻzi boʻlib qolar edi…”

Bu qiyofa sizu bizga yaxshi tanish – Qori Ishkamba! Folklor yoki mumtoz adabiyot namunalaridan farqli ravishda, u hayotga nisbatan yaqin, ammo mubolagʻasi ham yoʻq emas. Mazkur tasvirni kitobxon oʻz tafakkuriga sigʻdira oladi. Chunki hayotda Qori Ishkamba singari odamlar oʻnlab topiladi. Yoki…

“Oʻtkan kunlar” romanida har bitta obraz, har bitta xarakter ruhiyatiga purkalgan rangin boʻyoqlar Abdulla Qodiriyning benihoya yuksak salohiyatidan darak beradi. Adib turfa qiyofalarni aks ettirish mobaynida yolgʻiz tashbehning oʻziga murojaat etmaydi, shuning bilan ham cheklanib qolmaydi. “Eri unga oylab, yillab qaramay qoʻyganida ham ih deb tovush chiqarmagan” Zaynab, “qamchiningdan qon tomsa, yuzta xotin orasida ham rohatlanib tiriklik qilish mumkin”, deb hisoblaydigan Homid; “pak-pakana, burni yuzi bilan barobar deyarlik tep-tekis, koʻzi qoqqan qoziq oʻrnidek chup-chuqur, ogʻzi qulogʻi bilan qoshiq solishar darajada kap-katta… och arvoh” – Jannat, “bandasiga bosh egishni va bandasi oldida tavba qilishni or bilgan” Xushroʻy – obrazlar tasvirida mubolagʻa unsurlari seziladi…

Xulosa oʻrnida:

Kunlarning birida fransiyalik mashhur rassom Anri Matiss huzuriga bir odam kelib, undan sanʼat aslida qanday boʻlishi kerakligi haqida soʻradi. Rassom ortiqcha izohlarsiz javob tariqasida xizmatkoriga dedi: 

– Olib chiq!

Shunda xizmatkor kichik bir haykalchani qoʻlida avaylabgina koʻtarib chiqdi va suhbatdoshlarning roʻparasiga qoʻydi. Mehmonning koʻz oʻngida tinch va osoyishta qadam tashlayotgan fil haykalchasi turardi:

– Xoʻ-oʻ-oʻsh? – Anri Matiss avval qaddini rostlab, soʻngra mehmonning fikriga qiziqqannamo nigohlarini qadadi. Mehmon yelka qisdi:

– … Bilmadim.

Rassom ikkinchisini olib chiq degandek, xizmatkoriga ishora qildi. Aslida, bu ham fil haykali boʻlib, birinchisidan farqli ravishda bunisi ancha badjahl, ogʻriqdan azob chekayotganday, xartumi manglay-peshonasidan ikki barobar balandga koʻtarilgan holda tasvirlangan edi. Ana shunda mehmonning koʻzlari chaqnab, oʻrnidan qoʻzgʻaldi…

Ochigʻi, rosmana fil hayotda bunday shaklda uchramaydi. Chunki uning xartumlari manglayidan bu qadar balandlikka koʻtarila olmaydi. Ammo sanʼat doirasida insonni holatga olib kirish, asar mohiyatini uqtirish uchun ham bu singari boʻrttirishlar gʻoyat darkordir. Demak, real hayotni toʻgʻridan-toʻgʻri adabiyotga yo tasvirga koʻchirish – sanʼat emas. Buning uchun asarda ijodkorning mavzudan chetlashmagan fikri, dunyoqarashi va albatta, oʻz mubolagʻasi boʻlishi shart.

 

Akmal Murod

 

“Hurriyat” gazetasi,

2014 yil 14 may

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/eng-yaxshi-sher-eng-yolgon-sherdir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x