Xalq ogʻzaki ijodi uzoq vaqtlar yigʻilgan xalq hayoti tajribalari namunalari boʻlib, u keyinchalik inson hayoti, xarakteri, ruhiyati tasvirini berish uchun yozma adabiyotda ham qoʻl keladi. Bu borada Lotin Amerikasi yozuvchisi Xorxe Borxesning “Adabiyotning boshi ham, oxiri ham mifdan iborat”, degan fikri juda toʻgʻridir. Darhaqiqat, yozma adabiyot xalq ogʻzaki ijodi orqali mifologik tafakkur sarchashmalariga borib taqalishini koʻplab adabiyotshunoslar yakdillik bilan eʼtirof etishgan. Xalq ogʻzaki ijodining ilk xazinasi qadimgi odam haqidagi eng koʻhna tasavvurlar majmuasi, yaʼni mifologik qarashlar tizimidan oziqlanib, xalq ogʻzaki ijodining yozma adabiyotga taʼsiri natijasida qadimiy mifologik personajlarning bir qatlami yozma adabiyotga singib ketadi. Bu holni isteʼdodli yozuvchi Oʻtkir Hoshimov ijodida ham koʻrish mumkin.
Oʻtkir Hoshimov “Dunyoning ishlari” asarida koʻplab mifologik voqealarni oʻziga xos mahorat bilan qoʻllash jarayonida oʻz qahramonining ichki va tashqi olami haqida maʼlumot beradi. Jumladan, asarda onasi bilan tunda suhbatlashgan bolaning yulduz haqidagi tasavvurlari beriladi. Onasining vafotidan soʻng u haqidagi xotiralar girdobida yotgan bola odam va olam haqidagi maʼlumotlarni ilk bor ona hikoyasi orqali eshitganini ichki bir sogʻinch bilan eslaydi.
Biz qahramonimiz onasining bagʻrida yotgan oʻsha kunlarni bugun armon bilan eslayotganini unutmasligimiz kerak. Ertak eshitish bilan birga ertaklarning sehrli olamida sayr qilib, qanotli orzular ogʻushida parvoz etgan bola xayollarini adib quyidagicha tasvirlagan:
“ – Men osmondan yulduzimni tanladim. Qarang, oyi, yetti ogʻayni orasidagi eng yorugʻ yulduz meniki.
– Mayli, oʻgʻlim, oʻsha yulduz seniki, anavi, toʻrtinchisi meniki.
– Nega, oyi, toʻrtinchisi eng kichkina yulduz-ku?
– Shuning uchun ham meniki. Toʻrtinchi yulduz – yetimcha yulduz, koʻrdingmi, yaxshi oʻsmay qolgan.
Yetimlarga rahm qilish kerak” (“Dunyoning ishlari”).
Asarda keltirilgan bu parcha haqida akademik Matyoqub Qoʻshjonov bunday degan edi: “Bu detalda katta maʼno bor, xususan, bolalar oldida kamsuqum, sabr-qanoatli, bolaga ovqatning koʻpini va shirinini bergandek, yulduzning ham eng yorugʻini bolaga bagʻishlab, oʻzi yetimcha yulduzga rozi”.
Albatta, bu oʻrinda olim nazarda tutgan maʼno ham yaqqol koʻzga tashlanadi. Shu bilan birga, bunda xalqning osmon yoritqichlari bilan bogʻliq qadimiy mifologik qarashlari ham yorqin aks etib turibdi, deyish mumkin. Qolaversa, ogʻzaki ijod anʼanasining gʻoyat muhim axloqiy-taʼlimiy ahamiyatiga molik boʻlgan qarashlar bilan talqin qilinishi bola tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, uning kelgusida komil inson boʻlib yetishishiga ham ishoradir. Maʼlumki, murgʻak bolaning orzulari porloq yulduzdek boʻladi, hatto uning oʻzi ham hali hayotda charaqlab koʻzga tashlanadi. Bu bolaning yoshligiga boʻlgan ramziy ishora hamdir. Kichik koʻringan yulduz esa ona hayotining soʻnib borishiga, uning umr yoʻli uzoqlashib ketayotganiga nisbatan keltirilgan ramzdir. Yozuvchi insonning eʼtiqodlarini mana shunday mifologik tasvirlar orqali bayon etgan boʻlsa, ajab emas. Adib yulduzni inson taqdiri bilan bogʻlar ekan, bir oʻrinda shunday deydi:
“ – Esiz… Bir bechoraning joni uzildi-ya.
Yuragim shuv etib, onamning pinjiga kirardim. Ishqilib, boshqa yulduz uchmasin”.
Yulduz uchishi – tabiatda koʻp uchraydigan samoviy hodisa boʻlib, muayyan astronomik qonuniyatlar asosida roʻy beradi. Bu tabiiy hodisaning ilmiy asoslarini bilmagan ajdodlarimiz yulduz uchishining sabablarini xayoliy uydirmalar orqali tushuntirishga, izohlab berishga harakat qilganlar. Natijada, yulduz uchishi bilan bogʻliq mifologik qarashlar paydo boʻlgan hamda bu afsonaviy eʼtiqodlarning turli xil koʻrinishlari xalqimiz orasida bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Masalan, motam marosim folklori namunasi hisoblangan yigʻi-yoʻqlov qoʻshiqlarida quyidagi toʻrtlik bor:
Qiyadagi qirq yulduz,
Qiyalab ketdi borgani.
Mening norday akaginam,
Qiyomat ketdi yotgani.
Xalqimizning yulduz uchishi bilan bogʻliq kosmogonik ishonchlari, folklorshunos olim Mamatqul Joʻrayevning kuzatishlaricha, “Xalqimiz orasida yulduz uchishi hodisasi bilan aloqador qator kosmogonik mif va tasavvurlar kelib chiqqan, xususan, ajdodlarimiz samoviy mifologiyasida “Yulduz odam jonidir”, degan eʼtiqodiy qarash mavjud boʻlgan”.
Xalq qarashlarini yaxshi bilgan, yulduzlar bilan sirlashgan adib Oʻtkir Hoshimov yulduz uchishi bilan bogʻliq tasvirlarni badiiy matnga kiritish orqali asarda tasvirlangan voqelikning yanada ishonarli va samimiy chiqishini taʼminlash, kitobxon ruhiyatiga yaqin badiiy boʻyoqlarda voqelikni talqin qilishga erishgan. Qolaversa, mifologik tasavvurning xalqimiz orasida keng tarqalgan variantlaridan birini poetik nuqtai nazardan qayta ishlab asar toʻqimasiga singdirilganligi, birinchidan, milliy qadriyatlarning badiiy talqinlarini yaratish borasidagi muhim qadamlardan biri boʻlgan boʻlsa, ikkinchidan, mifik tasavvurning oʻquvchi dunyoqarashini xalqona eʼtiqodlar bilan boyitishga ham xizmat qilgan. Bu afsonaviy tasavvurning badiiy ifodasi oʻziga xos boʻlib, oʻquvchiga ogʻir botmaydi. Bizningcha, adib oʻzi eshitgan xalq afsonalari, osmon yoritqichlari toʻgʻrisida xalq qarashlaridan unumli foydalanib, oʻz badiiy niyatini oydinlatish natijasida oʻziga xos badiiy mahoratini koʻrsatgan. U asarda inson taqdiri va davr ruhini voqelik markazidan samimiy tasvirlarda olib oʻtishga erisha olgan. Zero, folklordan olingan badiiy detallar badiiy asar gʻoyaviy-tematik diapazonini kengaytirishda, obrazlarning ichki va tashqi qiyofasini ochishda, ularning intilishlariga falsafiy ruh bagʻishlashda, realistik tasvirning emotsionalligini oshirishda gʻoyat muhim rol oʻynaydi.
Xalq ogʻzaki ijodining yozuvchi badiiy mahorati va ijodiy salohiyatining takomillashishidagi badiiy oʻrni masalasiga toʻxtalgan filologiya fanlari doktori Gʻaffor Moʻminov “Xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari va asarlariga keng murojaat qilish tajribasi shuni koʻrsatadiki, ogʻzaki ijod boy badiiy xazina boʻlgan holda yozuvchilarning gʻoyaviy-badiiy jihatdan oʻsishida, uslub xilma-xilligini yaratishda katta ijodiy maktab boʻlib qoladi”, degan juda asosli mulohazani bildirgan edi.
Oʻtkir Hoshimov asarlarida ham qahramonlarning romantik xayoloti, yozuvchining ayrim voqealarga boʻlgan gʻoyaviy-badiiy va estetik munosabatini ifodalovchi rivoyat va afsonalar koʻp qoʻllanilgan.
Bu asarda keng qoʻllanilgan xalq ogʻzaki ijodi elementlari asarning syujet toʻqimasiga, uning kompozitsion qurilishi zanjirlarning mantiqiy bogʻlanishi samarali taʼsir koʻrsatgan. Shu bilan birga, yozuvchi xalqona badiiy tafakkur tarzi, voqelikka estetik munosabatning folklorda aks etishini chuqur oʻrganib, oʻz asarlarida badiiy idrok etilgan hayotiy voqelikni tabiiy tasvirlashga harakat qilgan. Ana shuning oʻzi xalq ogʻzaki ijodidan foydalanish – adib badiiy mahoratining oʻsishini taʼminlovchi estetik vositalardan biri vazifasini bajarganligini koʻrsatadi.
Madinaxon Imomkarimova,
Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi
Til va adabiyot instituti tadqiqotchisi
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/yulduzlar-bilan-sirlashgan-adib/