Koʻzlari toʻrt boʻlgan onam yonidan
Tomlarga yugurib chiqar qizgʻaldogʻ
Menga yoʻl qaraydi uyning tomidan.
Toʻrt qiblaga tutash yoʻl. Bari – aldogʻ.
Shamollar yulqiydi koʻylaklarini,
U tomdan tusholmas menga yoʻl qarab.
Onamning sochida Sogʻinch qariydi,
Huvillab yotadi mensiz toʻrt taraf.
Onam koʻzlariga qaray olmagan
Tomonlar yuziga devorni tutar.
Ariqlardan oqib kelgan olmalar
Qizchamning qoʻllarin sogʻinib ketar.
U hali bilmaydi, dunyoda uning
Qoʻllarin sogʻingan olma borligin.
U hali bilmaydi, qishloqda kunin
Buvisi yoʻliga intiq, zorligin.
Tosh tushgan suvdagi xalqoblar kabi
Qiblalar qizgʻaldogʻ koʻzidan qochar.
Soʻfi boʻlolmagan toʻrgʻaylar – nabiy,
Mening kelmasimdan fol, romlar ochar.
Shu folni yolgʻonlar qilmoqlik uchun
Qishloqqa talpinib yashaydi koʻnglim.
Men bir kun qaytaman, kelarman koʻchib,
Onamga qarashgin, qizgʻaldogʻ singlim.
Faxriyor
https://saviya.uz/ijod/nazm/ona-soginchi/